QIBLA (arab. — Qarshi tomonda turgan narsa) — musulmonlar namoz oʻqiyotgan paytda yuzini qaratib turadigan tomon. Dastlab Muhammad(sav) va uning tarafdorlari Quddus (Ierusalim) tomonga qarab namoz oʻqishgan. Hijriy 2yili (624) Makkadagi Kaʼba (Baytulloh) barcha musulmonlar uchun Qibla qilib belgilangan. Har bir musulmon qayerda boʻlmasin, albatta Qibla tomonga qarab namoz oʻqiydi. Masjidlarda mehrob Q. tomonga oʻrnatiladi, shu tomonga qarab azon aytiladi. Islomdagi koʻp marosimlar ham, odatda, Qiblaga qarab bajariladi. Marhum koʻmilganda ham yuzi Qiblaga qaratib qoʻyiladi. Islom shariati Qibla tomonni ulugʻlaydi, Qibla tomonga oyoqlarni uzatib oʻtirish va yotish odobsizlik hisoblanadi. Oʻzbekistonga nisbatan Qibla janubigʻarb tomonda boʻlib, kompas mili Gʻarb nuqtasidan chap tomonga 14 gradus qaytishi kerak.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые