— Qizim 15 yoshda bo’lishiga qaramay, tengqur dugonalaridan farq qiladi: qizlarga o’xshab chiroyli ko’ylaklarga qiziqmaydi.
Sochini bejirim turmaklash, pardoz-andoz qilishga ham beparvo. O’rtoqlarining ko’pchiligi o’g’il bolalar bo’lgani uchunmi, xatti-harakatlari ham qo’pol. Holbuki u tengi qizlar chiroyli ko’ylak, poshnali tufli olib bering, deb onasini holi-joniga qo’ymaydi.
A.SOBIROVA,
(Toshkent shahri)
* * *
— Akalari orasida o’g’il boladek o’sgan yoki o’g’il orzusidagi ota tomonidan o’g’il boladek tarbiyalangan qizlar aksariyat hollarda ayollikni qabul qilishni istamaydi, o’g’il bolalarga ergashadi, — deydi Toshkent viloyati pedagogika kolleji psixologi Dilorom SA’DULLAYEVA. — Bunday qizlar balog’atga yetish davrida boshqa tengdoshlari kabi tezroq «katta qiz» bo’lishga shoshilmaydi. Tanasidagi ayollikka xos belgilarni rad etishga harakat qiladi, hatto o’zgarishlarni nafrat bilan qarshilaydi. Ularda shakllangan bu munosabatda atrofdagilarning ham «hissa»si bor. Masalan, ota yoki ona qizining o’g’il bolalarga xos harakatlarini ma’qullab, «Bu mening o’g’lim», «O’g’il-qizim» deb baho berishi qizlarning o’g’il bola rolini ma’qul ko’rib, unga ko’nikib borishiga sabab bo’ladi. Ularning o’g’il bolalardek kiyinishga, qo’pol harakatlar qilishga moyilligi oshadi.
Aslida o’g’il bolalarcha harakat qiladigan qizlar doimo ko’makka ehtiyoj sezadi. Mas’uliyatni zimmasiga olishni istamaydi, kimgadir ergashishga moyil, tashqi ta’sirga beriluvchan bo’ladi. Bundan tashqari, mehnatkash va harakatchanlik ham ularga xos. Bunday qizlarning qobiliyati namoyon bo’lgan soha bo’lsa, uni rivojlantirishga yordam berish zarur. Aytaylik, u sportga qiziqsa, tajribali ayol sportchiga shogird tushishi vaziyatni o’zgartirishi mumkin. Shunda u ham yoqimtoy, ham harakatchan qiz bo’lib, faol hayot tarziga, o’zidagi o’zgarishlarga ham ko’nika boradi.
Qizingizda ayollarga xos tabiatni shakllantirish uchun unga yoqadigan ishlarni birgalikda bajaring. Tikish-bichishni o’rgatadigan o’quv kurslarga qatnashishiga sharoit yaratib bering. Qo’l mehnatidan foydalanib, liboslarini bezatishiga ko’maklashing. Bu didini shakllantiradi va o’g’il bolalar davrasidan uzoqlashib, qizlar tomon yaqinlashishiga yordam beradi.
Voyaga yetayotgan qizlarning asosiy qismi, albatta, nazokatli katta qizga aylanishni besabrlik bilan kutadi. Ayniqsa, onasi bilan yaqin bo’lganlar ayollikka xos o’zgarishlarni mamnuniyat bilan qarshilaydi. Chiroyli kiyinishga intiladi. Pardoz qilish, baland poshnali poyabzal kiyish, o’zidan katta qizlar bilan hamsuhbat bo’lishga intiladi.
O’smirdagi bu xohish normal holat hisoblansa-da, kattalar buni har doim ham to’g’ri qabul qilavermaydi.
Bu vaziyatda unga zug’um qilmay, uy ichida kiyinib, pardoz qilib ko’rishiga ruxsat berish lozim. O’rni kelganda, ona pardoz qilish uchun hali sal yoshligini, shundoq ham chiroyli ekanini tushuntirishi foydadan xoli bo’lmaydi. Chunki tajribasiz yosh qiz o’rinsiz pardoz qilishi yoki keragidan ortiq upa-elik ishlatishi mumkin. Bunda ona farzandiga me’yorni belgilashga ko’maklashishi kerak. O’smir qizlar o’zlaridan 4-5 yosh katta opalariga mo’ljallangan kiyimlarni xarid qilishni, ularday kiyinishni xohlaydi. Bunda ham qizni ortiqcha siquvga olmay, ko’nglidagi libosni kiyib ko’rishiga ruxsat berish va kiygach, hozircha bu libos unga mos emasligini, hali bunga biroz yoshlik qilishini to’g’ri tushuntirish lozim.
Agar istaklariga qattiq qarshilik qilinsa, u xohishlarini boshqa joyda amalga oshirib ko’radi. Masalan, sumkasiga pardoz buyumlarini solib, maktabga borgach, bo’yanishi yoki soch turmagini yechib, sochlarini yoyib olishi mumkin. Uyida to’g’ri tushuntirish olib borilmagan qizlar, odatda, ota-onasining yonida risoladagidek — sochlari o’rilgan, hech qanday pardoz-andozsiz yuradi va o’qishda sochlarini yoyib, ko’z-qoshlarini bo’yaydi. Uyga qaytayotganda esa bo’yoqlarini o’chirib, sochlarini yana o’rib oladi. Tabiiyki, buni ota-ona sezmaydi. Farzandingiz ko’cha-ko’yda shu ishlarni qilmasligi uchun ilk qiziqishlarini jerkimagan holda qabul qilish, do’stona tushuntirish lozim.
Manba: Hordiq.uz