Qarqara mergan

Merganning otda oʻtirishi qarqara qushga oʻxshaydi. Biroq koʻzlari qisiq, bodom qaboq, qaroqlari qip-qizil qontalash, qoʻlidagi lochin qushning koʻzlari monand.

U tugʻilib voyaga yetgan Sardoba qishlogʻidan otning boshini oʻng tarafga bursangiz Buxoroga, chapga qayrilsangiz Jayhunning naq oʻziga olib chiqadi.

Qarqara mergan bir paytlar Buxoro amirining nomdor sarbozi boʻlgan. Har qanday muhorabada merganning kuni tugʻadi. Oʻzini koʻrsatgan mergan yovqurligi uchun amirning qoʻlidan ham, yoʻlidan ham koʻp iltifot koʻrgan. Biroq oyogʻidan ogʻir yarador boʻlib chopishga yaramay qolganida isteʼfoga chiqib, uyiga qaytib, uylanib, bola-chaqa koʻrib, tinchgina ovchilik qilib yurgan joyi.

U ov qilar hudud bepoyon ummonning oʻzi. Aslini olganda, bu maydon oʻrtasidan bir paytlar Qashqadaryo oqib oʻtib, Jayhunga quyilgan. Balki Tohirni oqizgan daryo oʻzani ayni shu qum barxanlaridan oʻtgandir. Keta-ketguncha biroz soylik ekani, ayni bahorda faqat togʻ etaklarida oʻsadigan erbahosi, shuvoqlarining toʻp-toʻp boʻlishi, ular orasida tulkiyu tovushqon, shoqolu boʻrilarning koʻp yurishi, taxminni tamgʻalaydi. Soyning ikki qanoti tep-tekis qumlik maydon boʻlib, uyam tap-taqir sahro emas. Yulgʻun va saksovullar soyasida bemalol soyalash mumkin. Ularning mayda bargli shoxlari orasida ham sahro qushlari tuxum qoʻyib, bola ochadi. Hamma narsa bor-u, faqat suv yoʻq. Ohular galasi suv qidirib, Jayhungacha chopib borishadi va unda qamishlar orasida yotgan yoʻlbarslarga yem boʻladi. Aytmoqchi, Qarqara merganning uyida Jayhun yoʻlbarsi terisi osib qoʻyilgan. Demakki, Qarqara yurak betlab yoʻlbars ovigayam borgan va shoʻppayib quruq qaytmagan. Darvoqe, Qarqaraning minadigan oti oʻzining rang-tusiday qoravut emas. Oʻmgani katta, oyoqlari uzun-uzun jiyron qashqa. Salgina qimtisang boʻldi, qiynamay uzoq chopa oladi. Misli qanotli tulpor. Jayhundan oʻtayotganda qornini shishirib, mesh qilib oladi shekilli, oʻrdakday suzib qirgʻoqqa chiqib silkinib-silkinib yoʻl qarab turaveradi. Qarqaraning oʻljasi yarador yoʻlbars boʻlsayam hech qiynalmay, tislanmay ortib keladi. Yoʻltoʻsar qaroqchilar toʻdasi ham necha bor hujum qilib merganni qoʻlga tushirolmagan. Ot egasining koʻngil tilini biladi. Mergan ham bu otga jonini berishga tayyor. Bir noxush voqea boʻldiyu, mergan hammasidan qoʻl siltab tarki dunyo qildi.

Sardobaning boy-badavlat odamlari koʻp. Ularning eng zoʻri Jobirbek esa tillo tangalarni sanochga solib, kuraklab shopiradi. Biroq elim-elatim deydigan xilidan. Amirlik tomonidan har yili uch-toʻrt marta qishloqqa tashlanadigan oʻlponchilarning birovini ham eshikma-eshik yurdirmay, bir oʻzi toʻlab yubordi. Keyinroq boshqa boylar bilan kelishib, ozmi-koʻpmi yordam olsayam, buni oddiy avomga bildirmaydi. Sardoba qurish tashabbusi ham Jobirbekdan chiqqan. Bunday ulkan sardoba Qarshi va Buxoroning oʻrtasida tanho desayam boʻladi. Qurilish xarajatlarini boyning oʻzi koʻtargan. Oriyati baland, saxovati undan binoyi.

