Qotil

I

–… Bu bir paytlar hashar yoʻli bilan qurilgan yozgi klub edi: odamlar oqib keladigan hind kinolari qoʻyilardi (“Ayyorlikka qarshi makkorlik”mi, “Makkorlikka qarshi ayyorlik”mi degan kinodagi yarim-yalangʻoch hind goʻzallarining jununvash raqslarini jon-jahonini unutgan koʻyi, ogʻzi ochilib tomosha qilayotgan Bektemir togʻam nogoh alam bilan doʻppisini tizzasiga urgancha “Eh! Mana hayot!..” deya hayqirib yuborgan joy bu). Soʻng bunaqa tomoshalar urfdan chiqib, ovul ahli uy-uyida shigʻillatib video koʻrishga oʻtgach, bino huvillab qoldi. Shu mahallari qoʻlida pul oʻynayotgan tadbirkorlardan biri oʻzicha qaydadir “kim oshdi” savdosi uyushtiribdi-yu, klubni kepak bahosiga sotib olib qoʻyibdi.

Kutilmaganda qishloq zaminini titratib, “qulub” tomon shiddat bilan kelayotgan bahaybat buldozer, ikkita yuk mashinasi va oʻntacha mardikorni koʻrganlaridan keyingina bu ishbilarmon bandaning asl maqsadi binoni buzib, undan chiqqan materiallarni sotish ekanidan xabar topgan ovul ulugʻlari toʻpolon koʻtarib yuborishdi: oppoq soqollari koʻksiga tushgan keksalarning qanchasi yoʻlga chiqib oʻtirib olgan, yana qanchasi hokimiyat tomon yoʻrtgan…

Ishqilib, hammasi yaxshilik bilan tugadi hisob: oshigʻich tarzdagi tekshirish chogʻi auksion noqonuniy oʻtkazilganligi aniqlandi-yu, oldi-sotdi shartnomasi bekor qilindi; ustiga-ustak, amaldagi tartib-qoidaga koʻra sotib olingan obʼyektdan kamida besh yil mobaynida yuritib kelgan faoliyatiga mos ravishda foydalanish ham majburiy ekan… Ammo chollar qattiq norozi boʻlishgan ekanmi, natijani kutishdan charchab, kabinasida uxlab qolgan buldozer haydovchisi uygʻonganida mutlaqo tuyqusdan chap tomonga tortilib qolgan jagʻini toʻgʻrilay olmadi – ogʻzi qiyshiq boʻlib qolaverdi…

Shundan keyin ancha mahalgacha klubni xususiylashtirib oladigan mard topilmadi…

Vaqt oʻtaverdi, koʻp narsalar yoddan chiqdi va aloha yana qishloq markazidagi bino atrofida oʻralashib yuradiganlar paydo boʻlib qolishdi. Shundaylardan bittasi tumanga yugurdi, viloyatga yugurdi, axiyri nurab borayotgan klubni amallab oʻziniki qilib oldi-yu, u yoq-bu yogʻini tuzatgan boʻldi-da, uning oʻrnida rosmana choyxona ochdi.

Ovul aholisi soni oʻn mingdan oshardi. Buning ustiga, elchilik, kunda-kunora qishloqqa kamida besh-oʻn qoʻnoq keladi; tugʻilgan kunlaru muchal toʻylarini-ku, aytmasa ham boʻladi. Shungami, dastlabki kunlardan choyxona manqallaridan koʻtarilgan quyuq tutun, archa choʻgʻiga pishirilgan tandir kabob isi ancha-muncha kishini oʻziga bandi etdi-qoʻydi…

Ammo kattakon ovulda bir-biriga uzoqroq boʻlsa ham qarindoshligi yoʻq ikkita odamni topib boʻlarmidi! Soʻrida gerdayib oʻtirgan falonchini koʻrgan pistonchi quyuq salom berib kirib kelaveradi, uchinchi hamqishloq ularni bosib oʻtib ketishga iymanadi: noiloj davraga kelib qoʻshiladi… Piyolalardagi “tentak suv” noʻsh etila borgan sayin esa saxiyligu mehribonchilikning, namoyishkorona oqibatning hech adogʻi koʻrinmay qoladi… Inchunun, tez orada choyxonachining ikkita yogʻ bosgan “qarz daftari” aji-buji yozuvlarga toʻldi, xolos; xarajatga yarasha tushumdan hech darak boʻlavermadi. Shoʻrlik choyxonachining jon achchigʻida “Nasiyaga berilmaydi!” deb nola qilishlari, hatto daraxtga “Otvechayu”ga xizmat qilinmaydi!” deb yozib qoʻyishlari allaqachon soʻrilarni boʻlishib olib, oʻzlariniki qilib olgan kunda-shunda ulfatlarga chivin chaqqanchalik taʼsir qilmasdi: “Opkelaver, palonchining jiyani!.. Boʻling endi, boʻla!.. Obbo, oʻlar joydamisan buncha? Toʻlayman dedim-ku!.. Nima, yeb ketarmidim… Men senga begonamanmi?.. Otvechayu, akka!.. Temir daftaringga yozib qoʻyaver dedim-ku, boʻldi-da endi! Nima, shungayam qon chiqarish shartmi endi, a?..” Bularam kamday, hali SESdan kelishadi haqiqiy “temir daftar”ni qoʻltiqqa qisishib, hali “pojarniy”dan, hali soliqdan, hali tokdan…

Oxir-oqibat, kutilganiday, choyxonachi sindi. Oʻziyam oʻnglanmaydigan boʻlib sindi-yov. Toʻgʻri, bechoraning kuchi bechoraga yetibdi, deganlariday, kasodga uchrashi oldidan choyxonachi pensiyaga chiqqanini joʻralariga “yuvib” berayotgan Bektemir togʻamni – nasiyaga, albatta, hisob-kitob keyin, pensiya olinganida boʻladi – gap bilan chaqib-chaqib oldi: “Erkakmisiz, aka!.. Mana, oʻzingiz qarang daftarga, shu bilan uchinchi marta qarzga oʻtiribsiz! Insof ham kerak-da odamga!..” Bu dashnom nafsoniyatiga tekkan sobiq suvchi shartta oʻrnidan turadi va shosha-pisha pichoqlarni dasturxon ostiga yashirayotgan joʻralarining “hay-hay”lashlariga ham qaramasdan uyiga zipillab borib, soʻqimga boqilayotgan uch yasharlik buqasini yetaklab keladi-da, ipini choyxonachiga tutadi: “Ma, ol, sen toʻy!” Choyxonachi nima qilardi, oladi-da: ungani hisob.

