Koʻpqavatli uyning poyida turibman. Tepaga qarayman: bala-a-and, osmonga tirab qoʻyilgan ustunday, boshi bulutlarga tegay deydi; oʻziyam gʻalati qurilgan, necha qavatligini bilib boʻlmaydi. Qachonlardir pushtiga boʻyalgani seziladi; qovurgʻasimon boʻrtiq balkonlar toʻqroq rangda, koʻzga yanada boʻrtib koʻrinadi. Binoning kunbotar tarafidagi oynalarda shom shafagʻining yolqini jilvalanadi.
Soʻrab-soʻrab topib kelguncha boʻlarim boʻldi. Yana, aksiga olib, lift ishlamayotgan ekan. Balki, umuman ishlamas. Ogʻir qadamlar bilan bir-bir bosib, zinadan koʻtarilib boraman. Qoʻlimdagi qogʻozga manzil yozilgan: moʻljal, uy va xonadon raqami… Xuddi yordam beradigandek tez-tez qarab qoʻyaman. Nechanchi qavatga chiqqanimni chalkashtirib yuboraman. Toʻxtab, nafas rostlayman. Zina ham gʻayrioddiy tushgan: oʻrtada emas, yonboshda. Derazalardan shahar manzarasi koʻzga tashlanadi: quyosh togʻlar ortiga bekinmoqda, tilla barkashi soniya sayin kichrayib-kichrayib, oxiri koʻzdan gʻoyib boʻladi; beriroqda esa allaqanday inshootu imoratlar, koʻchalar yoqalab ekilgan daraxtlaru qator-qator uylar bijir-bijir chaplashib ketadi. Yetimtogʻ mayda jonivorlarga yengilgan dinozavrday shahar oʻrtasida doʻmpayib turibdi, poyida esa qup-quruq daryo oʻzani… Yaqin-oradagi yirikroq binolarni nomma-nom sanash mumkin. Biz tanishgan joy ham koʻrinadi: huv anavi pochta idorasi va sport majmuasining orqasidagi sargʻish-kulrang imoratning nechanchidir qavatida, nimqorongʻi yoʻlakning eng oxiridagi xonada, eski zamondan qolgan stol-stulda oʻtirgancha hikoyani jon qulogʻimiz bilan tinglardik.
Orziqul Qarshiboy xonaning toʻrini egallagan katta yozuv stoliga tirsaklarini tirab, boshini ikki kafti orasiga olgan koʻyi ovozini goh balandlatib, goh pasaytirib hikoya oʻqimoqda. Orqadagi derazadan tushayotgan quyosh nurida uning keng-moʻl koʻk koʻylagi ichidan jikkakkina jussasi ajralib koʻrinadi, oqargan sochlarining anchayin siyraklashgani ham seziladi. Qoqsuyak iyak-jagʻi tez-tez koʻtarilib-tushadi, lunji kirib-chiqib turadi. Asarining yosh qalamkashlarga yoqib-yoqmayotganini bilish uchun har-har zamon qoʻy koʻzlarining osti bilan bizga qarab qoʻyadi. Uch-toʻrt oʻgʻil-qiz sel boʻlib eshitamiz. Shoira opaning shahlo koʻzlarida yosh aylanadi, qaymogʻi olinmagan qatiqday soʻlqildoq yuziga milt-milt tomadi. Hamishabahor shoira qizaloqning ham chehrasi tund, “baxt kuychisi” ham gʻam chekar ekan-da, deya hayratlanasan. Afgʻon urushi, vizillab uchayotgan samolyotlar, togʻ-toshni oʻpirib portlayotgan bombalar, chumolining iniga qaynoq suv quygandek juvonmarg boʻlayotgan yigitlar – taqdirlar… hali-hamon koʻz oʻngimda, qulogʻim ostida, yuragim qaʼrida.
Shom shafagʻida samolyot koʻrinadi, pastlab togʻlar ortiga shoʻngʻib ketadi. Men nechanchi qavatda turganimni chamalayman. Turfa eshiklardagi raqamlarga qarayman. Hammasiyam hashamatda bir-biridan oʻtaman deydi. Manavi qoraqoʻchqil temirqopqaga klassik uslubda jimjimador naqsh urilgan. Anavi moshrangi esa banklarda boʻladigan poʻlat seyfni eslatadi. Ha, shunday: bir oilaning qanday kun kechirishini bilish uchun uyining ichiga kirib koʻrish shart emas, eshigining oʻziyoq bor sirni sotib qoʻyadi. Masalan, mana bunisi – koʻm-koʻkka boʻyalgani – doʻxtirxonani yodga soladi yoki suvsoznimi-yey… Qoʻshnisiniki esa yupqa fanerdan, qaysi bir tashkilotdan qoʻporib kelingan chiqar, hatto “Bosh direktor”, “Hisobxona” deganga oʻxshash lavhaning oʻrni boʻyoq tagidan seziladi.