Buni qarangki, boyning ikkinchi xotini Gulzoda forsiy zabon boʻlib, Jayhunning narigi tarafidan tushgan. Oy desa ogʻzi, kun desa koʻzi boʻlsayam boyga tushgandan beri faqat qiz tugʻadi. Besh qizdan keyin bir oʻgʻil – Tursunboyni tugʻib olmaganida Jobirbek uning toʻshagini qayta bosmay qoʻyishi hech gap emasdi. Yo otaga mol, yo qizga jamol deganlaridek boy qizlari birin-ketin joyini topib ketdi. Kenja qiz Husnora kelgan sovchilarni qaytarib yotibdi. Qarqara merganning ham bu qizni kenja oʻgʻliga kelin qilish niyati bor. Ena daryoning narigi tarafidan ham sovchilarning qadami uzilmayapti. Bir kuni hech kutilmaganda kor-hol roʻy berdi. Qiz oʻlgur enajoni bilan til biriktirib, oʻzicha munosib kuyov topib, xolavachchasining otiga mingashib daryo ortiga qochib qoldi.

Tong azonda bomdod namozidan keyin qizining nomaʼlum kuyov bilan qochib qolganini “suyarcha” xotinining oʻz ogʻzidan eshitgan boyning tepa sochi tikka boʻlib, koʻz oldi qorongʻulashib “senga uch taloq” deb yuborishiga sal qoldi. Oʻzini zoʻrgʻa qoʻlga oldiyu, “Sening toʻshaging endi menga harom” deya oldi, xolos. Boy kun boʻyi uydan chiqmadi. Tun boʻyi mijja qoqmadi. Uning ertalabki qarori beshafqat boʻldi:

– Qarqara merganni chaqiringlar!..

Mergan Jobirbekni boy boʻlgani uchun emas, elim, degani uchun xush koʻrardi. Katta ogʻasiday uning imo-ishorasiga hoziru nozir edi. Bu safar ham bir ogʻiz soʻratgani, yaxshilikka deb keldiyu poyiga tiz choʻkdi.

– Mergan ogʻam, sening xabaring bormi-yoʻqmi, mening boshimni egib ketishdi. Qizimni olib qochishdi.

– Qaysi qizingiz, Husnoranimi, men uni sarboz oʻgʻlimga soʻratmoqchi edim.

– Qaniydi shunday boʻlsa? Endi ularni qoʻshmozor qilaman. Qarqara, men koʻp oʻyladim. Jonimni qaqshatib yoʻq demasang, aytaman.

– Mayli, siz bir nima desangiz, yoʻq dermidim.

– Faqat sen bu ishning uddasidan chiqasan. Sen va yolgʻiz Alloh!

– Tortinmay aytavering.

– Senga uch kun muhlat. Oʻsha nobakor qiz tushgan hovlini qidirib topasan. Kelin-kuyovning boshini tanasidan judo qilib, qoʻsh kallani keltirib, menga koʻrsatasan. Mendan oʻsha beoʻy boshlarning ogʻirligicha tillo olasan.

Mergan bexos “ixx” deb yubordi. Boy esa xotirjam, hijjalab shartni yana qaytardi.

Mergan har safar ov qilganida oʻljasi urgʻochi hayvon boʻlsa koʻp achinardi. Axir bundan zurriyod qoladi-ku. Yarador boʻlgandayam, davolab qoʻyib yuborardi.

– Tushundim, ulardan nasl qolmasligi kerak! Boy ota, yana pushaymon boʻlmaysizmi?

– Ularning aybi – gunohi mening boʻynimda. Sen mening or-nomusimni qaytarib, qoʻlimga berasan.