Shunday qilib, faoliyatini kattagina qarz bilan yakunlagan choyxonachi “Endi oʻzimning ovulimda bir xasni u yoqdan bu yoqqa olib qoʻymayman!” deb qasam ichadi va nimanidir isbotlashga qattiq jahd qilgan ekanmi, bor-yoʻgʻini sotib boʻlsa ham, qoʻshni tuman markazida choyxona ochadi-da, qisqa muddat ichida tuzukkina foyda ham koʻra boshlaydi. Aytishlaricha, ona qishlogʻidan borgan biror kishini koʻrsa bas, choyxonachi shartta gʻoyib boʻlib qolarkan, uning bezbet xodimlari esa nasiya-pasiyani tan olishmas, koʻzlarini loʻq qilganlaricha “Oldindan toʻlang” deb turaverisharkan…

Ha, mayli, bu gaplar oʻz yoʻliga.

Shundan keyin choyxona uch-toʻrt marta qoʻldan-qoʻlga oʻtdi, ammo ish gurillab ketmadi. Axiyri binoning yarmini shu ovuldan chiqqan tadbirkor ayol sotib olib, tikuvchilik sexi tashkil etdi. Ayol balo ekan, “Seximda xotin-qizlar ishlaydi, ularga begona odamlarning baqrayib qarab oʻtirishi toʻgʻri kelmaydi”, degan bahona bilan oʻziga tegishli qismni baland devor bilan toʻsib oldi. Natijada choyxonaning bu qismi gʻaribgina, shumshaygan joyga aylandi-qoldi. Rangi oʻchgan, qiyshaygan-singan soʻrilarda endi ovulning bekorchixoʻjalari ora-sira “xalfana” osh qilib oʻtirishar, boshqa paytlari esa uzzukun shoshqol surib, qarta oʻynashar, “Biror qoʻnoq kelib qolmasmikan” degan ilinj bilan sargʻayib yoʻl qarashardi.

 

II

Rosti, qishloqqa kelgan kezlarim choyxonani chetlab oʻtishga urinaman. Ayniqsa, ikki marta oʻsha bekorchilarning qoʻliga tushganimdan keyin yanada ehtiyotkor boʻlib qoldim, ovulga qorongʻilik tushganda yo tong saharda kirib kelishni odat qildim.

Biroq bu safar shu odatimga rioya qilolmadim…

Qishloqqa koʻkda saraton quyoshi qaynayotgan tol tush mahali keldim. Borliq qizdirilgan tandirday yonayotgan bunaqa paytlari odam-ku odam, hatto qush-darrandalar, jonivorlar ham bir parcha koʻlanka izlab qoladi, oʻzini lohas sezib, chalajon ahvolda kech tushishini, olovli shar ufqqa yonboshlab, shabada esa boshlashini kutadi…

Shu ishonch bilan katta yoʻldan qayrilib, choyxona yonidan oʻtayotgan chogʻim allaqachon “tayyor” boʻlib ulgurgan bir emas, ikki kishi yoʻlga gandiraklab chiqqanini koʻrdim-u, beixtiyor tormozni bosdim. Bu nima degan gap, axir… Butun vujudim misday qizigan, ter sharros oqardi, koʻylagim badanimga chippa yopishib qolgan, koʻzlarim achishadi. Shu ahvolda pastga tushdim. Oʻsha, meni ikki marta aynan shu yerda qoʻlga tushirib, rosa xijolatga qoʻygan tanish chehralar…

Quchoqlashib koʻrishdik, goʻyoki bir-birlarimizni sogʻinib qolganmiz…

Ulfatlar meni ichkariga sudrashdi. Kirmayam koʻr-chi, qirq yil “Bizni mensimadi!” deb sasib yurishar…

Soʻrida Bektemir togʻam iljayibgina oʻtirgan ekan.

Duodan soʻng hol-ahvol soʻrashgan boʻldik. Eʼtibor berdim, davrada oʻtirganlardan biri sitilibgina chiqib ketdi. Koʻnglim gʻash boʻldi, ammo buni sezdirmaslikka uringancha, “oling-oling”lardan soʻng dasturxondagi qotib qolgan nondan bir tishlam ogʻzimga soldim.

Men shoshilardim.

Illo, hammasi yana oʻtgan gallardagi ssenariy asosida ketmoqda edi. Yaʼni, hozir bir piyoladan choy, keyin… bir piyoladan may, soʻng, tabiiyki, meni bunday kutib olganlaridan boshim osmonga yetgan koʻyi “Kechqurun uyga oʻtinglar, bir bafurja gurunglashamiz”, deyishim kerak; tabiiyki, ular buni chin dildan aytilayotgan iltimos sifatida qabul qilishadi va zimmalaridagi majburiyatlarini halol ado etgan koʻyi kech tushar-tushmas uyimizga uzun-qisqa boʻlib kirib borishadi…

Men shoshilardim… Ammo ulgurmadim. Boyagi chaqqon ulfat doʻkondan – oʻz-oʻzidan ayon: “Toshkentdan kelayotgan mehmon sharafiga” nasiyaga olingan, axir, mehmon otangdan ulugʻ emasmi, bitta sassiq aroq nima boʻlibdi! – anavi boʻyning uzilgur “boʻyni uzun” bilan gazakka bir boʻlak yogʻli kolbasa olib keldi.

“Ruldaman… Akamning yoniga borayapman, hidi chiqib tursa boʻlmaydi… Oʻzi, ichmayman…” qabiladiga bahona-sabablarim saraton otashida qolgan muzday izsiz eridi-ketdi: bu ovuldoshlarim uchun piyolani choʻqishtirmaslik, ichmaslikdan ortiqroq haqoratning oʻzi yoʻq edi: “Biz seni odam deb kutib olsak… boshimizga koʻtarsak… sen boʻlsang… Biz oʻqimaganmiz-da, a? Mensimaysan-da, a?.. Senga el, qarindosh-urugʻ kerakmi, oʻzi… Ey, bilib qoʻy, biz uchun sening shahardagi obroʻ-amaling bir tiyin, bizga sening oqibating kerak!.. Kerak boʻlsa… kerak boʻlsa…” va hokazo va hokazo.

Qizgʻin qadah soʻzidan soʻng noiloj aroqdan bir hoʻpladim. U qaynab yotardi hisob… “Bu sake boʻlibdi”, deb qoʻydi ulfatlardan biri mamnun tarzda moʻylovini silarkan. Qarasam, men mutlaqo kutmaganda, hamon iljayibgina oʻtirgan togʻam ham piyolani “oq” qilib qaytardi…

Yana bir bor uzr soʻragach, boʻynimdagi qarzimni aytdim: hammani mehmondorchilikka chaqirdim. Ular guvillashib rozi boʻlishdi.

