Qanday shirin edi unda xayollar

 FEVRAL

 

Mungli qoʻshiq boshlar simyogʻoch,

Izillaydi bogʻlarning dardi.

Boʻgʻotlarda qushlar yupun, och

Hut haqida xayol suradi.

 

Dalalarda yastangan chiroy,

Yulduzlarning hayrat koʻzida.

Oqshom koʻkdan tushib kelgan oy,

Muzlab qolgan anhor yuzida.

 

Chilla saqlar bunda neki bor,

Tongga ulab yaldo tunlarni.

Soy boʻyida bir juft qari tol

Tush koʻradi yashil kunlarni.

 

* * *

Yodingni toshga otdim,

Yum-yum yigʻladi toshlar.

Soʻngra bardoshga otdim,

Daryo boʻldi koʻz yoshlar.

 

Yodingni koʻkka otdim,

Yomgʻir boʻp qaytaverdi.

Unib chiqqan giyohlar

Ismingni aytaverdi.

 

Yodingni tunga otdim,

Boʻzlab yubordi kecha.

Tongga qadar yoʻl yurib,

Koʻngilga bordi kecha.

 

Yodingni dilga otdim,

Mavjlandi dilda ummon.

O, unda choʻkib ketsam,

Omon qolgum begumon.

 

XAYOL

 

Yurak misol uvishar oqshom,

Koʻl yuzida titrar yulduzlar.

Qop-qora tun – koʻngildagi gʻam,

U haqida nimadir soʻzlar.

 

Asta ortga boshlaysan yoʻlni,

Peshvoz chiqar qadrdon tollar.

Qachonlardir koʻmilgan dilni,

Tiriltirar masih xayollar.

Jilmayadi bepoyon kecha,

Sirli-sirli shovullaydi soy.

Shunda asta bulutlar ichra

Chiqib kelar sen yoʻqotgan oy.

 

– Nega ketding, qara, dilda dard,

Ogʻularga toʻldi har onim.

– Men koʻngilga ketdim toabad,

Visolsiz ishq mangudir, jonim.

 

– Sensiz oʻtgan kunlarim ogʻrir,

Xayolingni koʻmaman sheʼrga.

Yelkamdagi togʻlarim ogʻir,

Botib borar oyogʻim yerga…

 

– Umrim oʻtdi visolni kutib,

Koʻngil uyi hamon boʻm-boʻshdir.

Kelolmadi bizgacha yetib,

Baxt – qanoti kesilgan qushdir.

 

Quyuqlashar bulutlar asta,

Vujudingga kiradi titroq.

Oy yuzini toʻsib bir pasda,

Gumburlaydi momoqaldiroq.

 

Choʻchib tushar kecha dafʼatan,

Uzoqlashib ketar samovot.

Sen aftoda ortga qaytasan,

Kutib turar tong – achchiq hayot!

 

* * *

Men seni tanidim,

Yaydoq dasht aro,

Oq-sariq koʻylakda turarding hayron.

Tegrangda ivirsir sonsiz xotinday,

Martda ham ketmagan fevral hamon.

 

Nega bevaqt yoʻlga chiqding, singiljon?

Seni kim aldadi, qaysi bagʻritosh?

Nega hayotingni qoʻltiqlab chiqding?

Nega umidingni etib qoʻyding fosh?

 

Qara, bu kech qanday junjikar olam,

Shamollar izillab kelar sen tomon.

Ey sen, izgʻirinda qolgan umidim,

Endi qolarmisan tonggacha omon?!

 

Nega bevaqt yoʻlga chiqding sen…

 

BIR UMR…

Ballada

 

Bolasin yoʻqotib qoʻygan ayoldek,

Bogʻlarga bosh urib uvillar shamol.

“Umr ham oʻtdi-ya shirin xayoldek”,

Shiftga termulgancha xoʻrsinadi chol.

 

Esida, otarning boshida tanho

Argʻumoq ustida oʻtgan kechalar.

Boʻronlarda qolib halovat goho,

Tongi sira otmay ketgan kechalar.

 

Bir safar boʻrilar galasi tunda

Qoʻraga bostirib kirdi nogahon.

Qoʻlda tayoq bilan chiqqandi shunda

Koʻzidan oʻt chaqnab, yovqur, pahlavon.

 

Nursiz koʻzlarida qalqiydi nola,

Asta shivirlaydi: “Bari oʻtdimi?”

Qoʻynida shamollar uxlagan bola,

Argʻumoq ustida qolib ketdimi?

