Men bu yoʻldan har kuni ikki marta oʻta man: ertalab va kechqurun. Ertalab ham, kechqurun ham oʻtayotganda goʻyoki sarobga duch kelgandek, yoʻq, boshqa yurtga tushib qolgandek, bunday ham emas – xuddi oradan shuncha fursat kechmagandek, zamon orqaga ketgandek tuyulib, lolu hayron boʻlaman. Tavba, deyman, boshqalar ham buni biladimi yoki faqat mening koʻzimga shunday koʻrinyaptimi? Boʻlmasa, nega hech kim hech narsa demaydi? Nega hech kim qoʻrqmaydi? Bu yerda bir sir bor-ov. Yoʻlning ikki tomonida-ya, kuppa-kunduzi! Ketayotib avval oʻng tarafga qarayman: ha, turibdi. Kechagidek, tunov kungidek. Shundoqqina koʻchaning yoqaginasida. Yonma-yon. Ikki qariya. Ikki soqoldor. Odamzodning mol-mulkigagina emas, joniga ham ega chiqqan ikki zot. Dunyoni buzgan ikki dohiy! Xayriyatki, bor boʻy-basti bilan emas – yarim beldan pasti yoʻq. Byust deydilar buni, sandiqdek keladigan toshhaykal. Tilimizda monandi yoʻq – musulmon qavm odam bolasining belidan kesib, tomoshaga qoʻymaydi.
Bunisi hali holva. Ana endi koʻzingizni chirt yumib oʻngacha sanaysiz-da, chap tarafga qaraysiz. Ha, tush koʻrayotganingiz aniq. Chunki oʻngingizda bunaqasi boʻlmaydi. Yana oʻsha ikki qariya! Bu gal endi bor boʻyi bilan turibdi. Nihoyatda ulkan. Odam bolasi bunchalik bahaybat boʻlmas. Bular odam qavmidan emas-da, dev, ikki dev! Ikkovining ham vajohati chatoq, bir-biriga maslahat solayotgandek. Bamisoli hoziroq maslahatlari bitib, kapital dunyosini agʻdar-toʻntar qilib tashlaydigandek!
Bora-bora bu manzaralar menga ermak boʻlib qoldi. Oʻtganda ham qarayman, qaytganda ham. Va har gal taajjub bilan “Bu yoʻldan mendan boshqa odam oʻtmasmikan? Kattalar-chi? Amaldorlar-chi? Nahotki, koʻrmasa, indamasa?!” degan oʻylar kechadi koʻngildan. Lekin birovga miq etolmayman. Kimga aytaman, nima deb aytaman? Oʻtgan-qaytgan barcha oʻzi koʻrib-bilib yurgandir? Hech kim indamayaptimi, demak, bunda bir sir bor, bir sir!
Darvoqe, aytib ham koʻrganman. Mana shu “oʻlmas kommunizm manzili”dan oʻtayotib. Tushunmagan kabi uchalasi ham yelka qisib qoʻygan: Shohruh ham, Shuhrat ham, Shavkat ham. Ularga nima – uchovi ham shopir, chambarak aylantirishdan boshqasi bilan ishi yoʻq. Mana, bugun arzanda mehmonga xizmat qilmoq navbati, tamom. Aslida, xolavachchalarim, lekin yoshim katta, oʻzim oʻqigan, baobroʻ, har hafta televizorda koʻrinib, sayrab turishim uchun ularni “jiyan” deb atayman. Ular shunisiga ham xursand, kimsan – boʻlajak deputatni moshinalariga solib yurishibdi! Xolavachchaligu togʻa-jiyanlik oʻz yoʻliga. Uchalasiyam boʻydoq, saylovchilar bilan uchrashuvlarda men chiqib lof urayotgan chogʻda bular bitta-yarim suluvroq qiz bilan koʻz urishtirib turadi; “Qara, men qandoq gapdon bilan yuribman! Ertaga deputatlikka saylansa, senga sovchilikka mana shuni joʻnataman. Qalay, boʻladimi?”
