Shahardagi “Mehribonlik uyi” direktori Ilyos Ikromovich kutilmagan tashvishga qoldi. Axir kimsan, shaharning old boyvachchalaridan biri sanalmish Murod Hikmatovich “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchisi Gulbahor ismli qizni oʻz arzandasi Sherzod uchun kelinlikka soʻrab keldi!
Ilyos Ikromovich ikki oʻt orasida qoldi. Oʻzicha uyida xotiniga maslahat solgan boʻldi.
“Yaxshi taklif, – dedi xotini oʻychan bir qiyofada, – lekin baribir ehtiyot boʻlgan tuzuk. Deddoʻmdagi qizlarning koʻngli yarim. Tagʻin qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarmang.”
Ilyos Ikromovich ertasi kuni ishga borgach, xonasiga kirishdan oldin har kungidek hovlini bir aylanib chiqdi. Keyin Gulbahorlar oʻqigan guruhda tarbiyachi boʻlgan, hozir ham Gulbahorni oʻz qizidek koʻruvchi Hamida Salomovani yoniga chaqirdi.
– Assalomu alaykum, Ilyos Ikromovich, – ikki yuzi qip-qizil, doʻmboqqina ayol direktor bilan roʻbaroʻ keldi.
– Vaalaykum assalom. Yaxshimisiz? Bolalarning kayfiyati qanday? – Ilyos Ikromovich odatiy savolni berdi.
– Yaxshi, – bosh silkidi Hamida opa. – Har doimgidek… boʻladi.
– Tinchlikmi?
– Ha…
– Yaxshi, – Ilyos Ikromovich bir yengil nafas oldi. – Hamidaxon, menga Gulbahorni chaqirib bering. Xonamga kirsin.
– Xoʻp, – Hamida opa direktorga qarab boshini qimirlatdi-yu, ichidan “tinchlik ekanmi, u kishining bolalarni alohida chaqiradigan odatlari yoʻq edi”, degan shubha oʻtdi.
Bolalar nonushta qilib boʻlishgach, Hamida opa qizlar bilan chevarlar xonasi tomonga ketayotgan Gulbahorni chaqirdi va direktor soʻraganligini aytdi.
– Tinchlik ekanmi? – dedi qiz hayron boʻlib.
– Bilmadim. Bor-chi…
Gulbahor “Tagʻin birorta konkurs-ponkurs boʻlsa kerak-da”, deya yoʻl-yoʻlakay koridordagi oynaga bir qarab olib, qabulxonaga kirdi.
– Oʻtir, – direktor uni roʻparasidagi stulga chorladi. Gulbahor unamagandek qotib turavergandi, deraza tomondagi stulni qoʻli bilan nuqib koʻrsatdi. – Oʻtir, oʻtir…
Gulbahor koʻrsatilgan stulga beholgina oʻtirarkan, aybdorligi uchun ota qarshisida bosh egayotgandek avvaliga hujjatlar qalashib turgan stolga tikilib turdi, soʻng “Qulogʻim sizda” degandek direktorga yuzlandi.
– Gulbahor, qizim, senga bir gap aytmoqchi edim, – dedi Ilyos Ikromovich. Soʻng gapni nimadan boshlashni bilmay ikkilanib qoldi. Qoʻlidagi ruchka bilan bir-ikki stol chertgan boʻldi va unga mehr chashmasidek haqir nigohlarini qadab, halimlik bilan davom etdi: – Qizim, bu hayot. Vaqti kelsa yigitlar uylanishadi, qizlar esa turmushga chiqishadi. Azal-azaldan tiriklikning taomili shunaqa.
Gulbahor gap nima haqda ekanligini darrov ilgʻadi, shekilli, bir sapchib tushdi. Soʻng yuzini yashirdi.
– Gulbahor. Qizim, men sen uchun ham rahbar, ham ota, ham onaman. Nima qilsam, sizlarga yaxshi boʻlsin, deb qilaman. Shu desang, seni bir yaxshi joydan soʻrashdi. Kelin qilishmoqchi ekan. Agar xoʻp desang… Bir narsa doim yodingda boʻlsin, barchamiz sening baxtli boʻlishingni istaymiz.
– Menga hech kim kerak emas! – dedi qiz bir mahal boshini ilkis koʻtarib. – Qizim, ota-onam yoʻq deb oʻkinma. Senga yana bir narsani aytib qoʻyay, qaynota-qaynona ham ota-onadek boʻlishadi. Avval bir yaxshilab oʻylab koʻr.
Gulbahor direktorning oxirgi soʻzlarini ham eshitmay, hoʻngrab yigʻlaganicha chiqib ketdi. Bugun u qachon diplom berilishini bilish uchun kollejga bormoqchi edi. Xoʻrligi kelganidan oʻqish joyiga ham borishni istamay xonasiga kirib, eshikni ichkaridan qulfladi-yu, oʻzini karavotga tashladi. Yuzini pokiza qalbi kabi gʻarib boʻlib qolgan par yostiqqa bosib, oʻksib-oʻksib yigʻladi. U qumga sepilgan suvdek par yostiqqa singib ketayotgan koʻz yoshlarini tiya olmas, oʻpkasini bosolmasdi. U hech qachon koʻra olmagan, aniqrogʻi, koʻrmagan, bir paytlar oʻz xayoli va tasavvuridagi ota-onasining siymosini koʻz oldiga keltirdi-yu, battar oʻksinib-oʻksinib yigʻladi. Soʻngra oʻrnidan turib, oyoqlarini osiltirib oʻtirdi. Karavot ustunida turgan sochiqni olib, yuz-koʻzini artdi. Egilib karavot tagidan ilk bor chevarlar tanlovida gʻolib boʻlganida tarbiyachisi Hamida Salomova sovgʻa qilgan, biroz eski boʻlsa-da, koʻrinishi chiroyli va ixchamgina jomadonni oldi. Ichini agʻdarib, turli xil eskizlar va andazalar tagidan sellofanga oʻralgan suratni oldi. Keyin jomadonni yopib, suratni uning ustiga qoʻydi. Suratga oʻychan va maʼyus tikilar ekan, yana koʻzlariga yosh oldi.
– Oyi… oyijon…
Gulbahor qarshisidagi suratga tikilgan sayin koʻz yoshlarini tiya olmas, ich-ichidan bir nima yulinib ketayotgandek boʻlardi. Karton qogʻozdagi surat tepasiga “Oyim, dadam va men” deya yozilgan edi. Ushbu suratning birinchi nusxasini u ilk bor esini tanib, oʻz ota-onasi bagʻrida emas, bolalar uyida yashayotganligini his qilgan, bu yerdagi hamma bolalar oʻzi kabi gʻarib ekanligini tushunib yetganda va tarbiyachilari ularni ovutish uchun “sening dadang bilan oying tirik, ular, albatta, bir kuni seni olib ketishga keladi”, degan kunda chizgan edi.
Suratda uch-toʻrt yoshdagi: sochlariga popuk taqilgan, kulgulari begʻubor, qadamlari dadil va erka, oppoqqina, goʻzal bir qizaloqni oʻrtalariga olib, qoʻl ushlashib kelayotgan sadoqatli er-xotin tasvirlangan boʻlib, orqa fonida yam-yashil maysazor va qip-qizil lolaqizgʻaldoqlar yastanib yotar edi… Bu surat yetti yoshli qizaloqning xayolot mevasi boʻlib, unda yosh rassomning erka tasavvuri, oʻz aksini topgan, shirin kulgu va dadil qadamlarida uni yorqin kelajak kutayotganligi tarannum etilib, yonida ota-onasi borligi esa oʻzida parvozga shaylanib turgan qush tasavvurini uygʻotar edi…
Ammo tarbiyachilar vaʼda qilganiga qaramay hech qachon uni izlab kelmadi.
Gulbahorning umidlari puchga chiqdi. U kun boʻyi oʻrindiqda katta darvoza tomon termulib oʻtirardi.
– Ular meni yomon koʻrishar ekan… – Gulbahor beixtiyor shunday dedi: – Meni yomon koʻrishar ekan… Ha, yomon koʻrisharkan. Boʻlmasa kelishardi.
U nozik yelkalari titraganicha moʻltirab oʻtirar, allaqachon quyosh botib, atrofni zulmat qoplayotgan edi. Shunda ham u joyidan qimirlamadi. Umidlari kabi daraxt barglari orasidan elas-elas koʻzga tashlanib turgan olis ufqqa, botayotgan quyoshga tikilib oʻtirdi. U yana qancha vaqt oʻtirdi – bilmaydi. Bir mahal – yangi umidlar kabi koʻkda yulduzlar paydo boʻla boshlaganda kimdir uning yoniga kelib oʻtirdi.
– Gulbahor…
U “yalt” etib qaradi-yu, sochlarini silab turgan tarbiyachisi Hamida Salomovani koʻrib, izillab yigʻlab yubordi.
– Bugun ham kelmadi…
– Yigʻlama, qizim, yigʻlama, – Hamida opa uning gʻarib boshini koʻksiga bosdi. Sochlarini siladi. – Keladi. Albatta keladi. Sen es-hushli, odobli qiz boʻlsang, dadang bilan ayang, albatta, keladi. Kelgach “Voy, mening Gulbahor qizim buncha esli qiz boʻpti” deydi.
Gulbahor tarbiyachisining quchogʻida hiqillab-hiqillab jimib qoldi. Soʻng Hamida opa uni oshxonaga yetaklab kelib, ovqatlantirdi. Shunda Gulbahor tarbiyachisini xonasiga olib kirdi va karavoti ustida turgan suratni koʻrsatdi.
– Qarang, men ularga sovgʻa tayyorlab qoʻygandim… – dedi tarbiyachisining yuziga ilinj bilan boqib.
Suratni koʻrib, Hamida opaning eti jimirlab, ich-ichidan bir nima uzilib ketgandek boʻldi. Tasvirga biroz tikilib qolgach, qizga dedi:
– Juda yaxshi chizibsan. Sendan ajoyib rassom chiqadi. Faqat bundan ham chiroyli chizishga harakat qil. Xoʻpmi? Chizgan surating qanchalik chiroyli boʻlsa, dadang bilan ayang ham uni koʻrib, shuncha xursand boʻladi.
Tarbiyachisining bergan bahosi va tasallisidan Gulbahorning koʻngli togʻdek koʻtarildi. Xuddi ota-onasi kelib suratni koʻrishi bilan “Yasha, qizim, oʻzimning ona qizim bu…” degandek boʻlib ketdi. Shunda u Hamida opaga tikilib turdi va beixtiyor uning boʻynidan quchoqlab oldi.
– Sizni yaxshi koʻraman…
– Men ham, qizim… – Hamida opa oʻz navbatida uni erkalab qoʻydi.
Ertasi kuni esa Gulbahorga chizgan suratlari va eskizlarini solib qoʻyish uchun bitta jomadon va bir quti qalam olib kelib berdi.
Shundan beri Gulbahor otasi bilan onasining oʻsha – qoʻl ushlashib kelayotgan suratini chizadi. Har yili yigirma ikkinchi mart kelishi bilan uni qaytadan, kattaroq vatmanga tushiradi, ammo necha yildirki, uni soʻrab na ota-onasi, na boshqa birov keldi. U sakkiz yil, to oʻn besh yoshigacha faqat bitta suratni qayta-qayta chizdi va yorqin sanʼat asari darajasiga yetkazib qoʻydi, ammo shundan keyin qaytib qoʻliga qalam olmadi. Eng soʻnggi nusxasini saqlab qoldi-yu, qolgan hammasini yirtib tashladi. Shundan soʻng surat emas, liboslar uchun turli xil eskizlar chiza boshladi, chevarlikni oʻrgandi. Tanlovlarda qatnashdi, sovrinlar, olqishlar oldi, ammo hech qaysi soʻz u sogʻingan va kutgan ota-ona soʻzidek jaranglamadi, tashna qalbiga malham boʻlolmadi. Shunday boʻlsa-da u har Navroʻzni va yigirma ikkinchi martni orziqib kutardi…
Bugun direktor qabulidan yigʻlab chiqqach kela solib, odatdagidek, suratni qoʻliga oldi. Nasib etmagan baxtiyor bolalik va hech qachon koʻrmagan ota-onasining xayoliy siymosiga tikilib oʻtirarkan, beixtiyor lablari pichirladi.
– Oyijon… Dada… Qayerdasiz? Nega biror marta xabar olmaysizlar? Nega? Yoki meni shunchalar yomon koʻrasizlarmi?
Gulbahor suratga tikilib turib, xayollarga gʻarq boʻldi. Shu bahona ichidagi dardlarini aytib-aytib, yigʻlab-yigʻlab oldi. Yuragini boʻshatdi. Jonsiz surat bilan hasratlashdi, biroq bir qarorga kelolmadi.
– Ayting, nima qilay, oyi? Nima qilay? Ikki oʻt ichida qoldim…
Shu payt eshik qattiq taqilladi va ichkariga itarildi, ammo qulflanganligi bois ochilmadi.
– Hozir… – Gulbahor qoʻlidagi suratni karavoti ustida qoldirib, oʻrnidan turdi va koʻz yoshlarini arta-arta eshikka borib, sekin kalitni buradi. Eshik ochilib, ostonada koʻzlari xavotirga toʻla Hamida opa paydo boʻldi. Qizning qizarib ketgan qovoqlariga qaradi-yu, ichkariga kirar-kirmas uni soʻroqqa tutdi.
– Gulbahor, senga nima boʻldi, qizim?
Gulbahor javob bermadi, karavotiga qaytdi. Tarbiyachisi esa uning karavoti ustida yoyiq turgan ota-ona suratini koʻrdi-yu, nimadir boʻlganini darrov fahmladi. Qizning yoniga oʻtirdi-da, koʻzlariga tikilgan koʻyi soʻradi.
– Tinchlikmi, qizim? Direktor nega chaqirtirgan ekan?
Gulbahor javob berish oʻrniga ona kabi mehribon, suyanchiq boʻlib qolgan sobiq tarbiyachisining yelkasiga bosh qoʻydi-yu, yana yigʻlab yubordi.
– Gulbahor? Ayt-da, qizim, nima boʻldi? – Hamida karavot ustunida turgan sochiq bilan qizning koʻz yoshlarini artib qoʻydi.
– Meni uzatisharkan…
– Nima? – Hamida opa sapchib tushdi. Oʻgirilib, xuddi Gulbahorni birinchi marta koʻrib turgandek boshdan oyoq razm soldi. Bir zum unga tikilib turgach, yana soʻradi: – Bu gapni senga kim aytdi?
Gulbahor javob oʻrnida direktor xonasi joylashgan narigi binoga ishora qildi.
– Kimga? – deb soʻradi botinmaygina tarbiyachi.
Gulbahor Hamida opaning mehr balqib turgan koʻzlariga najotkorona tikildi va dedi:
– Yaqinda bizlarni sayohatga olib chiqdi-ku? Oʻsha odamning oʻgʻliga…
– Murod Hikmatovich kelin qilmoqchi ekanmi?
Gulbahor “ha” degandek boshini silkitdi-yu, tarbiyachisining qoʻlidagi sochiqni olib yuziga bosdi.
– Nima qilay, opa? – Opajon, menga maslahat bering. Nima qilay?
Mening bu yerdagi yagona suyanchigʻim siz bilan Dilmurod.
– Dilmurod? – Hamida opa Gulbahorga tikildi. – Nima, u bilan oralaringda biror gap bormi?
– U bilan faqat doʻstmiz, – dedi Gulbahor yengilgina titroq va hayajon bilan. – Fikrimiz doim bir joydan chiqadi. U menga uylanmoqchi, ammo qoʻrqaman. Orzuga ayb yoʻq, xayollarga erk bermoq yaxshi, biroq uni amalga oshirish-chi? Shuning uchun Dilmurodga vaʼda bermaganman. Doim uning sevgisiga “bilmadim, hammasini vaqt koʻrsatadi…” deya mujmal javob beraman.
– Uni sevasanmi? – Hamida opa kutilmaganda savol berdi. Gulbahor aynan shu savolni kutmagan edi, kalovlanib qoldi, koʻzlarini olib qochdi. Keyin yana onasi kabi sirdosh, dildosh tarbiyachisiga yuzlandi.
– Shunday desa ham boʻladi…
Agar Dilmurodni desang, fikringni bir joyga qoʻy. Boʻshashma. Sen ham iqtidorli qizsan. Isteʼdod dengiz tubida yotgan gavhardek gap. Bir kunmas-bir kun albatta yuzaga chiqadi.
– Toʻgʻri… – oʻyga choʻmdi Gulbahor. Soʻng parishon sochlarini yelkasi osha tashlarkan, chuqur uh tortdi va yana tarbiyachisidan soʻradi: – Hamida opa, menga toʻgʻrisini ayting. Mening ota-onam bormi? Ular tirikmi? Tirik boʻlsalar, nega kelishmaydi? Oʻlgan boʻlsalar, nega buni ham aytmaysiz?..
Hamida Salomova qizning moʻltirab turgan koʻzlariga, gʻarib koʻngli aks etib turgan horgʻin chehrasiga tikildi. Bor haqiqatni aytish vaqti kelganligini sezdi.
– Rostini aytsam, Gulbahor, sening hujjatlaringda ota-onasi yoʻq, deyilgan. Seni umuman boshqa bir ayol olib kelgan. Uning kimligi esa nomaʼlum. Direktorning aytishicha, u seni topib olgan va bu yerga olib kelgan.
– Topib olgan? – Gulbahorning yuragini bir nima tirnab oʻtdi. – Bu nima deganingiz?
