QAYYUMOV Poʻlatjon (1885 Qoʻqon — 1964) — maʼrifatparvar pedagog, tarjimon. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi (1944). A. Qayumov va L. Qayumovnyang otasi. Madrasada, soʻng rustuzem maktabida (1906) oʻqigan. Yangi usul maktabi ochib, H. H. Niyoziy, A. Ibodiy, M. Xoliqiy, S. Majidiy va boshqalar jadid muallimlari bilan hamkorlik qilgan. «Tazkirai Qayyumiy» asarida 324 nafar oʻzbek shoirlarining hayoti va faoliyati haqida qimmatli maʼlumotlar berilgan hamda ularning asarlaridan (10259 misra) namunalar keltirilgan. «Xoʻqand tarixi va uning adabiyoti» asari Qoʻqon xonligi tarixi va adabiy muhiti vakillari ijodi haqida. Q. Furqatning qoʻlyozma devonini tuzgan (1959), Maxmurning 69 ta sheʼridan iborat noyob qoʻlyozma devonini topgan (1950), buxorolik yozuvchi va olim Qori Rahmatulloh Vozehning «Tuhfat ulahbob fi tazkirat ulasʼhob» tazkirasini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. «Uch ogʻayni botirlar» ertagini yozib olgan va eʼlon qilgan.
Qoʻqon shahridagi koʻchalardan biriga Qayyumov nomi berilgan.
As: Tazkirai Qayyumiy, 1—3-kitob, T., 1998.