Qorbobo bilan suhbat

Qorbobo bilan faqat Yangi yil bayramida uchrashamiz. Ammo u bilan hali hech kim ochilib gaplashmagan boʻlsa kerak. Sababi, Qorbobo bu mahal juda band boʻladi. Hali u yer, hali bu yerga tashrif. Ammo ishonasizmi, u bizga intervyu berishga rozi boʻldi. Oʻzimga-ku. koʻnmasdi-ya, aziz oʻquvchi, oʻrtaga Sizning nomingizni qoʻydim-da. “Turkiston” oʻquvchilariga boʻlsa, mayli, dedi muzday soqolini ishqalab. Shunda biram sovqotib ketdikki… Harqalay, suhbat qizib, bizni bu balodan ozroq chalgʻitganday boʻldi…

 

Qorbobojon, bilamiz, siz juda uzo-oq oʻlkalardan kelayapsiz. Sovqotmadingizmi? Bu – birinchi savol. Ikkinchisi, ayting-chi, oʻsha uzo-oq oʻlkalarda Yangi yil bayramini qanday nishonlashadi?

– Birinchidan bolam, men “uzooq oʻlkalardan” kelayotganim yoʻq. Narigi mahallada yashayman, koʻrgansan-ku? Oʻsha yerdan kelayapman. Qormomong toza odamni egovladi, hamma qorbobo boʻlayapti, uyda yotavermasdan, siz ham boʻling, harna, bayramga bozorlik ishlarsiz, deb. Shunga… Ikkinchidan, sovqotmadingizmi, deganing nimasi?.. Men qorboboman-ku!..

Ikkinchi savolimga javob bermadingiz…

– Senam gapni “shlang”day choʻzarkansan, bolam. Bittadan savol ber-da. Nimaydi savoling?..

Uzoq oʻlkalarda Yangi yil bayramini qanday nishonlashar ekan, shuni bilmoqchiydim. Masalan, Italiyada odamlar har yilning oxirida uyidagi bor buyumlarni derazadan uloqtirib, yangi yilni yangi buyumlar bilan kutib olisharkan…

– Ho-o, ho, hoo!!! Shunaqa ekanmi? Rosa esi yoʻq odamlarkan-ku, boʻtam. Yoʻq, senam lekin yomon oshirvorarkansan-da, bolam. Ularam anoyi boʻlmasa kerak. Ilingan narsani koʻchaga uloqtirib? Buyogʻi, “krizis” degan baloi ofat hali butkul arimagan boʻlsa, ahmoq emasdir-ov…

Ha, endi bobojon, bizam oʻqiganimizni aytayapmiz-da, borib koʻribmizmi? “Bekorchi” gazetasida shunday yozishgan ekan…

– Men senga aytsam, “Bekorchi” gazetangdagilar gʻirt bekorlarini aytibdi. Ana, mening oilam haqida ham boʻlmagʻur narsalarni chiqarib yotishibdi. Emishki, men Qormomong bilan qirq yildan beri birga yashamasmishman. Nima, qirq yildan beri yashamayotgan boʻlsam, unda ayt-chi, bolam, Qorxolang, Qortogʻang, Qorjoʻranglar qayerdan bino boʻlardi? Qorga oʻxshab osmondan tushmaydi-ku? Yomon qizishay devdim, Qorammang, qoʻying, Qoraka, siz bilan biz qizishsak, qizib-yonib erib ketamiz, oʻzingizni bosing, deb qoldi. Boʻlmasa, chatoq boʻlardi lekin, bolam!

Aytgancha, bobojon, yoningizda Qorqiz koʻrinmaydi?

– Ay-y, shuni soʻramayapsan, deb xursand boʻlib turuvdim.

Nega, bobo?

– Qorqiz – bilasan, sizlarning mahallalaringlik Oychiroy edi. Oʻtgan yili men bilan uyma-uy yurdi, yurdi, yurdi-da, soʻgʻin yana men bilan yurdi. Yana yurdi, yurdi, oxiri shu kirgan uylarimizning birida qoldi-ketdi. Bilmayman, nega munday qildi, qurmagʻur. Tuppa-tuzuk Qorqiz boʻlib yuruvdi, qaysidir uyda qolib ketdi-yu, yaxshigina Qorbekaga aylandi-qoldi. Baxtli boʻlsin, iloyim!

Qorbobojon, mana mazmunli suhbatimiz ham yakunlanay deb qoldi…

– Nima, sen mendan mazmunsiz suhbat olaman, deb oʻylovmiding, boʻtam?

Yoʻgʻ-e, sizning ichingiz toʻla mazmun-ku, bobojon! Qopingizdayam boʻlsa kerak… Haligi, suhbatimiz soʻngida, oʻquvchilarga tilagingizni bilmoqchiydim… Keyin, bolaligimda Qorbobolar odatda sovgʻa berishardi…

– Qorbobolar bolaligingda sovgʻa berishgan, boʻtam. Sen soʻlaqmonday ekansan-ku! Yo haligi artist sening oshnang boʻladimi?

