Ulugʻ mutafakkir bobomiz Abu Rayhon Beruniyning 150 dan ziyod asari maʼlum boʻlib, bizgacha uning faqat 30 tasi yetib kelgan.
Bu asarlar orasida “Mineralogiya” asari borki, u oʻttizdan ortiq qimmatbaho toshlar va minerallarning nomlari, ularning kimyoviy, fizik xossalarini aniqlash, eritib sinash, konlardagi mavjud toshlar va turli maʼdanlar, qotishmalar haqida ilmiy maʼlumotlar berishi bilan ahamiyatli.
Yaqinda “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti ushbu asarni ilk bor oʻzbek tilida chop etdi. Akademik Azizxon Qayumovning arab tilidan oʻgirgan tarjimasi asosida nashr etilgan bu asar mineralogiya, geologiya, konchilik, metallurgiya kabi sohalarning nazariyasi va amaliyoti bilan shugʻullanuvchi mutaxassislar hamda keng kitobxonlar ommasi uchun katta sovgʻa boʻldi.
Beruniy minerallar, maʼdanlarning oʻz davridagi narx-navosi, baʼzilarining dorivorlik xususiyati, qimmatbaho toshlar va metallar bilan bogʻliq ishonch, irim-sirimlar, qiziqarli etnografik maʼlumotlarni bayon etganki, bu asarning muhim tarixiy manba sifatidagi oʻrnini belgilaydi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo konlari, yerosti boyliklarini oʻrganishga xizmat qiluvchi qiymatga ega.
“Mineralogiya” faqat aniq fanlar mutaxassislari uchungina emas, undan ijtimoiy fanlar, jumladan, tarix, adabiyot, falsafa, pedagogika, folklor, etnografiya kabi sohalar boʻyicha shugʻullanuvchilar ham muhim maʼlumotlarni olishi mumkin.
Abdugʻofur BAXTIYOROV
https://saviya.uz/hayot/nigoh/qimmatbaho-javohirlar-haqida-bilimlar-kitobi/