 

Yillar boshimizga yogʻilgan – toʻfon,

Oqizib ketdimi shuncha imkonni?

Umriga bostirib kirib qay zamon,

Boʻrilar yeb ketdi u pahlavonni?

 

Esida, bir malak boʻlardi tengsiz,

Qanday shirin edi unda xayollar.

Uning zulflariga tekkanda har kez,

Xushboʻylashib ketar edi shamollar.

 

Yorugʻ xayollarga limmo-lim kecha,

Barini aytardi oy – sirdoshiga.

Soʻngra yolgʻizoyoq yoʻl shoshganicha,

Tushib ketar edi buloq boshiga.

 

Chol ogʻir xoʻrsinar.

Gʻichirlar eshik,

“Nahot kelgan boʻlsa?” – umidvor qarar.

Evoh, ostonada qomati egik,

Qoʻllari qaltirab u malak turar.

 

– Oʻtin olib keldim, – deydi kampiri,

“Yana kun botdimi?” shivirlaydi chol.

Soʻngra yostigʻini surib sal nari,

Eski bir suratni olar bemajol.

 

– Hah, nodon bola-ya, – labini tishlab,

Yum-yum yigʻlagancha oʻt qalar kampir.

Chol esa kirtaygan koʻzlarin yoshlab,

Suratga pichirlab qoʻyar nenidir.

 

Tun choʻkar…

Toʻkilar olamning dardi,

Tonggacha yetmayin tugaydi yoʻllar.

Eshikka termulib qolgan koʻzlarni,

Tongda yopib qoʻyar qaltiroq qoʻllar.

 

BOLALIK SOGʻINCHI

 

Tashqarida turar dildirab,

Boʻronlarda qolgan yanvar.

Sovuq yuzin oynaga tirab,

Qulogʻimga asta shivirlar.

 

Tashqariga chiqaman dilxun,

Oq libosli bogʻlar izillar.

Yalanglikda dilgir va yupun,

Yoʻqotganim – bir bola turar.

 

Men yutoqib chorlayman uni,

Koʻksim aro tiqilar nafas.

Yoʻqotgandim bilmam qay kuni,

Qay manzilda boʻlgandi abas.

 

Boʻronlarga aylanar bola,

Shamollarga tashlaydi kamand.

Yuguraman, dilda bir vola,

Lek yetolmam urinmay harchand.

 

Koʻnglim aro kezinar qaygʻu,

Ortga qaytgum yuragim toʻlib.

Tashqarida endi u mangu,

Qolajakdir yanvar boʻlib.

 

* * *

Qoʻyib yuborgisi kelmas fevral,

Kulib turar oppoq yuzlari bilan.

“Xayr” deb joʻnayman, dilimda malol,

Biroq u ergashar muzlari bilan.

 

Sovuq qoʻllarida bir parcha umrim,

Martgacha ortimdan kelar ergashib.

Men esa buyruqqa bosh eggancha jim,

Yana bir bahorga kiraman shoshib!

 

* * *

Mungʻayishgan bogʻlar aftoda,

Uvillaydi chilla shamoli.

Sen ketarding qizil paltoda,

Botayotgan shafaq misoli.

 

Bilmas eding, ortingda har kun,

Qolar edi bir olam qaygʻu.

Yolvorardi u maʼyus, mahzun:

“Botib ketma ufqqa mangu”.

 

Shom qabogʻin uyar tobora,

Uzoqlashib boradi shafaq.

Huvillagan bir koʻngil aro,

Rutubatga toʻlar hamma yoq.

 

O, sen ketding!

Izingda hijron,

Qiynar endi sargʻaygan oʻtmish.

Ketolmaydi umridan hamon,

Qizil palto kiyib olgan qish.

 

* * *

Koʻzlaring qarosida

Qoshlaringning “yo”sida,

Gul yuzing imlosida

Adashib ketib borgum.

 

Qovogʻin uyar osmon,

Lek parvo qilmam, inon.

Koʻzingdan koʻngling tomon

Kun sayin oʻtib borgum.

 

Senga tashlab yodimni,

Koʻkka otib dodimni,

Qirq yillik hayotimni

Qoʻlimda tutib borgum.

 

Hijronlarni oralab,

Tunlarimni yaralab…

Sening koʻngling qoralab

Bir kuni yetib borgum.

 

Alisher NAZAR

 

“Yoshlik”, 2015 yil 2-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/qanday-shirin-edi-unda-xayollar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x