“Qobilgʻa tarbiyat qilmoq zulmdir…”

Sharq maʼrifatchiligi bola tarbiyasiga hamisha katta eʼtibor bilan qaragan. Jumladan, “Faxriulbanot Sulaymoniya” asarida shunday fikrlarni oʻqiymiz: “Yaxshi tahsil koʻrgan va ilm nuri bilan huquqini yaxshilagan ayol har yerda izzat topadi. Ilm – ayol uchun ziynat. Ilmsiz ayol bola tarbiyasida turli kamchiliklarga yoʻl qoʻyadi”.

Sharq maʼrifatparvarlaridan biri Muhammad ibn Muhammad al-Jomiy esa bunday yozadi: “Farzandning ota-ona oldidagi odobi shundayki, ota-ona nima desa, diqqat bilan quloq soladi, ularning oldiga tushib yurmaydi. Nimaniki buyursalar, buyurgan narsalarida xiyonat yoki gunoh ish boʻlmasa, jonu dil bilan bajaradi. Ota-onaning soʻzlariga ishonmagan, ulardan oʻzini aqlli va ishbilarmon deb hisoblagan bolalar koʻpgina qiyinchiliklar va har xil ofatlarga duchor boʻladilar. Chunki ishonchsizlik odamda aldov va yolgʻonchilikni tugʻdiradi. Yolgʻonchilik esa barcha qabihlikni yuzaga chiqaradi”.

Maʼrifatparvarlardan biri Mustafo Homiposhsho bu borada quyidagi fikrni bildirgan: “Hayotda xoh kichik, xoh katta boʻlsin, biror bolaga qarab: “Buni ota-onadan yashir, ularga aytma”, desa u doʻst emas, balki dushmandir. Bunday odamni koʻrgan bola uni dushman bilib, undan qochib ketishini oʻylashi kerak. Soʻzning qisqasi shuki, har bir bola oʻz ota-onasini oʻz ahvolidan, qilayotgan ishidan voqif qilish bilan birga ularning pandu nasihatlariga quloq solishi va amal qilishi zarur. Ularning yaxshi ishlaridan ibrat olishi, tajribalaridan hayotda foydalanishlari kerak”.

Ulugʻ mutafakkir va shoir Alisher Navoiy oʻz asarlarida barkamol avlod tarbiyasiga oid koʻp ibratli fikrlarni bitgan. Jumladan, “Mahbub ul-qulub” asari bu jihatdan katta ahamiyat kasb etadi. Xususan, asarning 89-tanbehida tarbiya toʻgʻrisida shunday deyiladi: “Qobilgʻa tarbiyat qilmoq zulmdir va noqobilgʻa tarbiyat xayf. Ani odami tarbiyat bilan zoye qilma va bunga tarbiyatingni zoye qilma”.

Buyuk maʼrifatparvar Avloniyning fikricha, odam tugʻilishidan yomon xulq bilan tugʻilmaydi. Muayyan sharoitda yomon tarbiya natijasida ularda yomon xulq paydo boʻladi va rivojlanib boradi. Insondagi qobiliyatni kamolga yetkazish tarbiya bilan amalga oshadi.

Avloniy tarbiyaning barcha xususiyatlarini tahlil qilar ekan, tarbiyani farzand tugʻilgan kundan boshlash muhimligini uqtiradi.

“Ravzai xulq” asari muallifi Mavlono Majiddin keltirgan hikoyat ham ibratli: “Yasd shahrida vaʼz aytayotgan edim. Gap ota-ona haqida ketayotgan paytda bir qariya oʻrnidan turib, yigʻlaganicha: “Ey mavlono, otasining soqolidan tutib, boshiga kaltak bilan urgan farzand haqida nima deysan?” deb soʻradi. Men undan: “Otasi uni nima ishga oʻrgatgan edi?” deb soʻradim. U esa: “Eshakni ijaraga berishga” deb javob berdi. “Ayb uning otasida, – dedim unga, – bolani yoshligidan ilm oʻrganishga jalb qilganida va yaxshi kishilar suhbatiga yuborganida, bunday ish sodir boʻlmas edi. Ota buning oʻrniga eshakni ijaraga berishga oʻrgatibdi. Bola eshakni jilovidan tortib, boshiga choʻp bilan urishga oʻrganib qolgan…”

