Sharqda qadimdan lugʻat va qomuslarga eʼtibor katta boʻlgan, deb yozgan edi taniqli olim, filologiya fanlari doktori, professor Najmiddin Komilov isteʼdodli tadqiqotchi olim Baxtiyor Omon tomonidan tarjima qilib, nashrga tayyorlangan “Gʻiyos ul-lugʻot” kitobiga yozgan soʻzboshisida.
Ziyolilarimiz orasida moʻtabar hisoblangan lugʻatlardan biri “Gʻiyos ul-lugʻot”dir. Bu asarning muallifi Muhammad Gʻiyosiddin ibn Jaloliddin ibn Sharofiddin oʻtgan asr boshlarida Hindistonning Rompur shahrida tugʻilgan. U donishmand kishi boʻlgan, arab, fors, hind va turkiy tillarni bilgan. Muhammad Gʻiyosiddinning boshqa ilmiy asarlari ham bor, ammo uning nomini “Gʻiyos ul-lugʻot” (qariyb 18 ming soʻzga sharh va izoh berilgan) dunyoga mashhur qildi. Lugʻat Hindiston, Pokiston, Eronda qariyb yigirma marta nashr etilgani, ustod Sadriddin Ayniyning aytishicha, Buxoro madrasasidagi 20 ming talabaning qoʻlida aynan shu lugʻat boʻlgani kitobning qadri baland boʻlganligidan guvohlik beradi. U Asad Tusiyning “Lugʻati forsiy”, Husayn Injuning “Farhangi jahongiri”, Roy Tekjand Bahorning “Ajami Bahor”, Husayn Vafoiyning “Farhangnoma”, Abdurashid Tattaviyning “Farhangi Rashidiy”, Alixon Orzuning “Charogʻi hidoyat” lugʻatlari qatorida hamon tarixchilar, sharqshunoslar, ilm-madaniyat ahliga beminnat xizmat qilib kelayotir.
“Gʻiyos ul-lugʻot” – izohli, tafsiriy lugʻat, forsiy tilda sodda va ravon yozilgan: muallif ayrim atamalarni keng tushuntiradi. Masalan, “aruz”, “istiora”, “maʼno”, “musiqa”, “iqlim”, “olam” kabi soʻzlarga yozgan sharhlari yaxlit bir risola darajasida, deyish mumkin. Unda arabiy, forsiy soʻzlar bilan birga, oʻnlab turkiy soʻzlarga ham izoh berilgan. Oʻrta Osiyoning joy nomlari, atoqli kishilari haqida boy maʼlumotlar keltirilgan. Bu borada Muhammad Gʻiyosiddin oʻzigacha yaratilgan lugʻatlar va manbalarga suyanadi, shu bois uning sharh va izohlari ilmiy jihatdan gʻoyat qimmatlidir.
Quyida “Gʻiyos ul-lugʻot”da ayrim soʻz va atamalar izohini oʻqiysiz.
A
Avliyo – qarobat doʻsti va yaqini, Olloh taologa yaqin zot.
Aynulhayot – obi-hayot tomchilari.
Ayyom – forsiyda mutlaq vaqt, zamon, fasl va mavsum.
Albob – ilmli, bilimdon.
Alim – dardli.
Alfiya – nahv va sarf ilmiga oid ming betlik kitob.
Ammat – kanizak, ummat shaklida kelganda – odamlar guruhi; anbiyolar payrovi; millat maʼnosini ham bildiradi.
Amri maʼruf – yaxshi ishlarga chorlash.
Amsol – mashhur, goʻzal dostonlar.
Angor – tasavvur, xayol.
Aʼshor – asli ushr, maʼnosi bir narsaning oʻndan bir ulushi demak.
Ayo – afsus, nido.
B
Badiha – bexosdan kelgan fikr, nogohoniy voqea, oʻsha ondayoq oʻqiladigan sheʼru masal.
Badiiy – avvali va birinchi.
Badoyeʼ – yangi paydo boʻlgan narsa, ajoyibot.
Bayʼat – farmonbardorlik qilish, ahd-paymon, ixlosini doʻstiga baxshida etish, murid boʻlish.
Bannot – qizlar maʼnosida.
Basirat – soʻfiylar tilida dil binosi, yaʼni donolik va ziyraklik.
Bariy – pok, gunohsiz.
Bob – arabchada darvoza va kitob, turkchada va forschada kitobning nomi.
Boxtar – magʻrib maʼnosida keladi. Quyoshni, baʼzida baliqni shunday ataydilar. U Xurosan mamlakatining nomini ham bildiradi.
Boston – qadim, oʻtmish, koʻhna.
Bozargon – savdogar.
Boligʻa – komila.
Boʻhron – ulugʻ toʻntarish, tabiatdagi ofat. Unda yo omonlik qirgʻogʻiga chiqiladi yoki mamot topiladi.
Shunday tashbih borki, tabiatni – sultonga, ofatni – dushmanga, badanni – mamlakatga, boʻhron kunini – oʻlim jangi kuniga topshiriladi, bu jangda dushman kuchlari gʻolib kelsa, boʻhron yuz beradi va odamlar nobud boʻladi.
Boʻgʻdon – qalandarlar, gadoylar asbobini saqlaydigan buyum.
Bozu – quvvat va isteʼdod.
Baxtiyor OMON tayyorladi.
https://saviya.uz/ijod/tilshunoslik/qimmatli-lugat/