Ijodkor uslubi haqida gap ketganda, albatta, uning syujet qurish mahoratiga ham eʼtibor qaratiladi. Badiiy asarda qoʻllangan obrazli ifodalar, badiiy tasvir vositalari, frazeologik birikmalar, xalq ogʻzaki ijodi namunalari – maqol, matal, rivoyat va hikoyatlar ijodkorning isteʼdod qirralarini, badiiy tafakkuri va syujet qurish mahoratini koʻrsatuvchi omillardan hisoblanadi.
Shoyim Boʻtayevning “Muyulishdagi uy”, “Shoʻrodan qolgan odamlar”, “Shamol oʻyini”, “Eski arava”, “Bir kunlik mehmon”, “Shohona sovgʻa” qissalarida syujetning turli yoʻsinlari koʻzga tashlanadi. Baʼzi oʻrinlarda maʼlum bir qahramonni tanishtirish yoki voqea bayoniga kirishish oldidan juzʼiy chekinishlar boʻladi. Aslida, bu tarzda badiiy syujetning ichki siralarini oʻrni-oʻrnida joylashtirish ijodkorning oʻquvchini sirli bir tarzda “ushlab tura olish” mahoratiga bogʻliq. Shu jihatdan qaralganda, adibning qissalari syujetida real voqelikka, gʻayritabiiy, favqulodda, toʻsatdan yuz beradigan sirli hodisalar uygʻunlikda tasvirlanadi. Xususan, “Shamol oʻyini” qissasida Oybuloq qishlogʻidagi algʻov-dalgʻovli holat, Tepa qishlogʻida toʻsatdan paydo boʻlib qolgan Berkinboy, kampirlarning momouloq bazmi yoki jinlar bazmi tasvirlangan oʻrinlarda shunday uygʻunlik mujassamlashadi. Adib Oybuloq bilan Tepa qishlogʻi odamlarini, qissa oxirida Qum qiyalikdagi toʻrtta xonadon ahlini oʻzaro taqqoslagan holda, oʻz oldiga qoʻygan gʻoyaviy-badiiy maqsadini amalga oshiradi. Tinch-farovon, birov bilan birovning ishi boʻlmagan, bahamjihat yashayotgan Tepa qishlogʻi ahli orasiga Berkinboy, soʻngra, shu qahramon vositasida qissaga olib kirilgan va asosiy obrazlardan biri sifatida tasvirlangan – Yoshiuzoq paydo boʻlgandan keyin vaziyat oʻzgaradi. Qishloqdan baraka koʻtariladi, yovuzliklar yuz beradi, nopokliklar avj oladi. Demak, yozuvchi poklik, halollik, toʻgʻrilik inson umri, jamiyat hayoti, oila totuvligi uchun juda muhim degan ulugʻ bir fikrni asari mohiyatiga singdiradi.
Yozuvchi”Shoʻrodan qolgan odamlar” qissasidagi aka-ukalarning xudbinligi, beoqibatliklari va hayotdagi fojiasini tasvirlash uchun oʻziga xos syujetdan foydalanadi. Asarning dastlabki qismidayoq, adib muallif siymosida oʻzining munosabatini bildirib oʻtadi. Yaʼni, kitobxonni asar ruhiga olib kirishga harakat qiladi:
Uka ketdi.
Aka qoldi.
Ular na kechani eslashdi.
Chunki, kechani bilmasdilar, xotirlay olmasdilar, uning qorongʻi osmoni qabatlarida chaqnagan milyonlab shuʼlavor yulduzlaridan, sutday toshib dolgʻalangan oylaridan gʻofil edilar; olis dunyolar nasimlaridan koʻngillari bebahra, nainki bebahra, koʻngilning oʻzi hali tavallud topmagandi: kulmang, birodar, kulmang; koʻngil tavalludisiz odamning bu dunyoga kelishi, yurishi, ketishi bir hashorat umrichalik emasligini hoji pochchangizdan soʻrasangiz, yaxshilab tushuntirib qoʻyadi.
Na bugunni oʻylashdi.
Na ertani qaygʻurishdi.
