Keng, katta shaharda koʻnglim siqilib,
Bir xil kunlarimdan zerikkan chogʻim
Gohi onam boʻlib, goh otam boʻlib
Meni chorlayverar olis qishlogʻim.
Bir kun otlanaman, intiqqan koʻnglim
Mendan burun oʻtar dovondan oshib.
Ketaman toʻxtagim kelmasdan bir zum,
Xushxabar eltyotgan chopardek shoshib.
Mana, uyga keldim, toʻldirdi bagʻrim
Mushtoq ota-onam va jigarlarim.
Ularning bagʻrini toʻldirdim men ham,
Birpasda yoyildi xushxabarlarim.
Oʻ-hoʻ, oʻzgarish koʻp, yangilanish koʻp:
Menga yetishibdi ukamning boʻyi.
Ikki oy ichida qurilish boʻlib,
Buzilib ketibdi bobomning uyi.
Bir-ikki kun oʻtgach, qoʻllarim boʻshab,
Asta yoʻl olaman dala-tuz tomon.
Poyimga oʻtlardan gilamlar toʻshab
Meni kutib olar dalalar shodon.
Tovondan yurakka oʻtib borganda
Teranroq tuyaman tuproq taftini.
Turmushni anglayman siqib koʻrganda
Dehqon odamlarning qadoq kaftini.
Safarim qariydi uch-toʻrt kun oʻtmay,
Yana Toshkentlarga buradirman yuz.
Menga ergasholmay qolgan ukamday
Teraklar qoʻl silkib kuzatar maʼyus.
Orif Tolib
2011
https://saviya.uz/ijod/nazm/qishloqqa-safar/