QOGʻOZ — asosan, oʻsimlik tolalaridan tayyorlanadigan yupqa material. Turli xil jinsdagi daraxt yogʻochi va bir yillik oʻsimlik sellyulozasi hamda yogʻoch massasidan ishlanadi. Qogʻoz massasiga oʻsimlik tolalaridan tashqari turli qoʻshimcha (toʻldirgich)lar, mas, oq tus beradigan, zich, silliq qiladigan, boʻyoq olish xususiyatini yaxshilaydigan mineral moddalar (kaolin, talk va b.); siyohni yoyiltirmaydigan yoki qogʻozni puxta va zich qiladigan yelimlovchi materiallar (kani-fol yelimi, kraxmal, smola va h. k.); boʻyagichlar, kimyoviy tolalar va b. qoʻshiladi.
Qogʻoz dastlab (2-a.) Xitoyda olingan. Say Lun oʻsimlik tolalarining suvli boʻtqasini toʻrdan oʻtkazib, Qogʻoz olishga muyassar boʻlgan. Bu usul koʻp vaqtlargacha sir saqlab kelindi, 6-a. boshlarida Yaponiyada joriy qilindi. 6—8-a. larda Qogʻoz ishlab chiqarish Osiyodagi boshqa mamlakatlarga tarqaldi. 7-a. ning boshlaridan — 19-a. ning 1-yarmigacha Samarqandda ishlab chiqarilgan Q. Turkistondagina emas, balki qoʻshni mamlakatlarda ham mashhur boʻlgan. Keyinchalik Qogʻoz tayyorlash arablar orqali Eron, Shim. Afrika va Kiprga, keyinroq esa Ispaniya, Marokash va b. mamlakatlarga yoyildi. Qogʻoz bungacha yozuvda ishlatib kelinayotgan papirus va b. materiallarni siqib chiqardi. Keyinchalik (taxm. 10-a. da) Qogʻoz ishlab chiqarish Ispaniyadan Yevropadagi barcha mamlakatlarga, shu jumladan, Rossiyaga oʻtdi. 15—16-a. larda kitob bosish kashf qilinganidan keyin q. ishlab chiqarish surʼati tezlashdi. 17 — 18-a. mobaynida Gollandiyada yangi tuyish apparati — roll ixtiro qilindi, fransuz ixtirochisi N. L. Rober qoʻl bilan uzluksiz aylantirib turiladigan sim toʻrli Qogʻoz quyish mashinasini yaratdi. Keyinchalik bu sodda mashinaga presslash, quritish, kalandr va rulon qilib oʻrash seksiyalari qoʻshildi.
19-a. 60-y. larida Qogʻoz mashinasi deyarli hozirgi Qogʻoz mashinasi kabi qismlardan iborat boʻlgan. Keyinchalik Qogʻoz mashinasining barcha qismlari takomillashtirildi. Qogʻoz ishlab chiqarish tezligi oʻnlarcha marta oshi-rildi. Latta xom ashyosi oʻrniga yogʻoch sellyulozasi tolalari ishlatiladigan boʻldi. Qadimgi roll mashinasi uzluksiz ishlaydigan tuyish appa-ratlariga almashtirildi. Sintetik polimer smola va tolalar borgan sari koʻproq ishlatiladigan boʻldi va Qogʻoz ishlash texnikasi takomillashtirildi (q. Sellyuloza).
Qogʻozning 600 dan ortiq turi bor. Q., asosan, yozish, daftar va kitoblar chiqarish uchun ishlatiladi. Koʻpchilik hollarda Qogʻoz va karton toʻqimachilik, yogoch ishlash va shisha sanoati mahsu-lotlari bilan raqobatlashmoqda. Ular turli metall buyumlari oʻrnini egallamoqda, konstruksion, izolyatsiya-lovchi, qistirma, filtrlovchi, par-dozlovchi va h. k. materiallar sifatida ishlatilmoqda.
Qogʻoz qanday maqsadlarda ishlatilishiga koʻra, massasi (1m; da 4—250 g). qalinligi (4 mm dan 400 mm gacha). mexanik xossalari (uzilish uzunli-gi, sinish, ezilish, titilish. siqilish, buralish), yelim olishi, kul-liligi, namliligi, rangi, oqlili-gi, silliqligi, singdirish qobiliya-ti, havo, bugʻ, yogʻ oʻtkazmasligi, die-lektrikligi va b. xossalari bilan ifo-dalanadi.
Xalqaro tasnifga koʻra, Qogʻoz quyidagilarga boʻlinadi: Matbuot Q. (bosmaxona, ofset, illyustratsiya, kartografiya, boʻrlangan Qogʻoz) — juda silliqligi, oqligi, bosma boʻyoqni yaxshi singdirishi bilan ajraladi. Gazeta q. bilan gul (oboy) Q. ham shu sinfga oid. Yozuv Q. (yozuv, pochta, konvert, kartochka Q) — yelim olishi, singdirish xususiyatining kichikligi, juda silliqligi bilan ajraladi. Chizmachilik-rasmchilik Qogʻoz (rasm, chizmachilik, chiz-machilik kalkasi Qogʻoz) — yelimni yaxshi oladi. Elektroizolyatsion Qogʻoz (kondensator, kabel, telefon, izo-lyatsion-oʻrov Qogʻoz) — mexanik mustah-kamligi, dielektriklik xossasi yax-shiligi bilan ajraladi. Papiros Qogʻoz (mundshtuk, papiros, sigaret, chekma Qogʻoz) — bu sinf Q. ning kompozitsiyasi. xossasi va tayyorlanish texnologiyasi turlicha. Shimuvchi Qogʻoz (filtr, bosma, singdiruvchi Qogʻoz) — fibra, pergament, sanitariyagigiyena mahsulotlari va b. tayyorlashda ishlatiladi. Apparat Q. (telegraf len-tasi, Krid lentasi, perfokarta Qogʻoz) — mexanik mustahkamligi bilan ifodalanadi. Yorugʻlik sezgir Qogʻoz — mexanik mustahkamligi, yaxshi yelim olishi bilan ajraladi, fotografiyada ishlatiladi (q. Fotografiya). Koʻchirish Qogʻoz (kopirovka va koʻchirish Qogʻoz) — maxsus ishlov berib tayyorlanadi. Oʻrov Qogʻoz — oziq-ovqat mahsulotlari va sanoat tovarlarini oʻrash uchun ishlatiladi. Sanoat-texnika Qogʻoz (patron, jilvir, diffuzor tovush yozib olish, ip oʻrashda ishlatiladigan va h. k.) — paxta tolasi, asbest, sunʼiy tolalardan oddiy usulda ishlab chiqariladi.
Q boʻtqasini tayyorlash texnologiyasi tola materiallarini tuyish; tolaga mos kompozitsiya tuzish; suspen-ziya, toʻldirgich, boʻyagichlar tayyorlash; q. braklarini qayta ishlashni oʻz ichiga oladi. Qogʻoz qogoz tayyorlash mashinasida olinadi. U uzluksiz ishlaydigan koʻp seksiyali agregat. Unda sersuv tola suspenziyasidan q. va baʼzi bir turdagi karton olinadi. Qogʻoz tayyorlash mashinasi 2 asosiy turga: yassi toʻrli (asosiy qogʻoz turlari ishlab chiqariladigan) va dumaloq toʻrli (baʼzi qogʻoz turlari va karton ishlab chiqariladigan) tiplarga boʻlinadi.