Toʻrt tomon sahro. Salkam 300 ming kvadrat kilometr maydonni egallagan Qizilqum sahrosining hayvonot va nabotot olami tamomila oʻzgacha. Uzoq-uzoqlardan tuya va yilqi uyurlari, sal beriroqda qoʻy-qoʻzilar oʻtlab yurgani koʻzga tashlanadi. Choʻl qushlarining chugʻur-chugʻuri tinmaydi.
“Tosh oʻrmon” joylashgan hududga borish uchun Navoiydan chiqqan ulovda qariyb sakkiz soat yurish kerak boʻladi. Oraliq masofa toʻrt yuz chaqirimdan koʻproq. Buncha yoʻl yurish aytishga oson. Ammo borgach, afsuslanmaysiz. Choʻldagi moʻjiza sizni mahliyo etishi aniq. Beixtiyor: “Shunaqa tinch, sokin joylar ham bor ekan-a?!”, deb yuborasiz.
Soʻnggi paytlarda Uchquduqning Mingbuloq ovulidan oʻttiz chaqirim masofadagi Jaraquduq darasiga keluvchi mahalliy va xorijiy sayyohlarning soni koʻpayib qoldi. Daraga shuncha yoʻl bosib, toʻqson besh, yuz million yillik noyob tabiiy obʼyektni tomosha qilgani keladi. Ayniqsa, “Tosh oʻrmon”da boʻlganlar avvalo, tosh qotgan chigʻanoqlar, akula tishlari va skeleti, daraxt tanalari, hatto, oʻrdakburun dinozavrning toshga aylangan boldir suyaklarini koʻrib hayratga tushishi tabiiy. Shu oʻrinda uning paydo boʻlishiga nima sabab boʻlgan, degan savol tugʻiladi. Qadimda koinotdan uchib tushgan meteoritlarning dengizga tushishi natijasida uning suvi parlanib ketgan. Natijada bu yerlar bir necha yuz yillar davomida chang-toʻzon girdobida qolgan, quyosh nuri umuman tushmagan. Tabiiy, fizik va kimyoviy jarayonlar natijasida dengiz atrofidagi oʻrmonzorlar, suv va quruqlikda yashovchi jonivorlarning bari toshga aylangan. Bu ilmiy xulosani Oʻzbekiston, Rossiya, AQSH, Buyuk Biritaniya hamda kanadalik olimlar hamkorligidagi Xalqaro ekspeditsiya ham maʼqullagan.
“Tosh oʻrmon”ga yaqin hududdagi toshlarni yorib, oʻsgan yovvoyi jiydalarga uzoq tikilib qoldim. Afsuski, keyingi yillarda undagi toshlarni bu yerga kelib-ketuvchilar bearmon tashib ketayotgan ekan. Natijada uning bugungi koʻrinishi kechagisidan farq qila boshlagan. Nahotki, bunday qilish mumkin emasligini baʼzilar anglab yetmayotgan boʻlsa?!. Afsus…
Dunyoning sanoqli davlatlarida bunday noyob toshlar uchraydi. Nazarimda, bu boyligimizni allaqachon butun dunyoga namoyish etish fursati yetgan.
Ulugʻbek AKTAMOV
https://saviya.uz/turfa-olam/qizilqumning-tosh-ormon-i/