– Gulbahor… Qizim, sen soʻrading, men rostini aytayapman. Bu gaplarni bir kunmas-bir kun eshitarding. Haqiqat achchiq, – u shunday deya qizning boshini koʻksiga bosdi. – Yigʻlama, sen hali albatta baxtli boʻlasan. Kim biladi, balki ota-onang tirik boʻlsa, ularni ham toparsan. Agar ota-onangni kechirib, ularni topmoqchi boʻlsang, senga yordam ham beraman, ammo bunga shoshilma. Oʻsha seni olib kelgan ayol “Bu qizaloqning ota-onasi yoʻq. Bevaqt olamdan oʻtgan” deya koʻrsatma bergan. Hadeb koʻnglingni oʻksitma. Undan koʻra, yaxshi niyat qil va ertani oʻyla. Bugun esa kimni tanlashingni hal qil. Qalbingga quloq sol…
Gulbahor ikkinchi qavat derazasidan pastga qarab turgan koʻyi yigʻlab yubordi. Shu barobarida miyasiga tuman kabi yopirilib kelayotgan savollarga javob ham topgandek boʻldi. Oʻzga xonadonga borgani bilan uni tushunishadimi, yoʻqmi? Uni yetimcha-yetti kulcha, qabilida haqoratlashsa, nima qiladi? Boylik, obroʻ, uy-joy boʻlgani bilan oilada baxt, koʻngilda xotirjamlik boʻlmasa, u hayotning nima keragi bor?! Dilmurodning taklifiga koʻnib, u bilan oʻz olami va orzu-umidlarini baham koʻrgani yaxshi. Bir-birlarini sevishadi, ardoqlashadi. Eng muhimi, tushunishadi. Koʻngillarini asrashadi.
– Hamida opa? – deya Gulbahor tarbiyachisining yoniga kelib oʻtirdi. – Opa, sizdan bir iltimos. Direktorning oldiga birga kiraylik. Men u kishi aytgan yigitga tegmayman!
Hamida Salomova bir pas oʻylanib, unga tikilib turdi-da, dedi:
– Kaltabinlik qilma, Guli. Ilyos aka ham, biz ham senga faqat yaxshilik tilaymiz. Menimcha, u kishining taklifini qabul qilganing maʼqul.
Gulbahor hiqillab yigʻlashga tushdi. Hamida Salomova mehr bilan uning boshini siladi.
* * *
Dilmurod ohista kelib qizning yoniga oʻtirdi.
– Guli, bugun boshqachasan… Tinchlikmi, tobing yoʻqmi?
– Yoʻq, yaxshiman… – Gulbahor sir boy bermaslikka urindi. – Oʻzingiz yaxshimisiz?
– Ha, yaxshi…
– Menga qara, yigʻladingmi? Qovoqlaring shishib ketibdi.
Gulbahor javob berish oʻrniga chuqur nafas oldi.
– Guli, nega gapirmaysan? – Dilmurod yana savol berdi. – Bugun toʻgarakda ham koʻrinmading.
– Xonamda edim…
– Biror gap boʻldimi?
–…
– Guli, senga gʻamginlik yarashmaydi, – Dilmurod uning gʻam lashkarlari qoʻrgʻon qurgan maʼyus koʻzlariga tikildi. – Bilasanmi, doim kulib yurishingni istayman. Agar uzoq yashay, mana shunday chiroyli boʻlib yuray desang, hecham yigʻlamasliging, kayfiyatingni tushirmasliging kerak.
Gulbahor “xush kayfiyat bilan yurishning iloji bormi?” demoqchidek yigitga qaradi. U hozir Dilmurodga sirlarini oshkor qilib, dardini yorgisi kelar, ammo negadir bu gaplarni aytishga yuragi dov bermasdi.
– Bilaman, sen bilan menga yaxshi kayfiyat bilan yashash nasib qilmagan, ammo ertangi kundan umidimiz katta, toʻgʻrimi? Yaxshi niyat – yarim davlat. Orzuga ayb yoʻq. Mana koʻrasan, hali hammasi yaxshi boʻlib, bu kunlar unut boʻlib ketadi. Davlatimiz bizga koʻp imkoniyatlar bergan…
– Toʻgʻri… – bosh silkidi Gulbahor. – Ammo, bilasizmi, biz qanotsiz qushlarga oʻxshaymiz. Uchishimiz juda qiyin…
– Bu gapingga qoʻshilaman, ammo hech qachon tushkunlikka tushma. Ulugʻ maqsad bilan yashash kerak. Shundagina inson baxt nimaligini anglab yetadi.
– Baxt nimaligini? – Gulbahor oʻgirilib Dilmurodga qaradi-yu, koʻzlariga yosh oldi. – Ota-onasiz ham baxtli boʻlish mumkinmi?
Dilmurod olis osmonga, tegrasida shitirlab turgan chinor barglariga tikilib qoldi.
U Gulbahorni qanchalik sevmasin, qanchalik ardoqlamasin, qalbidagi tugʻyonni, sevgisini doim ham oshkor etavermas, uning shundoq ham oʻksik qalbiga malham boʻlish oʻrniga, uni battar ezib, yara qilib qoʻyishdan qoʻrqardi. Dilmurod uning ham koʻngli borligini biladi, biroq ehtiroslariga erk beravermaydi. Nachora. Qismat unga shunday achchiq va benavo hayotni ravo koʻrgan. U oʻzini sohilda teshik qayiqqa koʻz tikib oʻtirgan yoʻlovchidek his etadi. Manzil uzoq, qayiq teshik. Ochiq dengizga tushishi bilan suvga gʻarq boʻlib ketishdan qoʻrqadi…
Ular doim shunaqa. Beixtiyor, oʻzlari ham bilmagan holda uchrashib qolishadi. Bir-birlariga talpinadi, ammo besh daqiqa oʻtar-oʻtmas, gaplari tugab qoladi va mana shunday koʻzlarini bir nuqtaga tikkanicha xayolga choʻmib oʻtirishadi. Bugun ham shunday boʻldi.
Bir mahal oʻrtadagi yoʻlakda Hamida Salomova paydo boʻldi va kimnidir izlay boshladi. Unga tasodifan koʻzi tushgan Gulbahorning yuragi shuv etdi.
“Meni izlayapti… Boya direktor chaqirtirgan edi. Yana oʻsha masala… Yo, Xudoyim”
Xuddi u kutgandek boʻldi. Hamida opa atrofga alanglab, orqa yoʻlaklarga, darvoza tomondagi daraxtlar tagida oʻtirgan bolalarga qaradi va:
– Gulbahor! – deb chaqirdi.
U “dik” etib oʻrnidan turdi va ovoz berdi.
– Bu yerdaman, opa…
– Bu yoqqa kel… – tarbiyachi uni imlab yoniga chaqirdi. Gulbahor sekin oʻrnidan turdi va nimalar boʻlayotganini tushunolmay angrayib turgan Dilmurodga bir qarab qoʻydi-yu, Hamida opaning qarshisiga bordi. Tarbiyachi “men bilan yur” degandek uning qoʻltigʻidan tutdi va hovli darvozasi qarshisida turgan boʻsh oʻrindiq tomonga yetaklab ketdi. Yoʻl-yoʻlakay hech narsa demadi. Oʻrindiqqa joylashib olgach, Gulbahorning bir qoʻlini kaftiga oldi va uning jovdirab turgan koʻzlariga tikilib turib, sekingina gap boshladi.
– Boya direktor seni soʻradi.
Tarbiyachi gaplari qanday taʼsir etayotganligini bilmoqchiday qizning yuziga diqqat bilan qaradi va temirni qizigʻida bosdi.
– Haligi, seni kelin qilmoqchi boʻlgan kishi Ilyos Ikromovich bilan uchrashib, nima boʻlganini soʻrabdi. Direktor ham vaziyat yaxshiligi, sening rad etmaganingni aytgan ekan. “Unda nimani kutib oʻtiribmiz? Qiz rozi boʻlsa, toʻyni boshlaylik. Savob ishning ertaroq boʻlgani yaxshi”, debdi.
– Nima? – qalqib ketdi Gulbahor. – Toʻy qilishmoqchimi? – Soʻng birdan boshini quyi egib, yuzini kaftlariga bosdi-yu, piqillab yigʻlab yubordi.
– Voy jinni. Toʻyi boʻladigan qiz ham yigʻlaydimi? – Hamida opa uni yupatishga tushdi. Boshini koʻtarib, koʻz yoshlarini artdi. – Qizim, aqlli eding-ku? Senga nima boʻldi? Uyat-ye. Biz seni baxtli boʻlsin, ota-onasi yoʻqligi bilinmasin, deb yaxshi bir joyga uzatmoqchi boʻlsak, sening yigʻlashingni qara. Gap bunday, kelasi shanba kuni ikkalamiz kuyovning onasi bilan bozorga chiqarkanmiz… – Soʻng sumkasidan bir konvert chiqardi. – Ular senga kuyovning suratini ham berib yuborishibdi. Mana.
– Yoʻq, istamayman! – joyidan turib ketdi Gulbahor, – bozorgayam chiqmayman, ergayam tegmayman! Rasmiyam boshidan qolsin!
– Gulbahor, tentak boʻlganmisan? – tarbiyachining tusi oʻzgardi. – Sening baxtingni oʻylab, nima, baloga qoldimmi? Yo senga shu yer yaxshimi? Qachongacha birovlarning qoʻliga qarab oʻtirasan? A?
Gulbahor jim boʻlib qoldi. Hamida opa esa vaʼz oʻqishdan toʻxtamasdi.
– Oila insonga kuch bagʻishlaydi. Gaplarimni tushunayapsanmi? Er doim yoningda boʻlguvchi madad, suyanchiq boʻlsa, qaynota-qaynona qanot boʻladi. Shunda sen oʻzing aytgandek, qanotsiz qush emas, qanotlari mustahkam, manzil-makoni aniq, ozod va erkin qushga aylanasan. Mana shuning oʻzi ham baxt emasmi?
– Gapingiz toʻgʻri… – dedi Gulbahor iymanibgina, – ammo negadir qoʻrqib ketayapman…
– Qoʻrqishing rost. Haqsan. Oila degani shunday bir mustahkam qoʻrgʻon boʻladiki, unga kirganingdan keyin yelkangdagi masʼuliyatdan tizzalaringga titroq kiradi. Ammo yodingda boʻlsin, bu shirin azobni his eta bilishning oʻzi ham katta baxt. – Tarbiyasi shunday deya konvertni qoʻliga tutqazdi. – Gulbahor, qizim, kaftingda turgan baxt qushini uchirib yuborma. U bir marta keladi…
– Dilmurod-chi? – bu soʻz kutilmaganda qizning ogʻzidan chiqib ketdi.
– U bilan faqat doʻstmiz, deding-ku. Doʻstlik boshqa, ishq boshqa. Oila esa umuman boshqa dunyo. – Hamida opa qizning qalbiga yanada chuqurroq kirib borishni istadi. Nasib boʻlsa, vaqti kelib oʻzing tushunib yetasan. Xullas, gap bunday, kelasi shanba va yakshanba kunlari ikkalamiz boʻlajak onang, yaʼni qaynonang bilan senga sarpolar, umuman, toʻyga nima kerak, barchasini xarid qilar ekanmiz. Mebel deysanmi, kiyim-kechakmi, hammasini. Keyin toʻy kuni kiyishing uchun kelin koʻylak – fata ham tanlaymiz…
– Fata tanlaymiz?..
Kelin koʻylakni eshitganda qizning etlari jimirlab, yelkasi va sochlari orasida chumoli oʻrmalayotgandek boʻldi. Konvert tutgan barmoqlari titrab, kaftlari qizib ketdi. Koʻz oldiga ulkan toʻyxona va davra toʻrida xuddi malikalardek yasanib, baxtdan yuzlari lov-lov yonib turgan, oppoq libosdagi sohibjamol kelinchak keldi. U xoʻrsinib endigina qorayib kelayotgan ufqqa tikildi…
Soʻngra ich-ichidan toshib chiqqan titroq, hayajon bilan tarbiyachisini quchoqlab oldi.
– Opajon, sizni yaxshi koʻraman, – Gulbahorning gaplarida soddalik bilan birga oʻzini taqdir hukmiga tashlab qoʻyish mavjud edi.
– Men ham… – Hamida opa uning sochlarini siladi. – Baxtli boʻl, qizim. Baxtli boʻl…
Ular bir lahza shunday turib qolishdi.
Hamida opa qizni bagʻridan boʻshatib, binoga qarab yurdi. Gulbahor esa yoʻlak oʻrtasida turib qoldi. Uning ahvoli sahro oʻrtasidagi yoʻlovchini eslatardi. Bu holda qolish – yoʻqlikka yuz tutish, yoʻlni davom ettirmoq esa oʻta xavotirli, tavakkal. Ammo yashash kerak! Yashash!
Gulbahor konvertni mahkam tutgancha, ichidagi suratni koʻrmoqchi boʻlib, yoʻlak boʻylab bino tomonga qaytayotgan edi, yon tomondan, “Guli?” degan ovoz eshitildi. Oʻgirilib qarasa, ikki qadam narida yana Dilmurod turibdi.
– Nima gap, tinchlikmi?
Gulbahor yigitga tikilgan kuyi, “tinchlik” dedi-yu, konvertni qayerga yashirishni bilmay kalovlanib qoldi.
– Tinchlikmi, Hamida opa nima deyapti?
Qiz soʻz aytmoqqa ogʻiz juftladi-yu, tomogʻiga bir nima tiqilgandek boʻldi. Koʻzlarini olib qochdi.
– Men ketishim kerak, – dedi kutilmaganda. Dilmurod esa uning qoʻllariga yopishdi.
– Toʻxta, ketma…
Gulbahor yigitning qoʻllarini silkib tashlolmadi.
– Senga nima boʻlyapti? – Dilmurod yana soʻradi. – Mendan nimanidir yashirayapsan… Ayt, nima boʻldi?
– Hech narsa boʻlgani yoʻq, – titrab ketdi qiz.
– Yolgʻon gapirma… Sen bilan men aldashni eplolmaymiz. Koʻzlaring sotib qoʻyadi. Yuragim sezib turibdi, Hamida opa seni bekorga darvoza tomonga olib bormadi. Sen ham bekorga yigʻlamading… Qoʻlingdagi konvertda nima bor?!
– Koʻrib oʻtirgan ekansiz-da… – Gulbahor Dilmurodga qaradi. Soʻng yana koʻzlarini olib qochdi. – Men ketishim kerak.
– Nimalar boʻlayapti oʻzi, Gulbahor? – Dilmurod uning qorachiqlarida qalqib turgan koʻz yoshni koʻrdi-yu, yoʻlakdan oʻtib qaytayotgan bolalarga ham eʼtibor bermasdan bilagidan ushlab, yonidagi oʻrindiqqa chorladi. – Rostini ayt, nimalar boʻlyapti oʻzi?
Gulbahor baribir chidolmadi…
– Toʻyim boʻlyapti! – dedi-yu, qiz uni siltab tashlab, yotoqxona tomonga yugurib ketdi.
– A? Toʻying? – Dilmurod yugurib ketayotgan qiz ortidan qarab qoldi. Soʻng alamdan ikki qoʻli bilan koʻksiga mushtladi. Yana Gulbahor ketgan yoʻlakka tikildi. Uning yotoqxonaga kirib ketganini koʻrdi-yu, boʻgʻinlari boʻshashib oʻrindiqqa oʻtirib qoldi. Soʻng boʻgʻzini toʻldirib qichqirib yubordi.
– Gulbahor, seni sevaman! Eshityapsanmi, seni sevaman!
Ammo uning qichqirigʻi shunchaki bir pichirlash boʻlib lablaridan uchdi. Dilmurod soʻngsiz xayolga choʻmdi. Olis osmonga, yulduzlarga boqdi. Ana shunda somon yoʻlidan bir nur ajralib tushib, uning qalbiga tushgandek, beixtiyor tiliga soʻzlar shodasi quyilib kela boshladi…
Sen ketarsan hasratlanib,
Men qolarman dogʻ-dogʻ bilan.
Na yonib, na sendan tonib,
Benasib bir ardogʻ bilan.
Oh, osmon yiroq, yer qattiq,
Oʻrtanurman, lek netay?
Azob bormi, bundan ortiq,
Boshim olib qayga ketay?
Bir yon ummon, bir yon sahro,
Oʻrtasida devonaman.
Ajab savdo, dayri dunyo,
Nur izlagan parvonaman.
Qoʻlim kalta, qanotim yoʻq,
Ayting, bu ne qismatdir?
Quvonchim tush, bayotim yoʻq,
Balki bu ham hikmatdir?
Yoʻl ber, yoʻldosh bergin – bexatar,
Qoʻllarimdan oʻzing tut, Tangrim.
Benavoman, qalbim oʻrtanar,
Ato etgil, haq soʻzni, Tangrim…
Dilmurod bir oz yengil tortdi, ammo uni shunday ojiz, umidsizu jurʼatsiz qilib qoʻygan taqdiridan oʻkinib ketdi. Nega bunchalik baxtsiz ekanligi sababini izlayotgan yigit oʻtgan kunlarining eng qora va eng ayanchli lahzalariga sayohat qila boshladi…
* * *
Oʻshanda u birinchi sinfda oʻqirdi. Maktabga borishdan oldin toʻshakka mixlanib, ranglari boʻzday oqarib, qovoqlari ichiga tortib ketgani yetmagandek xiyol koʻkargan, nigohlari shiftda osilib turgan gulqogʻozga qadalib, goʻyo u uzilib tushsa oʻzining-da joni uzilgudek nochor, quruqshab ketayotgan lablarini tamshaganicha undan najot soʻragandek tikilib turuvchi onajonisiga qarardi. Bemor onasi u ivitib, ogʻziga tutgan nonni chaynar, arang yutar va bemador tanasini koʻtarib, ikki hoʻplamgina choy ichar, soʻng maʼyus koʻzlarini eshik oldida termulibgina turgan oʻgʻliga tikib:
– Bolam, maktabingga bormaysanmi? – derdi. Soʻng hansirab nafas olganicha davom etardi: – Dilmurodjon, menga qarama, yaxshiman… Yaxshiman. Anuv sovuq choyni oldimga qoʻygin-da, oʻqishingga borib kel, bolam. Hademay dadang ham kelib qoladi.
– Dadam kechasi kelmadi-ku.
– Biror ishi chiqib qolgandir-da… – ona chuqur uh tortardi.