Men”… boʻlimi boshligʻi” degan lavhali eshik qarshisida turardim. Ilgarigi xonadan bitta pastki qavatda joylashgan. Ishqilib, tushlikka chiqib ketmagan boʻlsin-da, deya xavotirlanaman. Bir dam nafas rostlab olaman. Hayajonimni bosib, ohista taqillataman. “Kiring”. Qiya ochilgan eshikdan nimqorongʻi yoʻlakka yorugʻlik tushadi. Sekin ichkari moʻralayman. Orziqul Qarshiboy oldingiday derazaga orqa oʻgirib oʻtiribdi. Parda koʻtarib qoʻyilgan, xonaga koʻchadagi chinorlarning quyuq shox-shabbasi orasidan shuʼlalar yogʻiladi. Yozuvchi bir qarashda xuddi nurga yoʻgʻrilgandek tuyuladi. Hali maktabni ham bitirmagan mendek havaskorni – bir marta koʻrgan – tanimasa kerak, deb oʻylagandim. Adashibman. Bir bosh oʻsdim. Oʻsha galgi suhbatimizni hozir batafsil soʻzlab bera olmayman. Esimda qolgani – ochlik bilan davolanayotgan ekan. “Samolecheniye”, degandi. Yanayam ozib-toʻzib ketgan, lekin rang-roʻyi tiniqlashgan. Ruhi ham tetik. Ichishni tashlaganini eshitib xursand boʻldim. Litseyni tugatgach, qaysi institutga kirmoqchiligimdan soʻroqladi.
– Yashashni bilgan odam mazza qilib yashayveradi. Buni eplolmaganlar esa hayot mashaqqatlari haqida yozib, axiyri yozuvchi boʻladi…
– Folkner! – dedi gapimni shartta kesib, koʻrsatkich barmogʻini havoga nuqib.
Tepadan semiz odamning qadam tovushlari eshitiladi. Bor ogʻirligini oyogʻiga tashlab yurganidan zinalar zirillab ketadi. Boʻynimni bukib, temir tutqichlar orasidan qarayman – ayol kishi ekan: qop-qora kiyinib olibdi, ozgʻinroq koʻrinaman, deb oʻylagan-da. Mana, endi harsillashlari ham eshitilayapti. Yonma-yon kelganimizda devorga tisarilib yoʻl berdim. Dimoqqa ter hidi gupillab uriladi. Shoshganda salom-alikni unutibman. Besh-olti pogʻona oʻtib toʻxtadim, xatomni toʻgʻriladim. Shu bahonada nechanchi qavatga yetganimni soʻrab oldim.
– Va-a alaykum, hah… olti yarminchi… hah…
Shu xotin ham qachonlardir gulday boʻyqiz boʻlib, doʻnonday juvon boʻlib koʻzlarni yashnatib yurgani aqlingga sigʻmaydi. Tasavvur etish qiyin…
Keyingi borganimda meni yanayam pastroq qavatga yoʻlladilar. Avvalgi samimiy suhbatlardan erkinsibmi, sira taraddudlanmay eshikni ochdim. Deraza tomonda xushbichim juvon oʻtiribdi. Tokchada anvoyi gullar: ochilgani qaysi-yu, ochilmasa-da koʻzni quvnatadigani qaysi…
Orziqul aka yozuv stoliga oʻng qoʻli bilan suyangancha, qaddi sal bukilib, xuddi eng muhim soʻzlarini hamsuhbati eshitmay qoladigandek engashib, fikrini uqtirmoqda:
– Agar… – menga koʻzi tushib, chap qoʻli bilan “kelaver” degandek ishora qildi. – Agar Anna Grigoryevnam boʻlganida, men Fyodor Dostoyevskiy boʻlardim. Agar Zarifam boʻlganida, men Oybek boʻlardim…
Qolgan gaplar ahamiyatsiz, mana shu ushalmas orzuga, toʻgʻrirogʻi, adoqsiz armonga ilovalar, xolos. Ehtimol, hayotning oʻzi ilovadir.
Xotin kishining toʻngʻillashi quloqqa chalina boshladi. Yaqinlashganing sayin bu shovqinga suvning shar-shuri, togʻoraning tiqir-tiqiri ham qoʻshiladi. Qachonlardir oqqa boʻyalgan, yillar sargʻaytirib yuborgan yogʻoch eshik lang ochiq. Vannaxonada ozgʻin ayol egilib kir yuvmoqda. Boshu yelkasi koʻrinmaydi. Guldor koʻylagi xira chiroq nurida map-malla tus olgan. Qoʻli ham, ogʻzi ham tinmaydi:
– Sassiq paypoqlaringizni yuvib umrim oʻtayapti. Kirmoshin sotvolish osmondagi oyni uzvolishday gap. Manavi oʻlgur eshik yozi bilan yopilmaydi, katalakday uy issiqdan dimiqib ketadi. Konditsionerni-ku rahmatli enamning oldiga borganda…
– Jannatga tushaman deb oʻylayapsan, shekilli, – Orziqul aka oʻng qoʻldagi xonada, devor tagida uzala tushib kitob oʻqiyapti. Olovrang harflar bilan “Qavatimdagi yot qadrdon” deya yozilgan qop-qora muqova uning yuzini toʻsib qoʻygan. – Doʻzax bundan ham issiq…
– Sizni onangiz gapga tuqqan. Chiroyli soʻzlaringizga uchganman-da…
– Xudoga shukr qil. Men uylanmaganimda, kim bilsin, hozir qishloqda tappi yopib yurarmiding?!
