“ZOMO” NIMA DEGANI?
Kamina kirill va lotin yozuvlariga oʻgirilgan mumtoz adabiyot namunalarini oʻqiganimda minglab yoʻq soʻzlarga duch kelganman. Yoʻq soʻzlar deganimiz nashrga tayyorlovchining noshudligi, muharrirning talabchan emasligi va musahhihning eʼtiborsizliklari tufayli soʻzning buzib koʻchirilgan shaklidir. Hozir oʻzbek kitobxonlarining aksariyati “Navoiy asarlarini tushunib boʻlmaydi” degan xato tasavvurda boʻlsalar, buning sabablaridan biri oʻsha yoʻq soʻzlardir.
Alisher Navoiy “Mukammal asarlar toʻplami” toʻrtinchi jild, “Xazoyin ul-maoniy”, “Navodir ush-shabob” kitobidan ushbu baytni oʻqiganimda, “zomo” soʻzi boshimni qotirdi. Biror lugʻatdan – na arabiy, na forsiy, na qadimiy turkiy tili lugʻat kitoblaridan bu soʻzni topa olmadim:
Dayr piri mangavu mugʻbachalar
Necha ursa yuziga zomo xirad. (92-bet).
Bundan yigirma yil burun shu baytni oʻqiganimda kitob hoshiyasiga “zomo” nimasi? Qofiya qani?” deb qayd etib qoʻygan ekanman. Bugun endi shu masalani hal etgim keldi.
“Xirad” radifli ushbu gʻazaldagi qofiyadosh soʻzlar: behol-dol-pomol-sayyol-zomo-ol…
Koʻrinyaptiki, asliyatda “zomo” soʻzi qofiyadosh emas ekan, demak, u yot soʻz. “Zomo”ning keraksizgina emas, balki bayt uchun zararli soʻz ekanligiga na nashrga tayyorlovchi, na masʼul muharrir va na musahhihdan birortasi eʼtibor qilishmagan.
“Xazoyin ul-maoniy”ning qoʻlyozma nusxalaridan izlay-izlay bu baytni topdim. Oʻsha sirli, yoʻq soʻz “zomo” emas, balki “zol” ekan… Navoiyona bayt tubandagicha edi:
Dayr piri mangavu mugʻbachalar
Necha ursa yuziga zol xirad.
“Zol” – keksa, qari degani. Endi qofiya sahihlashdi va bayt mazmuni ravshan tortdi.
NAVOIY ShUNCHALIK NOUMID ODAMMI?
Musulmon odam, borki, u dunyodan – jannat neʼmatlari-yu, rohat farogʻatlarini orzu qiladi. Ayniqsa Havzi Kavsar qirgʻogʻida qoʻr toʻkib oʻtirishga nima yetsin?!
Biz Navoiy asarlari kulliyoti nashrini oʻrganganimizda Hazrat Navoiyning umidsiz ohangdagi arzlarini bir baytdan tinglab yuragimiz ezilib ketdi:
Tongla barcha yaxshilar boʻlgʻusi kavsar davrida,
Men yomonni mahram etmang sokini mayxona deb.
(Alisher Navoiy “Mukammal asarlar toʻplami” 5-jild, Xazoyin ul-maoniy. Badoyeʼ ul-vasat, Toshkent 1990,51-bet)
Ushbu iltimos, bizningcha, musulmonchilikka toʻgʻri kelmaydi. “Noumid-shayton” deyishadi eʼtiqodli dono xalqimiz. Ushbu ishtibohni bartaraf etish uchun biz Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyiga borib, ilmiy xodim Jaloliddin Joʻrayevdan imdod soʻradik. U kishi “Xazoyin ul-maoniy” qoʻlyozmalaridan birini olib chiqdilar. Ikkovlashib oʻsha ishtibohli baytni topib, oʻqidik. Bayt judayam sogʻlom, muslimona umidvorlik ohangida arab yozuvida bitilgan edi:
Tongla barcha yaxshilar boʻlgʻusi Kavsar davrida,
Men yomonni mahrum etmang, sokini mayxona deb…
“MAY” BOSHQAYu “MAYL” BOSHQA
Alisher Navoiy “may” bilan “mayl”ni farq etmagan, deb ayb qoʻysak, insofdan boʻlmas. Ammo bu aybni shoir devonini nashrga tayyorlovchi olimga nisbatan qoʻysak, haqlimiz. Chunki “Gʻaroyib us-sigʻar” devonidan olingan mana bu sahvni matn tayyorlovchi kishi sodir etgan:
Bar yegil, yo rab, hayoting bogʻidin, ey mugʻbacha,
Kim, mayli laʼlingdin oʻldi bizga barxurdorligʻ.
(Alisher Navoiy, “Mukammal asarlar toʻplami”, 3-jild, “Xazoyin ul-maoniy”, 1988,243-bet)
Muallif asliyatda “mayi laʼlingdin” deb toʻgʻri yozgan edi…
Vahob RAHMONOV,
Filologiya fanlari nomzodi
“Yoshlik”, 2014 yil 6-son
https://saviya.uz/hayot/nigoh/qosh-qoyaman-deb/