QIZIL ARMIYA — sovet hokimiyati harbiy kuchlarining 1918—46 yillardagi rasmiy nomi. Dastlab Rossiya IshchiDehqon qizil armiyasi deb nomlangan. 1918 yil fev. da tashkil topgan. Rossiyadagi fuqarolar urushi davrida Qizil armiyaning soni keskin ravishda ortib, 1918-yil oxirida 3 mln. 1920-yil kuzida 5,5 mln. kishiga yetgan. Keyinchalik qizil askarlarning miqdori ancha kamaytirilsa ham u dunyodagi eng katta armiyalardan biri sifatida oʻz mavqeini saqlab qolgan. Ikkinchi jahon urushi davrida fashizmga qarshi kurashda Qizil armiya asosiy rol oʻynagan. 1946-yilda u sovet armiyasiga aylantirilgan.
Qizil armiya Turkiston mintaqasida shoʻrolar hokimiyatini zoʻravonlik bilan oʻrnatish va saqlab qolishda «faollik» koʻrsatgan. Qizil armiyaning Xivaga qilgan hujumi va Buxoro bosqini natijasida mintaqa toʻla ravishda sovetlashtirilgan. Turkistonda sovet rejimiga qarshi qurolli harakat ishtirokchilari Qizil armiya otryadlariga qarshi mardonavor kurashsalarda, 1935-yilda ular butunlay magʻlubiyatga uchrashgan.
Ad.: Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti, T., 2000.