– Mayli, boy ota, bir urinib koʻraman. Bitta boshga bitta oʻlim hamisha bor.

Jiyron qashqa nimanidir sezganday boʻldi. Beli tortilayotganda, yugan solinayotganda, ustiga xurjun ortilganda tuvlab – quloq jimirdi. Agar tili boʻlsa yalinib-yolvorib merganni yomon niyatdan qaytarib olardi. Biroq yoʻlda ham, Jayhundan oʻtayotganda ham ot oʻzini sezdirib qoʻyaverdi. Buni allaqachon bilgan mergan daryo oʻrtasidan suzib borayotib, ortga qaytmoqchi boʻlib jilov tortdi. Endi ot jonivor iziga qaytishni istamadi. Ot meni tushundi deb oʻylagan mergan qirgʻoqqa qarab jadal suzib ketdi. Berahm taqdirni koʻring. Kelin-kuyovning nikoh iddasi oʻtib, ayni shu oqshom bir-biriga qovushgan edi. Bunday paytda hatto ilon boʻlsayam oʻldirish gunohi azim. Mergan esa or-nomus deb shu aqidani ham unutib qoʻyganday edi. Azroilni kutib oʻtirmay qilich yalangʻochlab naq goʻshanganing oʻziga bostirib kirdi. Tun qoʻynida ishq visolidan mast ikki sevishganning tanasidan boshini olib, xonani qon bilan toʻlgʻazib, koʻzlari chaqchayib qolgan boshlarning kipriklarini yopib, xurjunga solib otining yoniga yaqinlashganda jiyron pishqirib kishnab yuborishiga sal qoldi. Xayriyatki, oldinda daryo bor. Unda yuvinib-poklanish mumkin. Ot har safar kechuvda bemalol suzardi. Bu safar ataylab qilganday shoʻngʻib-shoʻngʻib oldi. Xuddi shu payt merganning qattol tanasi ot bilan suvga botib-botib ketar, bundan foydalangan mergan yuz-qoʻllarini ishqalab-ishqalab yuvib olar edi. Shu alfozda kunduz kuni yurib boʻlmas edi. Xurjunga chivin aylana boshlagandi. Kunduzi biror pana oʻngirda yotib, tunlari toʻxtamay yurgan mergan aytgan kunning oxirgi kechasi Jobirbekning eshigiga kirib bordi. Xurjundan chiqarilgan boshlar yuviqsiz emas, mallarang dokaga oʻxshab qolgandi. Ularga koʻzi tushgan boyning rangu roʻyi ham xuddi shu taxlit oqardi. Yuz-qoʻllarini sahro quyoshi kuydirgan mergan esa koʻkarib ketgandi.

– Voh, bolam, voh jonim-a, ham qizimdan, ham tillomdan ayrildim. Ey Xudo, menga ajal ber!

Mergan vaʼda qilingan tilloga ham qaramay uyiga qaytdi. Bechora jiyron qashqa uch kunga ham yetmadi. Hech narsa yemay-ichmay, koʻzlaridan yum-yum yosh oqizib, tik turib jon berdi. Uni mergan yuvib-kafanlab, katta qabriston devori tagiga koʻmib keldi. Qirq kun aza ochib, dunyo ishlaridan qoʻl siltab Tangriga yalinib-yolvorib ibodatga yukindi. Jobirbek esa oʻsha kunning oʻziyoq savdoyi boʻlib qoldiyu, qizining bejanoza koʻmilgan mozoriga qatnab yurib, yettinchi kun uning oʻligini oʻsha qoʻsh qabr oʻrtasidan topdilar. Boyning oʻgʻillari unga koʻpam oʻxshamadi. Nevara-chevaralar bobomdan qolgan meros, deb oʻsha koʻhna sardobaga hamon koʻz-quloq emish.

 

Gʻozi RAHMON

 

“Yoshlik”, 2015 yil 5-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/qarqara-mergan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x