Nachora, oʻzim tugʻilib oʻsgan joylar qolib nomzodim qoʻshni tumandan koʻrsatilgan. Begona el, notanish manzillar. Peshonasining yozigʻi bilan bir zamonlar shu yerlarga tushib ketgan xolamning aytishicha, tuman ahlining yarmi – raqibim taraf, raqibimning odamlari. Ruhim tushib ketganini koʻrib, “Baribir sen oʻtasan, oʻlay senga, Toshkentlardan kelgansan, televizorlarda chiqqansan! – deydi xolam bechora kuyib-pishib. – U – nima, puli koʻp boʻlgani bilan oddiy paxta zovutning direktori-da!”
Xolamning uyi tumanning uzoq bir chek kasida. Har kuni oʻsha yoqdan qatnayman. Toʻgʻri, Toshkentdan kelgan nomzod sifatida menga tuman markazidan joy taklif qilingan, ammo xolam qoʻymagan: “Raqibing oʻlguday puldor, oʻlayjon. Puldorning qoʻlidan har ish keladi”. Shunday deya mehribon xolam koʻpdan beri odam kirmagan hayhotdek mehmonxonasini boʻshatib berib, uch oʻgʻlini menga navbatma-navbat xizmatga qoʻygan.
Uchalasiyam “gung-soqov”: na Marksni eshitgan, na Engelsni. Tagida mashina boʻlsa, aylantirmoqqa chambarak boʻlsa, bas!
Har gal “oʻlmas kommunizm haykalzori”dan oʻtayotib oʻzimcha oʻylayman: “Dohiylar qiron qilinganiga koʻp yil boʻldi, mana shunday bitta-yarimta qolgani Oʻzbekistonda boshqa bormikan?” Bor! Oʻzim koʻrganman. Poytaxt Toshkentda. Ulfatlar bilan boradigan choyxonamizning yonboshida. Mahalla idorasining oldidagi choqqina gulzor oʻrtasida. Baland-past gul butalari aro koʻrinib-koʻrinmay turadi. Oʻziyam moʻjazgina, yosh boladek keladi. Lenincha!
Mahalla oqsoqoli sobiq kommunist, eʼtiqodida qatʼiy bir battol boʻlsa kerak. Boʻlmasa, choyxonapalov bahona qanchadan-qancha odam keladi! Orasida kimlar yoʻq deysiz! Bundan chiqadiki, shirakayflikda hech kim yo ahamiyat berib qaramaydi, yo koʻrsa ham kulibgina qoʻyadi, yoki… koʻnglining tub-tubida zaif bir nima miltillarmikan: shoyad, zora, ehtimol…
Olis togʻ tumanida bundan qirq yillar burun koʻrganim manzara koʻz oldimga keladi.
Jamol joʻramning otasi Hafiz choʻloq yaznamiz tuman markazidagi Chorbogʻ atalmish istirohat bogʻida rohatijon sotardi. Rohatijon deganlari bir parcha muzning ustiga shinni quyib, jajji likopchaga solib beriladi. Muzqaymoq oʻrniga. Qip-qizil, muzdakkina, yozda maza – shuning uchun rohatijon! Oʻsha kezlar xolodilnigu sovutgich degan matohlar yoʻq ekan-da, Hafiz yazna erta bahorda eshak minib toqqa borar, xurjunining ikkala koʻzini terskay oʻngirlarda toʻngib qolgan muzga toʻldirib qaytardi. Uni ariq boʻyidagi keksa tollar soya solgan chuqur xandaqqa koʻmib saqlar, yoz yaqinlashgach, Chorboqqa kiraverishda qoʻnqaygan qizil budkachada oʻtirib bizga oʻxshagan shirintomoq bola-baqraga pullar edi. Bir oyoqsiz choʻloq holida! Egnida choʻntak atroflari kirlangan kalta oq xalat, sogʻ oyogʻida hakkalagancha goh muzli xumga ergashib, goh peshtaxta chetidagi likopchalarga uzalib