U xontaxta ustida turgan choynakni divanning yon tomonida, onasining qoʻli yetadigan joyda qoldirib, jildini qoʻliga olganicha eshikni oʻzi qulflab maktabiga yoʻl olar, oʻqishi tugashi bilan uyga chopardi…
Necha kun, necha oydirki, oyijonisi sogʻayish oʻrniga battar ogʻirlashib borar, avvallari ovqatini turib yegan, kiyimlarini oʻzi yuvgan, oʻgʻli bilan eriga ovqat pishirib bergan boʻlsa, endi bularning tamoman aksi boʻlayotgandi… Ovqatni xolasi kunda-kunora kelib pishirib berar, kirlarini yuvib, hojatiga ham chiqolmay qolgan, to oʻgʻli maktabdan kelgunicha izza boʻlib oʻtiradigan opasiga qarashib ketardi…
– Kasaling jonimga tegib ketdi! – dedi dadasi bir kuni va mashinasida shifoxonaga olib ketdi. Oʻn kun davolandi, ammo yaxshi boʻlmadi.
Oyisini bir ahvolda uyga olib kelishdi. Oʻsha kuni mashinadan dadasiga qoʻshilib, kichik xolasi va buvisi tushdi. Ular oyisini ikki qoʻltigʻidan tutib, uchinchi qavatga, uyga olib chiqishdi-yu, mana shu oʻrta uydagi divanga yotqizishdi. Oʻshandan beri oyisining ahvoli oʻnglanmadi. Oyisi butunlay toʻshakka mixlanib qolganidan soʻng dadasi uydan kam xabar oladigan, kunda-kunora bir kelib-ketadigan va tunlari umuman qorasini koʻrsatmaydigan odat chiqardi. Oyisi unga yozgʻirardi:
– Dadasi, qayerlarda yuribsiz-a? Kechasi oʻlib qolay dedim… Yaxshiyam shu Dilmurodjon bilan Gulnora xola bor ekan. Boʻlmasa…
Bir kuni dadasi qalampir yutgandek aftini burishtirib oyisiga gʻazab bilan qaradi.
– Baloyam urmaydi senga. Oʻlsang, shu vaqtgacha oʻlarding-da… Necha yildan beri ahvoling shu.
– Dadasi, nafasingizni issiq qiling… Bilaman, umid yoʻq, lekin yonimda boʻlib tursangiz nima boʻladi… – oyisi lablariga koʻrpa chetini bosganicha yigʻlab yubordi. – Hech kimga keragim boʻlmay qoldi. Meni bunday qiynaguncha jonimni olsa boʻlmasmidi…
– Soʻrayver, oladi… – zarda qildi dadasi. Soʻng sellofan idishda olib kelgan dorilarini iddao bilan divan ustiga qoʻydi.
Onasi dorilarga qaradi. Soʻngra umr yoʻldoshiga jovdirab, umidvor tikildi.
– Dadasi, iltimos, yonimda boʻling. Sizga aytadigan gaplarim bor.
Dilmurod dadasi bilan oyisi nima haqda gaplashayotganiga tushunmay shiftga, osilib, uzilay-uzilay deb turgan gulqogʻozga qarab turardi. “Shu gulqogʻoz uzilib tushsa, oyim ham oʻlsa kerak… Har kuni shunga tikilib yotadi…”
Bola qoʻqqis miyasiga urilgan oʻydan seskanib ketdi. Bu vaqtda oyisi dadasiga allanimalar der, ammo u eshitishni istamasdi.
Ertalab tursa, uy toʻla odam. Kichkina xolasi, buvisi, bobosi, togʻalari, hatto dadasi chopon kiyib, belini bogʻlab olibdi. Togʻalari ham. Tayoqqa suyanib, arang yuruvchi buvisi bilan xolalari oyisining boshida ovoz berib-ovoz berib yigʻlashayapti. U hech narsaga tushunolmay qoldi. Qoʻrqib kichik xolasining qoʻlidan tutdi-da, izillab yigʻlab yubordi. Shundan soʻng xolasi u bilan boʻlib, tushgacha avrab, aldab oʻtirdi, ammo marhumani olib chiqishayotganida shu vaqtgacha “qoʻrqmasin, koʻngli oʻksinmasin, vaqti bilan tushuntiramiz”, deb oʻtirgan ayollar chidolmadi, baravariga oʻkirib yigʻlab yuborishdi. Xolasi ham uni bagʻriga bosganicha:
– Dilmurodjon, oyingdan ayrilib qoldik. Endi senga oyi qayda, Dilmurodjo-o-on?! Peshanaginang qursin, Dilmuro-od… Shoʻrginang qursin… – deya bor alamini, dardu hasratlarini aytib-aytib yigʻladi.
U yomon tush koʻrib, alahsirab uygʻongandek qotib qoldi…
Marhumaning xudoyisi oʻtkazilgandan soʻng qaynona bilan kuyov Dilmurodning kim bilan qolishi borasida bahslashib qoldi.
– Siz koʻchaning odami. Ishga borasiz, boshqa qilasiz, – buvi kuyovini qanchalik yomon koʻrmasin, nevarasi, marhuma qizining hurmati uchun halimlik bilan dedi. – To qirq kungacha men shu yerda qolaman. Har holda oʻlikning hurmati.
– Qirq kundan keyin-chi? – deb yubordi qaynonasining bir kun ham bu yerda turishini istamagan Normurod.
– Men aslida shuni oʻylayapman… – buvining koʻzlari milt-milt yoshga toʻldi. – Dilmurodjon nima qilarkan deyapman-da…
– Nevaramni olib ketaman, degan xayolda boʻlsangiz, adashasiz, – dedi Normurod qoʻrslik bilan. – Dilmurod men bilan qoladi. U endi yosh bola emas. Birinchi sinfda oʻqiyapti.
– Oʻninchi sinfda oʻqisayam, bolaga ota-ona mehri kerak. Eʼtibor kerak…
– Men tirikman!
* * *
…Yoʻlakdagi oʻrindiqda oʻtirgan Dilmurod boshini mahkam changalladi.
“Hammasiga dadam sababchi… – Dilmurodning koʻzlarida yosh qalqidi, – oyimning vafotidan koʻp oʻtmay oʻsha jiblajibonni olib keldi-yu, hayotim zahar-zaqqumga aylandi. Men dadam bilan oʻsha alvastining oʻgʻli emas, malayiga aylandim. Boshimdan oʻtgan xoʻrliklarni oʻzim bilaman… Hech kim bunday xoʻrlik koʻrmasin. Bu yerda faqat ota-ona diydori qahat… Qolgan hammasi joyida. Chunki boshimizda davlat bor…”
Dilmurod xotirasining qat-qatida yashirin yotgan hasratli kunlarini kinotasmaga muhrlangan kadrlar kabi bir-bir koʻz oldidan oʻtkazar ekan ogʻir xoʻrsindi. Hayotining bunday tus olishi va qismati bu qadar ayanchli kechishiga faqat dadasi sababchi ekanligiga yana bir bor amin boʻldi.
“… Dadamning johilligi sabab rahmatli oyijonim bilan buvijonimnikiga istagan vaqtimizda borolmasdik. Oyijonim ogʻir betob boʻlib qolgach, buvimlarnikiga ham, xolamlarnikiga ham borolmay qoldik. Oʻzlari kelib ketardilar. Shuning uchun ham men ularning uylari qayerda ekanligini hozir ham bilmayman. Birinchi sinfda ham oxirigacha oʻqimadim. Dadam xotinining makriga uchib, meni bu yerga olib keldi. Bu yerdan bir necha bor qochib ketmoqchi boʻldim, biroq qayoqqa borishni bilmadim. Ikki marta qochib, oʻzim oʻqigan maktabni moʻljal qilib, uyimizgacha bordim. Dadamlar qayoqqadir koʻchib ketishibdi. Keyin qoʻshnimiz Gulnora xolamni surishtirdim. Erining lavozimi oshib, oilasi bilan boshqa shaharga koʻchib ketishibdi…”
Shundan soʻng qaytib u joylarga bormadi, hech boʻlmasa togʻamlar izlab kelishar, degan xayolda yurdi. Biroq bu orada buvi qizining hasratida vafot etgan, togʻalari bilan xolasi esa uni dadasi bilan ketgan deya oʻylar, bir-ikki marta kelib, Gulnora xolaning ham oilasi bilan koʻchib ketganini, boshqa qoʻshnilarning esa ular haqida hech qanday maʼlumot bilmasligini eshitgach, “Bunaqa qoʻshnichiliklaringdan ham oʻrguldim!” deya taqdirga tan berib, biror joydan xushxabar kelib qolar, deya kutib oʻtirishardi…
Dilmurod judolikka, ayriliq va sogʻinch azoblariga-da koʻnikdi, biroq doim ona mehrini qoʻmsab yashadi.
Koʻnglidagini sheʼrga toʻkdi.
Sizni sogʻinaman, onajon, har kun,
Dilimda iltijo, koʻzlarimda yosh.
Alamdan, oʻkinchdan boʻlgancha dilxun,
Armonli nidolar koʻtarmoqda bosh.
Onajon, nachora, bumi bir qismat?
Beshafqat taqdirning achchiq qamchisi?
Goʻyoki koʻngilda ayanch bir zulmat-
Yoz fasli quyilgan yomgʻir tomchisi…
Bilaman, hasratdan endi ne chora,
Lek qayga yashirgum orzu-tilakni?
Kechalar boʻlgancha dilginam pora,
Sogʻinch oʻrtay boshlar oʻksik yurakni…
Alamlar tumandek tarqalar asta,
Taskinlar oqadi dilga kun sayin,
Endi men yashayman soppa-sogʻ xasta,
Bilardingiz…
ortda qolganga qiyin…
U hozir sevgilisidan ayrilayotganini oʻylab, bagʻri xun boʻlib oʻtirarkan, Gulbahor yashaydigan xona derazasiga qarab qoʻydi. U Gulbahorning hovliga chiqib kelishini kutib allamahalgacha joyidan turmadi. Doʻstlari, xonadoshlari “Nega bunday oʻtiribsan? Ketdik, xonamizga kiramiz…” deyishdi, ammo u joyidan qimirlamadi. Ikkinchi qavat derazasiga tikilganicha gʻussaga botib oʻtiraverdi.
“Avval mehribon oyijonimdan ayrilgan, yaqinlarimni yoʻqotgan boʻlsam, endi sevganimdan ham ayrilayapman. Bevafo dunyo… Qancha-qancha orzularimiz bor edi, hammasi roʻyo ekan… Uning ixtiyori hozir oʻzida emas, mening esa qoʻlim kalta… Choʻkayotib xasga yopishayotgan odamga oʻxshayman…”
Dilmurod endi nima qilish kerakligi haqida uzoq oʻyladi. Nazarida Gulbahor tuzoqqa tushgan ohu edi… Umid bilan joyidan qoʻzgʻaldi-da, ikkinchi qavatga chiqib, Gulbahor yashaydigan xona eshigini taqillatdi. Ichkaridan Gulbahorning xonadosh dugonasi chiqdi va unga savol nazari bilan boqdi…
– Gulini chaqirib yubor…
– Hozir… – qiz unga bir sinovchan nigoh tashladi-yu, ichkariga kirib ketdi. Ikki-uch daqaqa oʻtib, tagʻin eshikdan moʻraladi.
– Guli chiqolmas ekan…
– Nega?
– Bilmadim, oʻzi shunday dedi, – qizning ovozi siniq edi. Soʻngra sekingina qoʻshib qoʻydi: – Ikki suratning oʻrtasida yigʻlab oʻtiribdi. Oldingizga chiqishga yuzi chidamas emish…
– Yuzi? – Dilmurod titrab ketdi. Soʻng bu yerda turishga ortiq hojat qolmaganini his etdi-da, iziga qaytdi. Uzun yoʻlak boʻylab qaytar ekan, dili xufton edi. – Xudoyim, shuncha azobing yetmasmidi?..
U hovliga chiqib oʻrindiqda muk tushib oʻtirgancha oʻziga-oʻzi savollar berdi, biroq soʻroqlari javobsiz qoldi. Dengizni qoʻmsagan odam loyqa hovuzdan bahra ololmaydi…
U taqdirga tan bergancha oʻz xonasiga kirib keldi va xonadoshlarini hayron qoldirib karavotiga yotdi-yu, boshini sogʻinchu hasrat koʻzyoshlari singib ketgan koʻrpasiga oʻrab oldi.
* * *
Dugonalari bilan nonushta qilib, endi hovliga chiqayotgan Gulbahor uni direktor qabulxonasi tomonidan kelayotgan Hamida opa imlab chaqirdi. Iymanibgina yoniga borgandi, tarbiyachisi dedi:
– Shu yerda kutib turaman, tezda kiyinib chiq. Hademay ular kelib qolishadi.
– Kim?
– Kim boʻlardi, boʻlajak qaynonang…
Gulbahor bir lahza eshik oldida kalovlanib turgach sirgʻalibgina ichkari kirdi, oʻzicha koʻrkam hisoblagan kiyimlarini kiydi. Koʻzgu yonida oʻtirib, yuz-koʻziga qaragan, sochlarini taragan boʻldi. Soʻngra karavotining bosh tomonidagi devorga osigʻliq suratga bir nigoh tashladi-da, tashqariladi.
– Oh-ho, ochilib ketibsan-ku, – dedi Hamida opa uning bir oz ohori toʻkilgan esa-da oʻziga yarashib turgan kostyum-yubkasiga qarab. – Guli, rostini aytsam, senga havasim keladi. Qanday libos kiymagin hammasi yarashadi. Bu ham bir baxting-da, Guli…
Hozir qiz tarbiyachining bu gaplarni nega aytganini ajratib, qaysi gapi toʻgʻri-yu, qaysi biri uning kayfiyatini koʻtarish uchun aytilayotganini farqlay olmadi.
Shu payt Hamida opaning qoʻl telefoni jiringladi-yu, qisqa muloqotdan soʻng u Gulbahorga dedi:
– Ilyos Ikromovich telefon qilayaptilar, bizni darvoza oldida kutishayotgan ekan…
– Hamida opa… – Gulbahor unga nimadir demoqchi boʻldi-yu, aytolmadi.
Qizni gʻaroyib bir kuch tarbiyachisining ketidan ergashtirib, darvoza tomonga olib bordi. Yoʻl-yoʻlakay u atrofiga qarab-qarab qoʻyar, yoʻlak boʻylab, oʻrindiqlarda gaplashib oʻtirgan yoki darsga borayotgan bolalar goʻyo unga hayratlanib-hayratlanib qarayotgandek, xuddi ular orasida yoki qaysidir oʻrindiqda Dilmurod unga nafrat bilan tikilib turgandek tuyulib ketdi. Darvozadan chiqib, oq “Neksiya” yonida jilmayibgina turgan oq roʻmolli, oʻrta boʻy, istarasi issiq, xuddi tushda koʻrgani kabi kulgichlari oʻynab turgan munis bir ayolga koʻzi tushdi-yu, Gulbahorning aʼzoi-badani titrab ketdi. “Nahotki tushimda shu ayolni koʻrgan boʻlsam?”
Hamida Salomova atrofga bir nigoh tashlab, ularni kutayotgan ayol shu ekanligiga amin boʻldi.
– Assalomu alaykum, – dedi tarbiyachi, ayol yaqin kelgach.
– Assalomu alaykum, – haligi ayol ham tavoze bilan salom berdi-da, qoʻl tutib salomlashdi. – Omonmisiz, singlim? Siz Hamidaxon boʻlsangiz kerak-a? – Ayol tasdiq javobini olgach tarbiyachisining yonida yer yorilsa-yu, yerga kirib ketgudek boʻlib turgan qizga – keliniga qaradi.
– Assalomu alaykum…
Ayol titrab, kipriklari pir-pir uchib, barmoqlarini labiga bosib turgan qizning bilagiga qoʻl tekkizib:
– Qizim, yaxshimisiz? – dedi. Keyin unga sinovchan nigoh tashladi. Kelishgan boʻy-basti, uzun sochlari, kulcha yuzi, jimitdek burnigacha ser soldi. – Aylanay sizdan. Ayni koʻnglimdagi qiz-a?! Bolam, iloyim koʻz tegmasin.
Ayol Gulbahorning peshonasidan oʻpib qoʻyarkan, ularni mashinaga taklif qildi. Oʻzi haydovchi yoniga, Hamida opa bilan Gulbahor orqa oʻrindiqqa oʻtirgach mashina yoʻlga tushdi.
– Qizimni koʻrib, hayajonlandimmi yo kelinlik davrlarim esimga tushib ketdimi, ismimni aytish ham yodimdan koʻtarilibdi. Hamidaxon, siz ham eslatmabsiz-a, – ayol jilmayib, gaplarini hazilga yoʻydi va oʻrtadagi jimlikni buzdi: – Ismim, Muqaddas.
– Ilyos Ikromovich aytgandilar, – dedi Hamida opa odob yuzasidan. – Ammo siz u kishi taʼriflaganlaridan ham ochiqkoʻngil, mehribon ayol ekansiz.
– Hamidaxon, besh kunlik dunyoda kimgadir yaxshilik qilib, izingizdan yaxshi nom qoldirib ketolmasangiz, yashadim deyishning oʻzi ahmoqlik. Qaldirgʻoch ham har bahorda ayvonga in qurib, bola ochadi, ogʻzida suv, ozuqa tashib, bolalarini uchirma qiladi. Eʼtibor qilsangiz, bu juda katta ish. Biz inson boʻlib, bir qaldirgʻoch ishini qilolmasak uyat. – Muqaddas opa bu gaplarni aytarkan Gulbahorga sinchkov nazar tashlab qoʻydi. Qiz qizaribgina oʻtirar, xijolatdan iloji boʻlsa mashinadan chiqib qochgudek boʻlardi.