Meni kuzatib chiqqan, taqir boshi terdan yaltirayotgan Bektemir togʻam issiqdan harsillab-pishillagancha kelasi yili kenjatoyi kollejni bitirishini, oʻshani oʻqishga joylash kerakligini aytdi. Gapni qisqa qilish uchun koʻmaklashishga vaʼda berdim. Shu bilan qadrdon togʻa-jiyanlarday quchoqlashib, kechqurun koʻrishishga vaʼdalashgan koʻyi xayrlashdik.

Uyga shoshdim…

Vaziyatni tushuntirgandim, oʻzi bir muddat oʻylanib qolgan akam: “Boʻpti, sen oʻylanma, mehmonxonaga oʻn besh-yigirma kishiga joy qilib qoʻyamiz, quyuq-suyugʻam joyida boʻladi”, dedi va… koʻzimni shamgʻalat qilgan koʻyi bozorga joʻnadi.

Hammamiz ham xom sut emgan bandamiz, shu kuni akamni ortiqcha tashvishga qoʻyganimdan xijolat chekib, orqavoratdan sur qoʻnoqlarning goʻriga ortiqcharoq gʻisht qalab yuborgan ekanmanmi, ishqilib, kechqurungi mehmondorchilik boʻlmadi, bezatilgan dasturxonimiz shunday qolib ketdi: choyxonadan gandiraklayotganini bildirmaslikka uringancha chiqib kelgan Bektemir togʻam uyiga kelib, kechga qadar birpas mizgʻib olish uchun choʻzilgan; darhaqiqat, uxlab qolgan-u, ammo qayta uygʻonmagan…

 

III

Togʻamni ertasi kuni peshinda chiqaradigan boʻlishdi.

Tong sahardan toʻn-doʻppi kiyib, bel bogʻladim, xesh-urugʻ hassakashlar qatorida “togʻajonim”lab ovoz chiqarib turdim.

Kim biladi, balki yaqini chin dunyoga ketgan odam sal alamzadaroq boʻladimi, ishqilib, safda turgan mahalimiz Bektemir togʻamning yolgʻiz kuyovi, hammaga allaqanday sinchiklab-shubhalanib qaraydigan – baʼzan mana shu sinchkovligini oshkora namoyon etib lazzatlanadiganday tuyuladi u menga – harakatlari sustroq, togʻam orqavoratdan “Kap-katta yoʻldayam siypalanib yuradi” deb taʼriflaydigan, viloyat markazidagi qurilish tashkilotlaridan birida prorab boʻlib ishlaydigan, burnining chap yarmida ortigʻi bor Ortigʻali menga oʻqrayib bir tikildi, ikki tikildi, baayni qaynotasi ketib, men qolganimdan norozidek. Bunga eʼtibor berib ham oʻtirganim yoʻq edi. Biroq chiday olmadi, shekilli, janozaga kelgan navbatdagi qarindosh bunaqa paytlari tilga olinadigan “Bandalik… Oʻzi bergan oʻzi oladi…” qabilidagi yupatishlarni aytayotgan mahal yonimizda gʻoʻddayib turgan kuyov toʻppa-toʻsindan:

– E, otam baquvvat edi, hali koʻp yashardi, asli u kishini mana shu kishilar oʻldirdi-da, – deya menga ishora qilsa boʻladimi!

Qarindosh ikkalamiz dong qotib qoldik.

Shu payt bir guruh odamlar kelib qolishdi-yu, shu bilan bu gap yoddan chiqib ketganday boʻldi.

Har nechuk, kuyovning qaynotaga mehri boʻlakcha boʻlgan, shekilli, degan tusmollarga ham bordim. Bu gʻalatiroq tuyuldi oʻzimga. Illo, hayotlik chogʻlarida togʻam Ortigʻali haqida anchayin ijirgʻanibroq, keskinroq ohangda “Oʻziyam sovuq, soʻziyam sovuq, qiligʻiyam sovuq” deb gapirganini bir necha bor eshitgandim. Qarang, togʻamning shaharda shunday mehribon kuyovi bor ekan-u…

Oʻzbekning maʼrakasi oʻzingizga maʼlum… Tashvishlar bilan boʻlib, Ortigʻalining dashnomi butkul yodimdan koʻtarilib ketibdi.

Ammo kuyov qurgʻur unutmagan ekan…

Togʻamning “qirq”iga kelib, endi darvoza yoniga qoʻyilgan joʻmrakda qoʻlimni yuvayotgandim, orqamdan kimdir vishillab qoldi:

– Mana, qotilning oʻzi ham keldi.

Oʻgirildim. Uch qadamcha narida Ortigʻali kuyov menga chaqchayib qarab turardi, yonida oʻzi tengi bir erkak, goʻyo bir tuki qilt etmasdan qanchalab odamlarni boʻgʻizlab tashlagan ashaddiy jallodni koʻrayotganday rangi quv oʻchgan holida menga baqrayib qolgan.

Bu endi haddan ortiq edi…

Ammo indamadim, ichkariga kirdim.

Mullaning qarshisidagi oʻrindiqda uch-toʻrt kishi qatoridan joy olib, marhum haqiga duoi fotiha qilayotgan mahalimiz bir narsani sezganday boʻldim: ancha-muncha kishi menga oʻqrayib-gʻijinib tikilardi… Hattoki birdan oʻshshayib olgan mullaning oʻzi ham bir necha bor menga yer ostidan yomon qarab qoʻydi…

Munosabat oʻzgargani ichkarida ham sezildi. Avvallari “poytaxtdan kelgan qoʻnoq” sifatida majburlab-sudrab boʻlsa ham toʻrga oʻtkazishardi, bu safar bir-ikki qisir “keling, keling”dan boshqa gap eshitmadim, oʻrnim ham shundoqqina eshik yonida, poygakda boʻldi.

Aslida-ku, bunga eʼtibor ham bermasligim lozim edi. Axir, avvallari toʻy-maʼrakalarga el qatori, oddiygina odam boʻlib kelib-ketishni shunchalar istardim-ku. Endi boʻlsa… Xom sut emgan bandamiz-da, hatto shunaqa mahallari ham izzat-nafsimizning quliga aylanamiz…

Uyga yolgʻiz oʻzim qaytdim…

Banogoh keyingi yillarda ovulda oʻtadigan har qanday maʼrakaga otamiz oʻrniga ota boʻlib qolgan akam bilan birga borishimni eslab qoldim. Bugun esa nimagadir u kishi meni kutmay joʻnab qolgandi.

 

IV

Hardamxayolroq tarzda oʻtirgan akam bilan suhbatimiz qovushmadi. Goʻyo u kishi mendan nimanidir soʻramoqchi boʻlardi-yu, ammo ikkilanardi.

