Qilgan ishing oʻzingga qaytadi

Quyidagi hikoyani koʻpchilik afsona deb hisoblaydi. Bu voqea balki boʻlgandir, balki toʻqimadir. Lekin unda katta ibrat borligi aniq.

Yigirmanchi asr boshlari. Shotlandiyalik bir dehqon daladan qaytayotib bir botqoqlik yonidan oʻtadi. Uning qulogʻiga kimningdir yordam soʻrab baqirayotgan tovushi eshitiladi. Dehqon ovoz kelgan tomonga shoshib yoʻl oladi va vahshatli botqoqlik qaʼriga choʻkib borayotgan bolani koʻradi. Bola qutulishga urinib chiranar, lekin bu urinishlar uni yanayam ichkari tortardi. Dehqon katta bir daraxt shoxini sindirib oladi va botqoqqa ehtiyotkorlik bilan yaqinlashib, shoxni bolaga uzatadi. U bir amallab xavfsiz joyga chiqadi. Bechora gapira olmas, tishlari takillar, oʻzi dagʻ-dagʻ qaltirar edi. Lekin qoʻrquv ortda qolgan, xavfdan ozod boʻlgandi.

– Bizning uyga boramiz. Oʻsha yerda qurinib, oʻzingga kelib olasan, oʻgʻlim, – deydi unga dehqon.

– Yoʻq, yoʻq… – deb rad etadi bola, – meni dadam kutyapti. Rosa xavotir olayotgan boʻlsa kerak.

Soʻng dehqonga koʻzlarida mehr-minnatdorlik bilan boqib, yugurganicha yoʻlga tushadi.

Ertasiga ertalab dehqonning eshigi oldiga otlari turli zeb-ziynatlar bilan bezatilgan arava kelib toʻxtaydi. Undan qimmatbaho kiyimlar kiygan bir kibor kishi tushib keladi.

– Kecha mening oʻgʻlimni qutqargan kishi sizmi? – deb soʻraydi u dehqondan.

– Ha, men, – deb javob beradi dehqon.

– Sizga qancha berishim kerak?

– Meni xafa qilyapsiz, taqsir. Siz mendan umuman qarzdor emassiz. Men oʻzini inson deb hisoblaydigan kishi qilishi kerak boʻlgan ishni qildim, xolos.

– Yoʻq, men bu yaxshilikni eʼtiborsiz qoldira olmayman. Oʻgʻlim men uchun juda qadrli. Istagan pulingizni ayting.

– Bu mavzuda ortiq gaplashishni istamayman. Salomat boʻling.

Dehqon ortiga buriladi. Shu payt ostonada uning oʻgʻli paydo boʻladi.

– Bu sizning oʻgʻlingizmi? – deb soʻraydi kibor mehmon.

– Ha, – deydi dehqon gʻururlanib, oʻgʻlining boshini silarkan.

– Keling, bundoq qilamiz. Men oʻgʻlingizni oʻzim bilan Londonga olib ketaman va uning oʻqishiga haq toʻlayman. Agar u otasiga oʻxshagan halol odam boʻlsa, bu qarordan siz ham, men ham afsuslanmaymiz.

Oradan bir necha yil oʻtadi. Dehqonning oʻgʻli oldin maktabni, soʻng tibbiyot universistetini tugatadi. Uning nomi penitsillin ixtirochisi sifatida tez orada butun dunyoga taniladi. Bu mashhur olimning ismi Aleksandr Flemingdir.

Aleksandr Flemingning oliy taʼlim olishiga sababchi boʻlgan kishining nomi esa lord Randolf Cherchilldir. Uning oʻgʻli keyinchalik Angliya bosh vaziri boʻladi va butun dunyoga Uinston Cherchill nomi bilan taniladi. Bu mashhur siyosatchi nutqlaridan birida: “Qilgan ishing oʻzingga qaytadi”, degandi. Haqiqatan shunday. Bunga hayotdan juda koʻp misol topish mumkin.

 

Orif Tolib

 

“Maʼrifat” gazetasining 2016 yil 26 noyabr sonida chop etilgan.

https://saviya.uz/ijod/nasr/qilgan-ishing-ozingga-qaytadi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x