Muqaddas opaning boʻlajak kelinidan koʻngli toʻldi. Tashqi koʻrinishi, odob saqlab, lab tishlagancha iymanibgina turishlari ham aynan ular istagan qiz… Faqat, hamma gap oʻgʻlining uyaltirib qoʻymasligi va toʻydan keyin kelinning aynib qolmasligida…
Shu vaqt mashinada noqulay vaziyat yuzaga keldi. Gulbahor erta kelin boʻlib borsa, u yerdagilar bilan qanday chiqishib ketishi, bu ayol mehribon boʻlgani bilan oʻzi kelmay suratini berib yuborgan, qadimgilardek qalligʻini toʻy kuni koʻrishni istagan oʻgʻli qandayligi haqida oʻylab borar, negadir xoʻrligi kelib, toʻyib yigʻlashni istardi. Hamida opa boʻlsa ortiqcha biror gap aytib qoʻymaslik, shundoq ham bu boʻlajak qaynota – Murod Hikmatovichning obroʻsiga mos ish boʻlmayotgani, bu yerda nimadir borligidan shubhada boʻlganidan ehtiyotkor edi. Muqaddas opa imkon qadar boʻlajak kelinda yaxshi taassurot qoldirish, uni “Bolam, qizim”, deb yuragining tub-tubida yashirinib, armonlar xazoni ostida qolib ketgan hislarini uygʻotish ishtiyoqida yonar, ammo bu nozik munosabatni oshirib yuborishdan ham choʻchirdi…
Mashinadagi noqulay vaziyat to haydovchi gavjum koʻchalardan oʻtib, shaharning eng koʻzga koʻringan bozoriga yetib borguncha ham oʻnglanmadi. Faqatgina Muqaddas opaning eri qoʻngʻiroq qilib, nimadir dedi, shekilli, u kishi “Yaxshi, hammasi joyida”, deb qoʻydi. Ammo negadir bu gapni aytishi bilan qizarib ketdi…
– Ob-havoyam isib ketdi, – dedi u eri bilan gaplashib boʻlgach. – Koʻchada buncha mashina koʻp boʻlmasa.
Nihoyat, bozorga yetib kelishdi va kerakli narsalarning barchasini xarid qilishdi. Haydovchi yigit olingan gazlama-yu, kiyim-kechaklarni mashinaga tashib turdi, Muqaddas opa “zora kelinimning kayfiyati koʻtarilib, qovogʻi ochilsa” deya har bir yaxshi libosni ikkitadan xarid qildi. Gulbahorni kiyim-kechakka burkab tashladi, biroq qizning chiroyi ochilmadi. “Ikki kiyimlik mato bilan boʻlsayam oʻz ota-onamning uyidan kelin boʻlsaydim… – oʻyladi Gulbahor ich-ichidan alam bilan. – Meni har lahzada ming xijolatga qoʻyayotgan, shaʼnimga ham tegib, qandaydir tahqirlanishimga sabab boʻlayotgan bu narsalar meni baxtli qilib, yara qalbimga malham boʻlarmidi?”
Bozordan manaman degan ikki kelinning sarposiga yetgudek qilingan xarid Gulbahorning koʻngliga zarracha quvonch baxsh etmadi, aksincha, xoʻrligini keltirdi. Goʻyo bu saʼy-harakatlar joni uzilayotgan odamning ogʻziga tomizilgan suv kabi besamar edi.
U bozordan chiqib, goʻzallik salonlarining biriga kelganida, chiroyli kelin koʻylakni kiyib, oynaga qaraganda sevinchdanmi, armondanmi yigʻlab yubordi. Shunda Hamida opa unga dalda boʻldi.
– Yigʻlama, hali sen eng chiroyli, eng baxtli kelinchak boʻlasan!
– Hamida opa… – Gulbahor oqqush misol yurib keldi-da, oʻzini tarbiyachisining bagʻriga otdi. Qizning koʻzlaridan duv-duv yosh oqardi. Shunda Muqaddas opa qoʻlidagi dastroʻmolchasi bilan boʻlajak kelinchakning koʻz yoshlarini artdi.
– Qizim, yigʻlamang. Siz yigʻlasangiz, mening ham yuragim eziladi. Sizni oʻz qizimday koʻraman. Boʻlmasa, birgina suratingizni koʻriboq yaxshi koʻrib qolarmidim… – Muqaddas opa qizning sochlarini toʻgʻrilab peshanasidan oʻpib qoʻydi. – Baxtli boʻling. Ammo yigʻlamang, hali hammasi oldinda. Nasib boʻlsa, hali sizga odamlarning havasi kelib yuradi.
Bu gaplardan Gulbahorning koʻngli bir oz yorishgandek boʻldi va ilk bor boshini koʻtarib, boʻlajak qaynonasiga qaradi, siniqqina jilmaydi.
– Jilmayishlaridan aylanay! – Muqaddas opa uning yelkasiga qoqib qoʻydi va boʻgʻziga tiqilib kelgan gʻussasini “gʻilt” etkizib yutdi.
Ular goʻzallik salonida kelinchak libosiga buyurtma berishgach ancha yengil tortishib, bir-birlariga mehrlari iyib chiqishdi.
* * *
Shanba kungi kechki ovqatdan soʻng ikkinchi qavatda Gulbahorning oʻz xonasiga qaytib kelishini kutib turgan Dilmurod qiz yoʻlakda paydo boʻlishi bilan yoʻlini toʻsdi va dedi:
– Guli? Toʻxta, senga aytadigan muhim gapim bor…
Qiz shundoq ham kuyib turgan yuraklarini battar kuydirmaslik uchun xuddi uning soʻzlarini eshitmagandek yonidan oʻtib ketmoqchi edi, Dilmurod shart bilagidan tutdi-da, oʻziga qaratdi.
– Guli?
– Qoʻyvoring, orqadan bolalar kelayapti, – dedi qiz.
– Yoʻq, men bilan yur, – Dilmurod qizni hovliga chorladi. – Gaplashib olishimiz kerak.
Qiz nima qilishini bilmay, oʻylanib qoldi. Soʻngra dedi:
– Xoʻp, hozir chiqaman…
– Aniqmi?
Gulbahor “Nima, biror marta yolgʻon gapirganmidim?” degandek yovqarash qilgan edi, Dilmurod ishondi va katta darvozaga chiqish yoʻlagida kutib turishini aytib iziga qaytdi.
Shom vaqti. Quyosh botib, atrofni zulmat saltanati oʻz chekiga ola boshlagan, kunduz payti qizigan yer tafti va kechki salqinlik uygʻunlashib, ajib bir tarovat baxsh etgan palla. “Mehribonlik uyi” hovlisini yarador qalblarning oʻksik bir sado balqib turuvchi chugʻuri tutgan. Dilmurodning nigohi qattiq yerda, xayoli Gulbahorda edi. U taxta oʻrindiqda muk tushib oʻtirgancha yana soʻngsiz xayollarga choʻmar, sevgilisi kelgach aytilajak gaplar, uning yurak-yuragini oʻrtab yuboruvchi soʻzlariga oʻzini tayyorlar, goʻyo Gulbahor kelib “Dilmurod, sizni sevaman! Siz mening hayotimsiz!” deydigandek, nedandir quvonib ham qoʻyar, tagʻin bugun hammasi tugasa-chi, degan hadik ham bor edi.
Dilmurod shunday Xazin xayollar ogʻushida oʻtirganida bino tomondan goʻyo ulkan bir gunoh ish qilib qoʻygan-u, endi kechirim soʻrash uchun kelayotgan osiy kabi bir-bir qadam bosib, andishasidan atrofga qarashga-da yuragi dov bermay kelayotgan Gulbahorga koʻzi tushdi-yu, quvonganidan irgʻib oʻrnidan turib ketdi. Gulbahor iymanibgina kelib, uning qarshisida jim turib qoldi.
– Kel, oʻtir, – dedi Dilmurod. Soʻng oʻqilmagan kitob kabi sirli boʻlib, nigohlari bir nuqtaga qadalib turgan qizdan soʻradi: – Toʻy kuning belgilangani rostmi?
Qiz yelkasidan ogʻir yuk tashlagandek bir xoʻrsinib javob berdi:
– Ha. Kelasi shanba…
Bu gapdan Dilmurodning yuragi siqildi.
– Tegasanmi?
Shunda Gulbahor irgʻib oʻrnidan turdi-yu:
– Nega meni buncha qiynaysiz-a?! – deya oʻksindi. Dilmurod uning bilagidan tutib, oʻziga qaratdi.
– Guli, istasang, shu bugunoq qochib ketamiz. Eshitayapsanmi, qochib ketamiz!
– Nimalar deyapsiz? – dedi Gulbahor. – Men ham ota-onam boʻlishini, oʻz uyim xizmatini qilishni xohlayman. Tushunsangiz-chi, qachongacha bu yerda, tosh devorlar orasida yashab yuramiz?! A, qachongacha?!
– Demak… demak mendan voz kechibsan-da?
– Iltimos, meni qiynamang! Shundoq ham ezilib ketdim. Bilasiz-ku, biz bu yerda qanotsiz qushlarga oʻxshaymiz. Shunday boʻlgach, ayting, qanday isyon qila olamiz? Qarindosh-urugʻimiz boʻlmasa, qochib qayerga ham borardik? – Gulbahor bu gaplarni ayta turib, battar oʻksidi va azoyi-badani boʻshashib ketgan Dilmurodning panjalaridan bilaklarini ozod qildi-yu, izillab yigʻlaganicha xonasi tomon chopib ketdi.
Dilmurod telbadek boʻlib, yoʻlak oʻrtasida turib qoldi. U Gulbahor aytgan achchiq haqiqat – sovuq xanjar misol koʻksiga qadalgan soʻzdan aql-hushini yoʻqotgan edi. U yana “Gulbahor!” deb qichqirmoqchi boʻldi, ammo endi kech, bu oʻzining qoʻli kaltaligi kabi bekor, izidan chaqirgani bilan visol undan olislab borayotgani, unga eltuvchi yoʻllar berk ekani kabi haqiqat boʻlib qoldi.
U boʻgʻzini kuydirib kelgan gʻussasini ichga yutgancha qaytib oʻrindiqqa oʻtirdi va gʻarib boshini kaftlari orasiga oldi.
– Xudoyim, oʻzing madad ber… Oʻzing yarlaqa…
Shu lahzada borliqni qoplab kelayotgan zulmat etagi Dilmurodning boshiga oʻralib qolgandek tuyuldi. U koʻzlarini yumgancha muk tushib oʻtirar ekan yana oʻz taqdiridan, uni shu koʻyga solgan oʻgay onasi va subutsiz padaridan nafratlanib ketdi. U bir muddat shu kuyi oʻtirgach goʻyo ilohiy bir toʻlqindan seskanib ketgandek boshini koʻtardi, oʻzicha pichirladi:
– Yoʻq! Orqaga yoʻl yoʻq! Shunday ekan, endi men barchasidan qasos olaman! Shunday qasos yoʻlini tanlayki…
Dilmurod qancha vaqt oʻyga choʻmib oʻtirganini bilmaydi, bir mahal yelkasiga qoʻyilgan kaft taftidan seskanib ketdi. Boshini koʻtarsa, xonadosh doʻsti Ahror ekan.
– Tinchlikmi? Xonaga ham bormading?
– Tinchlik… – bosh chayqadi Dilmurod. Keyin atrofiga qaradi. Vaqt allamahal boʻlgan, hovlida ulardan boshqa hech kim yoʻq edi. U doʻstiga sinovchan nigoh tashladi-da, sekin joyidan turdi.
– Senga nima boʻldi? – soʻradi Ahror. – Yana Gulbahormi?
Dilmurod gapirishni istamadi, chuqur uh tortdi-da, olis osmonga qaradi. Koʻk yuzini yulduzlar qoplagan, qibla tomondan siniqqina nur sochgancha yarim oy botmoqda. Oy botishi va yulduzlarning daraxt barglari orasidan soʻnik koʻrinishi yigitga goʻyo armonga aylangan orzular, umid uchqunlari boʻlib tuyuldi. U binoga yaqinlashishi bilan qizlar boʻlimi tomonga, ikkinchi qavatga qaradi. Deyarli barcha chiroqlar oʻchirilgan, ammo birgina xonaning chirogʻi yoniq…
“Uyam uxlolmay oʻtiribdi… Uning ham vijdoni qiynalayapti, ammo chorasiz… U ham inson. Oʻzi aytganidek, ota-onasi, oilasi boʻlishini, bir oilaning baxtiyor kelinchagi boʻlishni istaydi… Menga tekkanda-chi? Nima qilardik… Osmon yiroq, yer qattiq, deb shunga aytsalar kerak-da…”
– Dilmurod?
U seskanib ketdi, ammo buni sezdirmaslikka urindi. Xonasiga chiqdi-yu, doʻstiga “Yaxshi yotib tur” deb boshini koʻrpaga oʻrab oldi. Ancha vaqtgacha goh u tomonga-goh bu tomonga agʻdarildi. Oxiri joyidan turdi va yarim ochiq derazadan tashqariga qaradi. Oy botibdi…
U chuqur uh tortdi. Soʻng yulduzlarga tikildi va yana xayolga choʻmdi. Qalbiga bir ogʻriq, bir dard, bir hasrat indi. Beixtiyor tiliga soʻz quyilib kela boshladi…
Goʻdak edim
oynadek tiniq,
Buloq suvi misoli zilol.
Orzular ham emasdi siniq
Men goʻyoki sen edim – hilol…
Bilar edim,
o, oʻsha damlar
Maysa edim,
billuriy shabnam.
Qoʻnolmasdi koʻzimga namlar
Topar edim istasam malham.
Bugun esa qanotlar majruh,
Izlarimda tentirar armon.
Unsiz yigʻlar adashgan bir ruh,
Hislariga berolmay farmon.
Taqdirning zoʻr sinovimi bu,
Haqni koʻrib, holim boʻldi voy…
Tark etay der munisa tuygʻu,
Dogʻlaringni koʻrganimda, oy…
Kecha boshqa edim,
bugun men boshqa…
* * *
Nogoh Hamida Salomovaning qoʻl telefoni jiringlab qoldi. Gulbahorning boʻlajak qaynonasi telefon qilayotgan ekan…
Qisqa soʻrashuvdan soʻng Muqaddas opaning ularni kelishilgan goʻzallik salonida kutib turgani maʼlum boʻldi.
– Qani, qizlar, ketdik, – dedi Hamida opa. – Bizni salonda kutishayotgan ekan.
Gulbahor joyida turib qoldi.
– Guli, nimaga turib qolding? Ketdik…
Tarbiyachisining ovozidan qiz bir qalqib ketdi va eshikka yurdi. Binodan chiqib, ularni kutib turgan mashina tomon borarkan, hovli uning koʻzlariga fayzli, uni derazadan va yoʻlaklarda kuzatib qolayotgan yigit-qizlar juda qadrdon tuyulib ketdi…
Goʻzallik salonida Muqaddas opa ularni kutib turgan ekan. Gulbahorni ichkariga kiritib, pardozchi qizning qoʻliga topshirdi. Pardoz tugagach, unga atab xarid qilingan kelin libosi kiygizildi. Sochlari jingalak boʻlib, tiniq yuziga mayingina upa surilib, kipriklari uzun-uzun, qoshlari qayrilma, lablari olu, yuzlari gʻunchaga aylangan Gulbahorga kelin koʻylak shu qadar yarashdiki, oynaga qarab bundan oʻzi ham quvonib ketdi. Qiz husniga husn qoʻshilib, goʻyoki ertaklardagi malikaga aylanganidan bir sevingan boʻlsa, negadir yigʻlagisi ham keldi. Uni koʻrib, Hamida opa bilan dugonasi Nasibaning chehrasi yorishib ketdi. “Guli, judayam ochilib ketibsan!”, deya yuzlaridan oʻpib oldi. Boʻlajak qaynonasi esa quvonchidan yorilgudek edi.
– Voy… voy…, – dedi qayta-qayta. Soʻngra “Iloyim koʻz tegmasin!” deya yerga qarab turgan qizning peshonasidan oʻpib erkaladi. – Goʻzal qizim mening. Iloyim, hayotingiz ham shunday goʻzal boʻlsin…
– Guli, juda chiroyli kelin boʻlding, – dedi Hamida opa uni erkalab. – Rosti, senga havasim kelayapti.
–…
– Seni koʻrib, kelin boʻlgan vaqtlarim yodimga tushib ketdi.
– Opa, – dedi Gulbahor sekingina, – negadir juda hayajonlanayapman…
– Bunday boʻlishi tabiiy… – kuldi Hamida opa. – Axir toʻying boʻlayapti… Kelinlik shunisi bilan yoqimli… – jilmaydi Hamida opa. – Bugun senga hamma narsa yarashadi. Koʻnglim sezayapti, sen albatta baxtli boʻlasan…
Kelinchak tayyor boʻlgach, uni tashqariga olib chiqishdi. Eshik oldida oppoq “Limuzin” mashinasi, uning yonida ikkita barvasta yigit sigareta chekib turishardi.
“Kuyov mashinadamikin?” – Gulbahorning miyasida birdan shu oʻy kechdi.
Uni mashina tomon yetaklab borisharkan, yigitlar gʻimirlab qolishdi. Gulbahor qattiq hayajonda edi. Uning yonidagilar ham lom-mim deyishmas, barchaning nigohi mashinada boʻlib, ularni ham “Kuyov kim?” degan savol qiynardi. Bir vaqt yigitlar “Limuzin”ning orqa eshigini ochishdi. Shunda mashinadan qop-qora kostyum-shim kiygan, oʻrta boʻyli, yumaloq yuzli, ammo qarashlari xiyol oʻzgacha, nigohlarida ziyraklik va hadik balqib turgan kuyov yigit labiga oppoq dastroʻmolchani bosgancha tushib keldi. Avval oyisiga, soʻngra harir libosda lov-lov yonib turgan kelinchakka nigoh tashladi. Muqaddas opaning ishorasi bilan kelinchakka yaqin kelganida latif bir holat yuzaga keldi. Mashina yonida haydovchi bilan kuyovjoʻra, bu tomonda Hamida opa, Nasiba va jarayonni boshqarib turgan Muqaddas opa. Ulardan bir qadam oldinda bugun ilk bor bir-birlarini koʻrib turgan kelin-kuyov. Yigit hayajonda, qiz titroqda. Yigit toʻlqinlanar, qiz ikkilanar, yigit qizning goʻzalligidan sevinar, qizning aqli shoshar, yigit havolanar, qiz xavotirlanar… Yigit osmonlarda uchar, qiz koʻkda oy kabi kezardi…
Yigit unga yaqin kelganida Gulbahor hayajonlanganidan “Assalomu alaykum”, dedi, biroq buni na kuyov eshitdi, na oʻzi. Kuyov yigit unga yaqin keldi-da, tavozeʼ bilan qoʻlidagi guldastani tutdi. Qiz muhabbat tuhfasini olarkan, siniqqina jilmaydi. Shunda nigohlar toʻqnashdi va qalblarga uchqun tushdi. Goʻyoki qizning boshi aylanib ketgandek boʻldi va kinolarda, koʻcha-koʻylarda koʻrganidek ohista yigitning qoʻltigʻidan tutdi. Atrofda ularni kuzatib turganlar qiyqirib yuborishdi.