Ortigʻali sovuqning beoʻxshov qiligʻini aytsammi-aytmasammi deb turgandim, xayriyat, akamning oʻzi yorilib qoldi:

– Sen anavi kelganingda… choyxonada… togʻam bilan qoʻshilishib ichganmiding?

Gap qaysi kelganim haqida ketayotganini darrov tushundim, shuning uchun birga ichganimizni tan oldim, oʻzimning hoʻplab qoʻyganimniyu, Bektemir togʻamning piyolani “oq” qilib tashlaganini ham esladim.

Akam soʻnggi umidi puchga chiqqan odamday birdan boʻshashib qoldi, afsus bilan bosh chayqadi:

– E, attang…

– Nima gap oʻzi, aka? Maʼrakada Ortigʻali bir sassiq gap qildi…

– Er-xotin bu gapni anchadan beri qishloqda yoyib yurishibdi.

Muzlab ketdim:

– Sayyora-ya? Uni nima jin urdi?

Akam koʻzlarini olib qochdi:

– Har kimning otasi oʻziga aziz…

– Judayam yaxshi. Lekin uning otasini men oʻldirmadim-ku?

– Ortigʻali oldimga keldi. “Ukangiz majburlab ichirmaganida otam hoziram tirik yurardi”, deb daʼvo qildi.

– Daʼvo?

– Yoʻq, ochiqdan-ochiq, sudga beraman, demadi, lekin, bilasan, u yozish-chizishni biladi, oʻqigan…

– Bu nima deganingiz? Axir, choyxonada bizdan tashqari yana oltita odam bor edi… Hammasi koʻrib turgandi. Ana, soʻrasin. Xolmat akadan, Rabbim boʻladan…

– Soʻrabdi. Bari birday “Biz ichkarida nomiga, mehmonning hurmatiga bir qultumdan olgandik, keyin togʻa-jiyan oʻzlari koʻchada qancha ichishgan – buni bilmaymiz, lekin Bektemir aka tashqaridan boʻgʻriqib, qiynalib nafas olib qaytib keldi”, debdi…

–…

Miyamda sanchiq turdi. Nafas olish ham ogʻir edi…

Qishloqdan tong qorongʻisida, hech kimga koʻrinmasdan joʻnab ketdim. Xuddi oʻgʻriga yo boʻynida aybi bor odamga oʻxshab…

 

V

Ovulimizda odatda keksayib vafot etganlarning yil marosimi besh yoki yetti oydan keyin oʻtkazilardi: axir, qarindosh-urugʻlarning marhum hurmati uchun toʻxtatib turgan toʻy-poʻylari bor.

Akam xabar qildi: Bektemir togʻamning yili besh oydan keyingi birinchi payshanbaga belgilanibdi. “Kelmasang boʻlmas”, dedi akam. “Albatta yetib boraman”, dedim men. Shu bilan gapimiz tugaganday edi. Biroq akam bir muddat ikkilanib, gʻudranib turgach, oxiri “Ertan-pertan bir kelib ket, maslahat bor”, deb qoldi.

“Yana nima boʻldi ekan?” degan oʻydan yuragim poʻkillagancha shanba oqshomi ovulga yetib keldim. Bir piyola choydan soʻng akam meni molxonaning qorongʻi xonasiga boshlab kirib, yaxshi niyatda, oʻgʻlining sunnat toʻyiga boqayotgan kattakon hoʻkizga ishora qildi:

– Shuni… togʻamnikiga oborib ber… Harna yordam-da… Yiliga kamida olti yuzta odam keladi… Buning goʻshti… yetadi… Yetmay qolsa, bironta uloq soʻyishar…

Albatta, qarindosh-urugʻlarning ogʻir kunlarda bir-birini qoʻllashlari azaldan maʼlum. Biroq… toʻy-chi?

Akam meni gapirtirmadi:

– Bosh omon boʻlsa, mol topiladi, uka… Harna, gap-soʻzning payi qirqilgani… Sen ketasan… Bu yerda biz qolamiz…

Men nodon shundagina akamning qay ahvolda yashayotganligini his etdim… Darhaqiqat, men ketaman, akam qoladi… Toʻyga boradi, maʼrakaga boradi, kunda-kunora gʻaddor Ortigʻalining chagʻir koʻzlariga duch keladi, xesh-urugʻlarning pichingli, nafratli luqmalarini eshitadi; akamni turtkilashadi, gap bilan oʻyib olishadi, ayollar unga eshittirib qargʻanishadi, bolalar soʻkinib, tosh otib qochishadi; gap-gashtaklarda, mehmondorchiliklarda imo-ishorali fisqu fasodlar qilishadi… Oʻ, ovuldoshlarim buni boplashadi!.. Yana… “Ortigʻali biror joyga yozib yubormasmikan…” degan doimiy vahima… Axir, kuyov xat-savodli, Toshkentday joylarda oʻqib kelgan… Oʻzi yozmagan taqdirda ham bir nimalik boʻlib qolish ilinjida unga oʻrgatib turadiganlar qancha… Ana, Xolmat qorovul, pensiyaga chiqqanidan soʻng qoʻshni tumanlik ikki bolali yesir xotinga uylangandi, bir-ikkita “zakunchi” ovuldoshlarining pishang berishi bilan xotinining oldingi erini qanaqadir “nafaqani necha yildan beri toʻlamay kelgan ekan” deb sudga berdi; xotinining uvvos solib yigʻlashlariga, nimalarnidir zoʻr berib tushuntirishlariga parvo qilmadi, “Hujjat yoʻq-ku”, deya bez boʻlib turib oldi. Sobiq er sudlashib oʻtirishdan or qilganmi, ishqilib, tanishidan yigirmata qoʻchqor berib yuboribdi. Yoʻq, ortida turgan odamlardan yaxshigina maslahatlar olgan Xolmat koʻnmadi, “Yana oʻnta bersin u nokas! Faqat qiltirigʻidan emas, semiz-semizidan boʻlsin! Sagʻrini yaltirab tursin! Oʻttiz besh kilodan kam boʻlsa, olmayman! Oʻzim tarozida tortib koʻraman!” deb turib oldi. Bu gal yuk mashinasida “nokas” sobiq erning oʻzi keldi va indamasdan oʻnta emas, yana yigirmata boʻrdoqi qoʻchqor tashlab ketdi. Birdan qirq qoʻchqorli boyga aylanib, “Choʻchqadan bir tuk-da”, degan gʻalati hikmatni tilidan qoʻymay qolgan Xolmat oʻziga ariza bitib bergan “yozgʻuvchi”larga kelishilganidek ungan oʻljaning oʻn foizini emas, besh foizini bergani uchun ancha mahalgacha ular bilan qirpichoq boʻlib yurgani hisobga olinmasa, ana, yashayapti gerdayib. Aytishlaricha, umrida eshakdan boshqa koʻligi boʻlmagan sobiq qorovul endi oppoqqina “Neksiya”ni moʻljallab yurganmish…