Qaysi artist?

– Haligi, boʻyi ikki metr, yoshi oʻttizdan oshgan, soqol qoʻysa, koʻksiga yetadigan bir yigit bor-ku: “Qorbobolar yasab bering menga, togʻa” deb yigʻlaydi. Tani-joning sogʻ, qoʻl-oyogʻing butun, oʻzing yasab olsang boʻlmaydimi, yigit, degim keladi. Oʻzi shu artistlaringgayam qoyilmasman-da, ogʻziga kelganini qaytarmaydigan el…

Tilaklaringiz…

– Mana, yana yangi yil eshik qoqmoqda. Eshik qoqqanini birov eshitmagan-ku, lekin qoqayapti, bu rost. Gazetalaringda shunday yozasizlar-ku… Nasib boʻlsa, shu yangi yillarda hamma yaxshi tilaklar amalga oshsin. Biz qorbobolar yoshimiz bir joyga borib qolgan, mana soqolimni koʻrib turibsan. Tilagim, hammamizning boshimiz omon boʻlsin. Uylarda yangi-yangi qorbolalar dunyoga kelaversin. Ma, manovini olib qoʻy. Oʻzingga, qorkelinga, qornevaramga berarsan…

E, qoʻying, bobojon. Sovgʻa bermayman, devdingiz-ku? Qoʻying…

– Biz, qorbobolar birovning dilini ranjitmaymiz. Bu shunchaki, qorhazil edi, bolam…

Oʻzim ham aytdim, buncha sovuq hazil deb…

– Yasha, bolam, umringdan baraka top. “Turkiston”ning qoroʻquvchilariga mendan salom ayt. Xayr. Esingdan chiqmaydimi?

– Chiqmaydi, bobojon, sizga qopingizday katta rahmat…

2010 yil, dekabr

 

QORBOBO BILAN SUHBAT – 2 (HAJVIY INTERVYu)

 

Qorbobojon, siz bilan yana koʻrishib turganimdan bagʻoyat xursandman…

– Chini bilanmi yo anavi “koʻrishganimdan xursandman” deb salomlashadiganlarga oʻxshab oliftagarchilik qilayapsanmi, bolam?

Be, nimalar deyapsiz, bobojon, chini bilan xursandman-da! Eh-he, siz bilan suhbatlashganimgayam mana, rosa bir yil boʻlayapti. Esingizdami, oʻtgan yili koʻrishib edik? Shundan beri ishonasizmi, siz bilan yana suhbat uyushtirishimizni soʻrab mingga yaqin muxlis xat joʻnatdi…

– Aniqroq gapir, boʻtam, mingga yaqin deganing nimasi? Buni qancha deb tushunay? Masalan, sal kengchilik qilsak, “bir” ham mingga yaqin son. Sal uzoqrogʻu, lekin baribir yaqin… Menga “tochni” ayt: bir de, bir yuzu ellik olti de, toʻqqiz yuzu toʻqson besh de…

Ha endi, biz gazetalarda shunday yozib oʻrganib qolganmiz-da! Xullas, sizning endigana muzlatkichdan chiqqanday sovuq-sovuq gaplaringizni sogʻinib mingga yaqin… Kechirasiz, ikki yuzu ellik uchdan ziyod muxlisingizdan xat keldi. Masalan, qovunqishloqlik ashaddiy muxlisangiz Gulkaram momo tahririyatga yozgan ikki yuzu oʻn olti metru yetmish sakkiz santimetrli maktubida (bilasiz, hozir muxlislar oʻrtasida kimning xati uzun degan musobaqa oʻtkazilmoqda): “Turkiston” bolam, Qorbobong bilan suhbat qilibsan, yaxshi, lekin u zotibobarakot negadir, oilalari haqida, yangi uchastkalari, hozir yashab turgan hovlilari, uning qanday mebellar bilan jihozlangani haqida koʻp gapirmabdilar. Masalan, xotinlari Qormomo, Qoroʻgʻilu Qorqizlari toʻgʻrisida biz muxlislari koʻproq maʼlumotga ega boʻlishni istaymiz, deganlar…

– Ay, savolniyam juda uzun berarkansan, bolam… Mayli… Avvalambor, Gulkaramxon singlimizga oilam nomidan oʻzimning sovuq-sovuq salomlarimni yoʻllayman – bilasan, bolam, biz qorbobolar issiq salom yoʻllay olmaymiz. Lekin singlimiz maktubida koʻp mubolagʻaga yoʻl qoʻyganday tuyulayapti-da…

Xoʻsh, xoʻsh?