– Xudoga shukr… – dedi yigitning onasi xuddi yelkasidan ogʻir bir yukni tushirgandek.
Hamida Salomova esa astagina bosh irgʻab qoʻydi. U hozir nega Muqaddas opaning oʻzi yugurib-yelib yurganiga hayron boʻlar, kuyov yigitning opa-singillari, xolayu ammalari yoʻqmikan, degan oʻy miyasida gʻujgʻon aylanardi. U yana bir narsani – kuyov yigit faqatgina oyisining ishorasi bilan harakat qilayotganini ham ilgʻagandek boʻldi…
Kelin-kuyov “Limuzin”ga oʻtirishgach, ularning mashinasidan Nasiba bilan yana ikki yigit joy olishdi. Shundan soʻng Muqaddas opaning buyrugʻi bilan kelin-kuyov yoshlarning yangi taomiliga koʻra, shahar aylanishga va Ona haykali poyiga gul qoʻyishga ketishdi.
– Bizning bu yerdagi ishlarimiz boʻldi. Endi ZAGSga boramiz. Yoshlar oʻzlari shaharni aylanib kelaverishadi.
– Gul qoʻyish marosimida bizdan ham qizlar keladimi?
– Ha, ikkita mashina yuborganmiz. Oʻzi hozir qizlarni olib kelishgandir.
– Muqaddas opa, unda men ularning yonida boʻlganim yaxshi. Har holda… – Hamida opa boshqa gapirolmadi.
– Sizni tushundim, – dedi kuyovning onasi. – Mayli, unda qizlarning yonida boʻling, men sizlarni ZAGSda kutaman.
– Xoʻp.
Hamida opa oʻziga birkitilgan mashinaga oʻtirar ekan, Muqaddas opaning tadbirkorligiga qoyil qoldi. Nazarida bu ayol erkaklardek uddaburon va zukko edi. Biroq koʻzlarining tub-tubida qandaydir oʻkinch va iztirob ham borligi tarbiyachining ziyrak eʼtiboridan chetda qolmadi.
U mashinadan tushganida kelin-kuyov endi mashinadan tushib, motamsaro Ona haykali tomon borishar, yigit jim, qiz esa qattiq hayajon bilan bir-bir qadam tashlar, etagi sudralmasligi uchun unga yordam berib kelayotgan Nasibaga qarab-qarab qoʻyardi. Kuyov yigit qoʻltigʻidan tutib kelayotgan qizning titroqlarini sezib turar, biroq hech kimga gapirmas, biror nima demoqchi boʻlsa yonidagilarga bosh irgʻab yoki qosh qoqib ishora qilardi. Kuyov yigitning bunday xatti-harakatlarini Gulbahor andishaga yoʻyib, hech bir sinoat axtarmagan boʻlsa-da, Hamida opa kuyovning oʻzini tutishi va harakatlaridan “bu yigitda bir sir bor…” degan xulosaga keldi, ammo bu nima ekanligini anglolmadi.
Ona haykali poyiga gul qoʻyayotganda Gulbahorning koʻzlarida beixtiyor yosh qalqdi. Goʻyoki u qoʻlidagi guldastani ramziy haykal poyiga emas, xuddi oʻz onasi poyiga qoʻyayotgandek tuyulib ketdi… Buni kuzatib turgan Hamida opa “Bechoragina…” deb qoʻydi. Soʻng kelin-kuyov shaharning eng koʻzga koʻringan fotosalonlaridan biriga borib, suratga tushishdi. Shunda ham ular begonalardek, xuddi ming yillik adovatni ortmoqlab yurgandek oʻzaro gaplashishmadi. Soʻng “Baxt uyi”ga yoʻl olishdi.
Gulbahor ilk bor FXDYo tadbirida qatnashayotganligi, qolaversa, oʻzining toʻyi ekanligi uchun bu yerdagi rasmiyatchiliklarga eʼtibor bermadi, uyalibgina, labini tishlab turdi. Hamida opa esa bu yerda ham bir narsaga hayron boʻldi: mudira ularni tabriklab, rasman er-xotin deb eʼlon qilishga qildi-yu, FHDYo ichki qonun-qoidasiga koʻra, ulardan rozilik soʻrash oʻrniga ikki yoshning bir-birlariga nikoh uzuklarini taqishlariga ruxsat berib yubordi…
Hamida Salomova shunday jumboqli oʻylar ogʻushida mashinalar karvoni bilan “Mehribonlik uyi”ga keldi. Bu yerda tarbiyalanuvchilar qoʻllariga shar, gul koʻtarib, kelin-kuyovni kutib turishar, ular bugun juda shod, koʻzlari kulib turardi. Asosiy yoʻlakda esa “Mehribonlik uyi”ning doirachilar toʻgaragi aʼzolari doira bilan shay turishardi. Darvoza oldida “Limuzin”dan tushgan kelin-kuyov Muqaddas opaning ishorasi, doira “dumbur-dumbur”i bilan “Mehribonlik uyi” hovlisiga kirib kelishdi. Ikki yosh ichkaridagi manzarani koʻrib, hayratdan lol qolishdi. Xijolatda qolgan kuyov boshini yanada quyiroq egdi, kelinchak esa yoʻlakning ikki chetini toʻldirib turgan yigit-qizlar, bolajonlar tabassumini koʻrib, beixtiyor koʻzlariga yosh oldi. Ular orasida Dilmurodning ham boʻlishi yoki qayerdadir kuzatib turganini, mabodo uchrashib qolsa nima qilishini oʻylab titrab ketdi. Tarbiyalanuvchilar Gulbahorni oppoq libosda koʻrib, qattiq hayajonlanishar, koʻzlari quvnar, ayrim qizaloqlar esa yugurib kelib uning etagini ushlab koʻrishar, katta yoshdagilar unga havas bilan tikilar, xayolan samolarda kezib yurar, vaqtiki kelib oʻzlarini Gulbahordan-da baxtliroq his etgandek boʻlardi…
Kelin-kuyov turli nigohlar, baland-past boʻylar, kulgan chehralar va qotgan diydalar orasidan oʻtib, bino oldidagi ochiq maydongacha kelishdi. Bu yerda Ilyos Ikromovich boshliq oʻqituvchilar yigʻilib turishar, har birining nigohlaridan ikki yoshga nimadir tilak bildirmoqchi ekanligi shundoqqina sezilib turardi. Tarbiyachi ayollar Gulbahorni oʻpib, kuyov yigitning yelkasiga qoqib, ularni baxtli onlari, visol kunlari bilan qutlab, sokin hayot, baxtiyor turmush va yorqin kelajak tilashdi. Tabrik va qutlovlar tugagach Ilyos Ikromovich oʻrtaga chiqib, ikki yoshning roʻparasiga keldi.
– Azizlarim, oʻgʻil-qizlarim! – deya nutqini boshladi u. – Barchamiz bugun bir ajoyib voqeaning guvohi boʻlib turibmiz. Buning sababchilari, albatta, kuyovimiz Sherzodjon hamda qizimiz Gulbahoroylar. Men bu ikki yoshga uzoq umr, baxt-saodat tilayman. Ilohim, oʻgʻil-qizlari koʻp boʻlib, elimizga, yurtimizga xizmat qiladigan solih farzandlar boʻlishsin.
– Aytganingiz kelsin! – deyishdi atrofdagilar gulduros qarsaklar chalishib.
– Azizlarim, kimdir “Mehribonlik uyi” gʻam-gʻussaga botganlar makoni desa, ular adashgan boʻladi, – deya soʻzini davom ettirdi Ilyos Ikromovich, – Mana, bu yerdan nechta oʻgʻil-qiz mustaqil hayotga qadam qoʻyib, oʻz oʻrnini topib ketishdi. Ammo bizni bir armon doimo qiynab keladi. Bu ota-ona diydori… Tilagim, barcha bolalar ota-onasi bilan boʻlsin, ammo hayotda shunday beburd va nomard ota-onalar bor ekanki, sizu biz bu yerdamiz, davlat qaramogʻidamiz. Shunday ekan faqat olgʻa intilishimiz, ezgu niyat bilan oʻqishimiz, ishlashimiz kerak. Ana shunda hammasi yaxshi boʻladi. Mana shunday qizlardan biri, bilasizlar, Gulbahor edi. Bugun u shodlik va xurramlik libosida! Tilagim, vaqti kelib, barcha yigitlarimiz kuyov, qizlarimiz mana shunday goʻzal kelinchaklar boʻlishsin! Hammangizga baxt tilayman!
Direktorning gapidan soʻng hammalari qarsak chalib yuborishdi. Ammo kimlardir yuziga kaftini bosgancha yugurib, xonasiga chiqib ketdi, kimlardir koʻkka boqib, chuqur-chuqur nafas oldi, koʻpchilik esa aytilgan gaplarga ishondi. Gulbahorning toʻyini buning isboti deya kelin-kuyov atrofida qolishdi. Direktordan soʻng ikki-uchta tarbiyachi ham dil izhorlarini aytib, bu yerdagi yoshlarga baxt sari yoʻl olish faqat oʻzlarining qoʻlida ekanligi, har birining bunga haqqi borligini eʼtirof etishdi.
Shu vaqt atrofdagi bolalar orasidan bir qizaloq otilib chiqdi-da, xuddi darsdagidek oʻng qoʻlini koʻtardi.
– Gapirsam maylimi?
Hamma “yarq” etib unga qaradi.
– Mayli, gapir, qizim, – dedi Ilyos Ikromovich.
– Guli opa, – deya soʻz boshladi qizcha, – sizga havasim kelayapti. Judayam ochilib ketibsiz. Juda chiroyli kelinchak boʻlibsiz… – qizcha shu yerga kelganda atrofiga bir qarab oldi va boshini egdi. – Men ham sizday chiroyli kelinchak boʻlishni istayman, ammo mening ota-onam yoʻq… Ular meni tashlab ketishgan…
Shu vaqt tarbiyachilar orasidan badqovoq bir ayol yugurib oʻrtaga chiqdi-da, qizchaning bilagidan tutdi.
– Yur bu yoqqa! – deya uni sudrab chekkaga olib chiqdi. Qizcha oyoqlarini tirab, oʻzini orqaga tashladi:
– Guli opa! Meniyam olib keting! Guli opa…
– Tentakmisan, – tarbiyachi qizchani siltab tashladi. Keyin kaftlarini shapaloq qilib koʻrsatdi: – Oʻchir ovozingni! Boʻlmasa…
Qizcha jim boʻldi. Atrofdagilar bir tarbiyachiga, bir qizchaga qaradi. Uning moʻltirab turgan koʻzlariga qarab beixtiyor yangi kelgan damlarini, koʻnikish soatlarini esladi va qaroqlaridagi shodlik oʻrnini yana gʻussa egalladi… Noqulay vaziyat yuzaga kelganini darrov sezgan Muqaddas opa direktor yoniga oʻtdi-da:
– Endi barchangizni toʻyga taklif qilamiz, – dedi. – Ishchilaringizga ayting, darvoza oldida avtobus kutib turibdi…
Ilyos Ikromovich tarbiyachilarga guruhidagi eng namunali yigit-qizlarni toʻyga olib borishni tayinladi-da, oʻzi kelin-kuyov ketidan darvozagacha chiqib keldi. Ikki yosh mashinaga oʻtirayotgan chogʻi barcha otalar kabi koʻzlariga yosh oldi va “Limuzin”ning orqa eshigini ochdi. Soʻngra qaddini rostlab, qoʻllarini duoga ochdi:
– Qizim, ilohim, baxtli-saodatli boʻlgin. Bugundan baxt koshonasiga qadam qoʻyayapsan, ilohim, borgan xonadoning obod, fayzli boʻlib, uvali-juvali boʻlib yuringlar. Omin, Allohu akbar…
Kelin-kuyov oʻz mashinasiga oʻtirishgach, qolganlar ham mashinalar va avtobusga chiqa boshlashdi. Shu vaqt darvoza yonidagi chinorning bir shoxi qarsillab sindi va birovning qattiq chinqirgani eshitildi, biroq hovlidan tashqaridagilar bu chinqiriqni eshitishmadi, xush kayfiyat bilan toʻyxonaga yoʻl olishdi…
* * *
Shaharda oʻz obroʻ, eʼtibori, aytar soʻziga ega boʻlgan Murod Hikmatovich oʻgʻlining toʻyi uchun eng koʻzga koʻringan restoranni tanlagan edi. Toʻy yozgi bazmgohda boʻlib, mehmonlar ochiq havoda yayrab oʻtirishar, salqin shaboda yuzlarga urilib, ajib bir tarovat kasb etgandi. Toʻyxona toʻrida Murod Hikmatovichning ulfatlari, aniqrogʻi, biznes hamkorlari oʻtirishar, ikki yoshning baxti uchun qadah urishtirishar, bir-birlariga maʼnoli-maʼnoli qarab, “Murod – balo…” deb ham qoʻyishardi…
Boshqa stollarda ham asosan toʻy egasining yaqinlari, Muqaddas opaning urugʻ-aymogʻi, sobiq hamkasblari oʻtirishar edi. “Mehribonlik uyi”dan kelgan mehmonlar esa oʻrta yoʻlakning chap tomoniga joylashgandi.
Kelin-kuyovga qarama-qarshi tomonda xonandalar joylashgan boʻlib, shoʻx-shoʻx qoʻshiqlar bilan ikki yoshni qutlashar, ora-sira “birrov”ga kelib, bir juft-bir juftdan xonish qiluvchilarga ham navbat berilardi. Havo salqin, osmonda yulduzlar charaqlab turibdi, davrada xushkayfiyat hukmron, barcha shod. Mehmonlar guruh-guruh boʻlib raqs tushishar, galma-galdan soʻz olib, kelin-kuyovni tabriklashardi. Tabrik vaqtlari kelin-kuyov iymanibgina oʻrinlaridan turishar, Gulbahor egilib taʼzim qilar, qutlovchilarning sovgʻalarini qabul qilib, ularga shirin tabassum hadya etar, ammo ich-ichini bir shubha kemirib turardi. Baxt toʻyi boʻlayapti, ammo kuyovning qovogʻi ochilmaydi. Tabriklamoqchi boʻlganlarga tishining oqini bir koʻrsatib qoʻyadi-da, yana mum tishlab oʻtiradi. Ertalabdan beri Gulbahorga bir ogʻiz ham gapirgani yoʻq. Uning oʻrniga yonidagi kuyovjoʻra xizmatda. Nimadir qilish kerak boʻlsa, Gulbahorga aytadi, shu barobarida doʻstiga ham ishora qiladi, baʼzida biqiniga turtib ham qoʻyadi. Kuyov koʻzlarini bir nuqtaga tikkanicha jim oʻtiribdi, bir qarashda goʻyo bu toʻydan noroziga oʻxshaydi…
Gulbahor bazmda bir narsaga eʼtibor berdi: kuyov suratiga qaraganda ancha bosiq ekan. Hozir ham uning yaqinlari hadeganda ularning yaqiniga kelavermas, kelganlar ham qutlab, bosh barmoqlarini “mix” qilib koʻrsatishar, bu bilan “hammasi zoʻr” degandek boʻlishardi. Ayrimlari avaylabgina Gulbahorning qoʻlini siqib, “Baxtli boʻlinglar”, derdi. Shunday vaqtlarda ham kuyov yigit qovoqlarini ochmas, beruh jilmayib, bosh irgʻab qoʻyardi.
Toʻyda soʻz olib, ikki yoshni qutlashda tabrik soʻzlari koʻpincha kelin-kuyov qolib, Murod Hikmatovichga qaratildi. Nutq irod qiluvchilarning ayrimlari shunday akaxonlari borligidan gʻururlanib, taʼzim qilib qoʻyishdan ham oʻzlarini tiyisholmadi. Kelinning “maʼnaviy ota”si Ilyos Ikromovich soʻzga chiqqanida esa ikki yosh shaʼniga asl purmaʼno soʻzlar aytildi.
– Aziz mehmonlar, – deya soʻz boshladi u, – bugun barchamiz shu ikki yoshning visol – baxt oqshomiga guvoh boʻlib turibmiz. Ochigʻi, barchamiz, ayniqsa men bu kechaning ishtirokchisi boʻlib, bir narsaga amin boʻlib oʻtiribman. Azizlar, qaranglar, bugun yangi oy chiqibdi…
Mehmonlar dasturxondan boshlarini koʻtarib, tubsiz osmonda balqib turgan yangi oyga qarashdi. Kimdir soʻzlovchining bunga eʼtibor qilganidan hayratlangan boʻlsa, kimlardir mingʻillab “Buning nima aloqasi bor…” deyishdi.
– Bugun men bu yangi oyda baxt ishorasini koʻrdim, – deya soʻzini davom ettirdi Ilyos Ikromovich. – Bu ikki yoshning baxt-saodatidan nishona. Bu ramzni koʻrib, ochigʻi, behad sevindim. Azizlarim, Sherzodjon, Gulbahoroy, sizlarga yangi oy, yangi baxt ishorasi qutlugʻ boʻlsin! Gulbahor qizim, doim yuzing mana shu oydek yorugʻ, yoʻllaring ochiq, iqboling porloq boʻlsin! – Ilyos Ikromovich shunday deya borib avval Gulbahorning, soʻng kuyovning peshonasidan oʻpdi va: – Iloyim, baxtli boʻlinglar! – dedi.
