* * *
Zumrad libosingni yechib oldi kim,
Kim otdi gurillab turgan olovga?
Yashil qudratingni ayladi tilsim,
Kenja qizday oldi seni garovga?
Kunduzlari eski tandirga kirib,
Tunlar uygʻonmaysan, ey, huriliqo.
Soyangda shamollar chordona qurib
Qoʻbizini chalar, chiqmaydi sado.
Bulutning oq shohi zinalarida
Tushib kelar koʻklam – zumrad sochli qiz.
Yomgʻir qamchi urgan tanalaringda
Kurtaklab ochilar oq-pushti yulduz.
Yashil qahqahaga toʻladi olam,
Qirga boychechakday sochilar najot.
Yoʻlingda yozilar zabarjad gilam,
Qora qish sehridan uygʻonar hayot.
Manzara
Tizza boʻyi qor kechib borar:
Qush izlari,
Onam izlari.
Suvloq suvin qaymoqqa qorar,
Onamning bol kabi soʻzlari.
Tong saharlab ariq boshida
Lampashishalarni yuvadi,
Oftob tushib koʻzu qoshidan
Shisha qurumlarni quvadi.
Oqshom uyning eshiklarida
Charaqlaydi osma fonuslar,
Fonuslarning piliklarida
Jam boʻladi gʻuj-gʻuj yulduzlar.
Tokchadagi har nur, soyani
Lipillatib oʻynaydi xayol,
Tashqarida – gʻoʻzapoyaning
Gʻaramida uxlaydi shamol.
Kavushchalar toʻla keng ayvon
Tunni haydab, turadi ushlab,
Tun xonaga kirolmay hayron,
Sahargacha chaladi hushtak.
Ertak aytar osma fonuslar.
* * *
Toʻqqizinchi qavat
Dim xona
Kunbotarda qildimi torlik?
Soylar bilan, sayr bahona,
Qilging kelar shakarguftorlik.
Chinorlarning yaproqlaridan
Yogʻiladi ilhom jaranglab.
Ajriq oʻpar oyoqlaringdan,
Oy chiqadi koʻkka daranglab.
Mehmonlarin kuzatgan uyday
Boʻm-boʻsh turar yashil xiyobon.
Kursilarda jimlik chalar nay,
Argʻimchoqlar horgʻin, parishon.
Anhor sening qalbingga koʻchar,
Shovullagan sirlari bilan.
Yuragingdan dunyo suv ichar
Mansuraning durlari bilan.
Ergashadi izingdan tollar,
Gulzordagi har buta, har gul.
Kuzatadi pari xayollar,
Bola ochar fikringda bulbul…
* * *
Sani oʻt ishqida parvona koʻrdim,
Gahi oʻz-oʻzidan begona koʻrdim.
Muhabbat bolidan ruhi farovon,
Vafo oʻtrusida farzona koʻrdim.
Gahi hushyorlik zebi faningdir,
Gahi bemoru gah devona koʻrdim.
Gahi moʻrcha kibi holi xarobim,
Gahi arslon kibi tavona koʻrdim.
Ki, oftob misli goh dilni yorutding,
Shom yegan oy kabi soʻzona koʻrdim.
* * *
Oʻylama u boʻm-boʻsh, qorongʻu bir uy,
Bir soʻzim koʻnglini yoritgay hamon.
Bu puch xayolot-la ovunmagil, qoʻy,
Bahorning qaytmogʻi endi dargumon.
Hijron eshigimni tambalab oʻtdi,
Qoldi ostonamda qorning izlari.
Bardoshimni boʻron paxtaday titdi,
Dil daryosin tutdi qishning muzlari.
Osmonni toʻldirgan turnalarim shoʻx,
Quvonch uchib keldi sevgi yoqlardan.
Yondimu yashardim, hech armonim yoʻq,
Ishq boʻlib koʻkladim gul-giyohlarda.
Endi sen oʻtarkan, dala chetida
Bir oddiy boʻtakoʻz mildiraydi sof.
Sezdingmi, u gulning moviy oʻtida
Yonar sen voz kechgan bir yoshlik shaffof?!
Boʻston sogʻinchi
Uch yilki, oʻtmadim koʻchalaringdan,
Jiydalar qissasin tinglab koʻrmadim.
Yulduz bazmi gavjum kechalaringda
Uyqularim oʻchib, bedor yurmadim.
Chechan bibilarning shoʻx davrasida
Hikmat terib, yayrab oʻltirolmadim.
Gʻoʻzapoya gulxan alangasida
Qoʻllarimni tutib isinolmadim.
Qadrdon uyimning vassalarida
In qurgan qaldirgʻoch pazmoni1 boʻldim.
Onamning mungʻaygan hassalarida
Sochlari oqargan armoni boʻldim.
Gʻoyibdan elchilar kabi chugʻurlab
Poyimda qushchalar duv-duv uchsaydi.
Sandalda tun boʻyi isib, biqirlab –
Qaynagan qumgʻondan choylar ichsaydim.
Tandirning tillari purkab alanga,
Nonning jamoliga toʻygan chogʻlarim.
Bir ajib harorat taralib tanga,
Yuragim sevgidan iygan chogʻlarim…
Oyogʻimda qizib bilqillagan yer,
Boshyalang chopsaydim, yerni oʻpsaydim.
Erka, shoʻx jayronday sogʻinchga asir
Boʻston koʻchasidan chopib oʻtsaydim.
Bir dona yalpizga aylanib yoki
Anhor boʻylarida koʻklab qolsaydim.
Koshkiydi?!
Oydin HOJIYEVA,
Oʻzbekiston xalq shoiri
“Sharq yulduzi”, 2012-2
https://saviya.uz/ijod/nazm/qirga-boychechakday-sochilar-najot/