“ALKIMYOGAR” YOXUD PULNING JOYI QAYERDA?
– Allo, dadasi, qachon qaytasiz?
– Ha nima, osh qiluvdingmi?
– Osh qayda, nonqovurdoqni muzlatkichga qoʻydim. Isitib yersiz. Men Mehri dugonamnikiga gashtakka ketayapman.
– Yaxshi borib kel. Navbatchiman, kech boraman.
– “Yaxshi borib kel” emish. Bepul qanday boraman? Ellik mingdan yigʻishadi. Ertalab sizdan obqolaman, devdim, esimdan chiqibdi…
– Boʻlmasa, bundoq qilasan. Mening javonimdan ustiga “Alkimyogar” deb yozilgan kitobni olasan… Kitoblarimni tit-pit qilib tashlama tagʻin…
– Bilganingiz kitob-kitob… Shu tobda kitobingizni pishirib yeymanmi? Undan koʻra pul qaysi kissangizda, shuni ayting…
– “Berdi”sini aytguncha urib oʻldirma-da. Oldingmi?
– Nima dedingiz, “Afsungar”mi?
– “Alkimyogar”, dedim, oʻqimagan… Endi varaqla…
– Ufff!… Kech boʻpketdi-ku…
– Qimirla. Ellik oltinchi betini och…
– Hozir… hozir… ordona… mana, ochayapman… Ie, boʻldi-boʻldi, rahmat, baraka toping, dadasi… Aytuvdingiz-a, har zamonda kissa oʻrniga kitob titkilab turgan odam kam boʻlmaydi, deb…
“MUOLAJA”
– Namuncha lallayasiz, kim aytadi sizni “medsestra” deb, – qaynona shoshib qolgan kelinni battar hovliqtirib dakki bera ketdi. – Nima, birinchi marta koʻrayapsizmi? Oʻlmagan bizni jonimiz… “Aptechka”ngiz yoningizdami? Chakkasi yorilibdi, qonni toʻxtating… Tez yaxna choy obkeling… Javlon hali qaytmadimi? Boʻlmasa, oʻzingiz keling… Peshonasini mahkam ushlang… Ehtiyot boʻling, yana yiqilib tushmasin… Endi gʻargʻara qildirib, ogʻzini chaying… E, shoshmay turing, hali yana davomi bor ekan… Ufff… Kiyimlariyam rasvo boʻpti, keyin chayib qoʻyarsiz…
Dashnomlarga koʻmilgan kelin ayvonda yana odatdagiday qayt qilayotgan shirakayf… qaynota tepasida ovora edi…
“U-U-UR!!!”
– Nima gap, Rahmon togʻa? – deya boshliq qahva hoʻplagancha qabulida mungʻayib turgan keksa xodimiga emas, yana televizorda berilayotgan futbol oʻyiniga tikildi.
Oʻylaganidek boʻldi. Tund rahbarning salobati bosdi. Boya qabulxonada kutib oʻtirganida ichida yuz karra takrorlab olgan gaplaridan bir jumla ham tiliga kelmadi. Ha, birovdan pul soʻrash oson emas ekan. Ayniqsa, umrida bir soʻm qarz olmagan Rahmon togʻa uchun… Goʻyo yetmish ikki tomiri uzilib ketadiganday edi.
– Men… men… Oʻgʻlim… yuragi…
– U-u-ur!!! – oʻrnidan turib qichqirib yuborgan rahbarning vajohatidan Rahmon togʻa choʻchib tushdi. – E-e-e, lapashang…
Rahmon togʻa qunishdi. Mushtdekkina jussasi battar kichrayib ketdi. Umrida futbolga qiziqmagan boʻlsa-da, ekranga termuldi. Biroq koʻz oldi qorongʻilashib, hech narsani koʻra olmadi. Choʻntagidan koʻzoynagini olib taqdi. Yana yechdi. Dastroʻmolini chiqarib, oynaklarini artdi. Soʻng manglayini…
Oʻyin picha sepsidi.
– Nima deyayotuvdingiz? – rahbar bir zumgina unga qaradi.
Rahmon togʻa yana shoshib qoldi. Soʻng tutilib-tutilib boʻlsa-da, bidirlay ketdi:
– Oʻgʻlim… kardiologiyada… Samarqandda operatsiya qildirish kerak ekan… Shunga… pul zarilidi… Uzr… Iloji boʻlsa… Oyligim hisobidan… plastikka tashlatib bersayiz… Molbozorga yana besh kun borakan… Hoʻkizlarimni sotib toʻlayman…
– Ie-iye, kallangizni oling-da, – boshliq uni yonlab yana ekranga yopishdi. – Qani-qani… Odammisan?! Joning bormi?! Tep… Boʻl!
Rahmon togʻa koʻksini gʻijimlab, sekin oʻrnidan turdi…
“KESAK”
– Xafa boʻlmaginu, Xolmamat, tartibga olmasang, shu bolang naxoraga kesak ham boʻlmaydi…
Oyogʻi uzangida, karillab yurgan paytlari edi oʻshanda. Qoʻli hamma joyga yetardi. Sirkasi suv koʻtararmidi? Direktorga dagʻdagʻa qilib, yolgʻizgina tantiq oʻgʻlini malomat qilib, gʻashiga tekkan Jovli muallimni maktabdan haydattirib yubordi…
“Avliyo ekan-a Jovli muallim…”
Xolmamat buva hassaga suyanganicha xotinining gapi bilan otasini yolgʻiz qoldirib, roʻzgʻorini boʻlak qilib olgan nashavand oʻgʻli hovli oʻrtasidagi paxsa devorning yagona tuynugiga qingʻir-qiyshiq qalagan kesaklarga termulib, koʻzyoshi hoʻl qilgan soqolini tutamladi…
Nuriddin EGAMOV
https://saviya.uz/ijod/nasr/qisqa-hikoyalar-6/