Gulbahor direktorning gaplaridan sel boʻlib oʻtirgan ekan, beixtiyor yigʻlab yubordi.
– Qizim, yigʻlama, – deya ovutdi Ilyos Ikromovich. – Sen albatta baxtli boʻlasan!
Shundan soʻng Ilyos Ikromovich iymanib turgan kuyovga qaradi va uni ham bagʻriga bosib qutladi.
– Baxtli boʻlinglar! Gulbahor qizimni sizga topshirdim. Qanot juft boʻladi, uni asrang!
Kuyov goʻyo qaynotasi oldida turganday boshini xiyol koʻtardi-da, u kishining chaqnab turgan koʻzlariga qarab, sekingina bosh irgʻab qoʻydi. Shu vaqt koʻzlar, nigohlar toʻqnashdi. Kuyovning yuziga tikilib qolgan Ilyos Ikromovichning yuragi “shigʻ” etib ketdi.
– Sherzodjon? – dedi u ammo kuyov yigitdan sado boʻlmagach hozir ajablanishning vaqti emasligi uchun koʻngliga oralagan shubha bilan ortiga burildi. “Yo tavba, kuyovning qarashlari nega bunaqa? Yuz-koʻzi boshqacha… Shuncha gapirdim, bir ogʻiz rahmat ham deya olmaydimi? Yo… – Ilyos Ikromovich miyasiga urilgan oʻydan tovonigacha muzlab ketdi. – Nahotki kuyov gung boʻlsa?”
U ichidan zil ketganini hech kimga sezdirmay Sherzodjonga qayta-qayta qaradi. Gulbahorga ham sinovchan nigoh tashladi. Kelin jimgina, bosh egib oʻtirar, biroq xayollari parishon edi. Ilyos Ikromovich ularga qaragan sayin noxush oʻylar iskanjasida qola boshladi. Kuyov yigitning bosh koʻtarmasdan qobilgina turishi va hammaga qisqagina imo-ishora qilish bilan kifoyalanishi va uning oʻrniga kuyovjoʻraning tashabbuskorligini koʻrib, yana yuragi orqaga tortib ketdi…
“Shubham rostga oʻxshaydi, – dedi u oʻzicha. – Boshida Murod Hikmatovich Gulbahorga ogʻiz solganida ikkilangandim, ammo uning bu ishlari saxovatdan boshqa narsa deb oʻylamagandim. Nahotki saxovatining asosi jaholat boʻlsa?..”
Toʻy oxirlagan sayin Ilyos Ikromovichdagi oʻy boshqa tarbiyachilar, hatto ayrim tarbiyalanuvchilarga ham koʻcha boshladi. Ular ham kuyovga ajablanib-ajablanib qarashdi, ammo shubha ostida qolaverishdi: “Shunday boy, istagan joyga qoʻli yetadigan odam nega detdomdan kelin qildi? Bu savob yoki saxovat uchun emas-ov… Kuyov yigitning turishi, qarashlari besaranjom… Hech kimga gapirmaydi. Bir aybi boʻlmasa…”
Murod Hikmatovich bilan xotini toʻy davomida mehmonlarning stoliga birma-bir oʻtib, ularning qutlovlarini qabul qilishdi, ammo har lahzada yuraklarini hovuchlab turishdi. Kimdir oʻgʻli haqida, uning oʻzini gʻalati tutishi, gapirmayotgani haqida soʻz ochib qolsa, adoyi tamom boʻlishar, tagʻin hammasi kuyovjoʻralar va yaqinlariga tayinlab qoʻyilgandek ketayotganidan xursand ham edilar…
Nihoyat, toʻy tugadi. Shundagina toʻy egalari yengil nafas olishdi. Endi kelin-kuyovni goʻshangaga kuzatish kerak edi. Quda tomondan Hamida opaning bir oʻzi boradigan boʻldi. U kuyovning qarindoshlari bilan birga ketganligi uchun yoʻlda miq etmay bordi, ammo Murod Hikmatovichning uyi, yashash sharoitini koʻrib, ogʻzi ochildi. Koʻnglidagi shubha battar avj oldi. “Chindan ham shunday badavlat odamning detdomdan kelin qilishi saxovatpeshalikning oʻzi emas… Yigitda bir gap bor…”
Hamida opa kuyovning ammalari bilan mehmonxonada yotar ekan, barchasi tonggacha toʻlgʻonib chiqishdi, ammo kelin-kuyov haqida birining aytishga, boshqasining soʻrashga yuragi dov bermadi…
Azonda kelinning uyiga kiritilgan Hamida opa baxmal chimildiq ichida devorga suyangancha ojiz va magʻlub oʻtirgan Gulbahorni koʻrdi-yu, yuragi ortiga tortib ketdi.
– Guli? – dedi u kelinchakning yoniga oʻtirarkan. Biroq boshqa soʻz aytmoqqa tili bormay, uning yigʻidan shishgan koʻzlari va alamdan boʻgʻriqib ketgan yuziga tikilib qoldi. – Qizim, senga nima boʻldi?
Gulbahor javob berishni istamadi.
– Guli? – dedi Hamida opa yana. Gulbahor esa javob berish oʻrniga yuzini yashirib oldi.
– Qizim, nega bunday qilayapsan?
Gulbahor yana javob bermadi.
– Guli? Qizim…
Gulbahor sekin boshini koʻtardi-da, oʻksinib dedi:
– Keting!.. Hech kimni koʻrishni istamayman!..
– Bu nima deganing, qizim? – Hamida opa hayron boʻldi. Gulbahor bir muddat bosh koʻtarmay turdi, soʻng unga qarab:
– Oyi… – dedi-yu, uni quchoqlaganicha yigʻlab yubordi. – Oyijon, meni bu yerdan olib keting…
– Tinchlan, qizim, – titrab ketdi Hamida opa. – Senga nima boʻldi? Nega yigʻlayapsan oʻzi?
Gulbahor avvaliga javob berolmadi. Alam bilan boshini chayqadi. Soʻng hiqillay-hiqillay dedi:
– Oyijon, meni bu yerdan tezroq olib keting. Meni aldashdi…
– Nima? – Hamida opa qalqib ketdi. – Bu nima deganing?
– Yigit gung ekan… – Gulbahor shunday deya yana oʻkirib yigʻlab yubordi.
– Nima? – Hamida opaning boshiga gurzi bilan urilgandek boʻldi. – Gung ekan deysanmi?
Gulbahor “ha”, degandek bosh irgʻadi.
– Oyi, meni olib keting…
– Guli? – Hamida opa uning gapidan sapchib tushdi! – Nimalar deyapsan? Jinni boʻldingmi?
– Nima qilay? Meni aldashdi! Yetim deb bizni har narsaga roʻbaroʻ qilaverishadimi?
Qizning gapi Hamida opaning yurak-yuragidan oʻtib ketdi. Bir zum nima deyishini bilmasdan Gulbahorga tikilib turdi-da, sekin eshik tomon yurdi. U chiqib uy egalari bilan ochiqchasiga gaplashib olmoqchi, nega ularning qalbi bilan oʻynashayotganliklarini bilmoqchi, kerak boʻlsa, xoʻrlangan Gulbahorni olib ham ketmoqchi edi, ammo ostonaga bormasdan oʻylanib qoldi. Eshik oldida bir muddat tek qotdi-da, iziga qaytib, qizning boshini koʻksiga bosdi.
– Yigʻlama, qizim, yigʻlama. Bunday boʻlishini kim oʻylabdi deysan?
– Ilyos Ikromovich ham, siz ham meni aldadingiz…
– Guli, – dedi Hamida opa, – bu yerda aldangan birgina sen emas. Hatto Ilyos Ikromovich ham bu haqda hech narsa bilmagan.
– Direktor hammi?
– Ha… – Hamida opa beixtiyor koʻzlariga yosh oldi. Bundan ortiq xoʻrlanish boʻlmasligini bilgan tarbiyachi kelinchakning marjondek koʻzyoshlari oqayotgan yuziga qarab, ogʻir xoʻrsindi, ovutmoqchi boʻldi: – Qizim, hayotda hamma narsa boʻlishi mumkin. Sassiq deb burunni kesib tashlab boʻlmaydi… Nachora, bu ham bir qismat. Inson hech qachon qismatidan qochib qutulolmaydi. Peshonangda bor ekan, hammasiga koʻnikishga toʻgʻri keladi. Yana bir achchiq haqiqatni tan ol. Qizim, bu yerdan ketib qayerga ham borarding? Yana mehribonlik uyigami?
– Endi menga farqi yoʻq! Bundan koʻra oʻlganim yaxshi edi. Muhimi, shu yerdan ketsam boʻldi!
– Gulbahor? – dedi Hamida opa, – nonkoʻrlik qilma! Hech qayoqqa ketmaysan! Oʻzingni, kelajagingni desang, shu yerda qolasan! Tagʻin, biror jinnilik qilib oʻtirma. Yodingda boʻlsin, bu yerda hamma seni sevadi, hurmat qiladi…
– Menga hech narsa kerak emas! Hammasidan toʻyib ketdim!.. – Gulbahor battar oʻkirib yigʻladi. Tunda kuyovning erkalashlari va ming bir xijolat bilan gung ekanligini bildirgani koʻz oldiga kelib, yanada xoʻrligi keldi, ammo negadir jimib qoldi.
– Guli… – qizga qoʻshilib oʻzi-da aldangan Hamida opa oxiri “soʻnggi chora” deya pichirlabgina dedi: – Qizim, dunyo oʻzi bevafo, biri kam yaralgan. Kimdir beva, kimdir sagʻir, yana birovlar ota-onasi boʻlsa-da, ularning zugʻumidan yetimdan battar yashashadi. Kimdir nogiron, mehrga mushtoq, yana kimlardir boy-badavlat, ammo tirnoqqa zor. Birov har kungi xiyonatlardan bezor… Hayot oʻzi shunaqa. Biri kam… Qizim, shuning uchun qaygʻurma, yigʻi-sigʻingni bas qil. Hayot bugundan iborat emas. Har yomon kunning, albatta, yaxshisi ham boʻladi. Erim gung ekan deb koʻp kuyunma, giyohvand, piyonista, xiyonatkorlaridan Xudo asrasin. Tani-joni sogʻ, oʻzi kelishgan, xushsurat boʻlgani bilan har kuni ichib kelib, seni ursa yoki sendek goʻzal xotini boʻla turib, koʻnglida boshqasini asrab, u bilan uchrashib yursa, bunisidan Oʻzi asrasin. Bunga chidab boʻlmaydi… Eshityapsanmi, shuning uchun oʻkinma. Koʻrinib turibdi, Sherzodjon qobilgina yigit ekan, muhimi, u seni kaftida koʻtarib yuradi. Sherzodjondan boshqa farzandi boʻlmagan qaynona-qaynotang-ku, seni oʻz bolasidan ham afzal biladi. Mana senga baxt! Mana senga kelinlik va oila baxti. Inson uchun yana nima kerak?!
Gulbahor bu gaplarni eshitib, jimib qoldi. Oʻyga tolgancha bir nuqtaga tikilib turdi, chuqur xoʻrsindi. Uning taqdirga tan berishdan boshqa chorasi ham yoʻq edi. Bir kechada uning qovoqlari choʻkib, qalbidagi dard va alam koʻzlariga urib, chehrasini maʼyus etib qoʻygandi. Bugun qismat oldida yana ojiz qolgan qiz kambagʻalni tuyaning ustida ham it qopadi, qabilida boshiga tushgan koʻrgilikdan tishini tishiga qoʻyib oʻtirardi.
– Gulbahor, – dedi maslahat berishga-da vijdoni yoʻl qoʻymayotgan Hamida opa uning horgʻin va hayot quvonchlari soʻngan koʻzlariga tikilib. – Boʻldi, qizim, oʻzingni qoʻlga ol. Irodali boʻlishing kerak. Hademay qoʻni-qoʻshnilar, qarindoshlar yigʻilishadi. “Yuz ochar” oʻtkaziladi. Qaynonang barchaning oldida yuzingni ochtirib, kelin salom qildiradi. Tasavvur qilayapsanmi, kelinlik libosida qaynonang yonida turib, hayo va ibo bilan salom berish qanday yaxshi… Shuning uchun hozir chiqqin-da, yuz-qoʻlingni yuvib, oʻzingga qarab ol. Tagʻin hammaning oldida qaynonang ikkovimizni uyaltirib qoʻyma…
Gulbahor xayolga choʻmib oʻtirgan edi, kelin salomi haqida eshitib, sekin boshini koʻtardi. Hamida opa “Qaynonang ikkovimizni uyaltirib qoʻyma…” deganda eti jimirlab ketdi. Ich-ichidan bir toʻlqin kelib yuziga urilgandek duv qizardi. Soʻng oʻrnidan turdi-da, Hamida opa bilan chiqib, yuz-qoʻlini yuvib keldi va koʻzgu oldiga oʻtirdi.
Shu vaqt kuyovning ammasi kirib kelib, uzrxohgina tabassum qildi.
– Boʻlay deb qoldilaringizmi?
– Ha, hozir chiqamiz, – dedi Hamida opa. – Mehmonlar kelishdimi?
– Ha…
Hamida opa sezdiki, Gulbahor bilan hasratlashib, ancha vaqt oʻtib ketibdi.
– Mana, kelinlaringiz ham tayyor…
– Tuf, tuf, koʻz tegmasin… – amma kelinchakka havas bilan qarab qoʻydi. Soʻngra Hamida opa ikkalasi uning boshiga popukli zar doʻppi, egniga zarbof xalat kiydirishdi. Yuziga harir mato yopishdi, qoʻliga roʻmolcha tutib, Gulbahorni yetaklab chiqishdi. Hovliga chiqqanida Gulbahor qaynota dargohining bu qadar keng va dangʻillama ekanligini koʻrib, hayron boʻldi. Boy qaynota, boyvuchcha qaynona, dangʻillama hovli, qoʻsha-qoʻsha mashina va gung kuyov, yetim kelin…
Gulbahor ammayu tarbiyachisi yetovida hayajon va iztirobga toʻlib ayollar oʻtirgan xonaga kirib bordi. Ostonaga qadam qoʻyganida kelinlik uyi salobatidanmi yo ichkaridagi ayollar nigohidanmi, bir qalqib ketdi. Soʻng amma yordamida ostonadan sekingina oʻtib, uyni toʻldirib oʻtirganlarga tavoze bilan egilib-egilib salom berdi.
– Koʻp yashang, qizim…
– Ilohim baxtli boʻling.
– Doim shunday izzat-hurmatda boʻling.
– Qoʻshganingiz bilan qoʻsha qaring.
– Muqaddasxonga Xudo kelindan beribdi-ku, oyday-a? Ilohim koʻz tegmasin.
– Ota-onangizning xizmatini qilib yuring.
– Boʻladi qizim, boʻladi… Koʻp yashang…
Ichkarida, dasturxon atrofida toʻlib-toshib oʻtirgan xotinlar biri olib, biri qoʻyib tilak aytishdi.
* * *
“Mehribonlik uyi”ning hovlisida chap qoʻli gipslanib, bint bilan bogʻlangan Dilmurod sarosar kezar, goh darvoza yoniga borib, yoʻlga termular, goh gipslangan qoʻlini sogʻ qoʻli bilan avaylabgina ushlaganicha yoʻlak boʻylab asabiy yurar, hech qayerda qoʻnim topmasdi.
“Nega, nega?! – dedi u oʻziga oʻzi. – Nega shunchalar baxtsiz va omadsizman? Nahotki, biz uchun yorugʻ bir yoʻl, ochiq eshik yoʻq? Hayotda xuddi doim chipta ololmay poyezd eshigiga osilib yuradigan yoʻlovchilarga oʻxshaymiz. Nega hamisha orzularimiz armon boʻlib qolaveradi? Onamdan ayrilganim, dadamning bizdan voz kechgani yetmaganday, sevgilim, Gulim ham meni tashlab ketdi… – Dilmurod chuqur xoʻrsindi. – Balki u toʻgʻri qilgandir. Meni deganida ham, men unga nima qilib bera olardim… Ikki yorti bir butun boʻlarmidik, yoʻqmi?..”
Dilmurod hamon Hamida Salomovani kutardi. Toʻyga borganlarning “Gulining eri gungmi nima balo, bir ogʻiz ham gapirganini, birov bilan gaplashganini eshitmadik. Shu, kuyovdan bir oz shubhamiz bor… Boʻlmasa shunday boyvachcha odam oʻgʻliga shu yerdan kelin qilarmidi?..” deganlarini mulohaza qilarkan, sevgilisiga bir achinsa, bir undan ranjib ham qoʻyardi.
U endigina yotoqxona tomon ketmoqchi boʻlib turgandi, toʻsatdan doʻsti Ahror paydo boʻldi.
– Nima qilib oʻtiribsan? – dedi Ahror uning yoniga kelib. Soʻngra doʻstining yelkasiga qoʻlini qoʻydi: – Dilmurod, joningda qasding bormi? Bugun tuz totmading-a?
Dilmurod ogʻir xoʻrsindi:
– Qoʻyaver…
– Tentak boʻpsan, – dedi Ahror uning horgʻin koʻzlariga qarab. – Qadringga yetmagan qiz uchun motam tutishing gʻirt ahmoqlik.
– Sen nimaniyam bilarding… – doʻstiga yovqarash qildi u.
– Menga qara, – Ahror unga oʻgirildi. – Esingni yigʻib ol. Dilmurod, senday koʻp oʻqigan, fikri keng yigitning ishi emas bu! Sen bilan meni ota-onam tashlab ketganida bir qizning boshqaga erga tegib ketgani nima boʻpti?
Doʻstining gapi Dilmurodning miyasiga urdi. Yuzlari qizarib, boʻgʻziga nimadir tiqilgandek boʻldi.
– Haqsan, – dedi u, – ammo sen ham tushun. Yetdim deganda ayrilib qolish alam qiladi.