Hayf, bir qorin…
Keltirilgan parchada asarning butun mazmuni, adib aytmoqchi boʻlgan fikrlarning kaliti yashirin. Inson tafakkuri va shuuri biyday dalada oʻzidan-oʻzi shakllanib qoladigan hodisa emas. U minglab yillar mobaynida sayqallanadi. Irsiyat qonunlariga boʻysunadi. Insoniyat vositasida oʻtkazilgan har qanday notabiiy qonuniyatlar, soxta gʻoyalar koʻngil qahatchiligiga, uning tanazzuliga olib keladi. Oʻz “kecha”sini anglamagan,”olis dunyolar nasimlaridan” bexabar insonning taqdiri qanday boʻlishi, fojialar girdobiga tushishi, ayniqsa, oʻzining fojiasini anglab yetmasligini asardagi qahramonlar nutqi orqali tasvirlash imkoniyati yoʻq edi. Shu oʻrinda, qissaxon nutqining kiritilishi asarning qimmatini oshiradi. Zero, asardagi qissaxon obrazi adib maqsadi va niyatini amalga oshiruvchi vosita ekanligini hisobga olganda, adib ideallari shu obrazda namoyon boʻladi.
Adabiyotshunos Bahodir Karim qayd etishiga: “Shoyim Boʻtayev uslubida koʻpsoʻzlilik, piching, kinoya, yumor va jiddiyat uygʻunligi bor; batafsillik ustuvor. “Shoʻrodan qolgan odamlar”da ham yozuvchi asosiy oʻzak voqelikka qadar Nazoratchining psixologiyasini, tabiatini yorqin ochishgacha boʻlgan sahifalarda juda koʻp tafsilotlarni yozadi. Nazoratchining kimligi, qanday odamligi, shoʻrolarga naqadar daxldorligi oʻz xizmat vazifasini bajaradigan hibsxona postidagi vaziyatda, kasbdoshlari, hibsxona boshligʻi va Sunnat oʻgʻri bilan boʻlgan uzuq-yuluq muloqotlarida ochiladi. Yozuvchi uni kam soʻzlatadi, koʻp oʻylatadi”.
Asar davomida Nazoratchining laqmaligi, Amakining xudbinligi ochila boradi. Qissaning biror joyida na Nazoratchining, na Amakining qulogʻiga azon aytib qoʻyilgan ismlari eslatiladi. Aslida ham, ularni ismi bilan aytish lozim koʻrilmaydi. Shu nuqtai nazardan keyingi yillar qissachiligida koʻzga tashlanayotgan ismsiz va tashqi qiyofasi aniq tasvirlanmayotgan qahramonlar, aniq bir syujet chizigʻining yoʻqligi oddiy holga aylanib qoldi va bugungi kun oʻquvchisi bunga koʻnikib ham boryapti.
Yozuvchining “Eski arava” qissasida ham oʻziga xos syujet qurilishini kuzatish mumkin. Qissada adib kitobxonga yaxshi tanish boʻlgan Gogolning “Oʻlik jonlar” asari qahramonlarini xayolan Oʻzbekistonga safar qildirib, mustamlakachilik siyosatining mudhish oqibatlari, oʻzga millat urf-odatlarini anglamay oʻzlashtirib olish va uning ayanchli oqibatlarini ramziy-majoziy uslubda ochishga harakat qiladi.
Pavel Ivanovich Chichikov oʻz malayi Selifan bilan quyidagicha suhbat quradi:
– Shoshma-shoshma, sen qandaydir yetti qavatli bir manzilning eng pastki qavatida qiynalib ancha vaqt yotdingmi?
– Men sizdan balandroqda, uchinchi qavatda edim, – dedi Selifan tirjayib.
– Oz-moz ichib turganimizni hisobga olishmaganda-ku, naq behishtning oʻzidan joy tegarkanku-ya. Ammo-lekin, sizning gunohlaringiz koʻp ekan. Yaxshi odam edingiz-ku, xoʻjayin. Shuncha gunoh orttirganingizni payqamay ham qolganimni qarang (130-bet).
Sezgir kitobxon anglaydiki, Oʻzbekistonga “oqib” kelgan fuqarolarning aksariyati jinoyat olamiga aloqador, oʻz yurtida qoʻnim topmagan kishilar edi.
Chichikovni kutib olish uchun atlas koʻylakli qizning non-tuz koʻtarib chiqishi, erkak kishilarning oʻpishishlari, sarimsoqpiyoz hidi, devorlarga chizilgan suratlardagi qor, qayinlar, qoʻziqorin terayotgan qiz rasmi oʻz maʼnosiga qaraganda, kengroq mohiyat kasb etadi. Yozuvchining salbiy holatlarga qahramonlar tili yoki munosabati orqali fikr bildirish uslubi qissaning qimmatini yanada oshiradi. Qissa qahramonlaridan biri, qullik siyosatini amalga oshiruvchi, barcha topshiriqlarga oʻylamay, labbay, deb javob beruvchi Nishonboy Hurzamonovich bilan Chichikov oʻrtasida quyidagicha suhbat boʻlib oʻtadi:
– Yurtingizda ofatlar boʻlib turadimi? – deb soʻradi u Nishonboy Hurzamonovichga qarab.
