Anchadan buyon “GULAG mahbuslari sheʼriyati” kitobini izlar edim. Sababi, bu asarda oʻzbek shoirlaridan biror kishi bormikan, degan ilinj meni tinch qoʻymas edi. Goʻyo nazarimda Choʻlpon yoki boshqa oʻzbek shoirlari haqida bir narsa bordek tuyulaverardi…
Yaqinda Choʻlpon ijodiga qiziqib yuruvchi va qatagʻon masalasida talaygina salmoqdor asarlari bilan mutaxassislaru el orasida oʻz oʻrni va ovoziga ega boʻlgan olim, tarix fanlari doktori Rustam Shamsuddinovning “Oʻzbekistonda sovetlarning qatagʻon siyosati va uning oqibatlari” kitobini mutolaa qilib turib Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon ijodiga oid bir xabarga koʻzim tushdi. Ne koʻz bilan koʻrayki, xabar oʻsha men qidirib yurgan kitob – “GULAG mahbuslari sheʼriyati”dan olingan ekan. Choʻlpon haqidagi koʻchirmaga koʻzim tushdi-yu, quvonib ketdim. Tuygʻum aldamagan ekan. Mashhur vijdonli rus shoirasi Tatyana Bek buyuk shoirimizning “Qiz qoʻshigʻi” va “Qush hadigi” sheʼrlarini tarjima qilgan ekan. Kitobda Choʻlpon haqidagi maʼlumot oʻziga xos tarzda bitilgani bilan eʼtiborni tortadi. Shu bois shoir haqidagi oʻsha parchani”Hurriyat”xonlarga ilingim keldi.
“GULAG mahbuslari sheʼriyati” kitobida shunday maʼlumot beriladi: “Abdulhamid Choʻlpon 1897–1938. Abdulhamid Choʻlpon (Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Yunusov) shoirlikdan boxabar maʼrifatli savdogar oilada tugʻilgan. Rus-tuzem maktabini bitirgandan soʻng otasi oʻgʻlini madrasada oʻqishga yuboradi, bu joyda boʻlajak shoir arab, fors va turk tillarini oʻrganadi. Inqilobiy gʻoyalar taʼsiri ostida buyuk milliy shoir boʻlish uchun madrasadan Toshkentga boradi. Va shunday boʻldi ham.
U hayot chogʻidayoq uning haqida buyuk Navoiydan keyin oʻzbek tili va adabiyoti shu qadar qudratli lirikani bilmagan, deb aytishgan. “Uning sheʼriy nutqi – hozirgi zamon oʻzbek tilinining sarchashmasiga yoʻl ochib beruvchi kalitdir. Hozirgi zamon oʻzbek tili bu – Choʻlpon tilidir” deb aytgan oʻsha zamon tanqidchilaridan biri. Choʻlpon inqilobni zavq-shavq bilan kutib oladi va hatto uni koʻpasrlik anʼanaviy mumtoz sheʼriyat shakllaridan ozod etib, oʻzbek tiliga olib kirdi. 1918 yilda E. Potening “Baynalmilal”ini oʻzbek tiliga tarjima qiladi, “Turk ROSTA”ning bosh muharriri boʻlib ishladi.
1927 yildan boshlab uning sheʼrlarini bosish toʻxtaydi. Partiya mansabdorlari bu sheʼrlar oʻquvchilar uchun zarar deb hisoblaydilar. 10 yil ichida Chexov, Turgenev hikoyalarini, Gogol pesalarini, Pushkinning “Boris Godunov”, Shekspirning “Hamlet”, K. Gotstsi, K. Galdoni, Moler pesalarini oʻzbek tiliga tarjima qiladi. 1937 yilda qatagʻon qilingan”. Ushbu matndan keyin quyidagi sheʼrlarning tarjimasi berilgan. Binobarin, bu Choʻlpon sheʼriyatining sarhad bilmasligiga shohidlikdir.
Qiz qoʻshigʻi
Oʻksuk koʻngil qushi
Tushdi qafasga,
Sira yetolmaydir
Erkin nafasga.
Qora kunlar tushdi mening boshimga.
Siqiq qafaslarda,
Yayray olmayman.
Jannat bogʻlar bor-ku,
Sayray olmayman.
Yomon kunlar tushdi mening boshimga.
Qip-qizil qon boʻlib
Kunlar botadir…
Yomon hidga toʻlib
Tonglar otadir…
Ogʻir kunlar tushdi mening boshimga.
Jannat kabi bogʻlar
Bulbulsiz qolgan…
Osmon boʻyi togʻlar
Qulunsiz qolgan…
Qiyin kunlar tushdi mening boshimga
Koʻz yoshimda yuvsam
Yurtning bagʻrini,
Tilim bilan soʻrsam
Oqqan qonini…
Qonli kunlar tushdi mening boshimga.
Hasratim koʻp, elga
Ayta olmayman.
Armonim koʻp, dilda
Joylay olmayman.
Oʻtli kunlar tushdi mening boshimga.
Qafaslarni buzib
Uchsam osmonga!
Kishanlarni uzib
Yetsam jononga!..
Yorsiz kunlar tushdi mening boshimga.
Andijon, 1923 yil
Qushning hadigi
Qush bechora qoʻrqadirkim, uyasidan ayirgaylar,
Uyasidan ayirmoq-la qanotini qayirgaylar.
Mayda simdan silliq qilib, mohirona toʻqilgan bir
Qafas topib, darchasini ochib derlar: “Maskanga kir!”
Miskin qush ham yangi maskan chakkasiga qoʻnib olar,
Maskaniga koʻz yugurtar, tegrasiga nazar solar.
Va koʻrarkim, maskan oʻzi mashinada qoʻyilmishdir,
Uni hozir qilmoq uchun, koʻp zehniyat sarf boʻlmishdir.
Darchalari mahkamgina, puxtagina, xotirjamlik,
Suv ichgali, don yegali teshiklar bor kichik-kichik.
Simlar bilan ishi yoʻqdir, chiqmoq uchun uchib koʻrar,
Oʻrmonlarning xayolida har tomonga oʻzni urar.
Faqat, zaif vujudini qancha ursun devorlarga,
Balki uning yumshoq tani, toʻlib ketsun ol qonlarga.
Devorlarning sezgisi yoʻq, tuygʻusi yoʻq, tovush bermas
Tegra butun ruhsiz gavda, “Nechun mundoq boʻlding?” demas.
Uning butun tasallisi – toʻlib-toshib sayramoqdir,
Koʻm-koʻk dala, eslab-eslab yigʻlamoqdir, yigʻlamoqdir!..
Oʻsh, 1924 yil
Tayyorlovchi: Sirojiddin AHMAD
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/qiz-qoshigi/