Shakl, mazmun va boshqalar haqida
Romantizm voqelikni emas, balki voqelik haqidagi idealni aks ettiradi. Realizm uchun eng muhim narsa – voqelikning oʻzi. U voqelikning oʻzgarishi bilan oʻzgarib boradi. Aslida, hech bir metod toza emas.
Adabiyotda ikki xil shakl mavjud:
- Voqelikka xos boʻlgan inʼikos shakli;
- Voqelikka xos boʻlmagan inʼikos shakli.
Sanʼat – bu voqelikning obrazlar vositasida inʼikos etilishi. Ilmda mantiqiy tafakkur, sanʼatda badiiy tafakkur bor. Tafakkurning muayyan bosqichlari quyidagilar:
- Mifologik;
- Romantik;
- Realistik.
Bular voqelikning xarakteridan kelib chiqqan. Hozirgi sanʼat faqat hayotni inʼikos etmaydi, balki borliqni aks ettiradi.
* * *
20-yillarda Tomas Mann ijodida mifdan foydalanish boshlandi. Boshqa koʻpgina yozuvchilar unga ergashdilar. Sovet adabiyotida uzoq vaqt bunday yoʻl tutilmadi. Mustasno bor edi, albatta. Chunonchi, Platonovning “Kotlovan” asari.
* * *
Ilya Erenburg shunday degan edi: “agar jahonda uchta romannavislik oqimi boʻlsa, ular:
- Kafka; 2. Kamyu; 3. Joysga tegishlidir”.
* * *
Inson zoti tafakkur nuqtai nazaridan oʻtaketgan dangasa.
* * *
Adabiyotning oldiga talab qoʻyib boʻlmaydi, uni oʻz holiga qoʻyish zarur.
* * *
Shakl topilsa, badiiy asar yaratilishi mumkin, yoʻqsa – yoʻq. Kamyu, Kafka, Folkner ijodi koʻproq Freydning psixoanalizi bilan bogʻliq. Hozirgi zamon adabiyotida koʻproq psixoanaliz talab etiladi. Chunki ilgarigi tafsilotli syujetlar ushbu kun kishisi uchun zavq bermay qoldi.
* * *
Insonni inson qilib turgan boshqa bir unsur bor, bu – ruh!
* * *
Har qanday mazmun muayyan, oʻziga xos shaklda roʻyobga chiqadi. Jahondagi har qanday mazmunning oʻz shakli bor. Agar ijodkor maʼlum bir shaklni topa olmasa, demak, badiiy asar yoʻq. Shakl mavhum narsa emas. Shakl mohiyati bu – soʻz. Lekin bu oddiy soʻz emas, badiiy soʻz.
* * *
Kompozitsiya, syujet, til – shakl. Unda mazmun nima? Jiddiyroq qarasak, shularning oʻzi mazmun. Roʻyobga chiqqan syujet, kompozitsiya, soʻz – mazmun.
* * *
Inson tafakkuri bor narsa. Tabiatda-chi? Unda ham muayyan tafakkur mavjud. Chunki olamni ushlab turgan qonunlar – tafakkur mevasi. Biz tushunmagan tafakkur olamda nihoyatda koʻp. Ularda ham badiiy unsurlar hayot. Kashf etish – tafakkur qilishning birinchi bosqichi.
* * *
Voqelikni inʼikos etish bu – voqelikni qayta yaratish. Bu – voqelikning xuddi oʻzi emas, balki modeli.
Voqelikka muayyan munosabat va shu munosabat nuqtai nazaridan voqelikni
aks ettirishning estetik tamoyillari
Kornel asarlarida aql birlamchi, hissiyot ikkilamchi. Rasinda boʻlsa, aksincha. Lenin: “adabiyot va sanʼat mafkuraning maʼlum shakli va unga xizmat qiladi”, deydi. Bu notoʻgʻri, aksincha, mafkura adabiyot va sanʼatga xizmat qilishi lozim.
Adabiyotning tarbiyaviy ahamiyati yoʻq! Uning yagona vazifasi – voqelikni inʼikos ettirish. Adabiyotning taʼsiri estetik, psixologik boʻladi, aslo siyosiy, mafkuraviy emas. Adabiyotga partiyaning hech qanday rahnamoligi kerak emas. Mabodo, rahnamo topilsa, adabiyotning yoʻnalishi faqat bitta boʻlib qoladi.
* * *
Navoiy voqelikning oʻzini emas, balki voqelik haqidagi oʻz xayolini tasvirlaydi. Navoiy – romantik shoir, uning daholigi ham shunda. Biz realizm metodini eng yaxshi deb bildik va Navoiyni ham shu “yaxshi” metod namoyandasi sifatida koʻrsatmoqchi boʻldik. Bu – xato.
* * *
Mehnat qilishda emas, yoʻq, balki tafakkur qilishda inson juda-juda dangasa. Biz mehnatga oʻrganib qolganmiz, fikrlashga emas.
* * *
Asarlar “haqida” emas, ularning oʻzini oʻqish zarur.
* * *
Asar ustida qayta ishlash mumkin emas, asarning tili ustida qayta ishlash mumkin. Uning mohiyati, magʻzi oʻzgarmas boʻlib tugʻiladi.
* * *
Prinsipial nuqtai nazardan Balzak va Tolstoy oʻrtasida farq yoʻq, lekin juzʼiy jihatdan olsak, ular boshqa-boshqa.
* * *
Engelsning: “adabiyotda tipik voqealar tipik sharoitlarda tasvirlanadi”, degan gapi notoʻgʻri. Chunki bir kishining hayotni, xayolini aks ettirgan asarlar tipik emas, biroq, bu ham badiiy asar – adabiyot. Qahramon tipik boʻlmasligi mumkin, biroq, baribir, u – tip.
* * *
Sotsialistik realizm mavjud, ammo adabiyot sifatida emas, balki ideologiya – mafkura sifatida.
“Ekzistensializm” darsida
Ekzistensializmga asos solgan odam Jan Pol Sartrdir. Ekzistensializm “hayotning maʼnosi uning bemaʼniligida”, deydi. Lekin insonning bunga aloqasi yoʻq. Hayotning maʼnosi fojiadir, toʻgʻrirogʻi, oʻsha fojiani yengishda. Xeminguey va Aytmatovlar shunday tushunadilar. Ekzistensiya – maʼnoning bemaʼniligi, bu – buyuk fojia!
* * *
Sartr: “har bitta odam qonida ekzistensiya (fojia va beʼmanilik, koʻngilni behuzur qiladigan substansiya) mavjud”, deydi.
* * *
Hayotda yaratuvchilik bilan bir qatorda yoʻq qiluvchilik ham bor. Yoʻqsa, insoniyat aqlini tanigandan buyon urushib kelmas edi.
* * *
Inson – zaif, u fojiadan qoʻrqadi. Buning oʻzi ham fojia.
