QALMOGʻISTON

QALMOGʻISTON, Qalmogʻiston Respublikasi (Xalmg-Tangch) — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika. Rossiya Yevropa qismining jan. da joylashgan. Mayd. 76,1 ming km2. Aholisi 292,4 ming kishi (2002). Poytaxti — Elista shahri Maʼmuriy jihatdan 13 tuman, 3 shahar, 6 shaharchaga boʻlinadi.

Davlat tuzumi. Q — respublika. Respublika boshligʻi — prezident. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Xalq Xurali (parlament), ijrochi hokimiyatni rais boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.

Tabiati. Q. Kaspiyboʻyi pasttekisligining gʻarbiy qismi, Yergeni qiri (eng baland joyi 222 m, respublika hududidagi eng baland nuqta)ning katta qismi va KumaManich botigʻini egallagan. Janubiy sharqda Kaspiy dengizi bilan tutash. Foydali qazilmalardan gaz, neft, toshkoʻmir, tuz, turli binokorlik materiallari bor. Iqlimi keskin kontinental, yozi issiq, quruq va qishi sovuq, kam qorli. Oʻrtacha t-ra yanv. da —5° dan —8° gacha, iyulda 23— 26°. Oʻrtacha yillik *yogʻin jan. sharqda 170—200 mm, shim. gʻarbda 300—400 mm. Yer usti suvlari kam. Kaspiyboʻyi pasttekisligi va KumaManich botigʻida sayoz shoʻr koʻllar (Sarpa, Sostin, ManichGudilo va boshqalar) bor. Kaspiy dengizi sohili botqoqli qamishzor. Tuproqlari, asosan, och jigarrang qumoq va qoʻngʻir qumoq tuproq. Shim. qismi betagachalov va shuvoqbetaga oʻsadigan choʻl; jan. sharqiy qismi boshoqli va shuvoq oʻsimliklari oʻsadigan chala choʻl hamda shuvoqli choʻl. Pastliklarda qamish, oʻtloq oʻsimliklari, Yergeni qirida tol, qayragʻoch, togʻterak oʻsadi. Hayvonlardan malla quyon, kemiruvchilar, boʻri, tulki, sassiqkoʻzan, saygʻoq, qushlardan choʻl burguti, toʻrgʻay, toʻxtatuvaloq bor; koʻl va daryolarida baliqlar uchraydi. Q hududida Qora yerlar tabiiy qoʻriqxonasi mavjud.

Aholisi. Qalmoqlar respublikaning tub joy aholisidir. Shuningdek, rus, dargʻin, chechen, qozoq, nemis, ukrain, avar va boshqalar yashaydi. Davlat tillari — qalmoq va rus tillari. Shahar aholisi 39,8%. Dindorlarning aksariyati buddaviylikka eʼtiqod qiladi; pravoslavlar ham bor. Shaharlari: Elista, Gorodovikovsk, Lagan.

Tarixi. Qalmogʻiston hududida odam neolit davridan yashab keladi. 11-asrda Q qipchoqlar hududining bir qismi boʻlgan. 13-asr 40-y. larida Oltin Oʻrda tarkibiga qoʻshib olingan. 15-asr ning 60-y. larida Oltin Oʻrdaning parchalanishi natijasida Ashtarxon xonligi tarkibiga kirgan. 1556 yil Q. bu xonlik bilan birga Rossiyaga qoʻshib olindi. 17-asrda avval Jungʻariyada yashagan, asli Markaziy Osiyodan kelgan koʻchmanchi chorvador qalmoqlar Don va Volga daryolarining quyi oqimidagi yerlarga koʻchib oʻtdilar va 17-asrning 2-yarmida Qalmoq xonligini barpo etdilar. 1608—09 yillardan boshlab 17—18-asrlar davomida barcha uluslar Rossiya imperiyasi tarkibiga kirdi. 1771-yil qalmoqlarning bir qismi Xitoyga koʻchib ketdi. 1771-yil oktyabrda Qalmoq xonligi barham topdi. Qolgan qalmoq oilalari Astraxon guberniya boshqarmasi qaramogʻiga oʻtdi. 18-asrning 2-yarmida qalmoqlarning bir qismi Ural, Terek, Kuma daryolari boʻylariga koʻchirildi. Qalmoq xalqining maʼmuriyhududiy jihatdan boʻlib tashlanishi ularning milliy jipslashuviga gʻov boʻldi. Rossiyadagi inqilobiy harakat taʼsirida Q mehnatkashlari mustamlakachilik zulmiga qarshi kurash yoʻliga oʻtdilar. 1905 — 09 yillarda bir qancha uluslarda xalq gʻalayonlari boʻlib oʻtdi, lekin ular shafqatsiz bostirildi. 1918-yil fev. — martda Qalmogʻistonda sovet hokimiyati oʻrnatildi. 1920-yil 4 noyab. da RSFSR tarkibida Qalmogʻiston muxtor viloyati tashkil etildi (1927-yilgacha markazi Astraxon shahri boʻlgan). 1935-yil oktyabrda Qalmogʻiston muxtor viloyati muxtor respublikaga aylantirildi. 2-jahon urushi yillari Qalmogʻiston hududining ancha qismi nemis fashist bosqinchilari tomonidan bosib olindi (1942-yil dek. — 1943-yil yanv.). 1943-yil dek. da Q muxtor respublikasi tugatildi, aholisi majburlab oʻz hududlaridan mamlakatning sharqiy r-nlariga koʻchirildi. 1957-yil yanv. da qalmoqlar muxtoriyati tiklandi va Q muxtor viloyati tuzildi. 1958-yil 29-iyulda Qalmogʻiston muxtor respublikasiga aylantirildi. 1990-yil oktyabrda respublika Oliy Kengashi Qalmogʻistonning davlat suvereniteti toʻgʻrisida deklaratsiya qabul qildi. 1991-yil sentyabrda prezident lavozimi joriy etildi. 1992-yil fev. dan Q. Respublikasi (XalmgTangch) deb atala boshladi. Xoʻjaligi. 1990-y. larning oxiri — 2000-y. larning boshlarida yalpi mahsulotda sanoat ulushi 25%, qurilishniki 5,9%, transportniki 2,1%, savdoniki 5,6% ni tashkil etdi. Barcha korxonalarning 78% xususiy, 6,6% davlatga, qolganlari mulkchilikning boshqa turlariga qarashlidir.