Keyinroq eshitib qoldim, tuman markazida bir alkash ulfatlari bilan ichib-ichib, soʻng ikkinchi qavat balkonidan engashib qayt qilayotgani mahal beton yoʻlakka boshi bilan yiqilib tushgan, “miyasining qatigʻi chiqib ketgan”, shu zahoti til tortmay oʻlgan. Ovulda kimdir hazillashmoqchi boʻlganmi, adashganmi yo atay shunaqa yoʻl tutganmi, ishqilib, oʻsha davradagi ulfatlar orasida mening ham boʻlganligimni aytgan… Odamlar… odamlar bunga chippa-chin ishonishgan… Oʻsha kunlari yurgan yoʻlida ajal ekib yuradigan “kasofat” ukasi bois ne ahvolga tushgan ekan shoʻrlik akam… Akam shosha-pisha tuman markaziga borib, haqiqatni oydinlashtirib keladi, ammo allaqachon boʻlar ish boʻlib, boʻyogʻi koʻchgandi, inchunun, haqiqatni eshitadigan quloqlarni topish mahol edi, ustiga-ustak, Ortigʻalining yaqin bir joʻrasi mening shaharda – ol-a! – yashirin aroq ishlab chiqaradigan sexim borligidan xabardor ekan! Umuman, men “oʻlarday ichib olgan boʻlsam ham” mashinani haydab ketaverarkanman, men yomonning kasri yaxshilarga urarkan. Ana yana bir isboti: aynan oʻshanda, yaʼnikim Bektemir togʻam bilan koʻchada ichganimda ham men tullak oʻzim ishlab chiqargan soxta arogʻimdan olib kelgan ekanman, soʻng iz qoldirmaslik uchun, shishani mashinamga yashirib qoʻygan ekanman, buni koʻrganlar bor ekan…

Men… esladim… Oʻshanda, togʻam bilan xayrlashganimdan soʻng azbaroyi chanqab, tomogʻim qaqrab ketganidan mashinaga oʻtirganimda orqa oʻrindiqda yotgan baklashkadagi gazsiz suvdan ichgandim, keyin idishni joyiga otib yuborgandim…

Xullas, tong saharda hoʻkizni yetaklab Bektemir togʻamning uyiga bordim. Nazarimda, hamma tushunmovchiliklar, dilxiraliklar shu bilan barham topadiganday edi (har qalay, yegan ogʻiz… uyalar). Iloyo, kelgan balolarning barisi shu koʻzlari moʻltirab turgan begunoh tilsiz jonivorga ursin…

Rost, akamga jonim achiydi: oʻzi joʻjabirday jon. Ammo nima ham qilardim… Ovul oʻrtasidagi tepalikka chiqib olib, “Togʻamning oʻlimida mening aybim yoʻq, musulmonlar!” deb baqirolmayman, uyma-uy yurib, oʻzimning begunohligimni aytib chiqolmayman, illo, har ikkala holda ham bunaqangi qiligʻim menga nisbatan shubhani kuchaytiradi, xolos: “Bir balosi borki, gʻimirlab qopti…” yoinki “Aybi boʻlmasa, shuytib qaltirab qolarmidi…” qabilidagi xulosalar urchib ketishi aniq…

Ovulda… hali qimirlamasidan burunoq yer tagidagi ilonni bilib oladiganlar bor ekan. Hamon yodimda: atrof endi sutday yorisha boshlagan mahal men hoʻkizni yetaklab Bektemir akaning uyi yoniga keldim va qoʻllarini chalishtirgancha darvozaga suyanib turgan Ortigʻalini koʻrdim. Toʻgʻrirogʻi, kuyovni koʻrishdan oldin uning yalang oyogʻida salanglab turgan qizil rang yirtiq rezina shippagiga koʻzim tushdi…

Men toʻxtab, bosh koʻtardim.

Oʻ, qarshimda alam va nafratdan battar qisilib ketgan, mazax va gʻoliblik sururidan chaqnayotgan koʻzlarni, halitdan intiqom olish lazzatini tuygan holda pir-pir uchayotgan yupqa lablarni, gʻoliblik nashidasidan lovillayotgan yuzni koʻrdim. Bu banda… Ortigʻali… allaqachon oʻzi, ehtimolki, toʻqib chiqargan oʻtrigiga, choʻpchagiga mutaassiblarcha ishonib qolgan va endi dunyoning jami haqiqatlari Koʻhiqof togʻi misoli bosib kelgan taqdirda ham ularni tariqchalik inobatga olmaydigan johil kimsaga evrilgandi.

Ammo… chiqmagan jondan umid. Men qalt-qalt titragan koʻyi indamasdan hoʻkizning ipini tutdim.

Lekin u… u… olmadi…

 

– Nega? – chinqirib yubordi yoʻlga chiqqanlaridan beri miq etmasdan, haydovchining gaplarini diqqat bilan eshitib kelayotgan hamroh.

Haydovchi ogʻir soʻlish oldi.

Gapini davom ettirganida uning ovozi titrardi.

– Bilmadim… Uning bir ogʻiz “Otamni bir molga tengladingizmi?” degani esimda…

Oʻsal boʻlib ortimga qaytdim.

Buni eshitgan akam tipirchilab, vahimaga tushib qoldi va, nazarimda, birinchi marta menga shubhalanib qaradi. Yoʻq, hoʻkizni oborganimga emas, aybsizligimga ishonqiramay qaradi… Kim biladi, shoʻrlik sodda akamning koʻngil qaʼriga ayni lahzalarda ne oʻy-gumonlar ilonlari sudralib kirgan ekan…

Rangi battar qorayib ketgan akam dilidagini tiliga koʻchirmaslikni uddaladi va shosha-pisha uyga kirib, taxlangan koʻrpalar orasidan besh-oʻn dasta pul olib chiqdi-da, aniq esimda, ularni qora salafan xaltachaga solib, qoʻlimga tutqazdi:

– Buniyam qoʻshib ber… Arzimagan narsa, de… Gapir, jim turma… Yaxshi gapir… Kerak boʻlsa, yalin… Qarindoshmiz de. Yaxshi kunlaringda xizmatingni qilay de… Olishga koʻndir… Shunda yaxshi boʻladi… Hammamizga… Bor… Tez bor…

Men miyasi olib tashlangan qoʻy kabi garangsib yana togʻamning uyiga yoʻl oldim.

