Qovoqqishloqlik Qoʻziboy boboni koʻpchilik taniydi. U kishi oʻzini qoʻyboqarlikda oliy maʼlumotga ega deb hisoblasa-da (bobo qoʻy-yechkilarni bilish borasida oʻzidan oʻtadigan choʻpon yoʻq deb hisoblaydi), xalq uni mohir, tayogʻi yengil podachi sifatida tan oladi. Yaylovlarda dovrugʻi doston boʻlgan Qoʻziboy otani oʻzining “besh yulduzli” shaxsiy qoʻtonida otarning yotar payti uchratdik va suhbatga tortdik.
– Bobo, sizni choʻponlarning piri deyishadi. Bundan tashqari, bilsak, siz dongʻi ketgan molboqar ham ekansiz. Ayting-chi, bu ikki kasbda birday faoliyat olib borish sizga noqulaylik tugʻdirmaydimi? Yaʼnikim, men demoqchimanki, ham podachi boʻlish, ham choʻpon boʻlish siz uchun qiyin emasmi?
– Nimasi qiyin shuning, bolam? Oʻzing oʻylab koʻr…
– Bobo, nima deb oʻylaysiz, qanday qilib siz shu darajaga erishdingiz? Ham mol boqish, ham qoʻy boqish siz taʼkidlab oʻtganingiz kabi ehtimol qiyin ham emasdir. Lekin hamma choʻponu podachilar sizga oʻxshab shuhrat qozonavermaydi-ku? Buning siri nimada ekan, aytolmaysizmi?
– Bilmasam, bolam, sen oʻzing nima deb oʻylaysan?..
– Bir donishmand aytgan ekan: “Men agar qayta dunyoga kelganimda, baribir yana donishmand boʻlardim”. Siz, mabodo, choʻpon boʻlmaganingizda, kim boʻlardingiz?
– Podachi boʻlardim…
– Shoirlik falsafasi shunday: “Haq soʻzni ayting, birovni maqtaganda ham, maqtayotganingizni darhol bildirib qoʻymasdan maqtang”. Bu taniqli shoir va adib Eshmon Mallaning soʻzi. Darhaqiqat, har bir sohaning oʻz falsafasi boʻladi. Ayting-chi, choʻponlik falsafasi nima?
– Toʻgʻrisi, savolingga hech tushunmadim, bolam. Mendan bir sovliq bir yilda ikki marta qoʻzilashi mumkinmi, deb soʻra, javob beray…
– Otaginam, bizning oʻquvchilar intellektualniy! Keling, sizga boshqa savol beray. Siz hayotni qanday tushunasiz?
– Yaxshi tushunaman, bolam, nimaydi?
– Bu hayotda armonsiz odamning oʻzi yoʻq, armonsiz odam – hissiz odam, degan ekan faylasuf shoir Koʻngli Dogʻiy. Sizning armoningiz?
– Armonim koʻp, bolam. Nima, sen shu armonlarni ushaltirib berarmiding, soʻrayapsan?..
– Yoʻq, otam. Bugun hamma shu savolni beryapti-ku!..
– Aytdim-ku, boʻtam, armon koʻp. Shu-u, kampir bilan bir shaharga borsam (oʻttiz yildan beri asfalt koʻrganim yoʻq). Keyin… Shu nevaralarimdan biri tayogʻimni qoʻlimdan olsa, deyman… Ayy, bolam-a, bolam-a! Armon haqida soʻraysan-a, yurakkinamni ezib… Boʻpti, kun ham ogʻib qoldi, otarimni hayday qolay endi…
2008 yil
https://saviya.uz/ijod/nasr/qoziboy-ota-armon-kop-botam-darmon-yoq/