zumda rohatijon yasab berishlariga qoyil qolardingiz. Serzarda odam. Hazilkashligi ham bor. Koʻzlarini chaqchaytirib, shopmoʻylovini dikkaytirib doʻq urganida ham bilolmaysiz – hazil qilyaptimi, jahl qilyaptimi. Ammo rostakam jahli chiqqanda qoʻltiqtayogʻini otib baqiradi: “Men bu oyoqni urushda tashlab kelganman!” Muloyim chogʻlarida men bolalarcha soddalik bilan soʻrayman: “Yazna, nega oyogʻingizni tashlab kelgansiz?” Bir lahza oʻqrayib turadiyu favqulodda bir erinchoqlik bilan javob qiladi: “Enagʻar Stalinga kerak ekan…”
Qizil budkacha, qip-qizil rohatijon bizning bolalik xumorimiz, ermagimiz edi. Uyimiz markazdan nariroqda, hadeb u yoqqa doriyvermas edik. Borsak, rohatijon yemoqqa borar, boshqasi bizni qiziqtirmas edi. Jamol yolgʻiz oʻgʻil, erkatoy, Chorboqqa u bilan borsangiz, rohatijonga toʻyib qaytardingiz. Tajangfeʼl ota arzandasiga qolganda birdan erib ketar, jajji likopchada emas, kattaroq idishga qip-qizil moʻjizani uyub oldimizga qoʻyar edi. Shu ishni uyda qilsayam boʻlardi-yu, bu yerda zavqi, mazasi boʻlakcha-da.
Lekin oʻsha safar rohatijon yeganimiz esimda yoʻq. Boqqa kirsak – qizil budkacha yopiq, peshayvoni tushirib qoʻyilgan ekan. Yon-verida ham hech kim koʻrinmaydi. Bogʻ ichkarisidan boʻgʻiq olagʻovur eshitilar, chamasi, hamma oʻsha yoqda edi.
Tumanning qoq oʻrtasidagi bu manzil chorboq – toʻrtta bogʻ desa degulik edi. Toʻrt tarafi soya-salqin daraxtzor. Katta koʻcha boʻyidagi madaniyat uyida kino ham qoʻyiladi, bogʻning etagida ham kinoxona – yozgisi. Kirgan joyda gavjum choyxona, soʻri-chorpoyalar. Uncha-muncha sayilu tantanalar shu yerda oʻtadi.
Bogʻning har-har joyida odamlar gʻuj boʻlib, allanechuk hadik bilan pisib turardi. Barchaning koʻzi bir yoqda – oʻrtada. U yerda nimadir mudhish bir ish boʻlayotir. Qoʻltiqtayoqli Hafiz yazna ham turgan toʻdani topib, Kamol ikkimiz suqildik. Hamma qarayotgan tarafda odam boʻyi barobar aylana qirqma butazor boʻlib, uning qoq markazida kattadan-katta bir odamning simobrang haykali bor edi. May bayramlarida otam bilan sayilga kelganimda koʻp koʻrganman. Girdidagi butazor baland va qalinligidan uni bor boʻyi koʻrib boʻlmas, uzoqroqqa borib qaragandagina uzun shinel kiygan azamat yelkalar, boʻrtiq moʻylov va mashhur furajka namoyon boʻlar edi.
Hozir kimningdir biqinidan moʻralab oʻsha yoqqa boqarkanman, birdan sezdim: haykal joyida yoʻq!
Hamma shunga qaramoqda, hamma shunga hayron edi, chamasi.
Quyuq butalar orasidan avval Turdash sirrining kuchanishdan bujmaygan basharasi koʻrindi. Izdihom bir zum sergak tortdi: goʻyoki oʻrtadagi haykal qotib turgan joyidan asta tushib, butazorni yorib chiqib kelmoqda edi! Askariy shinel ham oʻsha-oʻsha, furajka ham oʻsha-oʻsha, moʻylovlar ham… Oʻzimizning Turdash devona! Koʻkragi osha oʻtkazilgan simarqonni tortgancha nimanidir sudrab chiqayotir.