Qoʻqqisdan berilgan bu savol Nishonboy Hurzamonovichni shoshiltirib qoʻydi, u hushini yoʻqotgancha:
– Tashkil qilamiz! – deb yubordi.
Pavel Ivanovich kuldi.
– O, yoʻq! – dedi u. – Ofatlar degani tabiiy hodisa. Axir, sizning qoʻlingizdan kuchli qor yoki yomgʻir yogʻdirish kelmaydi-ku? Toʻgʻrimi?
– Siz uchun keladi, Pavel Ivanovich…
– Rahmat, rahmat! Iltifotlaringiz uchun tashakkur! Shunday gaplarni gapirasizki, xuddi xudo yuboradigan vabo-balolarni ham oʻzingiz tarqata oladigandek-a…
Siz uchun tarqatamiz, Pavel Ivanovich… Nishonboy Hurzamonovichni kuzatib turgan Chichikov uni esi joyidami, yoʻqmi degan fikrga boradi. Mustamlakachilik zamonidagi aql bovar qilmas rejalarning qabul qilinishi: na issiqni, na sovuqni bilmay boshi faqat mehnatdan chiqmaydigan, faqat dalasini oʻylaydigan dehqonqullarning paydo boʻlishiga: “Tashkil qilamiz!”, “Siz uchun tarqatamiz!” degan qulliqona soʻzlar sabab boʻlganligi, Orolning qurishi, ona tabiatning ifloslanishi, nobop tarbiyali bolalar, nazokatdan, nafosatdan uzoqlashgan ayollar, imon-eʼtiqoddan bexabar insonlarning voyaga yetib qolishiga mana shunday quruq siyosatlar sabab boʻlganligi ochila boradi.
Qissadagi har bir obraz, u kattami yoki epizodik obrazmi oʻz vazifasiga ega boʻlishi lozim. Nishonboy Hurzamonovich, Sobakevich obrazi asarda bor-yoʻgʻi ikki-uch marta koʻrinish beradi. Lekin, ularning gap-soʻzlari, xatti-harakatlari oʻquvchini befarq qoldirmaydi. Yaqin oʻtmish voqealarini bugungi kun bilan taqqoslashga undaydi.
Shoyim Boʻtayevning”Muyulishdagi uy” qissasi zamonaviy, dedektiv mavzuga yaqin uslubda yozilgan. Qissaga kiritilgan har bir obraz, tasvir, voqealik bir-biriga uzviy yaxlitlikda olib boriladi. Bosh kotibni kutib olishdagi ovoragarchiliklar, Yoribekning shaharga kelishi, Toshquvvat bilan kechadigan sarguzashtlar, Said Mavlaviy, Asad, Nazokat, Otajon, Musa, Usmon Akram kabi odamlar bilan tanishuv, asar tarkibiga kiritilgan Toshquvvatning “Hayotim yoʻllari” qissasi saksoninchi yillar tipik sharoitini yoritishga xizmat qilgan.
Asardagi Yoribekning togʻasi Usmon Akram obrazi oʻziga xos tarzda yoritiladi. Uning tasviri asarning boshida bir marta berilsa-da, kitobxon xotirasida saqlanib qoladi. Uning gapirish maneralari ham oʻziga xos, xudbinlikdan iborat:
– Xoʻ-oʻsh, qalay, endi? Uydagilar sogʻ-omonmilar?
– Durust… Salom aytishdi…
– Tuzuk, tuzuk, salomat boʻlishsin! Bugun kelganmidilar?
– Ha-a.
– Tuzuk, tuzuk, yaxshi qiptilar. Mehmonxona-pehmonxonaga joylashib oldilarmi, yoinki bugunoq qaytmoqchimilar?..
Togʻa-jiyanning qisqagina suhbatidan anglashiladiki, katta yozuvchi Usmon Akram tugʻishgan jiyani oldida ham oʻzini xudbinona tutadi. “… Sogʻ-omonmilar?”, “Bugun kelganmidilar?”, “Yaxshi qiptilar”, “Joylashib oldilarmi, yoinki bugunoq qaytmoqchimilar…” – kabi jumlalarda takabburlik, mensimaslik, sezilib turadi.
