Koʻzlarni debdilar: “Ruhning koʻzgusi”,
Ularda namoyon qalblar sezgisi:
Ham qaygʻu, ham quvonch, ham vaʼda, ham doʻq,
Shoyad shu tufayli erkaklarning yoʻq
Xushroʻylar koʻzidan koʻzin uzgisi.
Koʻzlarni qalblarning tilmochi, dedik,
Qalblarning siriga shu bilan yetdik.
Negadir odamning qoʻllari, biroq –
Shoirlar lutfidan qolibdi yiroq.
Holbuki, qoʻllarning har siquvida
Ne-ne maʼnolar bor, alomatlar bor.
Bunga kim razm qoʻysa, oʻz uquvida
Koʻzning egasi ham unga oshkor.
Qoʻllar bor – muloyim, gʻoyat shafqatli,
Qoʻllar bor – ayovsiz, yovuz, shiddatli.
Qoʻllar bor – ishyoqmas, lapashang, tanbal,
Qoʻllar bor – tezligi bilinar dangal.
Qoʻllar bor – quyilar undan yaxshilik,
Qoʻllar bor – tirnaydi, yovlik, vahshiylik.
Qoʻllar bor – oshirar senga toʻgʻrilik,
Qoʻllar bor – yashirar quvlik, oʻgʻrilik.
Qoʻllar bor – magʻzida mardlik, qoʻrqmaslik,
Qoʻllar bor – ramzidir qoʻrqoqlik, pastlik.
Qoʻldagi xusumat yoki doʻstlikning,
Uyatsiz yolgʻonning yoki rostlikning,
Qoʻldagi saxiylik yo baxillikning,
Boisi nima shu xilma-xillikning?
Sheʼrimning avvalin yodingga keltir:
Nima degan edim koʻzlarga doir?
Koʻzlar yuraklarning koʻzgusi, dedim,
Bu soʻzda hech xato qilmagan edim.
Xoʻsh, qoʻl-chi? Qoʻllar-chi?
Bu qoʻllar, qoʻllar,
Qoʻllarni qaysi bir taʼrif maʼqullar?
Daraxt belgilaydi koʻlankasini,
Qoʻllar ham qoʻllaydi oʻz egasini,
Buyruqni bajarmoq qoʻl hunaridir,
Ha, qoʻllar – yurakning navkarlaridir.
Maqsud ShAYXZODA
https://saviya.uz/ijod/nazm/qollar/