DO`STLARGA ULASHING:
Bor ekan, yo’q ekan, bo’ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, qarg’a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan, o’rdak surnaychi ekan, g’oz karnaychi ekan, tovuq taq etdi, bilmadim qaqqa ketdi.
Bir qarg’a bilan qo’zi bor ekan. Qarg’a qo’zi yoniga borib:
— Seni eyman, — debdi.
— Meni eyishga eysanu, tumshug’ing harom, daryoga borib chayqab kelib, undan keyin egin, — debdi qo’zi.
Qarg’a tumshug’ini chayqagani daryoga boribdi. Daryo suvini pastga tortib olib:
— Mendan odamlar suv ichadi, sening tumshug’ing harom, Ustaboy kuloldan bitta ko’za olib kelgin, suvni men beray, sen suvni olib u yoqda chayqagin, — debdi.
Shunda qarg’a Ustaboy kulolning oldiga borib:
— Ey Ustaboy kulol, bering ko’za, olay suv, chayqay tumshuq, eyman semiz, a’lo qo’zi, — debdi.
Ustaboy kulol:
— Tuprog’im ado bo’lib qoldi. Tuproq olur degan erdan tuproq olib kelib bergin, men yangi ko’za qilib beraman, — debdi. Sho’rlik qarg’a tuproq olurga uchib boribdi:
— Bering tuproq, qilsin ko’za, olay suv, chayqay tumshuq, eyman semiz, a’lo qo’zi, — debdi. Tuproq olur:
— Tog’ning boshida bir kiyik bor. Shu kiyikning shoxidan olib kel. O’sha kiyik shoxi bilan qazib olasan, — debdi.
Qarg’a bu erdan ham uchib tog’ tepasidagi kiyik oldiga boribdi:
— Hoy kiyik aka, bering shox, qaziy tuproq, qilsin ko’za, olay suv, chayqay tumshuq, eyman semiz, a’lo qo’zi, — debdi. Kiyik bechora aytibdi:
— Rahmim kelib beray dedimu, shoxim qattiq o’rnagan, jonim og’riydi. Bir Po’latvoy aka degan kishining tozisi bor. Shu tozisini sizga bersin. Tozi kelib meni quvsin, men qochib ketib daraxtlarga shoximni urib tushirib baray, — debdi.
Shundan keyin qarg’a uchib Po’latvoy akaning oldiga borib: «Po’latvoy aka», — deb chaqiribdi.
— Bering tozi, quvlasin kiyik, tashlasin shox, qaziy tuproq, qilsin ko’za, olay suv, chayqay tumshuq, eyman semiz, a’lo qo’zi, — debdi. Po’latvoy aytibdi:
— Tozimning qorni och, bedarmon bo’lib yotibdi. Tosh akamning sigiri bor, o’sha sigirning sutidan bersin, olib keling ichiramiz, tozi ovqatlanib olib kiyingizni quva bersin, — debdi. Qarg’a uchib borib:
— Toshvoy aka! — deb chaqiribdi.
— Labbay, — debdi Toshvoy aka.
— Bering sut, ichsin tozi, quvsin kiyik, tashlasin shox, qaziy tuproq, qilsin ko’za, olay suv, chayqay tumshuq, eyman semiz, a’lo qo’zi, — debdi.
Toshvoy aka:
— Sigirimning qorni och, dalaga borgani yo’q. Sen daladan bir ko’tarim quroq olib kelib ber, sigir eb sutga kirsin, undan keyin olib ketasan, — debdi.
Qarg’a bir quroqzor ko’lga boribdi.
— Bering quroq, esin sigir, bersin sut, ichsin tozi, quvlasin kiyik, tashlasin shox, qaziy tuproq, qilsin ko’za, olay suv, chayqay tumshuq, eyman semiz, a’lo qo’zi, — debdi.
Quroq aytibdi:
— Yulib olsang, qo’lingni qiyib ketaman, shaharning chekkasida o’roq qiladigan usta So’kildi degan bor. Bitta yaxshi o’roq qilib bersin, meni o’rib olib ketgin, — debdi. Qarg’a uchib usta So’kildining oldiga boribdi:
— Usta, usta, — deb chaqiribdi. Usta:
— Labbay, — deb qarganing oldiga chiqibdi. Qarg’a:
— Bering o’roq, o’ray quroq, esin sigir, bersin sut, ichsin tozi, quvsin kiyik, tashlasin shox, qaziy tuproq, qilsin ko’za, olay suv, chayqab tumshuq, eyman semiz, a’lo qo’zi, — debdi.
Usta So’kildi:
— Ko’mirim tamom bo’lib qolgan edi. Bir tog’ning boshida besh-o’n xonadon bor, ular ko’mir kuydirayotgan emish, ko’miridan olib kelib ber, senga pashshaning qanotidek olmosdan o’roq qilib beray.
Qarg’a bu erdan ham uchib o’shal ko’mirchilarning oldiga borib:
— Ko’mirchi aka, ko’mirchi aka, bering ko’mir, qilsin o’roq, o’ray quroq, esin sigir, bersin sut, ichsin tozi, quvsin kiyik, tashlasin shox, qaziy tuproq, qilsin ko’za, olay suv, chayqay tumshuq, eyman semiz, a’lo qo’zi, — debdi.
Ko’mirchilardan biri bir parcha ko’mirni oldiga irg’itib yuboribdi. Qarg’a ko’mirni olib, usta So’kildining oldiga kelibdi:
— Mana ko’mirni topib keldim, — debdi. Usta: «Obbo, vaj qilsam ham bo’lmadi-ya» deb bir pashshaning qanotidek olmosdan qilingan o’roqni qarg’aning qanotiga o’tkazib qo’yibdi. Qarg’a bir qancha vaqt uchgandan keyin o’roq qanotini shartta qirqib ketibdi, ikkinchi qanotiga o’tazib olibdi. Yana bir qancha uchgandan keyin ikkinchi qanotini ham shartta qirqib ketibdi. Bechora qarg’a endi o’roqni bo’yniga solibdi, ucha olmasdan hiqillab qancha yo’l yuribdi. Bo’ynini ham o’roq shartta kesib ketibdi. Qarg’a maqsadiga etolmay, bir cho’lda o’lib qolibdi. Qo’zi esa qutulib qolibdi.