Usmon Akram xotinini chaqirib: “Choy berib yuborsakmikan!” deya murojaat etadi. Koʻrinadiki, u oila aʼzolari bilan ham shu xilda muomala qiladi. Jiyani Yoribekni: “… Salom aytadilar, deya oʻzi ketishga daʼvat etadi”. Shu bilan togʻasidan panoh istab kelgan jiyan muloqoti barham topadi.
Oʻz yaqinlaridan madad ololmagan Yoribek nohaq qamalib chiqqan Toshquvvatdan yaxshilik koʻradi. Uning yordamida hayotning baland-past tomonlarini oʻrganadi, katta hayotga toblanib chiqadi. U bilan bogʻliq epizodlarda adib hayotdagi illatlarni ochishga intiladi. Asardagi Toshquvvat obrazi hayotda adashgan, pul-boylik ketidan quvib, umrini xazonga aylantirgan, oxirida afsus-nadomatga tushib, insonlik shaʼnini yoʻqotmagan kishilarning vakili. U yaqinlaridan ajragan, ota qargʻishini olgan. Biroq, u Yoribekka hayotdan oʻz oʻrnini topib olishida katta yordam beradi.
Syujetning qiziqarli boʻlishi ijodkorning mahorati bilan belgilanadi. Shoyim Boʻtayev inson tuygʻulari bilan bogʻliq boʻlgan oʻta murakkab hodisalarni qisqa imo-ishora tarzida koʻrsatadi, baʼzan qahramonlar bilan bogʻliq sirli voqealarni asar oxirigacha sir saqlaydi. Bu holat kitobxonga huzur bagʻishlaydi, voqealar davomini tezroq bilishga undaydi.
Yozuvchining “Bir kunlik mehmon” qissasi syujeti ham oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Yigirma yillik sobiq kursdoshlar Saidmurod va Xolmoʻminlarning uchrashuvi, asar syujetiga asta – sekin kirib keluvchi Abdi, soʻpi va uning kelini bilan bogʻliq turli mish-mishlar, toʻydagi mashmashalar, soʻpining uyiga oʻt tushishi, ming yillik chinor bilan bogʻliq voqealar, Elchi bovaning boshidan oʻtgan sarguzashtlarida inson maʼnaviy-ruhiy olamida mavjud boʻlgan murakkab, ziddiyatli holatlar oʻziga xos tarzda ochila boradi. Ayniqsa, qishloqda soʻpining uyiga oʻt ketishi haqidagi xabar tarqalgandan keyingi voqealar tasviri kitobxonni oʻylashga, ramzlar ortiga yashiringan sirlarni bilishga undaydi. Qissa qahramonlaridan biri Elchi bovaning: “Bolalik supasidan tushdingmi, bas, zulmat seni bagʻriga tortib ketadi. Oh-oh, qanchalar aysh-ishrat, kayf-safo, zahar-zuqqumlar jo boʻlgan ekan-a, bu bagʻirga! Sen shunda boladan farqli oʻlaroq, qoʻrqmay qoʻyasan, nega deganda, oʻzing ham zulmatiyga aylanasan. Zulmatiyning rohat-farogʻatiyam, aysh-ishratiyam, hayotiyam, maqsadiyam zulmat. Ana shunda u supaga abadul-abad qaytib chiqolmaysan”, degan gaplari oʻquvchini chuqurroq mushohada qilishga undaydi. Farishtalar ham sajda qilgan inson bolalarining oʻta qabariq feʼl-atvori zulmat qoʻynida: na tush, na oʻngda sodir boʻlayotgani noaniq bir tarzda tasvirlanadi. Zulmat qoʻynida insonning kim va nima ekanligini anglatishga harakat qiladi.
Asar syujetining bu tarzda qurilishi ham hozirgi oʻzbek nasrida boʻy koʻrsatayotgan uslubiy qirralardan biridir. Shoyim Boʻtayev qissalarida koʻzga tashlanayotgan personaj nutqidagi oʻzgarishlar, qahramon xarakterining turfaligi, asar syujetiga kiritilayotgan turli rivoyat, voqea va hodisalar bugungi nasrimizdagi yangilanishlardan dalolatdir.
Dilmurod XOLDOROV
“Sharq yulduzi”, 2011–3
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/qissa-syujetida-uslub-jilolari/