QOʻNGʻIROQGULDOSHLAR — ikki urugʻpallali oʻsimliklar oilasi. Oʻt, chala buta va kichik daraxtlardan iborat. Koʻpchiligining sut shirasi bor. Barglari butun, navbatlashib, baʼzan qaramaqarshi yoki doira boʻlib joylashgan. Gullari toʻgʻri, baʼzan zigomorf, ikki jinsli. Gultoji qoʻnqiroqsimon qoʻshilib oʻsgan. Otaligi 5 ta. Mevasi koʻp urugʻli koʻsakcha yoki rezavor.
Shim. yarim sharning moʻtadil mintaqalarida hamda Jan. yarim sharning moʻtadil hududlarida 70 turkumi (2000 turi) bor. Shundan Oʻzbekistonda 6 turkumi (13 turi) oʻsadi. Qoʻngʻiroqguldoshlardan qoʻngʻiroqgul va lobeliya keng tarqalgan.