Qishloq bolalarining ermagi boʻlmish bu devonani baʼzilar “Urushdan shunday aynib kelgan”, deyishadi. Boshqalar esa, “Urushga bormaslik uchun oʻzini jinnilikka solaverib, axiyri esi ogʻib qolgan”, deb taʼbir ochadi. Indamasangiz, birovga ziyoni yoʻq. Ertadan kechga qadar oʻzicha nimanidir gʻoʻngʻillab yuradi. “Ayn! Svayn! Gitler kaput!”dan boshqasini tushunmaysiz. Egnida eskidan-eski juldur shinel, boshida bichimi qiyshayib ketgan dogʻ-dugʻli furajka, soch-soqoli oylab ustara koʻrmaydi. Bola-chaqa deganlaridan yoʻq, albatta. Otasidan qolgan tashlandiq bir chordevorda kun koʻradi. Ikki ukasi qoʻshni hovlida, vaqt-bemahal oʻshalar qarashsa kerak, yana qaydam deysiz.
Shuginaning ham ordona hashamga oʻchligini aytsangiz! Shinel ostida mundirining ikki koʻkragi “orden-medal”ga toʻla, “qahramon ona”dan tortib pioner znachogigacha qatorlashtirib qadab chiqilgan! Telbaligiga mana shunisi isbot boʻlmasa, gohida odam bilan tuppa-tuzuk gap berib gap oladi. Shundan baʼzilar uni foyda-zararda adashmaydigan nimtentak, oʻzini atay jinni-sangʻi qilib koʻrsatadi, aslida, oʻlgudek mugʻombir deb biladi. Unday emas, unday emas. Lekin devdek kuchi bor. Vino berib toʻydirsangiz, devning ishini qiladi. Uncha-muncha odam boʻyniga olmaydigan zahmatlarga ham mana shu shoʻrlik balogardon. Ichimlik shishasini koʻrsa bas, “ayn, svayn”ini aytib, har qanday yumushga kirishib ketadi.
Turdash oldinga qarab bir siltangan edi, zich butalar orasidan ogʻir simobrang allanima beligacha otilib chiqdi. Tomoshada turganlar bir chayqalgandek boʻldi, u yer-bu yerdan “I-i-i!” degan boʻgʻiq sas eshitildi. Shu joyda Turdash qaddini rostlab, tevarakka gʻolibona bir nazar tashladi. Iljaydi. Zoʻriqqanidanmi yo boya ichilgan vinodanmi qizarib ketgan. Keyin shoshilmaygina shineli choʻntagidan “Baykal” papirosini chiqardi. Shoshilmaygina tutatdi. Tutunini toʻrt tarafga qarab pufladi. Tantanavor. Yanada gʻolibona. Toʻrt taraf esa sukutda, hayratda, hadikda…
– Oʻv Turdash! Davay endi! – deb amr qildi kimdir, – aftidan, bu tadbir, bu tomoshaga boshchilardan biri.
Turdash papirosining qoldigʻini oʻsha yoqqa qarab otdiyu “Ayn, svayn, drayn! Gitler kaput!” deya semon yoʻlka boʻylab haykalni sudray ketdi. Ganchdanmi yasalgan uzun jasad u yer-bu yerga tegib, taq-tuq ovoz chiqarardi.
– Oʻv enagʻar, sekinroq! – dedi tomoshabinlardan kimdir yurak yutib. – Dohiy u axir, dohiy!
Turdash battar qilmoqchidek haykalni qattiqroq silkilab, madaniyat uyi va oshxona oʻrtasidan oʻtgan yoʻlak orqali katta koʻchaga oshiqdi.
– Bu haromi shu ketishda yo boʻynini, yo shapkasini bir balo qiladi, toʻchni! – deb tusmolladi yana birov.
– E, boʻynigayam, shapkasigayam!..
Hamma alanglab bu gapni aytgan odamni qidirgan boʻldi-yu, koʻpchiligi hangoma quvib Turdash devonaning ortidan ergashdi.
Hafiz yazna qoʻltiqtayogʻini zarb bilan yerga urib ortiga burilarkan, arzandasi Jamolga koʻzi tushib, toʻsatdan oʻshqirib berdi:
– Sen bu yerda nima qilib yuribsan?!
