Uch kunlik kelinchak oʻchoq boshida kuymalanib yurarkan, Oʻrinboy sinchi tikildi. Xayriyat, qozon qaynatmoqchi! Nima qilarkin, qachon pisharkin? Qorin tatalab ham ketdi-ku! Ayvondan turib keliniga qichqirdi.
– Oysha qizim, kech boʻlganda nima tashvish?
– Osh, – dedi iymanib kelinchak va koʻngli qaynotasining qizimlashidan allanechuk toʻlqinlanib ketdi va battar shoshildi.
Kelinning harakatlaridan mamnun boʻlgan bobo yordamga oʻtdi va talaygina qizil sabzi archib, somoncha shaklida toʻgʻradi. Donalab kurmak terib oʻtirgan Oyshaning qoʻlidan laganni olib guruch tozaladi, keyin boboq xoʻrozga don-dun, ovushoq sochdi.
Bu payt Oysha berilib ustixon qovurar, chuchmal zigʻir moy hidi butun chor-atrofga tarqalib tomoq qitiqlar, oʻzining ham dimogʻini boʻgʻardi. Uning achimsiq tutun hididanmi, piyozning zaxmigami uzun kipriklari namlangan, oʻng kaftiga yogʻ sachrab kuygandi.
– Bolam, devzirani ivitib qoʻydim.
U oʻgirilib qaynotasining qoʻliga qaradi-yu, idishni derazaga qoʻyganini koʻrdi-da, “Ovora boʻlmang, ota!” – dedi. Ammo shunchalik sekin gapirdiki, oʻzi ham eshitmadi.
Bobo oshxonadan chiqib ogʻziga bir chekim nos tashlagach, toʻgʻri soʻri tomon yurdi va shoyi koʻrpaga choʻzildi.
– Xotin boʻmay ket, sutfurushning qizi! – deya kampirini koyiy boshladi oʻziga-oʻzi. – Nima balo uyingdan ilon chiqqanmi?! Erta azon ketuvdi, ichiyam gapga toʻlib ketgan-da! Hali kelsin, boplab soʻkmasam otimni boshqa qoʻyaman!
U puxta reja tuzarkan, temir darichadan “gʻiyq” etgan nola chiqdiyu, xayoli buzildi. Chol irgʻib oʻrnidan turdi va supa osha joʻyakka tufladi. Tuproq beti yara tushgan badandek koʻpchidi…
– Haliyam yotibsizmi? – dedi kampir eriga toʻngʻillab. – Sulaymon oʻldi devlar qutildi, ekanda-!?
Oʻrinboy sinchi hovli boʻylab bir qur nazar soldi-yu, xotini tayinlab ketgan ishlar; na bugʻdoy elash va na dahlizcha joydagi beda oʻrilmaganini koʻrib mavzuni boshqa yoqqa burdi.
– Safarinigiz erta qaribdimi, kampir?! U xotining miq etmaganini bilib, xushomad qilishga oʻtdi. – Mahkam boyvachchaning kelini bir palov tayyorlaptiki… U boʻynini choʻzib hidladi. – Ziraning isi, oh!
Momo “tars-tars” qadam bosib boboning qarshisiga oʻtirdi.
– Qornim toʻq, mehmondan qaytayapman! Qani, yostiqni olingchi!
– A, endi… Siz yemasangiz, biz bormiz… Toʻgʻrimi, qizim?
Kelin qaynotasining fikrini maʼqulladi, garchi tushunib yetmagan esa-da! Keyin dasturxonni yozish asnosida qaynonasiga “ – Yaxshi borib keldingizmi?” – deya mulozamat qildi.
Mahkam momo oʻgʻil uylantirgan ayollarga xos kibr ila turarkan, til uchida “Ha” dedi-da, buyurdi:
– Ovqating pishgan boʻlsa, opkel! Cholimning qorni ich-ichiga yopishib ketgandir-ov!
– Hozir suzib kelaman, oyijon!
Qaynona “oyijon”dan erib ketdi va choliga qarab “koʻrdingizmi?” kabi qosh qoqdi.
Besh daqiqa oʻtar-oʻtmas chinni laganda palovxontoʻra va ketidan koʻk choy keltirildi. Choy oshning qamchisi-da! U choyni qaytarib chol va kampirga uzatdi, keyin “oling-oling” qilindi. Oʻrinboy sinchi rapidadek qoʻliga bir kapkirdek palov olib oshladi-yu, chaynash vaqtida koʻzlari ola-kula boʻlib javdiradi. Tomogʻini shoʻr taom tirnab, qornigacha jarohatladi. Kelinning kipriklari tez-tez pirpiradi. Momo erining holatidan shubhalandi.
– Tuzi koʻpmikan?
Bobo shosha-pisha yutinib javob qaytardi.
– Biram mazaliki, birov tortib oladigandek shoshilganimdan tiqilib qoldi.
Kelinning koʻzlari tez-tez pirpirab, nigohlarida mehr jilvalandi va tovuqdek choʻqilab, uyatdan qizarindi.
Bosh yorilsa, qalpoq ostida! Shoʻrva boʻlsa ekan, suv qoʻshib ichaversang. Ammo, oshga na tuz qoʻshishning iloji bor va na suv…
Bobo har oshalaganda piyola-piyola choy simirar, birovdan takalluf ham kutib turmas, yonidagilarni, ayniqsa kampirini oshga undamas, zoʻr berib kelinning aybini yopishga urinardi.
Garchi osh taxir, shoʻr, biroq kelinning moʻltiragan nigohida buning aksi jilvalanardi va cholning andishasi yanada ortardi. Xotinining tikilib turganidan oʻngʻaysizlanib shoshib kavshanardi.
…Oxirgi bir osham qolganda “Tuzini koʻray” deb Mahkam momo qoʻl choʻzdi va qaynota-kelinni-da tashvishlantirdi. Oʻtkirligi butun mahallaga maʼlum kampir kamshik tishlarini gʻichirlatdi, guruchning taʼmini bilgach, keliniga oʻgirildi:
– Namuncha shoʻr! Umringda ovqat qilganmisan!?
Kelin seskanib ketdi.
– Kampir, – deya gap boshladi senchi, – tomogʻingizga tuz yuqib qolganov! Bir tovoq yeb menga oʻtmadi. Bir chuqimi sizga bilinsa-ya? Tagʻin boʻlsa, yoʻq demayman. Bobo kampirning holatiga kuldi va palov keltirmoqqa qoʻzgʻalgan keliniga imladi. U qimir etmadi. Mahkam momo qilt-qilt yutindi-da, Oyshaga “Tur osh opkel!” – deya buyurdi. Zum oʻtmay bir kapkirgina osh solingan laganni koʻtargancha kelin keldi.
Chol yengini shimardi.
– Oʻldirsayam, osh oʻldirsin. Shoʻrmish! Hey kampir, mening kelinimning ishidan min[1] topasiz. Mazasini aytmaysizmi!? Qoʻling dard koʻrmasin bolam! Kampir uni ishtahasini koʻrib oʻzidan ajablandi. Ammo palovning taʼmini qayta bilishga urinmadi.
Oʻrinboy sinchi chaynalib, oʻqchib-oʻqchib qoʻydi…
Olim Jumaboyev
https://saviya.uz/ijod/nasr/qaynota-2/