* * *
Hayotning ustidan chiqargan hukmimiz bizning oʻzimizga ham tegishli.
* * *
Olamdagi jonivorlarning bittasi – biz va bizning hech qanday ulardan ustunligimiz yoʻq.
* * *
Hayotning oʻzi kuchli fojialarni mujassam qiladi. Kamyuda hech qanday hayratga tushiradigan qahramon yoʻq, lekin ularning taqdiri kishini qiynaydi, azoblaydi.
Yaxshi asarni oʻqigach, kishi poklanganday boʻladi. Adabiyot bundan ortiq nima bersin?
* * *
Bularning hammasi tafakkur qilishning bitta yoʻli, xolos.
“Emil Zolya” darsida
Inqilob – bir guruhning ikkinchi bir guruh ustidan gʻalabasidir. Flober Parij kommunasini inkor etgan. Ammo u Balzakni inkor etmagan, faqat Balzak izidan bormagan.
* * *
Mavjud hayotni – faqat soʻkish, inkor etish, qargʻash mumkin boʻlgan hayotni tasvirlashga realizm kerak. Shunday realizm Zolyada mavjud. Unda eksperiment kuchli. Adabiyotda baʼzan muvafaqqiyatsiz eksperiment odatdagi asarlardan qimmatliroq boʻladi.
* * *
Klassik adabiyotda voqelikni tasvirlash yetarli edi. Hozir yetarli va muhim emas. Bu – joʻnlik.
Voqelikni tasvirlash – sintez, tushuntirish – analiz.
* * *
Navoiydagi savqitabiiy (intuitsiya) hozir yoʻq. U ming yilda bir marta dunyoga keladi.
* * *
Belinskiyning: “sanʼat voqelikni badiiy siymolar asosida aks ettiradi”, degani bugun yetarli emas. Chunki voqelikni badiiy tadqiq qilish asosida badiiy siymolarni yaratish – bugungi kun shiori.
* * *
Emil Zolya – realist. U: “ilm bilan badiiy asar bir xil. Faqat ularning tanlagan obʼyektlari, metodlari boshqacha, maqsadlari esa bitta”, deydi.
* * *
Insonni gen (irsiyat) programmalashtiradi. Gen avloddan-avlodga oʻtadi. Inson sajiyasini belgilovchi narsa atrof-muhit emas, balki subʼyekt, irsiy programma. Inson – betakror, yoʻqsa, ota-onasi kim boʻlsa, u ham oʻsha boʻlardi.
* * *
Zolya qahramonlari noanʼanaviydir.
* * *
Insonning geniga taʼsir qilish (yaʼni, oʻzgartirish) – jinoyat.
* * *
Impressionizm – bir lahzada kechgan muayyan narsa-hodisani tasdiqlash, roʻyobga chiqarish, aks ettirish. Masalan, rassom maʼlum bir tasvirning qaysi jilvasi koʻrinsa, ana shuni aks ettiradi. Reallikda esa tipiklashtiriladi va, natijada, nimadir yoʻqotiladi. Impressionizm oʻsha nimanidir oladi.
* * *
Bir tasvirni har xil rassom oʻzicha (turlicha) koʻradi.
* * *
Impressionizm buyuk sanʼat. U ulkan sanʼatlarni keltirib chiqaradi. Zolyada ham shu narsa bor. Zolyaning baʼzi asarlari nihoyatda zerikarli boʻlishi mumkin, lekin u bor narsani yozadi. Muhimi ham shu – bor narsani yozish. Xeminguey: “yozuvchi nimani yaxshi bilsa, shuni yozishi kerak”, deydi.
* * *
Har qanday isteʼdod konkret, aniq-muayyan boʻladi. Isteʼdodning oʻzi nima? U – ehtirosning eng yuqori darajada namoyon boʻlishi. “Umuman isteʼdod” degan narsa yoʻq. Har bir yozuvchining oʻz isteʼdodi mavjud.
* * *
Romantizmning “ojizligi” shundaki, unda oldin programma (dastur) tuziladi va shu asosida asar yoziladi. Bunga sigʻmay qolgan joylari esa qirqib tashlanadi.
* * *
Zolyadagi favquloddalik irsiyat bilan bogʻliq.
* * *
Tolstoyda oʻz-oʻzini inkor qiladigan qarama-qarshilik bor. Buni Lenin yozuvchi dunyoqarashining cheklanganligi bilan izohlaydi. Aslida-chi? Aslida, bu narsa Tolstoyda “yomonlikka yaxshilik orqali javob ber”, koʻrinishida mavjud va buni shunday tushunish lozim.
* * *
Hayotda hamma ham shaxs darajasiga koʻtarilavermasligi mumkin, lekin har bitta inson bitta individ.
* * *
Zolya marksizmni qabul qilgan emas, biroq sotsializmni – boshqacha sotsializmni qabul qilgan. Uning eng katta asari “Rugon – Makkarlar”dir. Asar yigirma jilddan iborat va undagi voqealar yigirma yilda kechadi. Qizigʻi shundaki, yozuvchi bu asarni yigirma yilda yozib tugatgan.
* * *
Romanni Belinskiy janr deb ataydi. Hozir roman janr emas, balki tur. Uning janrlari mavjud. Masalan, roman, roman-epopeya. Voqelikka munosabat, badiiy tamoyil romanni epopeya qilishi mumkin. Ammo hamma koʻp jildli romanlar ham epopeya boʻlavermaydi.
* * *
Odamlar boshiga kulfat tushgandagina birlashadi. Boshqa paytlarda esa birlashmaydi.
* * *
Qahramon taqdirining tarixi – sajiya (xarakter).
* * *
Asarning niyat-gʻoyasini avvaldan bilib boʻlmaydi. Agar bilib boʻlsa, bu romantizmdir.
* * *
Bizda yaratilgan asarlarda faqat shart-sharoit odamni odam qiladi, deyiladi. Individ, shaxs, irsiyat esdan chiqarilgan. Irsiyatning shaxsda namoyon boʻlishi Zolyada qonuniy tarzda kechadi. Tolstoyda bu jihat oʻtkinchi.
* * *
Yozuvchi boshqa millat vakilini aks ettirganda ham, baribir, unda oʻz millati xususiyatini sezish mumkin. Bu kamchilik emas – oʻziga xos jihat.
* * *
Sovet adabiyoti yoʻq. Chunki sovet degan xalq yoʻq. Rus adabiyoti bor, oʻzbek, gruzin adabiyoti bor. Sovet madaniyati ham, muzikasi ham yoʻq.
* * *
Adabiyotga siyosatni suqish kerak emas, badiiyatning oʻzi siyosat.
* * *
Ahamiyati jihatidan yozuvchi (shoir) umumjahon boʻlishi mumkin, lekin poetikasi, badiiyati jihatidan faqat oʻz millatining odami boʻla oladi, xolos.