Haykalning boshimi-boʻynimi shikast koʻrgan-koʻrmaganini bilmayman-u, eshitishimcha, u oʻshanda bir necha zamon tuman kommunal xoʻjalik idorasining hovlisidagi bir burchakka tikka qilib qoʻyilgan. Bu joy katta koʻchadan ichkariroqda boʻlgani uchun koʻzdan pana, uncha-muncha dingquloq bexabar qolib, unutila boshlagan. Oradan talay vaqt oʻtib mashmashaning orqasi sovigach, soy labida yashaydigan, boshida stalincha shapka, oʻzi ham dohiymonand kiyinib yuradigan bir haykalparast komxoʻj idorasini rozi qilibmi, haykalni olib ketib, hovlisiga oʻrnatib qoʻyadi. Soyga choʻmilishga borayotib dohiyning devor uzra yuksalib turgan furajkasiyu dongdor moʻylovini koʻrib qolardik.
“Haykalparast sevimli dohiysini kechalari quchoqlab yotarmish” degan gap ham chiqdi-yu, bunisiga hech kim ishongani yoʻq: “Sovuqdan-sovuq ganchni quchoqlab nima bahra, semizgina xotini bor-ku?..”
Yana eshitishimcha, bunisi endi keyinroq ekan, qishlogʻidagi moʻtabar haykalu uni koʻz qorachoʻgʻidek asrab yurgan sadoqatli haykalparastdan xabar topgan toʻrt-besh gruzin kelib u bilan oshna tutinganmish va qavmdoshlarining haykali evaziga unga qora “ZIM” mashinasini hadya qilib ketganmish.
Boshqasini bilmayman-u, oʻsha haykalparast amakimiz tumanning markaziy koʻchasida qora “ZIM” haydab yurganini oʻzim koʻrganman.
… Har kun ikki mahaldan koʻrib yurganlarim holvaning holvasi ekan, bu yogʻini eshiting.
Sobiq “Sotsializm” kolxoziga qarab ketayotgan edik. Sobiq kursdoshim, bugungi ishonchli vakilim Toshboyning aytishicha, oʻsha sobiq mashʼal xoʻjalikning sobiq raisi Erman katta “Shayir deputatingni bir opke, butun kolxozni ogʻdirib beraman”, deganmish.
Qarang, “shayir deputat”dan boshqa bari sobiq!
Mana, oʻsha sobiqlarning izmi bilan ikki mashina boʻlib yoʻlga chiqqanmiz. Oldingi mashinada biznikilar: Partiya opamiz, Toshboy va oʻzim; roʻlda bugun Shuhratbegimiz. Raqiblarimiz keyingi mashinada, bizga koʻz-quloq boʻlib kelishyapti: ular bexabar, yoʻl-poʻlda biror buzgʻunchilikni boshlab qolishimiz mumkin-da!
Toshboyning kimligini aytdim: deputatlikka nomzod, yaʼni mening ishonchli vakilim, boz ustiga, eski kursdoshim. Saylovchilar bilan uchrashuvda soʻzga chiqib holdan toyguncha meni maqtaydi: davomatim chatoq boʻlsa-da, darslarga qatnamay ham qandoq zoʻr oʻqiganlarim, doʻstu yorga sadoqatim (misollar bilan), tengsiz shoirligim! Taʼriflariga ofarin-u, lekin nomzodlik masalasi qolib talabalik xotiralariga berilib ketganiga nima deysiz! Biror gapiga eʼtiroz bildirib, luqma solgudek boʻlsangiz, “Sen jim oʻtir!” deya hammaning oldida doʻq urib boʻlajak deputatni izza qiladi.
– Oʻv! – deyman uchrashuvdan soʻng jonim chiqib. – “Shoir, shoir”lab vaysab yotibsan, besh yil oʻqib, janrning janrdan farqini bilmaysanmi, oshqovoq?!
– Ogʻzingni yum! – deydi Toshboy kuyib-pishib. – Sen bu yerda shoirsan, tamom!