– Tushunaman, – Ahrorning lablari titrab, koʻzlari pirpirab ketdi. Soʻng doʻstining maʼyus koʻzlariga tikildi. – Sen muhabbatdan mazmun kutding, uning mehrli boqishlari, samimiyatiga asir boʻlding. Toʻgʻri, bu yerda hammamiz mehrga zormiz. Hech boʻlmasa ikki yorti bir butun boʻlishni istaymiz, ammo hayot kemasida bir pista poʻchogʻicha vaznimiz yoʻqligini ham unutma.
– Ahror… joʻrajon… – Dilmurod negadir boʻshashib gapirolmay qoldi.
– Dilmurod, – Ahrorning ham yuragi toʻlib ketdi. – Bu yerda hamma ota-onasi boʻlishini istaydi, hatto bir kunmas-bir kun ular kelib olib ketishlariga ham ishonadi, ammo umidlarimiz puch boʻlib qolayapti-ku? Oʻzing bilasan, armonlar insonni ulugʻ maqsadlarga, yoʻqchilik chora topishga undaydi. Sen yaxshi shoir, hatto, istasang, zoʻr xonandayam boʻlishing mumkin. Sen Guliga bogʻlanib qolganding, ammo hech narsa abadiy emas!
– Ahror… – Dilmurod tovonidan qulogʻigacha qizib, xoʻrsinganicha kaftlarini yuziga bosdi…
– Dilmurod, – dedi Ahror yelkalari titrayotgan doʻstiga qarab. – Boʻldi, mening ham yuragimni ezma…
– Meni tashlab ketgani uchun Gulbahorga hali pushaymon yediraman!
– Ahmoq boʻlma, – joyidan turib ketdi Ahror. – Pastkashlik qilma! Undan koʻra, bu yil oʻqishga kir, bilimingni, isteʼdodingni koʻrsat! Sen hali zoʻr shoir boʻlasan! Shunday asarlar yozginki, buni oʻqib sendan koʻra oʻsha gungni afzal bilgan Gulbahor bir umr pushaymon boʻlib yursin. Meni tushunayapsanmi?
Dilmurod sekin boshini koʻtardi. Doʻsti ayni uning koʻnglidagini aytayotgan edi…
– Yur, endi bir ovqatlanaylik, – dedi Ahror. – Senga ovqat oldirib qoʻyganman.
Ikki doʻst oʻrnidan turib, oshxona tomon yurdi. Oshpaz xotin Dilmurodni koʻrib kuldi.
– Dilmurod, koʻrinmaysan?
Oshpazning gapi unga “sevgingga aza tutib yuribsanmi?” deyayotgandek tuyuldi, lekin miq etmadi. Ovqatlanib, xonaga chiqishganida Ahrordan soʻradi:
– Bugun Hamida opani koʻrdingmi?
– Yoʻq. U kecha Guli bilan qolgandi… – deya “piq” etib kuldi. – Guvohlikka…
– Aljima-ye… – Dilmurod uni jerkib tashladi, soʻng boshini koʻrpaga oʻragancha yotib oldi.
– Qoʻl ogʻrimayaptimi?
– Yoʻq, – Dilmurod koʻrpa ostidan javob berdi.
– Dilmurod, – Ahror u tomonga oʻgirilib yotdi. – Toʻy kuni Gulini olib ketishayotganda toming ketib qoldi-ya? Daraxtdan tushib ketganingni eslasam bir kulgim keladi, bir achinib ketaman…
– Bas qil endi…
Ahror bir oz jim qarab turdi-da, dabdurustdan dedi:
– Birov gʻajib tashlagan suyakni qoʻlinggayam olmaysan-ku?! Uyam senga endi xuddi ana shunday.
Bu gapni eshitgan Dilmurodning ichida nimadir uzilgandek boʻldi, lekin javob bermadi. Allamahalgacha toʻlgʻonib yotdi. Soʻng iztiroblar ogʻushida xonasiga chiqdi-da, stolga oʻtirdi va oq qogʻozga dardlari bilan uygʻunlashgan tuygʻularini toʻka boshladi.
Kunlari bezovta, tunlari bedor,
Xayollar beqoʻnim, pajmurda, beruh.
Oʻzansiz daryoday boʻlib beqaror,
Mungʻayib bormoqda aftoda bir ruh.
Ozurda bu koʻngil – qaqragan sahro,
Jazira chekinar urganimda oh.
Hissiz ketayotir Yassaviy, Kubro,
Oshiq yuraklarga tavakkal hamroh.
Pardasin irgʻitdi gul yuzidan oy,
Latif oqshomlarda turfa xil ohang.
Gʻalvali bu dunyo bir karvonsaroy,
Hijron ajdahosi ishqqa solar chang.
Poyonsiz sahroda ufqlar olis,
Yolgʻizlik yukidan yelkalar yagʻir.
Mavhum manzil sari odimlar unsiz,
Umidu ilinjga suyangan faqir…
* * *
Shom kirdi. Ikki kundan beri keti uzilmayotgan mehmonlardan xoli qolgan hovli kechki salqindan ajib bir tarovat kasb etgan. Daraxtlarda qushlar chugʻurlaydi, kun boʻyi oshxona soyasida yotgan Olapar it xos soqchiday hovlini kezib yuribdi. Salqin tushishi bilan uy oldiga suv sepishni xush koʻradigan Sherzodjon bugun ham vodoprovodga shlang ulab, atrofga suv sepdi-yu, odatdagidek chorpoyada oyoq osiltirib oʻtirmasdan ichkariga kirib ketdi. “Yangam bilan bir-ikki kun qolaylik”, deya uy ishlariga yordam berib yurgan ikki qiz bilan oshxonada idish-tovoqlarni yuvib, endigina uyga oʻtib, qizlar bilan koʻzgu yonida bir oz turib, sirlashib qolgan Gulbahor ularning eʼtirofidan quvondi.
– Sochlaringiz uzun ekan. Shunday tashlab yursangiz oʻzingizga yarashib turarkan, – dedi qizlarning biri.
– Rahmat, – jilmaydi Gulbahor. Hozir bu xonadondagi eʼtibordan uning koʻngli togʻdek koʻtarilar, ammo koʻz oldiga eri kelishi bilan boshiga qush axlati tushib ketgandek xush kayfiyati ortga chekinar, negadir xoʻrligi kelardi. Shunday boʻlsa-da u odob yuzasidan ularni ham maqtab qoʻydi. – Sizam chiroyligina qiz ekansiz. Qoshingizning qop-qoraligini qarang.
– Uyaltirmang-ye… – qizcha lablarini choʻchchaytirib, qoshini kerdi.
– Balkim, sevganingiz ham bordir?
Sakkizinchi sinfda oʻqiydigan qiz duv qizarib ketdi va erkalik bilan dedi:
– Yanga-a?
Yangasiga mahliyo boʻlib turgan ikkinchi qiz kutilmaganda soʻradi:
– Yanga, yopinib koʻrsam maylimi?
– Mayli, – Gulbahor hozirgina boshidan olib, yostiqlar taxmoni ustiga tashlab qoʻygan harir yopinchiqni oldi. – Keling…
U avval boshidagi doʻppisini qizga kiydirdi, soʻng ustidan oppoq yopinchiqni yopdi. Ammaning qizi “Voy” deya ikkala kaftini chakkasiga bosdi. Gulbahor uni yetaklab koʻzgu qarshisiga olib bordi. Oynada qoshlariga oʻsma qoʻyilgan, loʻppi yuz, kipriklari uzun-uzun, ikki yonogʻi qip-qizil kelinchak turardi.
– Voy, oʻlay! – qiz harir yopinchiqning ikki chetidan tutib, oʻziga mahliyolikdanmi, xijolatdanmi yonginasida turgan yangasining orqasiga bekinib oldi.
– Yarashdi, – kuldi birinchi qiz.
– Sizniyam kelin qilsak boʻlarkan, – Gulbahor ham qizlarning quvonchiga sherik boʻldi.
Shu vaqt “gʻiyq” etib eshik ochildi va ostonada Muqaddas opa paydo boʻldi.
– Qizning koʻzi qizilda ekan-da, – kuldi u qizlarga qarab. Soʻng kelinining ular bilan dugonadek boʻlib ketganidan quvondi, ammo ich-ichidan bir nima “chirt” uzilgandek tuyuldi. U yopinchiq bilan doʻppini boshidan olishni ham, olmaslikni ham bilmay turgan qizning roʻparasiga keldi-da, uni oʻziga qaratdi. Soʻngra sekin yopinchiqni koʻtardi. – Oʻla qolgin-da sen…
Qiz shart burilib, uy toʻriga oʻtdi-da, boshidagilarni birin-ketin olib, yostiq taxmoni ustiga qoʻygach yugurib xonadan chiqib ketdi.
– Kechki ovqatni boshlayveraylikmi, oyi? – Gulbahor qaynonasiga yuzlandi.
– Mayli, qizim. Hademay, dadangiz ham ishdan kelib qoladi.
– Xoʻp, – Gulbahor doʻppisini kiyib, yopinchiq bilan eshik tomon yurdi. Ostonada turgan qizning bilagidan tutdi. – Ketdik…
Muqaddas opa kelinidan quvonib, ichida “Ilohim, koʻz tegmasin” deb qoʻydi. Qizlar oshxonaga oʻtib ketgach, mehmonxonada kompyuterda nimadir yozib oʻtirgan Sherzodjonning yoniga kirdi. Monitorga kirib ketgudek boʻlib oʻtirgan oʻgʻil onasining kirganini ham sezmadi.
– Sherzodjon, – dedi Muqaddas opa oʻgʻlining yelkasidan tutib. Oʻgʻil faylni yashirib, sekin yoniga oʻgirildi va oyisiga qarab, aybdorona jilmaydi.
“Ikki shomning oʻrtasida uyga kirib olmasdan tashqariga chiqsang-chi?” dedi Muqaddas opa oʻgʻliga imo-ishora qilib.
“Hozir kirdim oʻzi”, – javob berdi oʻgʻli.
“Bu oʻtirishing yaxshi emas. Hovliga chiq”.
Yigit kompyuterni oʻchirib, eshik tomon borgan edi, onasi bilagidan ushlab toʻxtatdi. Soʻng “Ha, oyi”, degandek savolomuz nigoh tashlagan oʻgʻliga imo qildi.
“Kayfiyat qalay? Yaxshimi?”
Yigit bosh irgʻab, siniqqina jilmaydi.
“Kelin xafa emasmi?”
“Hammasi joyida, lekin u kecha yana tuni bilan yigʻlab chiqdi. Shundan xijolatdaman…”
“Koʻngliga qara… Iloji boʻlsa shunday bir ish qilginki, oʻrtadagi xijolatlik yoʻqolib, bir-biringga iliqlik uygʻonsin… Axir Gulbahor shunga loyiq. Uning bu jasoratlariga munosib boʻl!”
“Toʻgʻri, – dedi Sherzodjon, – kecha bir narsani oʻyladim… Balki shuni qilarman?”
Muqaddas opa uning yelkasini siladi.
“Sen aqlli yigitsan, oʻgʻlim. Ishqilib, bizni uyaltirib qoʻyma…”
Sherzodjon tashqariga chiqib ketgach, ostonada uning ketidan tikilib qolgan onaning koʻzlariga yosh keldi. “Bu xoʻrliklar nima gunohim uchun-a, Xudoyim… Davlat bergan egam, yolgʻizgina farzandimizni ham sogʻ-salomat bersang boʻlmasmidi?”
Ular oila qurishgach hadeganda farzand koʻrisholmadi. Bu vaqt ichida ularning bormagan joyi, koʻrinmagan shifokori qolmadi, biroq sabr tagi oltin boʻlib, yettinchi yil deganda yuzlari yorugʻ boʻldi. Oʻtgan yillar mobaynida hech bir ishga qoʻli bormay yurgan Murod xotinining yukli boʻlganini eshitganda quvonchdan yer-koʻkka sigʻmay qoldi. Shundan keyin oʻz-oʻzidan tijorat ishlari ham yurishib ketdi, biroq jarrohlik yoʻli bilan tugʻilgan oʻgʻilning gung ekanligi maʼlum boʻlib qoldi. Yetti yil tishini-tishiga bosib yurgan Muqaddas bu koʻrgilikka chidolmadi, oqibat unga boshqa farzand koʻrish nasib etmadi. Ularning hayotdan koʻngli qoldi, ammo erining tijorat ishlari kundan-kunga gullab-yashnar, oʻgʻli boʻy yetgan sari er-xotinning vahimasi ortardi… Shu sabab Murod aka xayriya ishlarini ham qilib turar, shunday tadbirlarning birida Gulbahorni uchratib qolgandi. Oqibat bir oilaning toʻkis qizini baxtsiz qilishdan koʻra, shu koʻngli yarim qizni kelin qilishga tavakkal qilishgandi…
Yigit hovliga chiqib, daraxt tagiga qoʻyilgan chorpoyada oyoqlarini osiltirib oʻtirdi. Oshxonaga kirib-chiqib turgan xotiniga oʻgʻrincha koʻz tashladi, bir gal nigohlari toʻqnashib ketdi-yu, yuragi dukillab urib, vujudiga issiq bir harorat yugurdi. Xotinining koʻzlarini olib qochishi, duv qizarib ketishi va yana sekin oʻgirilib qarab qoʻyishidan beixtiyor jilmaydi. Soʻng xuddi necha yildan beri oʻylab yurgan-u, hech uchini topolmayotgan gʻoya miyasiga kelgandek uyga kirib ketdi. Oradan koʻp oʻtmay qoʻlida yumaloqlangan qogʻoz bilan chiqdi-yu, toʻgʻri mashinasiga borib oʻtirdi…
Sherzodjonning kun tartibi gʻalati. Hech qayerda ishlamaydi, biroq ota uni uy ishlariga masʼul qilib, mashina berib qoʻyibdi. U onasi mehmonga yoki magazinga chiqsa, birga boradi, dadasining haydovchisi bilan bozor qilib keladi. Ishi boʻlmasa, kompyuter oʻynaydi, kino koʻradi. Bir qarashda erkin, bir qarashda ixtiyorsiz yigit… Otasi unga imkon qadar masʼuliyatli ishlarni topshirmaslikka harakat qiladi, ammo u barchasining uddasidan chiqadi, birgina muammo muloqotda…
Kechki ovqat mahali odatdagidek xush kayfiyat bilan uyga kirib kelgan Murod Hikmatovich xonadonidagi holatni koʻrib quvondi. Xotinining kayfiyati chogʻ, kelinchak xizmat qilib yuribdi. U kiyimlarini almashtirib dasturxon boshiga kelib oʻtirarkan, kelinini zimdan kuzatdi. Gulbahorning iymanibgina salom berishi, taomlarni dasturxonga iymanibgina qoʻyishi, nim tabassumi, samimiyligi, ichdagi iztiroblarini yuzaga chiqarmasligidan koʻngli yumshab ketdi.
– Rahmat, koʻp yashang, qizim, – dedi u tavoze bilan choy uzatgan keliniga. Ammo ortiqcha bir soʻz aytishga tili bormadi.
Oila hovlidagi chorpoyada kechki ovqatni yeb, endi Gulbahor chiroyli kesib, did bilan likopga terib chiqqan tarvuzni oldilariga olishganida Sherzodjon yaltiroq qogʻozga oʻralgan bir ramkani olib oʻz uyiga oʻtib ketdi.
“Nima u?” – ishora qildi ota.
Oʻgʻil “A, qoʻyavering”, degandek ishora qildi. Zum oʻtmay qaytib chiqdi-da, dasturxon boshiga kelib oʻtirdi. Gulbahor eriga ham ovqat suzib keldi. U xotiniga qarab jilmaydi, ammo birdan koʻzlarini olib qochdi. Bu vaziyatni zimdan kuzatib turgan ota oʻksindi. Oʻzini unga nisbatan pastlik qilgan hayotda yanada pastkashlik qilgandek his etib, oʻrtandi… U butun oilasi bilan qattiq iztirobda, vijdon azobida ekanligini anglab turardi. “Shu qiz oilamizga va gung oʻgʻlimizga oʻzini baxshida etgan ekan, men ham uning orzulari ijobati uchun bir ish qilishim kerak… – Murod Hikmatovichning xayolidan shunday oʻy kechdi. – U iqtidorli qiz. Shunday qilsam, balki u uchun ham, oilamiz uchun ham toʻgʻri qilgan boʻlarman…”
Dasturxonga oʻqilgan fotihadan soʻng kelinchak bilan qizlar dasturxon yigʻishtirishga tushdi. Murod Hikmatovich televizor koʻrish uchun ichkari zalga kirdi. Izidan xotini. Sherzodjon esa oʻz uyiga kirib ketdi. Hovlini sukunat qopladi.
Gulbahor ishlarini bitirib, oʻz uyiga kirganida Sherzodjon televizor koʻrib oʻtirgan edi. Xotini kelgach, irgʻib oʻrnidan turdi-da, uning yoniga keldi. Gulbahorning ikki qoʻlidan tutib, koʻzlariga qaradi. Kelinchak uyalib duv qizardi.
“Senga bir ajoyib sovgʻam bor!”, – dedi u hayajon bilan ishora qilib.
Kelinchak yalt etib eriga qaradi. Sherzodjon uni “Elita” pardalari tutilgan deraza yoniga yetaklab kelib, “Koʻzlaringni yum”, deya ishora qildi. Kelinchak beixtiyor jilmaydi va koʻzlarini yumdi. Sherzod shitir-shitir qilib pardani ochdi va Gulbahorning chakkasiga qoʻl tekkizdi.
“Koʻzingni och!”
Ming bir hayajon va istihola bilan ixtiyorsiz koʻzlarini yumib turgan kelinchak kipriklarini koʻtarishi bilan deraza raxiga suyab qoʻyilgan ulkan ramkani koʻrdi-yu, quvonchdan yigʻlab yubordi. Borib suratni oldi. Uning qoʻlida “Mehribonlik uyi”da chizgan, tasavvurining qat-qatlarida va orzu, oʻy-xayollari qanotida olib yurilgan, ardoqlangan dadasi bilan oyijonisining uni qizgʻaldoqzor oralab yetaklab kelayotgan surati turardi.