Baayni qaytib kelishimni bilganday, Ortigʻali yerdan oʻsib chiqqan qoya misoli oʻsha joyida qaqqayib turgan ekan.

Pulga hattoki qayrilib qaramagan, ojizona mingʻirlashlarimni eshitib oʻtirmagan kuyov oʻzining magʻrurligidan oʻzi tong qolgan koʻyi titrab-qaltirab sado berdi:

– Men… men otamni sotmayman, aka!

Ha, u aynan “otam” dedi. Ogʻzini toʻldirib aytdi.

Qani edi, uning shu tilini uzib olsam, soʻng orqasiga oʻxshatib bir tepsam…

Vaholanki, oʻzim shunga oʻxshash ahvolda uyga qaytmoqdaydim.

Hali aytdim, shekilli, odamlar hali ilon qimirlamasidan burun uning oʻralib yotgan joyiniyu, nimani qoʻriqlab yotganidan to qachon qimirlab qoʻyishiga qadar aniq-tiniq bilib turishadi, deb. Mening misolimda ham shunday boʻldi.

Oradan bir osh pishgulik fursat yo oʻtdi, yo oʻtmadi, ishqilib, yarim ovul mening bitta oyogʻida zoʻrgʻa turgan oriq-tiriq gʻunajin va bir yashik aroq bermaydigan darajada arzimagan aqcha bilan – “nosvoy puli-ya!” deyishardi bu gapni boshqalarga oshigʻich tarzda yetkazayotganlar nafratlanib – kuyovni sotib olishga uringanimdanu, qaynotasiga bemisl sadoqatli kuyov meni oldiga solib haydaganidan voqif boʻlib ulgurdi. Bunday harakatning talqini esa bitta boʻladi: “Aybdor!”… Va bunday hukmga qarshi kurashishning, uning dahshatli, aql bovar qilmas darajada ulkan qudratini, mahobatini asta-sekinlik bilan susaytirib borishning, yemirishning yoʻli ham yagona boʻladi: bet terisini iloji boricha qalin qilib olishu, hech narsa boʻlmaganday el-yurtga aralashib yuraverish, gapirsalar, oʻzingni eshitmaganga olish, nuqisalar, oʻzingni sezmaganday tutish, qulogʻing tagiga kelib baqirsalar, gap nima haqida ketayotganini tushunmayotganday oʻzingni anqovlikka solish; eng muhimi, yakkamoxov boʻlib qolmaslik, eldan ajralmaslik; qolganiga chidasa boʻladi. Ayniqsa, ovulda akang, ikki singling bola-chaqasi bilan yashab turganida oʻzgacharoq yoʻlni tanlash imkoniyatining oʻzi boʻlmaydi, boʻlishi ham mutlaqo mumkin emas…

Va men shunday yoʻl tutdim…

 

VI

Haydovchi hamrohiga qarab siniq jilmaydi.

– Oldinlari akam oyda bir-ikki marta qoʻngʻiroq qilib turardi: “Uka, ertaga falonchining janozasi… Imkoning boʻlsa kelib ket” yoki “Falon kuni piston qarindoshimizning toʻyi. Vaqting boʻlsa bir koʻrinib qoʻy”.

Oʻsha voqeadan soʻng esa… akamning iltimoslari… qatʼiylashdi: “Kelmasang boʻlmaydi-yov… Odamlar nima deb oʻylaydi…”

Odamlarning nima deb oʻylashi esa ayon edi: “Bir balosi borki, qochib yuribdi… Beti qora-da, beti qora…”

Aynan shunday emasligini isbotlash uchun ham ovulda tutun chiqsayam erinmasdan borib turdim… Choyxonani chetlab oʻtib, albatta… Umrimning yarmi yoʻlda oʻtayotganday edi, oʻziyam…

Gap-soʻzlardan, oʻzimni soddalikka olib soʻrab-surishtirishlardan soʻng bilib oldim: oʻsha kuni togʻam ulfatlari bilan ertalabdan ikkita nahorgi oshga borgan, qoʻy goʻshtidan tayyorlangan, qaziyam qoʻshilgan oshdan yegan, choynakda olib kelingan aroqdan ichgan, choshgohga yaqin qoʻshni qishloqda armiyada birga xizmat qilgan tanishining yubileyigayam kirib chiqqan, ayonki, bu yerdayam “yuz-yuz” boʻlgan, moyi chakillab tomib turgan tandir kabobdan bosib yeyilgan… Saraton otashida-ya!.. Qon bosimi bor odam-a!..

Endi, pensiyaga chiqqanidan ichishni butunlay tashlab yuborgan togʻamning oʻsha kuni tuyqusdan nega yana aroq toʻla piyolaga qoʻl choʻzgani sababiga kelsak, buni hech kim aniq bilmasdi; kimdir “Oʻzi, kayfiyati yoʻqroq edi”, dedi; boshqasi “Uydagi gʻidi-bidilar joniga tekkan”, degan taxminini aytdi… Ajal-da, ajal… Biroq Ortigʻali kuyovning bu boradagi qatʼiy fikri allaqachon ovulga yoyilib, koʻplar uchun shak-shubhasiz haqiqat sifatida jaranglayotgani ham bor gap edi: “Shoʻrlik “Oling!” deb turgan tus jiyanining qoʻlini qaytarolmagan-da… Mehmonni izzat qilgan-da, bechora… Boʻlmasa-ku, shunday baquvvat odam, hali ancha yashardi-ya…”

Toʻy-maʼrakalarga boshimni egib borib, shu holimda qaytardim. Ancha-muncha hamqishlogʻing – e, xudo, ular orasida xotin-xalaj va… bolalar ham bor edi! – ortingdan oʻqrayib, hattoki nafrat bilan qarab turganini his etishdan ortiqroq azob bormi odam uchun… Bunaqa mahallari “dod” deb yuborishdan oʻzingni bazoʻr tiyasan, tishlaringni bir-biriga shu qadar mahkam bosasanki, “qirs” etib singanini qonga qoʻshib ichingga yutasan: tupursang, shuni ham gap qilib yuborishadi, axir…

Kelasi yili yoz boʻyi behuda yoʻl qaraganim, bekorga Ortigʻalining ogʻzini poylaganim qoldi: kuyov kollejni bitirgan qaynisini oʻqishga olib kelmadi. Hech boʻlmasa, shu bolakayga imkonim darajasida koʻmaklashib, murosa-madora soʻqmogʻini qisqartirmoqchiydim, shuyam boʻlmadi…

Bir-bir yarim yil ichida qishloqning shu qadar koʻp toʻy-maʼrakalari, turli katta-kichik tadbirlariga qatnashib, mashinamni ayamasdan shu qadar astoydil xizmat qildimki, endi keyingilarining birortasiga bormay qolishim gʻalatiroq tuyulishi turgan gap edi. Axir, kelgan qoʻnoqlarni choʻtga solishni xush koʻradigan kimlarningdir “Xoʻsh, nega endi falonchi-pistonchinikiga yetib kelgan odam bizni mirlamadi? Bu yerda bir gap bor…” deb qolishlari aniq. Bunday araz odatda vaqtning omonat koʻrpasi yopilgan eski gina-keklarni ocha boshlashga olib keladi. Bu esa menga kerak emasdi…

 

– Oʻshanda… oʻn yilcha boʻlib qoldi-yov, a… shuning uchun institutdan ketgan ekansiz-da? – deb soʻrab qoldi hamroh.