– Sheʼrlardan eshitaylik, deb qolishsa nima qilaman?
– Qoʻrqma, hech kim soʻramaydi – sheʼr yozmasligingni hammasi biladi. Lekin yozuvchi-pozuvchi degan soʻzni ogʻzingga olma, changingni chiqarib tashlaydi – saylanib boʻpsan keyin!
Partiya opamiz men umrimda yaqinlashmagan, ammo zamona zayli bilan bugunga kelib kaminani deputatlikka nomzod qilib koʻrsatgan qudratli firqaning, darvoqe, oʻsha firqa vorisining tumandagi ishongan odami. Kiyim-boshiyu soch turmagi ham shunga mos, sipo: qoʻngʻirtob kostyum-yubka, soch orqaga silliq taralib, kalava yasab qoʻyilgan. Qolgan jihati esa batamom teskari – na gapni biladi, na doʻgʻu siyosatni. Ovozini eshitib tang qolasiz – xuddi uydan chiqmagan oʻn sakkiz yashar xonaki qizning oʻzginasi, mingʻillaydi. Gapirganda yerdan koʻz uzmaydi, salga duv qizarib ketish odati bor. “Bu tashkilotga adashib kelib qolgan, shekilli”, deya oʻzimcha mulohaza bildirsam, Toshboy ustimdan kulgan boʻladi: “Adashib boʻpti! Orqatogʻlari zoʻr buning. Kelajakda oʻsishi uchun atay shu yerga oʻtqazib qoʻyishgan”. Ajabo, qani odatdagi gapdonligu oʻktamlik? Ovozdagi temir jarangi qani? Ha-a, firqasi ham puturdan ketib, mana shunaqa pisillab gapiradiganlarga kuni qolgan hozir.
Oʻzing ham mana shularga suyangandek, shulardan imdod kutgandek boʻlib yuribsan-ku, noshukr banda, ogʻzingni yumsang-chi!
Qishloqqa kirib, yoʻl yoqalab ketgan qator oq binolar yonidan oʻtayotganimizda yana oʻsha tanish holatga tushdim. Bunisini endi oldingilariga qiyoslab ham boʻlmasdi. Tush koʻryapman shekilli deb ham oʻylabman.
Avvaliga qoʻlini choʻzib porloq kommunizm yoʻliga undab turgan dohiy Lenin haykali koʻrindi. Yigirma qadam oʻtar-oʻtmas sodda, dovdirroq tuyulgani bilan aslida pixini yorgan ishratparast qariya – oqsoqol Kalinin boʻy choʻzib qoldi. Bulariga chidasa boʻlar, harqalay, yurt mustaqillikka chiqqaniga endigina toʻrt-besh yil boʻldi, chet-chetlarda bitta-yarimta mana shunaqa oʻtmish sarqitlari saqlanib qolgan boʻlsa qolgandir – vaqtincha!
Biroq xoh ishoning, xoh ishonmang, yana yigirma qadamlar narida “xalqlar otasi” Iosif Vissarionovich Stalinning shaxsan oʻzi savlat toʻkib qaqqaygan edi! Oʻsha uzun shinel, oʻsha furajka, oʻsha shop moʻylovu oʻsha vajohat! Hali eslab oʻtildi, bunaqasini qirq yildan bu yogʻiga endi koʻrishim edi. Oshkora bezbetlik! Oshkora jaholat! Nahotki, ana shu qirq yil badalida bularni hech kim koʻrmagan, bilmagan?! Bu qishloqqa ham tuman kattalari kelib turar, markaz tomonlardan ham bitta-yarim vakilning yoʻli tushgandir? Xuddi birov meni mazax qilayotgandek madad istab sheriklarimga qaradim. Toshboy kechagidan boshi ogʻribmi, mudrab kelar, parvoyi palak edi. Bu narsalarga “kallasi bilan javob berishi kerak” boʻlgan opaxonimiz esa tamomi devor – oldingi oʻrindiqda oʻzining uyatchan oʻylari bilan andarmon.
Mayli, hozir mavridi emas!
