“Qoʻshigʻim, dostonim, aziz onajon!”

AZIZ ONAJON

 

Koʻngil gul bogʻida asrayman sizni,

Koʻzim qarogʻida asrayman sizni,

Qalbim ardogʻida asrayman sizni,

Bogʻbonim, posbonim, aziz onajon!

 

Qalbim navolari qoʻshiq, soz boʻlgay,

Bahor chechaklari poyondoz boʻlgay,

Umid, orzularim sarafroz boʻlgay,

Yulduzim, osmonim, aziz onajon!

 

Siz bilan koʻrkamdir yillar, fasllar,

Qalbu koʻksingizdan qarzdor nasllar,

Shu bois bosh egib, ardogʻlab siylar,

Imonim, vijdonim, aziz onajon!

 

Siz bedor, dunyo tinch, el obod boʻlgay,

Dardu anduhlardan dil ozod boʻlgay,

Xonadon serfayzu koʻngil shod boʻlgay,

Quyoshli jahonim, aziz onajon!

 

Siz borsiz, jahonni quchar qulochim,

Yuksak parvozlarda sinalar lochin,

Qaniydi oqlolsam farzandlik burchim,

Qoʻshigʻim, dostonim, aziz onajon!

 

 

ONAJONIM KIRDI TUSHIMGA

 

Sarvar Berdi qiziga

 

Sogʻinibdi chogʻi beparvo oʻgʻlin,

Bezovta qilibman tushlarida ham.

Entikib, suv sepib, kutarmish yoʻlim,

Koʻzlari nigoron, munis volidam.

 

Meni deb toʻshagin yangilaganmish,

Ilitganmish suv ham qoʻl yuvish uchun.

Davrada osh toʻla yangi laganmish,

Guldor piyolada choy tutmish mamnun.

 

Qarshimda turarmish katta chorraha,

Qop-qora bulutni boshimdan quvib –

Tilarmishlar menga oq yoʻl – fotiha,

Oʻpib peshonamdan, erkalab suyub…

 

Tushimning taʼbirin nimaga yoʻyay,

Asl haqiqatni bilan onalar!

Sheʼrimga shu joyda men nuqta qoʻyay,

Ochiq eʼtirofni qalbim tan olar!

 

Hayotda nimalar boʻlmaydi sodir,

Nomatlub yumushlar tegar Qashimga…

Shunda taskin berib, har ishga qodir,

Madadkor onamlar kirar tushimga.

 

Tashvishlari kamday hushlarida ham,

Obbo, tinch qoʻymadim tushlarida ham.

 

Normurod NARZULLEV

https://saviya.uz/ijod/nazm/qoshigim-dostonim-aziz-onajon/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x