Gulbahor suratga yuzini bosdi. Onasining yuzidan oʻpdi. Dadasining suratiga tikilib qoldi. Soʻngra yoniga oʻgirildi-da, erining yelkasiga bosh qoʻydi. Sherzodjon uning quvonishini kutgan boʻlsa-da, bunchalar baxtiyor boʻlishini tasavvur ham qilmagan edi. U quvonganidan Gulbahorni ohista quchogʻiga oldi va yuzidan oʻpdi. Kelinchak qaynoq taftli ogʻushdan chiqib ketishni istamas, erining bu sovgʻasidan fazolarda kezib yurar, yonidagi togʻini aslo qoʻyib yuborishni istamasdi…
Shu vaqt eshik ortidan qaynonaning “Ihi-ihi”, degan tovushi eshitildi, ammo kelin-kuyov buni sezmadi. Ular orzular va armonlar ummonida kezib yurishar, xonani esa isiriq xidi tutib ketgan edi…
* * *
Oradan yillar oʻtdi…
Dilmurod Qurbon saharda gʻalati tush koʻrdi. Choʻponota tepaliklari ustidan ot choptirib ketayotgan emish. Otining sagʻrisiga qoʻl yetmas, yollari uzun, yuganlari kumushdan, ayili ipakdan, egariga tilla suvlari yugurtirilgan emish. Oq tulpori yol silkitib yugurib borar, u esa goʻyoki fazolarga singib ketayotgandek boʻlarmish. Uning zavqi kelib, “Ha-aa!” deya otiga qamchi urmoqchi ekan, rostakamiga qoʻllari silkinib ketdimi, choʻchib uygʻondi.
– Yo, tavba, – dedi Dilmurod Qurbon joyidan turib. – Bu qanday tush boʻldi? Bu nimaga ishora?
Shu kunlarda uning barcha ishlari joyida edi, shu sababmi bugungi tushi nimadan darak ekanligini anglolmay joyidan turgach parishon boʻlib yuvindi va soatga qaradi. Ish boshlanishiga hali ancha vaqt bor edi. U deraza yonidagi kursiga oʻtirdi-da kitob oʻqishga tushdi. Chamasi ikki soatlar mutolaa bilan mashgʻul boʻlgach, nonushta qilib, yoʻlga chiqdi.
“Mehribonlik uyi”dan qatnab, kollejni, soʻngra ne-ne mashaqqatlar bilan institutni bitirgan Dilmurod iqtidoriyu oʻtkir qalami tufayli endi Dilmurod Qurbon nomi bilan ancha tanilib ham qolgan, faoliyatini esa gazeta tahririyatida davom ettirayotgandi. Bugun u navbatdagi maqolasini yozish maqsadida ertalab uyidan toʻgʻri “Bahor” oʻquv markaziga yoʻl oldi.
Dilmurod Qurbon oʻquv markaziga yetib kelganida oʻqituvchisi boshchiligida chugʻurlashganicha bino oldidan oʻtib ketishayotgan maktab oʻquvchilarini koʻrdi-yu, bolalik damlarini esladi. Shu kunlarga yetkazganiga shukr qilarkan, negadir koʻngli yumshab ketdi. Koʻz oldida “Mehribonlik uyi” hovlisi, maʼyus chehralar, qaroqlarida sogʻinch muhrlanib, yoʻlakka koʻz tika-tika diydasi qotgan yigit-qizlar jonlandi.
Yana Gulbahor yodiga tushdi. U ham mana shunday joylarda ishlashni, mohir tikuvchi, dizayner boʻlishni orzu qilardi… Hozir nima qilayapti ekan? Oʻsha boy qaynotasi hamma narsani toʻkin-sochin qilib, uni uy choʻrisiga aylantirganmikin? Yoki… oʻzi bilan oʻzi boʻlib ketganmi, bolalariga oʻralashib qolganmi, bilmaydi…
Dilmurod Qurbon shunday oʻylar bilan binoga kirgach, qaysi tomonga yurishni bilmay, turib qoldi. Soʻng uzun yoʻlakdan bir dasta qogʻoz koʻtarib kelayotgan qizni toʻxtatdi-da, direktor bilan uchrashmoqchi ekanligini aytdi.
– U kishining xonalari ikkinchi qavatda. Oʻng qoʻldagi birinchi eshik, – dedi qizcha tavoze bilan.
U yuqoriga koʻtarilib, qiz aytgan eshikdan ichkari kirdi. Kotiba qiz dik etib oʻrnidan turib, salom berdi. Dilmurod oʻzini tanishtirgach, kotiba “bir daqiqa” deya ichkariga kirib ketdi va zum oʻtmay qaytib chiqdi.
– Kiravering.
Dilmurod Qurbon “Assalomu alaykum. Mumkinmi?” deya eshikdan kirarkan xona toʻridagi katta stol ortida, oromkursida oʻtirgan va uni koʻrishi bilan sapchib oʻrnidan turgan oppoq yuzli, quralay koʻzli, har doimgidek kulgichlari oʻynab turgan, oʻsha charos koʻzlari munis boquvchi Gulbahorni koʻrdi-yu, koʻzlariga ishonmadi. Nigohlari toʻqnash kelishi bilan har ikkala vujud boʻylab issiq bir harorat yugurdi va yuraklarining tub-tubida ogʻriqli bir entikish paydo boʻldi. Ular beixtiyor bir-birlariga unsiz tikilib qolishdi…
– Guli? – dedi Dilmurod Qurbon hushini yigʻib olsa ham hayratini yashirolmasdan.
“Bahor” oʻquv markazi direktori ham goʻyoki es-hushini yoʻqotgandi. Bu ovozdan oʻziga keldi.
– Assalomu alaykum, – dedi beixtiyor. Soʻng birdan oʻzini oʻngladi. – Yaxshimisiz?
– Rahmat.
– Keling? – oʻquv markazi direktori uni stulga boshladi.
Yuzma-yuz boʻlib oʻtirishgach yana koʻzlar toʻqnashib ketdi-yu, ikkalasi ham jim boʻlib qolishdi. Nihoyat, oʻrtadagi sukunatni Dilmurod Qurbon buzdi:
– Tabriklayman, Gulbahor. Oxiri niyatingga yetibsan-da.
– Ha… – Gulbahor ogʻir tin oldi.
– Togʻ togʻ bilan uchrashmaydi, odam odam bilan uchrashadi, deganlari rost ekan-da, Gulbahor…
Dilmurod Qurbon shunday deya atrofga razm soldi. Xona keng va yorugʻ boʻlib, rahbarlar xonasini eslatar, faqat toʻgʻrida, koʻzga tashlanib turadigan, qizgʻaldoqzor oralab qizchasi qoʻllaridan tutib kelayotgan ota-ona surati xonaga oʻzgacha ruh bagʻishlab turardi.
– Bu oʻsha suratmi? – dedi suhbatni nimadan boshlashni bilmay qolgan Dilmurod Qurbon katta ramkada osigʻliq rasmga ishora qilib.
– Ha, – bosh irgʻadi Gulbahor. – Bu suratdan yana bir dona uyimda ham bor. Bu menga har daqiqa ota-ona muqaddasligini eslatib turadi.
– Gulbahor, – dedi Dilmurod Qurbon oʻrni kelganini his etib. – Nooʻrin boʻlsa-da, bir narsani soʻray…
– Mayli, – Gulbahor hozir u sevgidan gap ochadi, deb oʻyladi.
– Ota-onang topilmadimi?
Gulbahor bir muddat jimib qoldi. Soʻngra maʼyusgina javob berdi.
– Koʻp surishtirdik, ammo topolmadik…
Shu vaqt kotiba qiz ularning oldiga choy va shirinlik qoʻyib chiqib ketdi.
– Shunaqa gaplar, – dedi Gulbahor ogʻir tin olib. Soʻngra Dilmurodga choy uzatarkan, unga uzrxohlik bilan qaradi-yu, soʻradi: – Siz-chi? Siz dadangizni, yaqinlaringizni topdingizmi?
Dilmurod Qurbon javob berish oʻrniga bosh chayqadi.
– Bilasan, avvallari dadamdan nafratlanardim, ammo endi ota-onani tanlab boʻlmasligini, ularning borligi inson uchun qanchalik baxt ekanligini yanayam chuqurroq tushunib yetayapman. Men yaqinlarimni topdim, aniqrogʻi, xolam meni topdi. Dadamdan esa darak yoʻq, hech kim hech narsa bilmaydi. Buvim vafot etibdi. Togʻamlar oʻzlari bilan oʻzlari boʻlib ketishgan. Xolam ham. Ular menga mehribon, yordamlarini ayashmaydi, ammo hech biri onam boʻlolmaydi-da…
Oraga gʻalati sukunat choʻkdi.
– Bor umidim Xudodan, – dedi bir payt Dilmurod. – Hayotda anglaganim shu boʻldiki, inson doim intilib, kerak boʻlsa, qasdma-qasdiga yashashi kerak ekan…
– Toʻgʻri, – tasdiqladi Gulbahor ham. – Sizni televizordan koʻp koʻrsatishadi. Nazarimda hayotda toʻgʻri yoʻlni tanladingiz…
Gapning qayoqqa ketayotganini har ikkisi sezdi va jimib qolishdi. Piyolalardagi choy sovidi. Shunda Dilmurod Qurbon yurak yutib soʻradi.
– Gulbahor… – dedi u ehtiyotkorlik bilan: – Ishlaring joyida ekanligi koʻrinib turibdi, turmushing-chi?..
Gulbahor bir muddat oʻylanib qoldi, asabiylashdimi, barmoqlarini qisirlata boshladi.
– Bir qarashda hayotimdan mamnunman. Balki baxtli hamdirman. Negaki, shirindan-shakar ikki farzandim, bir oʻgʻlim, bir qizim bor. Turmush oʻrtogʻim yonimda, qaynotam, qaynonam izzatimni joyiga qoʻyishadi. Tagʻin oʻtmishimdan ham koʻz yumib ketolmayman. Bu dard doim ikki yelkamdan bosib turadi. Oʻsha kunlarni eslasam ezilib ketaman.
– Bolalaring yaxshimi? – Dilmurod Qurbon “Ular dadasiga tortmaganmi?” demoqchi edi, andisha qildi.
– Xudoga shukr. Avvaliga juda-juda qoʻrqqandim, ammo Yaratganning dargohi keng ekan. Bolalarim soppa-sogʻ, benuqson.
– Ammo ering… – Dilmurod Qurbon oʻzini arang toʻxtatib qoldi. – Kechirasan…
– Hechqisi yoʻq. Allohning irodasini bandadan yashirish gunoh. Erim nuqson bilan tugʻilgan, lekin u bugun yonimdagi ishongan togʻim…
– Gulbahor, oʻrni kelganda, soʻray, – dedi Dilmurod Qurbon, – Eringning shundayligini oldin bilarmiding?
– Yoʻq… – Gulbahor shunday dedi-yu, duv qizarib, koʻzlari pirpirab ketdi. – Buni hatto toʻy kuni ham bilmagandim…
– Qanday qilib gaplashayapsan?
– Avvaliga qiyin boʻldi, hech narsaga tushunmasdim. Bu men uchun oʻlganning ustidan tepgandek edi. Hatto boshida erim bilan xat orqali ham gaplashganmiz. U kishi har tong yostigʻim tagiga xat tashlab qoʻyardi… Unda “Sening boringga shukr. Sen hayotimga mazmun olib kelding…” degan soʻzlar boʻlardi. Asta-sekin imo-ishoralar bilan gaplashishni ham oʻrgandim. Inson xohlasa, xohish boʻlsa, hamma narsaning uddasidan chiqarkan…
– Uni yaxshi koʻrasanmi?
– Ahmoqona savol berayapsiz, – dedi Gulbahor. – Bilaman, yuragimda armon bor, ammo u bolalarimning otasi…
– Uzr, nooʻrin gapirib qoʻydim, – dedi Dilmurod Qurbon. Soʻng unga tikilib turib dedi: – Gulbahor, meni bir narsa qiynaydi. Qiziq, unga qanday koʻnikib ketding? Shuni oʻylasam, u xonadonga qanday moslashib ketganingga hayron qolaman.
Gulbahor uning armonli sevgisiga ishora qilayotganini sezdi va mavzuni oʻzi anglab yetgan haqiqatlarga burib yubordi.
– Dilmurod aka, oʻzingiz yaxshi bilasiz, hayotdagi ojizlik ikkovimizni ham xuddi dengizga tushib qolgan pista poʻchogʻidek ikki yoqqa irgʻitib yubordi. Siz onangizni koʻrgansiz, bir oz boʻlsa-da mehridan bahramand boʻlgansiz. Dunyoda ona mehridan yoqimli, ona mehriday betakror moʻjiza yoʻq ekan. Men buni kelin boʻlib tushgach tushundim. Qaynonam menga onam oʻrnida ona boʻldilar va mehr berdilar. Men u kishi uchun kelin emas, qiz edim. Qayda boʻlsa, qayga borsa, yonida olib yurardi. Meni u xonadonga ipsiz bogʻlab qoʻygan kuch mehr boʻldi. Ha, ona mehri boʻldi. Soʻng farzandlarim…
Bunday javobni kutmagan Dilmurod Qurbon uning soʻzlaridan hayotidan mamnunligini uqdi. Koʻnglida armonlar xuruj qilib tursa-da, “Bundan juda xursandman”, deb qoʻydi.
– Men esa sizni koʻrganimdan… – bu soʻzni Gulbahor beixtiyor aytib yubordi. – Oʻqishni bitirganingizni, ikkita kitobingiz chiqqanini bilaman. Hamma sheʼrlaringizni oʻqiganman, – u shunday deya gapining isboti uchun gʻaladonidan uning toʻplamlarini chiqarib, stol ustiga qoʻydi.
– Rahmat… – Dilmurod Qurbon uning koʻzlariga tikilib turib, titrab ketdi. – Demak, sen…
Gulbahor uni gapirtirmadi:
– Sizga omad tilayman!
– Rahmat…
– Dilmurod aka, uylandingizmi? – soʻradi Gulbahor kutilmaganda.
– Yoʻq.
– Nega?
Dilmurod Qurbon nima deb javob berishni bilmay, derazadan tashqariga qaradi. Koʻz oldiga yosh hamkasbi, shoira qiz keldi, ammo hali oʻzi ham toʻla ishonch hosil etmagan tuygʻu haqida gapirishni istamadi.
– Dilmurod aka, – dedi Gulbahor uning javob berishni istamayotganini sezib. – Sizga bir gapni aytaymi?
– Xoʻsh?
– Oʻtgan yillar davomida shu narsani anglab yetdimki, armonlar insonga kuch berarkan, yaxshi kunlarga intilib yashashga majbur qilarkan.
– Toʻgʻri, – bosh chayqadi Dilmurod Qurbon. – Esingdami, biz qanotsiz qushlarga oʻxshaymiz, derdim, ammo baribir uchishimiz kerakligi haqida oʻylardik.
– Ha… biz qanotsiz uchgan qushlarmiz…
– Bizni uchirgan kuch armon boʻldi. Sogʻinch diydamizni qotirdi, biz esa doim yaxshilikni sogʻinib yashadik. Yoʻqlik va judolik yoʻllarimizga gʻov boʻldi, shunga qaramasdan kelajakka ishondik. Kelajakka esa har qaysimiz oʻz yoʻlimizdan ketdik. Koʻrpamizga qarab oyoq uzatishga majbur boʻldik. Balki shuning uchundir, parvozlarimiz gʻayrioddiy boʻldi…
Oraga jimlik choʻkdi, suhbatdoshlar bir nuqtaga tikilishib qolishdi.
– Guli, – dedi Dilmurod Qurbon kutilmaganda. – Seni koʻrib, rosti quvondim, suhbatlashib, ancha yengil tortdim. Oradan shuncha yil oʻtibdi-yu, biror marta uchrashmaganimizni qara. Aslida men bu yerga “Bahor” haqida maqola tayyorlash uchun kelgandim. Gap bilan boʻlib, nega kelganimni ham unutay debman.
Har ikkisini bir iztirob ezib turar, ammo sezdirmaslikka urinishardi…
– Qizlarga aytaman, sizga kerakli maʼlumotlarni berishadi.
– Yaxshi… – bosh chayqadi Dilmurod Qurbon. U direktor yordamchisi kerakli maʼlumotlarni yigʻib kelgunicha Gulbahor bilan gaplashib oʻtirdi, ammo suhbatlari “Mehribonlik uyi” hovlisidagidek erkin boʻlmadi, qulfi dillarini ochisholmadi.
– Endi men boray, – dedi Dilmurod Qurbon oʻrnidan turib. Ostonaga qarab yura boshlagan edi, orqadan Gulbahorning hazin ovozi eshitildi.
– Dilmurod aka…
Dilmurod Qurbon oʻgirilib qaraganida, Gulbahor negadir qizarib, nimadir demoqqa ogʻiz juftlab turardi.
– Meni kechiring…
Bu soʻz bitayotgan yarani qayta tirnagandek boʻldi. Goʻyo yeru koʻk larzaga kelib, Dilmurod Qurbonning aʼzoyi badani titrab ketdi va yana Gulbahorga tikilib qoldi. U hozir hech narsani eshitmas, Gulbahordan boshqani koʻrmas, shuurini tuman qoplagandek edi.
– Guli, sen ham kechir… – dedi. Soʻng allanechuk yengil tortdi: – Xayr…
– Yaxshi boring. Oʻzingizni asrang…
– Sen ham…
Dilmurod Qurbonning eshik tutqichini ushlagach qoʻllari qotib qolgandek boʻldi, boʻgʻziga nimadir tiqildi. U yana ketiga oʻgirilib, Gulbahorga qaradi, ammo ortiq soʻz aytmoqqa holi boʻlmay ostona hatladi…
U oʻzini unutib, orzular va armonlar iskanjasida hech kim taqdir izmidan qochib ketolmasligi, buni oʻzgartmoqqa bandasi ojiz ekanligi haqida oʻylab odimlarkan, yuragi toʻkilayotgan esa-da, ruhi tetiklashilib borayotgandi…
Xoliyor SAFAROV
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 7–8-sonlar
https://saviya.uz/ijod/nasr/qanotsiz-qushlar/