– Hecham-da, – yanga mening kuzatib turganimni payqamas, vannaga enkayib kir yuvar, eriga past kelgisi kelmas, bir gapdan qolay demas edi: – Men sizga Oybekday katta shoir boʻladi, shaharma-shahar olib yuradi, Toshkentu Moskvani koʻrsatadi, deb tekkanman. Esingizdami, qishloqda bizni qanday dabdabayu asʼasa bilan kuzatib qoʻyishgan?! Yetib kelgan joyimiz mana shu – bulbulning ketiday shaharcha boʻldi. Yigirma yilki, men tugul, oʻzingiz ham aeroport nari tursin, e… vokzalning ostonasidan hatlamadingiz-ku!
– Uzoqni koʻra bilmagansan. Kosayi davronning aylanib ketishi tushingga kiribdimi?!
– Qaytanga, Hoshim ikkichiga tegsam boʻlar ekan, xotinini Antaliyaga oborib kelibdi. Qishloqda duv-duv gap.
– Oʻynashlari bilan oʻn borgan joyga xotini bilan bir borsa, nima qipti?! – Orziqul aka haliyam kitobni yuzidan olmagan; xuddiki gapirmayapti, oʻqib berayapti. – Antaliya deysanmi?
– Ha, a…
– Qayerda ekan? Doʻzaxning birinchi qavatidami?..
Yanga qaddini rostladi. Sochini tepaga yigʻishtirib tukkan, qulogʻi atrofida turmakdan boʻshagan sochlari boʻynini yanayam uzun va ingichka koʻrsatadi. Zulukday qoshi, quralay koʻzi, qirra burni… yoshlikda ancha-munchani dogʻda qoldirganini aytib turibdi. Meni koʻrib qolmasin deb oʻzimni eshikning panasiga oldim. Shu paytgacha payqamabman, chap qoʻldagi xona ostonasida toʻqqiz-oʻn yashar bolakay oʻtirgan ekan. Ogʻzini xiyol ochib, mungʻayib qaradi. Lekin indamadi. Uning koʻzlari… tagʻin bir boqishga botinolmaysan. Shuncha mungni qayerdan oldiykan?!
Ishxonasiga oxirgi borganimda Orziqul akani yanayam quyi qavatdan topdim. Derazadan tashqarini tomosha qilib turgan ekan. Hamma yoqni oppoq qor qoplagan, faqat yoʻl qorayib qolgandi. Koʻchaning narisidagi qalin archazor orasiga kirib ketgan bir juft izga koʻzim tushdi. Sport majmuasidan qiy-chuv koʻtarib bolakaylar chiqdi, qorboʻron oʻynay-oʻynay bekat tomon yurdilar. Qarshidan kelayotgan qora “Lasetti” chetlab, ularga yoʻl berdi. Haytovur, haydovchi insofli ekan, qor-suv aralash shilta sachramasin dedi…
Orziqul aka qoʻlidagi sargʻish qogʻozga tikilib:
– Bir sheʼr yozdim, – dedi, salom yoʻq, alik yoʻq, dabdurustdan. Mulozamatimni ham kutmay, hirqiroq ovozda oʻqiy ketdi:
…Hayot – armon, yutqiziq – har on,
Yillar oʻtar misoli sharpa.
Ikki oʻgʻlim – Qodirbek, Davron
Mendan senga eng buyuk zarba!..
Fikrim bilan qiziqmadi ham. Oppoq olamga termulib turaverdi. Indamay xonadan chiqdim.
Eshik oldida serrayib qoldim. Er-xotinning aytishuvi tugay demasdi. Bolakayga koʻz qirimni tashlayman. Bayroqli futbolkasining yirtigʻidan yelkasi koʻrinadi. Oyogʻida esa tishi yedirilib ketgan butsi. Shu turishida uydan qochib ketishga shaylangandek tuyuladi. Orziqul Qarshiboy oʻz hayotini Folknerning gapi ustiga qurgan-ov. Bolalarini esa Hemengueyning maslahati bilan tarbiyalayaptimi deyman. Baxtsiz bolalik buyuk yozuvchilarni yaratishi haqida aytgan-ku!.. Oʻqraygan nigohga koʻzim tushdi. Boyagi mung qayoqqa yoʻqoldi?! Eshik “QARS” etib yopildi. Mingʻir-mingʻir gaplar ham tindi…
Doʻrmon, 2014 yil
Farrux JABBOROV
“Yoshlik”, 2015 yil 12-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/qavatma-qavat/