Haydovchi bosh irgʻadi:

– Ketmasam ham boʻlmasdi. Axir, ikki kemaning boshini ushlab boʻlmasdi, bittasini tanlashim kerak edi…

Lekin, shukr, yomon boʻlmadim. Bir sutka qorovullik qilib, ikki sutka dam oladigan boʻldim. Bekor kunlarim taksichilik qilaman, tuzukkina soqqa tushib turadi. Ishimning oʻzimga eng maʼqul tomoni – chaqirib qolishsa bas, istagan vaqtim biror qorovul bilan smenamni almashaman-da, qishloqqa ketvoraman. Axir, bunaqa ishni kunduzi chiroq yoqib ham topib boʻlmaydi. Toʻgʻrimi?

Hamroh nimagadir bu savolga javob qaytarmadi, buning oʻrniga yana soʻradi:

– Ishqilib, ovulingizda hammaning koʻnglini ololdingizmi?

Shu savolni kutib turgan ekanmi, haydovchi yashnab ketdi:

– Hammaning! Hammaning! Mayli, maqtanish boʻlmasin, deyarli hammaning!.. – soʻng baribir chiday olmadi, shekilli, oshkora maqtandi: – Oʻtgan yili toʻy qildim. Katta restoranda. Qishloqdan uch avtobus odam keldi! Uch avtobus-a! Oʻziyam, terimga sigʻmay quvondim. Bir odamning obroʻyi boʻlsa shuncha boʻlar-da. Toʻgʻrimi, joʻra?

–…

Yoʻldan koʻz uzmay ketayotgan haydovchi battar hovliqib, lab-lunjini yigʻishtirolmay qoldi:

– Hozir bir gap aytaman, ishonmaysiz! Bilasizmi, toʻyimga kim keldi? Ortigʻali! Ha, xuddi oʻzi!.. Toʻgʻri, oʻshshayib oʻtirdi, lekin baribir keldi-ku! Keldi-ku! Dasturxonimdan bir toʻgʻram boʻlsayam non yedi-ku. Tuzimdan totdi-ku! Ana oqibatning kuchi! Boʻlmasa, ostonamga tupurib ketadigan odam… Shuyam keldi-ya!.. Eng asosiysi esa, men bir umr boʻynimda qolishi mumkin boʻlgan, nafaqat oʻzimga, qishloqdagi yaqinlarimga, jigarlarimga zarar yetkazishi aniq boʻlgan “qotil” tamgʻasidan qutulib qoldim… Endi hech kim menga, jigarlarimga barmogʻini bigiz qilib koʻrsatolmaydi!.. Hech kim!… Xech kim!.. Qoyilmisiz, joʻra?..

Koʻzlari chaqnay boshlagan, oʻrindigʻida sakrab-sakrab ketayotgan haydovchi har qancha shodlanmasin, hamroh nechukdir unga qoyil qolishga shoshilmasdi.

Bunga sayin haydovchining chakagi tinmasdi:

– Institutdan esa juda vaqtida ketgan ekanman, joʻra. Boʻlmasa, haliyam yurardim…

Haydovchi jumlasini “sizga oʻxshab” deb tugatmadi, ammo maʼnodor koʻz tashlab qoʻyishidan nima demoqchiligi shundoqqina ayon boʻlib qoldi…

Buni tushungan hamroh kulimsirab qoʻydi-da, yana soʻradi:

– Esingizdami, endi ish boshlaganimizda Aziz Nesinning bir hikoyasini oʻqigandik. Bir kishi “Agar pashshalar boʻlmaganida edi, katta yozuvchi boʻlib ketardim”, deb shikoyat qilarmidi-yey…

Haydovchi baralla kulib yubordi:

– Voy pismigʻ-ey, haliyam esingizda ekan-da… Eh, u davrlar…

– Siz oʻshanda… boshqacha… joʻshqin edingiz. “Qoʻngʻizga arpa bahona ekan-da. Masalan, bizning ijod qilishimizga pashsha tugul, qonsoʻrar chivinlaru soʻnalar, chayonlaru ilonlar, suvaraklaru kalamushlar, jazirama issigʻu qahraton sovuqlar xalaqit berolmaydi, chunki biz toblanganmiz”, degandingiz. Esingizdami?

Haydovchi bosh qashlab, bir muddat oʻylanib qoldi:

– Shunaqa deganmidim? Aytsam aytgandirman. Endi, u paytlar ancha gʻoʻr boʻlganmiz-da, hayot nimaligini bilmaganmiz…

Hamroh haydovchiga sinchkov tikildi:

– Gapingizning davomi ham bor edi.

Haydovchi birdan jiddiy tortdi:

– Esimda. “Bizni pashsha-chivinlar, chayon-ilonlar, suvarak-kalamushlar, issiq-sovuqlar yengolmaydi, lekin baʼzi bir koʻnikmaga aylangan odatlar yengib qoʻyishi mumkin”, degandim… Eʼtiboringiz uchun, bu sof nazariy mulohaza edi…

Mashina ichiga jimlik choʻkdi.

Nihoyat haydovchi chidab turolmadi, portladi:

– Toʻgʻri-da, insonning yashashdan maqsadi birovlarning koʻnglini ovlash, xursand etish emasmi? Hazrat Navoiyni eslang: “Kimki bir koʻngli buzugʻning xotirin shod aylagay, Oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa obod aylagay…” Men bundan orttirib nima deya olaman?