– Birinchidan, “oilalari” depti. Xabaring bor, men sakkiz yuz ellik yilu olti yarim oydan beri shu bitta Qormomong bilan yashab kelaman (sizlar gazetalaringda “umrguzaronlik qilib keladilar” deysizlar-ku!). Toʻgʻri, unga uylanishdan avval qancha qorgoʻzallar menga sovuq-sovuq sevgi izhorlar qilishgan. Masalan, bittasi, oti Qorchiroy edi. Menga tegaman deb, oʻttiz ikki qish sovchi yuborgan. Qorotam, juda sovuq odam edi. Rozilik bermagan. Yoʻq, keyin hammasi sovuqqina yakun topdi. Qorchiroy ham mendan koʻngli ilib ketdi. Qortepada Qorboy degan qoroshnam boʻlardi, hozir Qorbozorda muzqaymoq sotadi. Qorchiroy shu yigitdan qorbaxtini topdi. Sovuqqina oilasi bor, qorjiyanlar ham koʻp…

Qorbobojon, mushtariylarimiz Qorboy oshnangizmas, sizning oilangiz haqida soʻrashgan…

– Oʻmon shoshqaloq bola ekansan-da, bolam. Eshitgansan-a, shoshgan yigit… yolchimas, degan maqol bor. Indamay tursang, oʻzim gapirayapman-ku, boʻtalogʻim?

Boʻtaloq demang-ay, oʻqiganlar kuladi…

– Nima, toyxar deyinmi emasam?

Oilangiz haqida soʻrashgan edi…

– Ha, xullas, “oilalari” emas, “oilasi” boʻladi. Ikkinchidan, “xotinlari” debdi. Bu nima degani? Qormomong eshitsa, odam sharmanda boʻladi-ku, boʻtal… E, kechirasan, boʻtam?

Ha endi, hurmat maʼnosida aytganlar-da, bobo…

– Hamma narsa evi bilan, bolam. Masalan, hurmat qilaman deb, otangga “lar”ni qoʻshib gapir qani, otang seni nima qilarkan? Oʻ boʻlmasa, onangga “lar”ni qoʻshib, “onamla-a-ar” deysanmi? Nima, sening onang koʻpmi yo?..

Qorbobojon, sizni bilamiz, har yili xonadonlarga yangi-yangi sovgʻalar bilan tashrif buyurasiz. Shuncha sovgʻani qayerdan olasiz?

– Momongdan olaman, bolam. Qormomongni bilasan-a, ham uy bekasi, ham kassir. Faqat boshqa kassirlardan farqi, momong yilda bir oy ishlab, oʻn bir oy “otpuska”da boʻladi. Har yil dekabrda mahallama-mahalla yurib faoliyat olib boradi. Qarabsanki, men Yangi yil bayramiga bir qop sovgʻa bilan, oʻzing aytganingday, “tashrif buyuraman”.

Oldinlari kimda-kim sheʼr aytsa, sovgʻa berardingiz-a?

– Ha. Lekin bu yil unday qilmayapman. Men senga aytsam, toʻqson toʻqqiz yildan beri faqat ikkita sheʼr – “Archa, archa, jon archa” bilan “Qorbobojon, Qorbobo”ni eshitaverib, bezor boʻldim. Shoirlaring sheʼr yozmay qoʻyganmi, nima balo? Shuning uchun, hozir kim shu sheʼrlarning sarlavhasini aytsa ham sovgʻa berib yuborayapman. Yangi sheʼr chiqquncha shunday qilaman.

Aytgancha, yoningizda Qorqiz, Boʻri, Tulki, Quyon deganlari boʻlardi?

– Qorqiz haqida oʻtgan safar aytgandim, shekilli. Uni uzatib yuborganmiz. Quyon qayergadir “quyon” boʻlgan, haliyam kelmadi. Tulkini yaxshi taniysan, juda bir chatoq tulki boʻlgan. U bilan moliyaviy masalada kelisholmadik. Uch kun birga yurish uchun bir yuzu ellikta tovuq soʻradi… Boʻrivoyga kelsak, bilasan, hozir uning “sezon”i. Qorli kunlarda “komandirovka”ga chiqmasa, boshqa mahal unga qiyin. Shu bois, unga ruxsat berganmiz. Bu yogʻi, tagʻin bolam, tirikchilik. Ansambl boʻlib yurish menga “nevigodni”…

Mana, Yangi yilga ham sanoqli soatlar qoldi…

– Yasha, boʻtam, mening ham “final” vaqtim boʻlib qoldi.

Sovgʻa… E, yoʻgʻ-e, Yangi yil tilaklaringizni soʻramoqchiydim…

– Yangi yilda barcha qorniyatlar amalga oshsin. “Turkiston”ning qoroʻquvchilariga kaminadan minus qirq darajali sovuq qorsalomlar! Sovgʻani kechqurun uyingda olasan, boʻtam…

Ey, qorrahmat-yey sizga, ukagʻarning Qorbobosi!..

 

Qorsuhbatning qormuallifi Qor… Uzr… ELMUROD boʻldi.

 

2011 yil, dekabr

https://saviya.uz/ijod/nasr/qorbobo-bilan-suhbat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x