* * *
Jamiyat individni yaratadi, degan fikr notoʻgʻri, balki individ jamiyatni yaratadi. Hatto Navoiyda koʻp qahramonlar sharoit mahsuli. Mavjud individlar esa romantik xususiyatga ega.
* * *
Yozuvchining xayoli cheksiz boʻlganda ham obʼyektiv xayolot (borliq)dan shubhasiz tordir.
* * *
Zolya oʻz xayolotini cheklaydi. Bu – hammaning qoʻlidan keladigan ish emas. Masalan, u adabiyotni ilm deydi.
Zolya individi Balzaknikidan kengroq. Freyd kashfiyotlari Zolya kashfiyotlari ustiga qurilgan. Bu – tabiiy hol. Ularda favqulodda hodisalar, individlar tekshiriladi.
* * *
Qoliplar – stereotiplar dastlab paydo boʻlganda ijobiydir. Ular qaytarilganda, siyqasi chiqadi.
* * *
Soʻz tashbehga aylanganda badiiylik yuzaga chiqadi. Idealizmsiz badiiyat yoʻq. Idealizm bu – bor narsani har xil tushunish.
* * *
Asar vaqt oʻtishi bilan boshqa (asar)ga aylanadi. Chunki uni tushunish har xil.
* * *
Isteʼdod – tugʻma hodisa. Uni ayamay sarflash kerak. Sarflashning orqasidan yana sarflash kelib chiqadi. Biroq isteʼdodga ehtiyot boʻlib munosabatda boʻlish lozim.
* * *
Haqiqiy sanʼatkor har doim noshukur boʻlishi kerak. Haqiqiy yozuvchi uchun yashash bu – ijod. Xeminguey yozolmaganini tushungach, oʻzini oʻldiradi. Gogol va Mopassan jinni boʻlib oʻlgan.
* * *
Orqa miyada biz bilmagan boʻlim bor va u anormal psixologiyani paydo qiladi. Jinnilar harakatini botiniy shuur boshqarib turadi. Freyd buni seksologiya bilan bogʻlab aniqlab bergan.
Seks bu – ehtiros. U qudratning eng yuqori darajada roʻyobga chiqishidir. Seks bu – koʻproq ruhiy yaqinlik. Leonardo da Vinchi suratidagi sehr bu – qoniqmagan jinsiy maylning koʻrinishi.
* * *
Yozuvchida jasorat boʻlishi zarur. Koʻpchilikda shu yetishmaydi.
* * *
Tabiatning butun fojiasini toʻlaligicha aks ettirib, qabul qilib boʻlmaydi. Bunga inson chiday olmaydi. Zolya buyuk jasorat chegarasida fojiani aks ettirgan. Ushbu haddan chetga chiqish mumkin emas. Undan chetga chiqqan Zolya mutlaqo halok boʻladi.
* * *
Insonning qimmati, dastavval, uning omma ekanligida emas, balki insonning yakka oʻzida. Stalinizm “Ommada!” degani uchun vujudga keldi, yaʼni, u yakka odamlarda qimmatni koʻrmadi, oʻldiraverdi.
* * *
Sizifning baxti – uning baxtsizligida, shuni his qilganida.
* * *
Sevgi – bu fojia. Chunki unda oʻzlikdan kechishga toʻgʻri keladi, yaʼni, oʻzingni kimgadir bagʻishlaysan. Oʻzingdan kechish esa – baxtsizlik.
* * *
Baxt, balki, oʻtkinchilikni tushunishdadir.
* * *
Inson tafakkuri cheksiz emas. Insonni inson qiladigan narsa bu – maʼnaviyat.
* * *
Inson fojiani tan olishi va uni yengishga harakat qilmogʻi kerak. Xeminguey uchun yozish – hayot, fojiani yengish esa – yashash edi. U jismonan yozolmay qoldi va oʻzini-oʻzi otib oʻldirdi.
* * *
Ruhiyat – yozilmagan, aynimagan din! Odam qancha buyuk boʻlmasin, uning ruhiyatida yashirinib yotgan oʻz manfaati bor. Busiz mumkin emas. Busiz odam – odam emas. Uning boshqalarga xizmat qilishida oʻz manfaati boʻladi.
“Xorijiy oʻzbek adabiyoti” darsida
Amerikalik oʻzbek yozuvchisi Buloqboshi Choʻlponni Shekspirga qiyos qiladi. Keyin yozadi: “Yoʻq, chuqurroq oʻylab koʻrsam, Choʻlpon Shekspir emas ekan. Choʻlpon bu Choʻlpondir”.
* * *
Soʻzni oʻldirsangiz – til oʻladi. Til oʻlsa, millat oʻladi. Millat bu – oʻzbek, fransuz, turk, ingliz…
* * *
Balki Pushkin, Lermontovning aslini, toʻla muqobilini oʻzbek tilida oʻqish mumkin.
* * *
Adabiyot oʻz siyosatini oʻzi namoyish qilsin. Unga tiqishtirish shart emas. Hozir har bir harakatimiz, soʻzimiz – siyosat. Hatto tushlarimizda ham siyosat mavjud. Lekin bular siyosatlashtirish emas. Hozirgi oʻzbek adabiyotida siyosatlashtirish yoʻq.
* * *
Boburga kelib oʻzbek adabiyoti ikkita yoʻlga ajralib ketgan. Nazarimda, oʻzbek klassik adabiyoti Mashrabgacha davom etadi.
* * *
Navoiy va Furqatlar maʼrifatchi emas. Rus madaniyatini soʻqigani uchun Furqatni maʼrifatchi deb boʻlmaydi. Axir, bu – turkiy xalqlar madaniyati evaziga boshqa madaniyatni kiritish-ku!
* * *
Choʻlponning “Buzilgan oʻlkaga” degan sheʼrida millatchilik bor. Millatchilik – buyuk hodisa. Shovinizm – bir millatni ikkinchi millatdan ustun qoʻyish. Millatchilik esa har kim oʻz millatini himoya qilish, demakdir.
* * *
Jahonda mayda yoki katta xalq yoʻq. Chunki millatlar bir jonzotning aʼzolariga oʻxshaydi. Jonzot uchun uning har bir aʼzolari birdek qimmatli. Bitta aʼzo ishdan chiqdimi, demak, butun tanada yemirilish boshlanadi.
* * *
Ollohni tan olish yoki inkor qilish unchalik muhim emas. Asosiysi – uning darajasiga ruhiyatda chiqish.
* * *
Ruh – nurlanish oqimi, moddiy.
* * *
Yoʻq narsaga ham “boʻlishi mumkin” deb qarash lozim. Bu yerda inson oʻziga cheksiz erk bermoqda. Inson tugʻilgandan beri erkni orzu qiladi. Balki insonning asl mohiyati shundadir.
* * *
Marks: “Erk bu – anglangan zaruriyat”, deydi. Aslida, erk va zaruriyat bir-biriga qarshi. Marksdagi erk – soxta. Erkning chegarasi yoʻq. Ruhiyatga erk berish lozim.