Oʻpkasini toʻldirib chuqur nafas olgan haydovchi gapida davom etdi:

– Choʻntagimda roʻyxat bor… Shu oyda qishlogʻimning oʻzida borishim shart boʻlgan toʻy-maʼrakalarni belgilab qoʻyganman. Oʻn toʻqqizta. Toʻqqiztasiga borib keldim, boʻynimdagi qarzimni ado etdim. Bularga har oyda rejadan tashqari besh-oltita tadbir albatta qoʻshiladi. Boya aytdim-ku, ularda ham bir koʻrinib qoʻymasam, notoʻgʻri tushunishlari mumkin… Bularga xotin tomonning, bojalarning, quda-andalarning borishim majburiy boʻlgan tadbirlarini qoʻshing. Oyiga bir marta yor-birodarlar bilan “gap” yeb turamiz. Sobiq sinfdoshlar bilan ham bir oyda bir marta albatta uchrashamiz. Ular bilan osh yeb, soʻng toʻy-maʼrakasiga bormasam, yana boʻlmaydi, axir. Bu yoqda kursdoshlar, mahalladoshlar bilan osh… Oyda bir hamkasb qorovullar bilan choyxonaga chiqamiz… Orada taksichi hamkasblar ham chaqirib turishadi… Agarda siz bilan “Ilm qilaman! Dunyoni ostin-ustun qilib tashlayman” degan romantik xayollar ogʻushida institutda yetaklashib yurganimda edi, bularning barisiga qachon ulgurardim, a? Qachon?.. Axir, mehr koʻzda, oqibat esa tez-tez koʻrishib turishda, joʻra…

– Shu… shu bugungi hayotingiz oʻzingizga yoqadimi?

Haydovchi bu savolga yengidan olib yoqasiga yopishtirar darajada juda tez javob qaytardi:

– Ming qatla shukr… Qornim toʻq, ustim but, bola-chaqam, uyim, mashinam, obroʻ-eʼtiborim bor… Bir odamga bundan ortiq nima kerak yana?

Endi hamroh oʻylanib qoldi…

Haydovchi oʻzini majburlab kulimsiradi:

– Joʻra, mashinaga chiqqaningizdan beri nuqul men gapiraman. Sizam yoriling-da bundoq. Nima ishlar qilyapsiz? Dabdurustdan meni yoʻqlab qopsiz, ovozingizni eshitib boshim osmonga yetdi. Nasib qilsa, endi tez-tez koʻrishib turamiz, oshlarga birga boramiz. Buni qarang, xuddi buyurtma qilinganday, keyingi hafta kursdoshlarning gapi edi-ya… Oʻziyam, zoʻr choyxona-da, oshining guruchlari oʻrmalab ketadi. Hamma yoq salqin, tepadan suv chakillab tomib turadi. Ulfatlaram zoʻr, odamning joni…

Hamroh siniq kulimsirab, haydovchining gapini boʻldi:

– Joʻra. Toʻrt yildan beri chet eldaydim. Oʻtgan hafta keldim, oʻzi…

Haydovchi shosha-pisha hamrohning gapini boʻldi:

– Unda yanayam yaxshi. Rosa sogʻingandirsiz oʻzimizning choyxona palovni.

Hamroh bosh chayqadi:

– Unchalikmas…

– “Grin-karta” yutib bordingizmi?

Hamroh bu gal sal shoshibroq bosh chayqadi:

– Yoʻq, ishladim.

– Restorandami?

– Universitetda.

Haydovchi sergak tortdi, hamrohga diqqat bilan qaradi, soʻng qandaydir choʻchib, arang soʻray oldi:

– Oʻsha… mavzumi?

– Ha, oʻsha, siz qoʻl siltab ketgan mavzu… Institutimiz jurnalining oxirgi sonini oʻqidingizmi?

–…

– Sizni izlab topganimning sababi, oʻzingiz bilgan professor Madel bilan birgalikda qilgan tadqiqotlarimiz xalqaro tanlovda birinchi oʻrinni oldi. Anchagina pul berishdi. Mukofotning menga tegishli qismining yarmini sizga ajratdim. Gʻoya muallifi sifatida bunga haqlisiz… – Hamroh orqa oʻrindiqqa tashlab qoʻygan kichikroq diplomatga ishora qildi. – Bu sizga. Shu bilan… shu bilan oramiz ochiq…

–…

– Men shu yerda tushib qolaman.

Mashina ilmiy-tekshirish instituti binosi yonida toʻxtadi.

– Xayr, joʻra.

Haydovchi hamrohga merovsirab qaradi, bir nimani oʻylagani holda boshqa narsani gapirdi:

– Oʻtgan hafta kelgan boʻlsang… qishlogʻingga bordingmi… Kerak boʻlsa oʻzim oborib kelardim…

Hamroh bir joyi ogʻrib ketgandek, quyi labini mahkam tishladi. Soʻng oʻzini majburlab boʻlsa-da kulimsiradi, ammo bu qandaydir achinish aralash siniq kulimsirash edi:

– Rahmat, borib keldim, joʻra. Bir oqshom ota-onamning yonida boʻldim. Yetadi… Professor izlanishni davom ettiramiz, bu Nobelga arziydigan kashfiyot, deyapti…

–…

– Ertaga uchib ketyapman. Omon boʻl…

Hamroh mashinadan tushdi va ortiga bir bor oʻgirilib ham qaramasdan, yengil qadamlar bilan institut eshigidan ichkariga kirib ketdi.

Haydovchi hech narsa koʻrmayotgan koʻzlarini uzoq vaqt shu eshikka tikib qoldi… Axiyri sal oʻziga kelganday boʻldi, entikib, xoʻrsiniq aralash chuqur nafas oldi, mashinani orqaga qayirdi, nimadir yodiga tushganday shoshib choʻntagini kavladi, bir varaq qogʻozga kompyuterda bitilgan chiroyli roʻyxatni oldi. Darhaqiqat, oʻn toʻqqiz banddan iborat roʻyxatning toʻqqiztasi qizil ruchkada oʻchirilgandi.

Haydovchi roʻyxatni yana bir bor diqqat bilan qarab chiqdi, soʻng gazni bosdi va mashinasini qishlogʻi tomon uchirib ketdi…

 

Namozshom palla, ovulga yaqinlashgan sayin haydovchi koʻksini alamli armonmi, iztirobli qoʻmsashgami oʻxshash nedir ogʻuli tuygʻu kuydirib-yondirib oʻrtayotganini kuchliroq his qilaverdi… Bunga toqat qilish tobora mushkullashib borardi… Nihoyat banogoh koʻzlaridan tirqirab yosh otilib ketgan haydovchi chidab tura olmadi: shaxd bilan mashinasi rulini keskin yonboshga burarkan, baayni yarador boʻri yoxud qonli jinoyatga qoʻl urib boʻlgan, endi yurakni oʻrtab, hayotini ostin-ustun qilib yuborayotgan pushmonlik azobida qovrilayotgan qotil misoli uvillab yubordi…

 

Abduqayum YOʻLDOSH

 

“Yoshlik”, 2016 yil 7-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/qotil/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x