Bir kishi zarurat tufayli katta qarzga botdi. Oʻylay-oʻylay, uyini sotishga qaror qildi. Musulmon odobi boʻyicha uyini birinchi boʻlib qoʻshnisiga taklif etdi. Bu gapdan hayron qolgan qoʻshni:
– Nega sotyapsiz? – deb soʻradi undan.
– Katta qarzim bor, shuni toʻlashim kerak, – dedi u.
– Qancha narx belgiladingiz? – deb soʻradi qoʻshnisi.
Odam uyning asl bahosi ancha baland ekanini, lekin qadrdon qoʻshnisiga arzonga berishini, qarziga yetadigan pul kifoyaligini aytdi.
– Qarzingiz qancha? Kimdan olgansiz? – deb soʻradi qoʻshnisi.
U bu savollarga kerakli javoblarni berdi.
– Mayli, ertaga chiqing, gaplashamiz, – dedi qoʻshnisi.
Odam kelishilgan vaqtda yana qoʻshnisining eshigini qoqdi. Salom-alikdan soʻng qoʻshni asosiy gapga oʻtdi:
– Men kecha borib, siz aytgan odamga qarzingizni toʻlab keldim. Endi undan qutuldingiz. Hech qayerga ketmang. Oʻz uyingizda bemalol yashayvering.
– Ie, bu nima qilganingiz? – dedi xijolat tortib u. – Axir qarzim hazilakam pul emas edi. Katta zarar-ku bu sizga!
Qoʻshni bu gapga shunday javob berdi:
– Men buni zarar hisoblamayman. Agar sizday halol, yaxshi qoʻshnimdan ayrilganimda chinakamiga zarar koʻrgan boʻlardim…
Orif Tolib tayyorladi.
“Ma’rifat” gazetasining 2015 yil 4 mart sonida eʼlon qilingan.
https://saviya.uz/ijod/nasr/qoshnichilik/