Erman katta deganlari yetmish-yetmish besh yoshlardagi, ammo tetik-chaqqon, asti sekin gapirolmaydigan kishi ekan. Girdiga qishloq ahlini yigʻib bizni rostakam tantana, karnay-surnay bilan kutib oldi. Xotiram aldamasa, atlas koʻylak kiyib oʻyinga tushgan qizaloqlaru non-tuz koʻtargan juvonlar ham bor edi-yov. Uchrashuv yozgi klubda boʻldi, Erman oqsoqol mikrofon-pikrofonsiz har yonga jar solib, meni rosa osmonga chiqarib taʼrifladi. Aytishicha, otam bilan oshna ekan, oʻzi bu yerdan, otamiz esa qoʻshni tumandan “aktip boʻlib borib oblastdagi shaxsan Rashidov bobo oʻtkazgan katta-katta majlislarda birga qatnashgan” ekan. Kerak boʻlsa, huv kolxozning oʻrtasida oqarib turgan ikki qavatli maktabni ham koʻchma qurilish idorasiga boshliq boʻlganida bizning ota qurib bergan ekan. Ana, qarsakni koʻring! “Ertan saylovda qaysing mana shu shayirgʻa ovoz bermasang, soʻngra mendan oʻpkalab jurma!” deya toʻrt tarafga barmoq nuqib, elga oshkora zugʻum ham qilib qoʻydi oqsoqol. Bu poʻpisalarga birov miq etib eʼtiroz qilgani yoʻq. Xolam aytmish “puldor” raqib tomon ham churq etolmay oʻtirardi. Chamasi, koʻp yillar kolxozga raislik qilgan, hayqirmasa gapirolmaydigan bu vallomat hech kimdan tilqisiq emas, aksincha, hamma undan choʻchib-hayiqib turar ekan.
Tadbirdan keyin xoʻjalik maʼmuriyati tashabbusni qoʻlga olib, markaziy oshxonaning biqinidagi chogʻroq xosxonada choy tashkil qildi. Bemalolroq oʻtiraylik deyildimi, cholni qistashmadi. Shunday marosimning kayvonisi oxirida menga siniqqina kulimsirab, “Xay-da, ulim, Xudo xohlasa, saylovdan soʻng uchrashamiz. Oshnamizga salom aytib qoʻyasiz”, deya xayr-maʼzur qilib uyiga ketdi.
Yoʻldagi dilgʻashlikka bunisi ham qoʻshilib jilovni xiyol boʻshashtirgan ekanman, ustma-ust ichilgan “choy”dan qizishibroq qolibman. Payt poylab Partiya opaga hujum qildim. Gapni hazil-huzuldan boshladim: bu qishloqda haykalni yaxshi koʻrishar ekan-a, dohiyparastlik, stalinparastlik kasali haliyam qonimizda bor-da, buning sababi nima boʻlsaki, erta bir kun ikkalamizning (yaʼni Toshkentlardan nomzodlikka kelgan kaminaning hamda mafkura masalalariga javobgar hisoblanmish opamizning!) boshimizda kaltak sinmasa edi…
Mendan toʻrt-besh yosh kichik opaxon siyosiy dagʻdagʻalarimni dasturxon popugini oʻynab jimgina, yuvoshlik bilan tinglab oʻtirdi-da, bir mahal ilkis bosh koʻtarib, rangi bir alvon, chiyillagancha sayrab qolsami deng:
– Toʻrt yil avval ham Toshkentdan bir shoir kelgan edilar. Saylanishga. Oʻsha kishiyam Eshmirza Xolmatovichga (sobiq sarkotibini aytyapti) kabinetlaridagi Gorbachyov boboning portretini koʻrsatib, buni tez daf qiling, deb edilar…
– Xoʻsh, keyin-chi? – dedim ichim qizib.
– Keyin, oʻzingiz bilasiz-ku, saylovdan oʻtolmadilar.
Muzladim, mulzam boʻldim. Obbo, pismigʻ-ey! Kesakdan oʻt chiqdi-ku!
Xayriyat, Toshboy joʻram jonimga ora kirdi.