* * *
Yetti raqami muqaddas. U kosmogoniyaning belgisi. Kosmogoniya – yetti iqlim, yetti olam, yetti samo. Biz hammamiz oʻz yulduzlarimiz taʼsirida boʻlamiz. Chunki biz tugʻilganimizda muayyan yulduzlar oʻz taʼsirlarini oʻtkazganlar.
* * *
“Panturkizm”, “panislomizm” degan gaplar gʻirt yolgʻon. Chunki bor boʻlganida edi, soʻz ham oʻzbekcha boʻlardi.
* * *
Jadidchilik – eng avvalo, adabiy-badiiy harakat. U jahonning yarmini qamrab olgan. Jadidchilik xuddi bugungi kundagidek yangi badiiy tafakkur. U ilgarigi maorif tizimini, yaʼni, madrasalardagi oʻqitish tizimini tiklashga intilishdan boshlangan. Buning uchun adabiyot orqali yoʻl tutishgan. Turkiyada boshlangan. U – taraqqiyparvar umumturk harakati. Jadidchilikka fransuz maʼrifatchiligi taʼsir qilgan. Masalan, Hamzaning “Zaharli hayot” nomli asaridagi fohisha ayol tasviri. Fransuz maʼrifatchiligi esa, oʻz navbatida, Sharq madaniyatidan ilhom olgan.
* * *
“Inqilobiy”, “progressiv”, “reaksion” adabiyot degan tushunchalar boʻlmagʻur gaplar. Chunki adabiyotning magʻzi – inson. Shunday ekan, u qanday qilib reaksion boʻladi? Koʻrinadiki, jadidchilik adabiyoti ham na progressivdir va na reaksion.
Adabiyotda ikkita ruh bor:
- Qullik;
- Ozodlik.
Shaxsning ozodligini millatning ozodligi taʼmin etadi. Men avval oʻzbekman, keyin ozodman.
“Lotin Amerikasi adabiyoti” darsida
Jahon adabiyotida Lotin Amerikasi adabiyotini fenomen deyishadi. Bu adabiyotda roman boʻlgan emas, demakki, anʼana ham boʻlmagan. Birinchi roman 1931 yilda yozilgan va “Premiya” deb atalgan. Navoiyning “Saddi Iskandariy”sini roman deyish mumkin. Chunki u mifga asoslangan (qolgan dostonlari roman darajasiga koʻtarilgan emas). Shunga koʻra oʻzbek adabiyotida inqilobdan keyin roman paydo boʻldi, deyish notoʻgʻri.
* * *
Markesdagi “dumli bola” qadimgi hindular mifologiyasidan olingan. Mif har doim fojia bilan yakunlanadi.
* * *
Boshqa xalq psixologiyasini inkor etib boʻlmaydi. U aytayotgan gaplarni “shunday boʻladi”, deyolmasak, “shunday boʻlishi mumkin ekan”, deb faraz qilaylik.
* * *
Yozuvchining borligi uning butun asarlari bilan belgilanadi. Uning buyuk asarlari (ijodkorning) faqat bir tomonini koʻrsatadi, xolos. Yozuvchining buyukligi uning ojiz asarlarida ham koʻrinadi. Ijod bu – sistema. Xullas, sanʼatkorning ulugʻligi uning bitta-ikkita asarlari bilan oʻlchanmaydi.
* * *
Biz tabiat qoʻynidan chiqqanmiz. Fojiamiz ham shuki – chiqqanmiz. Inson – tabiat unsuri. U – abadiy. Tabiatda evrilish bor, lekin yoʻqolish yoʻq, boʻlmaydi.
* * *
Adabiyotning birdan-bir vazifasi – hayotni oshkora koʻrsatish, uning fojiasini koʻrsatish.
* * *
Chaqaloq tugʻilishi bilan qattiq yigʻlar ekan, u dunyoga kelganini intuitiv ravishda his qilib, dahshatdan yigʻlaydi. Meningcha, uning tafakkuri katta boʻlgandagi tafakkuriga teng. Faqat u ulgʻaygandagina mazkur tafakkur namoyon boʻladi.
* * *
Inson tugʻilganda iflos va yolgʻiz boʻladi. Oʻlayotganda yana ifloslanadi. Insonning mohiyati ana shu ikki nuqtadan iborat. Uning oraligʻi substansiya – mohiyatning harakati.
* * *
Yashashning oʻzi – fojia. Ibtido fojia boʻlsayu intiho fojia esa, demak, oʻrtasi ham fojia. Biz ana shu fojiani, dahshatni yengsakkina uni tushunamiz. Yoʻqsa, uning quliga aylanib qolamiz. Oʻz fojiasiga kamdan-kam odam chidaydi. Fojiaga bardosh berib, uni koʻzguda aks ettira bilgan yozuvchi oz, juda ham oz.
* * *
Har yozuvchining oʻz vijdoni oldidagi javobgarlikdan tashqari boshqalar oldidagi javobgarligi ham bor. Hatto bu muhimroqdir. Haqiqiy yozuvchi oʻz shaxsiy hayotida bir talay nomaʼqulchiliklar qilgan boʻlishi mumkin, biroq boshqalarga nisbatan hech qachon qabihlik qilmaydi.
* * *
Har qanday mard odam ham oʻzidan va birovdan nimanidir yashiradi.
* * *
Adabiyotshunoslikda professionalizmning ikki tomoni bor. Birinchisi – asarni anglash. Bu jarayonda oʻzlikdan voz kechish kerak. Oʻzlik, albatta, taʼsir koʻrsatadi, lekin mazkur jihat yoʻnalishini belgilab bermasligi lozim. Men asarni belgilab bermayin, balki asar meni belgilab bersin. Ikkinchidan, professionalda asarni oʻqiyotgandagi lazzatlanish hissiyoti siyqalanib boradi.
* * *
Eng qiyin narsa – bolalikni oʻzida saqlab qolish. Bolalarda qolip boʻlmaydi. Adabiyotshunos ana shunday bola boʻlib fikr qilsa, koʻp narsa yutadi.
* * *
Dostoyevskiyda Mishkin – telba, qolganlar sogʻ. Aslida, Mishkin sogʻ-u, boshqalar telba.
* * *
Hayotda yolgʻon gapirish yomon narsa. Lekin hayot oʻz yoʻlida ketaveradi, adabiyotda esa umuman yolgʻon ishlatish mumkin emas.
* * *
“Uliss”ni oʻqish uchun mifologiya va “Odisseya” kabi dostonlar bilan tanishib chiqish lozim.
* * *
Halokat bu – qutulishning yoʻli emas. Oʻlim – ziddiyatni hal qilmaydi. Ilojsizlik va ilojning mavjudligi “Yuz yil tanholikda” birlashadi.
