QATQALOQ — 1) kuchli yogʻinlar va sugʻorishdan soʻng tuproq betida hosil boʻladigan qattiq qatlam. Oʻrta Osiyoda sugʻorma dehqonchilik r-nlarining deyarli barcha tuproqlari qatqaloqlanishga moyil. Bunga asosiy sabab, shu tuproqlarning haddan tashqari kam donadorligi va tuproq agregatlarining suvga juda ham chidamsizligidir. Yomgʻirdan yoki sugʻorishdan soʻng yerning ustki qavati ivib suyuladi, quriganda qotib Qatqaloq hosil qiladi va beti yorilib ketadi. Qatqaloq tuproq xossalari va q. x. ekinlari rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, tuproqning suv oʻtkazuvchanligi va havo almashinuvini sekinlashtiradi, shuningdek, tuproqdagi namning (20—30% gacha) bugʻlanishini tezlashtiradi. Juda qalin Q. hosil boʻlgan dalalarda maysalarning unib chiqishi 3—5 kunga kechikadi va koʻchat soni siyraklashib ketadi.
Qatqaloq hosil boʻlish jarayoni tuproqlarning mexanik tarkibi, turi, madaniy holati, shoʻrlanganligi va boshqalarga bogʻliq. Qatqaloq, koʻpincha, sugʻoriladigan boʻz va choʻl tuproqlarida hosil boʻladi. Uning qalinligi va qattiqligi tuproq mexanik tarkibining ogʻirlashuviga bogʻliq. Ayniqsa, ogʻir qumoqli, soz mexanik tarkibli taqirli, sur tusli qoʻngʻir tuproqlarda va taqirlarda Qatqaloq qalin hamda juda qattiq boʻladi. Shoʻrlanish hamda shoʻrtoblanish Qatqaloq hosil qilishga moyillikni kuchaytiradi. Mas, qoʻriq va yengil qumoqli och tusli boʻz tuproqlarda Qatqaloqning qalinligi 0,3—0,5 sm, och hamda toʻq tusli boʻz tuproqlarda 0,8—1,5 sm, kuchsiz shoʻrlangan qumoqli va soz mexanik tarkibli taqirli tuproqlarda 2,4—4,5 sm ni tashkil etadi; bir m2 yerdagi Qatqaloqning ogʻirligi 50—70 kg gacha yetadi. Ekinzor dalalarga organik oʻgʻit solish, siderat ekinlar ekish, kimyoviy melioratsiya oʻtkazish, almashlab ekishni joriy etib, tuproqlarni donador qilish, sunʼii struktura hosil qiluvchi polimerlar, yer betini mulcha (parda)lovchi materiallar qoʻllash va boshqalar choratadbirlarni amalga oshirish tuproqning fizikkimyoviy xossalarini yaxshilaydi, Qatqaloqning oldini oladi. Nihollar unib chiqqunga qadar Qatqaloq paydo boʻlganda dala yengil boronalar yoki aylanuvchi chopqi (motiga) lar yordamida yumshatiladi. Qatqaloq taʼsirini kamaytirish uchun ekin qator oralariga tuproq yetilishi bilan ishlov berish (chopiq yoki kultivatsiya qilish) kerak.
2) Tuproq zarrachalari deyarli aralashmagan tuzlarning yer yuzida juda koʻp miqdorda toʻplanishi. Tuzli Qatqaloq qalinligi bir necha mm dan bir necha oʻn sm gacha boʻladi (yana q. Shoʻrxoklar). Xodimat Maxsudov.