Taassufki, baʼzi ota-onalar oʻz farzandining ana shunday qiziqishi va intilishlariga, ularning ongu tafakkurida har kuni bir oʻzgarish roʻy berib, koʻzida yangi-yangi savollar paydo boʻlayotganiga ahamiyat bermaydi. Boz ustiga, agar ota oilada oʻzini tutishni bilmasa, axloq-odob bobida farzandlariga oʻrnak boʻlish oʻrniga qoʻpol muomala qiladigan boʻlsa, bu holat, tabiiyki, bola maʼnaviy olamining shakllanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, vaqti-soati kelib, uning xarakteridan inson degan nomga noloyiq, xunuk bir odat sifatida namoyon boʻladi.

Sharq maʼrifatparvarlari bola tarbiyasiga taʼsir qiladigan davrni uch guruhga boʻladilar: birinchisi – hanuz oq bilan qorani tanimaydigan bola. Uning tabiati hali yomonlik gʻubori bilan bulgʻanmagan, yuragi esa botil ishlar bilan qoralanmagan boʻladi. Bunday bolaga nasihat tez taʼsir qiladi va uni toʻgʻri yoʻlga osonlik bilan oʻrgatish mumkin. Ikkinchisi – oq bilan qorani ajratadigan boʻlib qolgan bola. Ulardan baʼzilari oʻz nafsining gʻalabasi bilan yaxshilik tomonga burila olmay yurgan boʻladi. U qilayotgan ishining yomonligini biladi. Nuqsonlarini esa eʼtirof etadi. Bunday odamni birinchisiga nisbatan qiyinroq, ammo doimiy tarbiya berilib, har xil nasihat va tanbehlar berib borilsa, albatta yaxshi yoʻlga kirib ketadi. Uchinchisi – oilada botil xayol va fosid fikrlar bilan oʻsib, ulgʻaygan kishi. U umr boʻyi nohaq ishlarni haq deb bilib kelgan va shunga astoydil eʼtiqod qoʻygan boʻladi. Yomonlik qilsa ham uni oʻzicha yaxshilik deb oʻylaydi. Uning tarbiyasiga kirishish tirnoq bilan quduq qazish yoki hali qizib choʻqqa aylanmagan temirni bolgʻalash bilan barobar.

Donolar yaxshi yoki yomon xulqli boʻlishni oilaga bogʻlaydilar. Ularning aytishicha, yomon xulqli ayoldan tugʻilgan va razil ota qoʻlida tarbiyalangan farzanddan yaxshilik kutish qiyin. Chiroyli xulq oftobga oʻxshaydi, oftob muzni eritgani kabi chiroyli xulq ham barcha yomonliklarni eritib yuboradi. Muhammad ibn Muhammad al-Jomiyning fikricha, bola yetti yoshga yetgach, uni ilm olishga va johillik botqogʻidan qutqarishga oʻrgatiladi, agar unga ilm berishning iloji boʻlmasa, biror yaxshi hunarga oʻrgatiladi. U shunday deb taʼkidlaydi: “Agar moling qancha koʻp boʻlsa, ularni farzandingning ilm va hunar olishi yoʻlida sarfla, chunki molu davlatga ishonib boʻlmaydi, hunar esa hech qachon oʻlmaydi. Ilm va hunar oʻrganmay oʻtiruvchi kishilar yo zohid, yo tanbal yoki takabbur kishilardir. Agar u zohid boʻlsa, tez kunda taʼna balosiga giriftor boʻladi. Tanbal boʻlsa, gadolik koʻyiga tushadi. Takabbur boʻlsa, nochorlikdan oxiri oʻgʻirlik koʻchasiga kiradi. Kimki kasb-koriga ega boʻlsa, bunday illatlardan uzoqda boʻladi”.

Xulosa qilib aytish mumkinki, barkamol insonni tarbiyalashda Sharq maʼrifatchiligida katta tajribalar jamlangan. Ular hech bir zamon va makonda oʻz ahamiyatini yoʻqotmasligi bilan eʼtiborli. Magʻzi toʻq, dono fikrlar va ularning mazmun-mohiyatidan kelib chiqadigan xulosalar har bir kishiga asqatadi.

 

Odil BEGIMOV,

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi

 

qashqadaryogz.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/qobilga-tarbiyat-qilmoq-zulmdir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x