* * *
Odissey yolgʻiz emas, uni hatto halok boʻlganlarning ruhlari qoʻllab turibdi. Ammo bu – bizdagi kollektiv haqidagi tushunchadan tamoman boshqadir. Markesda tanholik bor. Buni tahlillash uchun aql bovar qilmas isteʼdod kerak. Bu hatto Folknerda ham yoʻq.
“Uliss”da tanholik shu bugunning xususiyati tarzida ochiladi. Markesda tanholikni keltirib chiqargan kuch – kechagi tanholik. Bu oʻrinda yakkalanishdan tashqari yakkalash ham mavjud. Bu faqat odamga emas, balki olamga ham xos xususiyatdir. Tanholik yuz yil avvalgi grajdanlik urushidan kelib chiqadi. Bu – shartli. Aslida, yolgʻizlik bashariy qirgʻindan kelib chiqadi.
Jazoning oqibati tazarru boʻlmogʻi kerak. Jazoning oʻzi yana qirgʻinga sabab boʻladi. Buendiolarning boshiga tushgan kulfatlar jazoning bir koʻrinishi. Inson tabiatida tazarruga qaraganda yovuzlik kuchliroq.
* * *
“Qori ishkanba” – Gobsekning koʻchirmasi. Qarang, Qori ishkanbaga rahmingiz kelmaydi, Gobsekka esa keladi.
* * *
Agar isteʼdod boʻlsa, qachondir, nimadir namoyon boʻladi. Bu – muqarrar.
* * *
“Uliss”ni uzluksiz oʻqish kerak. Chunki hayotning oʻzi shunaqa – uzluksiz. Hayot substansiya emas, balki hodisa. Tanholik ham shunday. “Yuz yil tanholikda”gi yuz yilning oʻzi cheksiz.
“Kafka” darsida
Xeminguey, Markes, Dikkens kabi adiblar: “asar boshqa, men boshqa”, degan gapni aytishgan. Meningcha, bu – notoʻgʻri. Chunki yozuvchi kim boʻlsa, asar ham oʻshanday boʻladi. Odam oʻzidan nur taratadi. Xuddi shunday, asar ham yozuvchining bir koʻrinishidir.
Kafkadek dahshatli yozuvchi dunyoda yoʻq. Kafka maʼnaviy jihatdan ezilib, maydalanib ketgan. Yahudiylarda odam qatoriga kirish uchun har narsadan voz kechish odati boʻlgan. Ular hatto dindan-da kechishgan. Lekin, aslida, qalbda, shuurda hech qachon kechmaydilar. Dahshat shu yerdan vujudga keladi. Chunki arosat boshlanadi. Kafka yahudiylikdan chiqib ketgan va nemis tili uning uchun ona tiliga aylanadi. Shuning oʻzi tanholanishdir. U jamiyatga kirishga harakat qildi, lekin jamiyat uni oʻzidan itardi.
Kafkani birov realist desa, boshqa birov modernist deydi. Kafkani oʻqiganda, shu zamindan kelib chiqib qarash kerak emas, shuurda zamindan biroz koʻtarilish lozim. Xayol ham reallik ekanini tushunish kerak.
* * *
Bolaligimizda ertakdagi barcha narsalarga ishonar edik va ishonib toʻgʻri qilganmiz. Aqlimiz raso boʻlgan sari tabiiylikdan uzoqlashib boramiz.
* * *
Kafka oʻz asarlarining asosiy qismini chop etishlarini man qilgan. Chunki asar taʼsirida oʻquvchini dahshatga tushib, asar asiri boʻlib qolishini istamagan. U bunday asarlarini hatto yoqib yuborishlarini iltimos qilgan.
* * *
Gogol va Kafka oʻrtasida oʻxshashlik bor. U ham Kafka darajasidagi daho. Masalan, uning “Viy” asarini oʻqib koʻring. Gogol “Oʻlik jonlar”ning ikkinchi qismini yoqib yuborgan. Emishki, u mazkur boʻlimda pomeshchiklardan birini ijobiy qilib tasvirlagan va keyin tushunib qolib undan voz kechgan. Bu – xato fikr. Aslida, Gogol oʻz asaridan oʻzi dahshatga tushgan. Biz Gogolni Belinskiyning tahlilidan kelib chiqib baholaymiz. Gogol poklanishga chaqirgan. Buni Belinskiy tushunib yetmagan va tanqid qilgan. Aslida, Gogol voqelik qanday boʻlsa, oʻshanday aks ettirgan.
Gogol ham rus boʻlib rus emas, ukrain boʻlib ukrain emas. Arosatda qolgan shaxs.
* * *
Hayotning oʻzi tragikomediya.
* * *
Nusxa koʻchirish – sanʼat emas.
* * *
Oʻz nonimizdan bir burdasini berganga qulluq qiladigan xalq vakili boʻlishdan men uyalaman.
* * *
Qachongacha hamma odamlarni buyuk, tabiatning eng oliy toji, deb yuramiz.
* * *
Avvalo, oʻzlikdan voz kechishga rozi boʻlish kerak. Avvalo, kishi oʻzidan qoʻrqmasligi lozim. Bunday qoʻrquv hissini yengish zarur.
* * *
Kafka 41 yoshida vafot etdi. Uni asarlarida aks etgan haqiqat oʻldirdi. Kafkaning ulugʻligi oʻsha dahshatni koʻra olganligida.
* * *
Lirik qahramon va shoir degan gap bor. Bu – gʻirt bemaʼnilik. Faqat shoir bor. Lirik qahramon ham shoir, shoir ham shoir.
* * *
Pushkin Bayronning “Sharq poemasi” degan asari toʻgʻrisida: “Bayron har bir qahramonga oʻz xususiyatidan bitta-bittadan bergan. Bu – uning zaif tomoni”, degan. Ushbu fikrlarida Pushkin haqsizdir.
* * *
Voqelikni aks ettirishda oʻzini qurbon qilish Joys, Kamyu, Kafkada juda yaqqol koʻrinadi.
* * *
Yozuvchining arosatligi! Oʻylab qarasak, hayotning oʻzi shunaqa – na u yoqlik, na bu yoqlik.
* * *
Turgʻunlik davri bir tiyinga qimmat davr. Aslida, uning oʻziga xos ahamiyati mavjud: Kafka, Joys, Kamyu singari yozuvchilar yuzaga keladi.
* * *
Koʻzdan yosh chiqishi – bu juda oson yoʻl. Biz dahshatga tushishni bilmaymiz, tushunmaymiz.
* * *
Jamiyat taraqqiyotida yagona yoʻl bor – evolyusion, revolyusiya bilan hech narsaga erishib boʻlmaydi. Revolyusiya bu – tabiatga nisbatan tazyiq.
Daraxtning qadri qancha boʻlsa, insonning qadri ham shuncha.