– Qoʻyaylik oʻsha eski gaplarni, – dedi u yasama xushvaqtlik bilan. – Endi zamon boshqa. Shoirdan shoirning farqi bor, singlim!
Toshboy suvga qarab gapirgan ekan, Partiya opaning esa bashorati suv olmadi – kamina deputatlikka saylandim.
Kelasi yili saylovchilarim bilan uchrashgani kelganimda Toshboydan eshitdim: yangi zamon sharofati bilan yetmish besh yashar Erman bobo raislikka nomzodini qoʻyib yutib chiqibdi va yana kolxozga rais boʻlibdi! “Deputatimizning qorasi koʻrindi deguncha, oldingga solib kelasan!” deya qattiq tayinlaganmish Toshboyga.
Ikki soatginaga deb borib, cholning kolxozida ikki kuncha qolib ketdik.
– Topshirigʻingizni bajardik, deputat bobo! – dedi chol hayqirib ilk soatlardayoq.
– Qanaqa topshiriq? – dedim tushunmay!
– Mana, Toshboyqulga aytib ketgan ekansiz-ku! Uchovginasiniyam tag-tubi bilan qoʻportirib tashladim.
– Ey-y, yashshang! Ana bu boshqa gap! – dedim gap haykallar xususida borayotganini bilib. – Qayoqqa eltib tashladingiz?
– Iy, iy, unaqa narsalarni biron yoqqa tashlab boʻlama, ulim? Avaylabgina, boʻz matoga oʻrabgina kolxozning omboriga eltib qoʻyibman.
– Hah, mugʻombir bobom-ey! – dedim shoʻxlik bilan. – Erta bir kun zamon oʻzgarib qolsa, yana qaytadan, a?.. Qoʻrqqansiz-da?
– Nimadan qoʻrqaman, ulim-ey! Endi men qariyani boshiga urama deng! Qishloqda kim koʻp – yazuvchi-gʻalamisi koʻp! Shulardan birortasiga ishton-pishton yetmay qolib, yeb ketdi, ichib ketdi, deb bobongizning ustidan yozsayu toʻrtta tekshiruvchisi boshimga choʻtini koʻtarib kelsa, qarigan chogʻimda Xudo sharmanda qilmasin dedim-da, ulim! Mana, sanab-oʻlchab ol deymizu chetga chiqamiz-da, tuvrimi?
Tuvri, tuvri, Erman bobo, qoyil!
Oradan yana yigirma yillardan koʻproq fursat kechdi. Erman bobomizning olamdan oʻtib ketganiga ham necha oʻn yil boʻldi. Kechroq eshitdim, taʼziyasiga borolmadim. Otamizning yuzxotirimi, menga muruvvat koʻrsatgan ul alomat cholni bugun tez-tez xotirlab turaman.
Ikki yilmi-uch yil boʻldi, Toshboy joʻramiz ham oʻshal sherimard cholning orqasidan joʻnadi – haj ziyorati yoʻlida omonatini topshirdi. Ikkovginasini ham Xudo rahmatiga olsin deymiz-da, boshqa nachora!
Endi qayerda haykal koʻrsam, qorongʻi omborning bir burchagida qalashib yotgan boʻzga oʻrogʻliq uch haykal koʻz oldimga keladi. Kolxoz deganlari yoʻq boʻlib ketdi, eski ombor ham allaqachon buzib tashlangandir – haykallarning holi ne kechdi ekan? Shuni bilgim keladi, juda-juda. Lekin endi kimdan soʻraysiz? Kim bilardi buni? Omborni buzgan odamlar oʻzi qolganmikan bu dunyoda? Oʻzimning oʻshandagi siyosiy hushyorligimu kuyib-pishganlarimni eslab esa ham kulgim qistaydi, ham uyalib ketaman. Toshdan boʻlasanmi, metindan boʻlasanmi, soat millari barini joy-joyiga qoʻyarkan-ku, t u v r i m i?
Erkin AʼZAM,
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi
https://saviya.uz/ijod/nasr/qani-sening-haykaling/