“Utopik asarlar” darsida
Xayolni ilmga aylantirmoqchi boʻldilar va aylantirdilar, lekin amalga oshmadi.
* * *
Romanlarni oʻqiyotganda dahshatga tushamiz, biroq hayotdan qoʻrqmaymiz. Aslida, romandagilar hayotda boʻlgan.
* * *
Inson tafakkurda yuz foiz erkin boʻlmogʻi kerak.
* * *
Mafkura sanʼatda hokimlik talab qilar ekan, badiiyat buziladi, soʻz buziladi.
* * *
Adabiyot hayotning xuddi oʻzi emas va boʻlmasligi kerak. Adabiyot illyuziyaga aylanishi lozim, yaʼni, goʻyo xuddi shunaqa.
* * *
Koʻrinib turgan narsani faqat soʻz bilan ifoda qilinsa, buning nimasi sanʼat?
* * *
Navoiy asarlari hayotning xuddi oʻzi emas, balki goʻyo xuddi oʻzi.
* * *
Uran sayyorasini Gyote bashorat qilgan. Yaʼni, har qanday siymo bu – axbor (informatsiya).
* * *
Farhodga Shirin koʻzguda jonli boʻlib koʻrinadi. Bu hozirgi kibernetikaga mos tushadi.
* * *
Har qanday asar, odatda, bir soʻz uchun yoki bir satr, bir fikr uchun yoziladi.
* * *
Har qanday asarda nisbatan kamchilik boʻladi, uni oʻylab chiqarishning hojati yoʻq.
* * *
Sanʼatning eng zoʻr ustunlaridan biri – shartlilik.
* * *
Insonning hamma sohadagi ishlari bir xil prinsip (tamoyil)ga asoslanadi.
* * *
Shunday hodisalar borki, ular mohiyatning oʻzida mujassam boʻladi.
* * *
Badiiy asar bu – model. Isteʼdodning qudrati ana shu modellashtirish protsessida namoyon boʻladi.
* * *
Asar – model. Lekin bu uning qadrini tushirmaydi, balki oshiradi. Chunki modelda chek yoʻq, chegara yoʻq.
* * *
Har qanday asarda sanʼatkor oʻzini namoyon qiladi. Shu – model.
* * *
Biznikidan boshqa galaktikalarda ham insonlar bor. Ular boshqacha, lekin mohiyat bitta. Buni tushunmasdan turib sanʼatni talqin qilish mumkin emas. Sanʼatni olam mohiyatidan ajratib olish kerak emas.
* * *
Biz oʻz qobigʻimiz ichidan chiqa olishimiz lozim. Biz hali tuxumni yorib chiqmaganmiz.
* * *
Sanʼatda nimanidir tushunish insonga huzur baxsh etishi kerak.
* * *
Yozuvchi yozmaslik mumkin boʻlsa, yozmaydi.
* * *
Oʻzlikni namoyon qilib boʻlgandan soʻng haqiqiy sanʼatkor uchun hayotning qizigʻi yoʻq.
* * *
Yashash bu – ijod!
* * *
Haqiqiy sanʼatkor qanchalik buyuk boʻlsa, shunchalik nozik boʻladi.
* * *
Yashash nima? Bu oʻzlikni namoyon qilish. Yeb-ichish, sayr qilish – bular vosita, xolos.
* * *
Oʻzlikning oʻz maʼnosi, mohiyati bor. U bemaʼni emas. Shu mohiyatni tushunsakkina undan qoʻrqmaymiz.
* * *
Tolstoy baʼzan qolipga tushadi, lekin Dostoyevskiy uchun oʻlchov yoʻq. Dostoyevskiyning tafakkur va isteʼdodi teng. Tolstoyda isteʼdod pastroq.
* * *
Ruhiy holat Stendalda sistemaga aylangan. Bu hatto Tolstoyda ham sistemaga aylanmagan.
* * *
Ruhiyat koʻp jihatdan ong va tafakkur bilan bogʻlanmagan. Uning ildizlari boshqa joyda.
* * *
Isteʼdod bu – mehnat emas, u tugʻma xususiyat.
* * *
Seksologiya – erkak va ayol oʻrtasidagi ruhiy munosabat. U – ilohiyat darajasiga koʻtarilgan narsa. Insonni yuksaklikka chorlaydigan kuch.
* * *
Isteʼdod – inson seksologik imkoniyatlarining eng yuqori darajaga koʻtarilishi.
* * *
Sheʼrga oshiq boʻlmagan shoir shoirmi? Ollohga, borliqqa oshiqlik ham sheʼrga oshiqlikda namoyon boʻladi.
* * *
Yozuvchi koʻzga koʻrinmas iplarni savqitabiiy orqali topadi. Chunonchi, Betxoven oʻzining jahonga mashhur 9-simfoniyasini kar boʻlib qolganda yozgan.
* * *
Boʻgʻilgan ehtiros (seks) tafakkurga taʼsir qiladi. Hatto fojiaga aylanishi mumkin.
* * *
Buyuk asarlarning hammasida sistemali ruhiy holat mavjud.
* * *
Insonning ruhiyati oʻzi mustaqil, koʻpincha, tashqi sharoitdan, voqea – hodisalardan kelib chiqmaydi, ular faqat turtki boʻlishi mumkin. Tashqi sharoit bilan toʻqnash kelinganda yashirinib yotgan ruhiy holat uygʻonib ketadi.
* * *
Roman, aslida, insonni kashf qilish.
* * *
Biz odamning qadrini bilmaymiz-u, goʻyo xalqning qadrini bilamiz. Axir, xalqning oʻzi nimadan iborat?
* * *
Bir-birini sevishib turmush qurganlarda seksologik munosabat goʻzallik tugʻdiradi.
* * *
Har qanday oliy ishqiy munosabatlarning manbai oʻsha – ibtidoiy instinkt.
* * *
Ideal qahramonlarning hammasi – fojia. Chunki ular xayol, amalga oshmaydigan xayol va yozuvchi buni savqitabiiy orqali sezib turadi.
* * *
Kafka: “absurdda absurd”, desa, Kamyu: “hayot – absurd, lekin uning oʻzi qadriyat”, deydi. Yaʼni, tugʻilish va oʻlimning oʻzi qadrli. Shu ikki nuqtaning orasi absurd, biroq qadrli absurd.
* * *
Borgan sari asar hajmi qisqaryapti, lekin mazmun kengayyapti.
* * *
Kitob oʻqish uchun kitobxon oʻsha davr ruhiga kirishi, oʻsha davr odamlari nuqtai nazaridan turib yondashishi lozim. Boʻlmasa, oʻqib boʻlmaydi.
* * *
Yozuvchining qalbi olamga ochiq boʻlishi kerak.
Qurʼon – qalbi olamga ochiq hodisa.
* * *
Shaklda qaytarilmagandan keyin, demak, mazmun ham boshqacha boʻladi.
“Modernizm” darsida
Naturalizm – XX asr boshidagi modernizm. Naturalizm sistema darajasiga koʻtarilmaydi. U ikki xil davrni boshidan kechiradi.
Gorkiy naturalizmni notoʻgʻri tushungan. Naturalizmda koʻproq modernizmni tushunganlar. Belinskiy modernizmni tushunish darajasiga yetib kelmagan. Unda oʻtaketgan subʼyektizm bor. Tolstoy uni hech qachon qabul qilgan emas. Hatto Nekrasov – dehqon shoiri ham. Belinskiy Pushkinni bir yoqlama talqin qiladi. Uningcha, Pushkin podshohga qarshi, revolyusioner. Naturalizmni notoʻgʻri tushunish Belinskiydan boshlangan.
* * *
Modernistik adabiyot XX asrning 30-yillaridan shakllana boshladi. U oʻz ichiga koʻp narsalarni qamrab oladi. Mazkur adabiyotning Kafka, Kamyu, Joys kabi ovrupalik, Folkner, Xeminguey kabi amerikalik yirik vakillari bor. Ular hayotda uchramaydigan (mifologik va boshqa) shakllarda ijod etdilar. Zigmund Freyd – modernizmning paygʻambari. U: “shuurning koʻrinmas, botiniy taraflari mavjud. Insondagi koʻp holatlar shu botiniy shuur mevasi”, deydi. Joys oʻz asarlarida shularni tahlil qiladi, chunki u Freyd bilan tanish edi.
* * *
Marks: “burjuaziyada inson yakkalanib qoladi, chunki bu sistema va xususiy mulk bilan bogʻliq”, deydi. Bu – yanglish fikr. Insonning yakkalanishi faqat kapitalizmga xos emas. U jamiyatga va insonning tabiatiga bogʻliq. Insonning yakkalanishi barcha jamiyatlarga, jumladan, sotsializmga ham xos xususiyatdir. Jamiyat qanchalik murakkablashib borgani sayin, tanholik shunchalik kuchayadi. Masalan, ibtidoiy jamoa tuzumidagi bilan hozirgi davr inson tanholigini olib koʻrsak, sezamiz.
* * *
Ehtimol, Gogol intuitiv ravishda modernizm yoʻnalishida yozgandir.
* * *
Chernishevskiy estetikasining mazmuni: goʻzallik – mehnatda.
* * *
Sadriddin Ayniyning “Buxoro jallodlari” – deyarli ocherk. Unda voqelikni inʼikos ettirish yoʻq, balki faqat tasvir bor. Bunda Gʻarb modernizmidan taʼsirlangan oʻrinlar mavjud. Kozimiyda shunday asar “Qoʻrqinchli Tehron”dir. Agar Sharqdagi mana shu 20-30 yillik naturalizm boʻlmaganda, hozir ham klassik anʼana davom etayotgan boʻlurdi.
* * *
Jahon prozasi Zolya romanlaridan boshlanadi, deyishadi.
* * *
Engels Balzakni oʻrnak qiladi. Lekin realizmning oʻziga xosligini bir yozuvchi orqali berib boʻlmaydi.
Zolya ham estetik, ham badiiy sistema yaratgan. Hozirgi zamon realizmi klassik zamon realizmi bilan Zolya davri realizmining qoʻshiluvidir. Balki, realizmdan, naturalizmdan ajratib olishning oʻzi notoʻgʻridir.
Naturalizmning mohiyati nimadan iborat? Faqat Zolyaning eksperimental romanidan kelib chiqsakkina, naturalizmga toʻgʻri baho beramiz.
* * *
Marksizm: “bazis birlamchi, ustqurma ikkilamchi”, deydi. Xoʻsh, marksizmning oʻzi nima? Ustqurma va u dunyoni oʻzgartirdi. Demak, bazis birlamchi emas.
* * *
Engels: “Balzak oʻtmishdagi va hozirgi barcha Zolyalardan ustun”, deydi. Zolyaga berilgan baho naturalizmga berilgan baho edi va shundan keyin unga (naturalizmga) eʼtibor susaydi.
* * *
Insonning nafaqat ijtimoiy, balki biologik – eng muhim tomoni ham hisobga olinishi zarur. Naturalizmning ustunliklaridan biri, insonni biologik mavjudot deb kashf qilish bilan bogʻliq. Balzak esa insonga koʻproq ijtimoiy mavjudot sifatida yondashadi. Balzak davrida bu tabiiy hodisa edi, biroq oʻsha paytdayoq bunga qarshi boʻlgan Stendal dunyosi bor ediki, buni ham inkor qilmaslik lozim.
* * *
Stendal – psixologik tahlil. Vaqtida uni hech kim tushunmadi, qizigʻi shundaki, uni Balzak tushundi. Balzak Stendalga aytadi: “Nega siz holatlarni tasvir etayotganingizda atrofni ham chizmaysiz?” Koʻrinadiki, Balzak hamma haqiqatni oʻzida mujassam etolmaydi.
* * *
“Meningcha, tipik degan tushunchadan umuman voz kechish kerak. Chunki hozirgi zamon realizmi uchun bu oʻzini oqlamaydi”, degan edi Roje Gorodi. Ushbu fransuz adabiyotshunosining “Realizm bez beregov” degan asari mavjud. U Kafkani birinchi boʻlib sotsialistik realist, deb ataydi.
Roje kommunist boʻlgan. Qiziq, ilgari ulugʻ ruhoniylardan dahriylar chiqqan, endi esa dahriylardan Rojelar chiqyapti.
* * *
Ehtimol, Kafkani sistema deb emas, balki modernizmning bir koʻrinishi, deb tushunmoq kerakdir.
* * *
Bergson insonni, asosan, biologik mavjudot sifatidagi ruhiyatini oʻrganadi (irsiyat nazariyasi).
* * *
Inson oʻzini kashf qilishda ham tabiatga taqlid qiladi. Bu – birinchi kashfiyot. Yana bir kashfiyot irsiy kashfiyot hisoblanadi. Yaʼni, inson bir-biridan oʻzining biologik xarakteri bilan farq qiladi. Boʻlmasa, nega bir xil sharoitdagi oʻnta odam oʻn xil boʻladi? Tashqi sharoitdan kuchliroq nimadir bor ekan, axir. Buni kashf qilmoqchi boʻlgan Segenov jinni boʻlib oʻlgan.
* * *
Insonni kashf qilish tabiat bilan bogʻliq.
* * *
Adabiyot – insonni kashf qilish.
* * *
Irsiyat nazariyasi kerak edi. Shundan keyin Balzak ham, Dostoyevskiy ham, Tolstoy ham javob berolmay qoldi. Shunga qaramay, naturalizmda yuqoridagilar butunlay inkor etilmadi.
* * *
Sharqda yetti avlodni bilish bor, yetti avlod ichida qiz berib, qiz olish yoʻq. Chunki irsiyat buziladi.
* * *
Balzak voqelikning yashirin mexanizmini hatto matematik shakllarga solib koʻrmoqchi boʻlgan. U matematika va sotsiologiyani mutaxassislaridan ham yaxshi bilgan.
* * *
Sharoit qanday boʻlsa, xarakter shunday boʻladi, degan gapni isbotlab kelishadi. Aslida, bu uncha toʻgʻri emas. Har bitta odamga, albatta, muhit taʼsir qiladi, biroq uni yoʻlga solib turgan tabiati ham bor.
* * *
Xarakter individuallik va obʼyektivlikning toʻqnashuvidan kelib chiqadi, deyishadi-yu, negadir uning individualligi (tabiati)ga eʼtibor berishadi.
* * *
Inson tugʻilmasidan oldin biologik jihatdan programmalashtirilgan boʻladi. Biroq buni umumiy qonuniyatga aylantirmaslik lozim, yaʼni, oʻgʻrining oʻgʻli oʻgʻri boʻladi, deyish kerak emas. Shunga qaramay, buni-da, eʼtiborga olish lozim.
* * *
Zolyada naturalizm va realizm qoʻshilib ketadi.
* * *
Naturalizmda harakat – dinamika yoʻq. Buni ham biz notoʻgʻri tushunamiz, yaʼni, dinamika boʻlmasa, yomon deymiz. Ammo dinamikasiz antik dunyo asarlarini koʻkka koʻtaramiz. Masalan, tragediyalar uch xil sharoitda oʻtadi.
* * *
Adabiyotdagi hodisalarga taʼrif berish kerak emas, muhimi, uni tushunish.
* * *
Tolstoy: “bir lahzani aks ettirish mumkin”, deydi va taxminan besh yuz betlik bir asarini shunga bagʻishlaydi.
* * *
Shunaqa hodisalar borki, umrning mohiyatini dinamikasidan keltirib chiqarib boʻlmaydi. Chunki bunda bir harakat ikkinchi, navbatdagi harakatga qarshi boʻlib chiqadi. Bularni faqat lahzani inʼikos ettirish orqaligina mohiyatini tushunish mumkin. Shu jihatdan olganda, koʻpchilik tan olmasa-da, fotografiya ham sanʼatdir.
* * *
Adabiyotning yana bir cheksiz taʼsirlaridan biri – rahm-shafqat tuygʻusini uygʻotish boʻlsa kerak.
* * *
Bergson falsafasiga koʻra, borliqning kechmishi evolyusion harakatga asoslangan va u har doim ham joʻnlikdan murakkablikka tomon boravermaydi, hamma narsa qaytariladi.
* * *
Bugun intiho boʻlgan narsa erta uchun ibtido.
* * *
Naturalizm ham evolyusion ruhda aks etadi.
* * *
Insonning oʻzi ham, uning sanʼati ham tabiatga qancha yaqin boʻlsa, shuncha kuchli boʻladi.
Russo tabiatga vosita sifatida qaragan. Tabiat uning uchun mohiyat boʻlmagan. Naturalizm Russo ojizligini ham maʼlum maʼnoda yenga olgan.
* * *
Industriya tabiatni (insonni ham) qulga aylantiradi.
* * *
Naturalizmda tabiatga qaytishga intilish bor.
“Tomas Mann” darsida
Badiiy asardan xulosa chiqarish kerak emas. Hayotning xulosasi boʻladi.
* * *
Tomas Mannda olamga nisbatan olam yaratishga intilish bor.
* * *
Tomas Mann Tolstoy va Balzaklar darajasida, lekin ularga nisbatan ancha murakkab. Uning Tolstoy va Balzak singari ommaviy emasligining sababi ham shunda.
* * *
Faqat obraz orqali voqelikni toʻla aks ettirib boʻlmaydi.
* * *
Adabiyot isteʼdoddan tashqari (yozish) texnika(si)ni ham talab qiladi.
* * *
Chernishevskiy oʻta tendensioz yozuvchi. U xalqni qoʻlga bolta olishga birinchi boʻlib chaqirgan. U yozuvchi emas, “Nima qilmoq kerak?” degan asari ham asar emas. “Nima qilish kerak?” degan savolga “Voqelikni aks ettirish kerak”, deb javob berish lozim.
* * *
Adabiyotga hikoya miflarni dastlab Tomas Mann olib kirgan. Fashizm sakson million odamni yoʻq qildi. Lekin mazkur qabohatga nima majbur qildi? Buni hech narsa tushuntirib berolmaydi. Faqat ozgina yaqin boradigani bu – MIF.
* * *
Har bitta badiiy asar dastlab milliydir. Milliy boʻlmagan adabiyot, adabiyot emas.
* * *
Aristotel: “Asar tabiatga taqlidan yaratilgan “narsa”dir”, deydi. Men buni andak rivojlantirib: “Asar tabiatga taqlidan yaratilgan tabiat, boshqa tabiat, tabiatga muvoziy (parallel) tabiat”, deyman.
* * *
Bu boshqa tabiatning oʻz odamlari – tirik odamlari bor.
* * *
Taqlid oʻxshash emas, nusxa boʻlsa oʻxshash boʻladi.
* * *
Tipiklashtirishni poetikaning bir qonuni, deyish gunoh.
* * *
Badiiy asarning oʻzi voqelik.
* * *
Modellashtirish degani bu – biroz avvalgi va biroz keyingi voqelikni tabiatga taqlidan yaratish demak. Biroq, oʻn yil-oʻn besh yildan keyinini modellashtirish qiyin va hatto mumkin emas. Chunonchi, Tomas Manning “Sehrli togʻ”ida fashizm modellashtiriladi. Roman yozilganda fashizm hali boʻlgan emas.
* * *
Har qanday badiiy asarning oʻz atmosferasi (havosi) bor.
* * *
Tomas Mann bevosita tabiatning oʻziga taqlid qilmaydi, mif orqali taqlid qiladi.
* * *
Daho isteʼdodlarni qoʻlidan ushlab yuradigan narsa koʻpincha – intuitsiya. Gyote intuitsiya orqali Uran sayyorasini aytib bergan. Faqat yigirma yil soʻnggina boshqa matematik olim buni isbot qilib beradi.
* * *
Hayot koʻpincha kulfatdan iborat. Yorugʻ tomonlari baʼzan boʻladi, baʼzan boʻlmaydi.
* * *
Tomas Manning roman strukturasi mif asosiga qurilgan. Demak, roman-mif janrining boshlanishi u bilan bogʻliq.
* * *
Badiiy tanqid emas, badiiy tahlil boʻlishi kerak.
* * *
Olam mifologiyasidan hamma narsaga javob topish mumkin. Mifologiya – universal hodisa. U – insoniyatning butun tarixi, tajribasi.
Talʼat SOLIHOV
“Sharq yulduzi”, 2012–4
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/qobiqni-orib-chiqish-saodati/