Sanoatining asosiy tarmoqlari: yoqilgʻi (sanoat ishlab chiqarish umumiy hajmining 48,4%), elektr energetika (28,3%), binokorlik materiallari sanoati (7,7%), oziq-ovqat (5,7%), unyorma va omuxta yem (3,9%), mashinasozlik va metallsozlik (2,3%), yengil (0,6%), oʻrmon, yogʻochsozlik va sellyulozayogʻoch (0,4%). Tabiiy gaz, neft, binokorlik materiallari qazib olinadi. Elista shahrida goʻsht, binokorlik materiallari kti, non z-di, yengil sanoat korxonasi, Lagan shahrida goʻshtkonserva kti, mashinasozlik z-di (maxsus kuzovli avtomobil va avtotsisterna ishlab chiqaradi), temirbeton mahsulotlari z-di bor.

Qishloq xoʻjaligi yalpi mahsulotning 63,6% chorvachilikka, 36,4% dehqonchilikka toʻgʻri keladi. Qalmogʻiston hududining taxm. 4786,9 ming ga dan foydalaniladi, undan 16,8% haydaladi. Qalmogʻistonning asosiy tarmogʻi — chorvachilik (mayin junli qoʻychilik va goʻsht chorvachiligi); choʻchqachilik va yilqichilik ham rivojlangan. Dehqonchilikda, asosan, bugʻdoy va yemxashak ekinlari, shuningdek, kartoshka, sabzavot ekiladi.

Transporti. Avtomobil yoʻllari uz. — 2280 km. T. y. uzunligi —154 km. Elista shahrida aeroport bor.

Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. 2000-yillar boshida Qalmogʻistonda 10 ming aholiga 45 vrach toʻgʻri keldi. «Lola» sanatoriysi va sanatoriyprofilaktoriy mavjud. 250 umumiy taʼlim maktabida 56 ming, 7 oʻrta maxsus oʻquv yurtida 4,5 ming oʻquvchi, 1 oliy uquv yurti (Q. universiteti)da 5 ming talaba taʼlim oladi. I. t. lar tarix, filol. va iqtisodiyot inti, Q goʻsht chorvachiligi ilmiy tekshirish instituti, Qalmogʻiston tajribamelioratsiya st-yasi va boshqalar ilmiy muassasalarda olib boriladi. Respublikada 150 dan ortiq kutubxona, oʻlkashunoslik muzeyi bor. Telekoʻrsatuv va radioeshittirishlar qalmoq va rus tillarida olib boriladi. Elista shahrida telemarkaz ishlaydi. Qalmoq va rus tillarida gaz. nashr etiladi.

Adabiyoti. Qalmoq badiiy adabiyoti boy milliy folklor asosida vujudga keldi. Qalmoklarning doston va afsonalari, maqol va matallari, qoʻshiq, ertak va qahramonlik eposi — «Jangar» (15-asr) mashhur. 1648-yil ZayaPandita (1599— 1662) tomonidan qalmoq yozuvi («aniq xat») yaratilgunga qadar qalmoqlar umummoʻgʻul alfavitidan foydalanganlar. Yozuvning paydo boʻlishi milliy adabiyotning shakllanishiga taʼsir koʻrsatdi. 19-asrda erksevar shoir Anchxon Jirgalo sheʼrlari shuhrat qozondi. 1920-y. larda X. Kanukov, N. Manjiyev, S. Kalyayev, V. Suseyev, X. SyanBelgin, 1930y. larda B. Basangov, G. Davan, S. Lejinov, K. Erenjenov va boshqalar adiblar samarali ijod qildilar. 30—40-y. larda adabiyotga L. Injiyev, M. Narmeyev, E. Kogteyev, B. Darjiyev, A. Balakayev, D. Kugultinov, B. Mukebenov, D. Shabaliyev va boshqalar yozuvchi va shoirlar kirib keldi. 50—70y. larda yozuvchilar safiga V. Sangajiyeva, M. Xoninov, A. Badmayev, A. Jimbiyev, T. Bembeyevlar kelib qoʻshildi. Respublikada bolalar adabiyoti, satira va yumor sezilarli muvaffaqiyatga erishdi.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati. Koʻchmanchi va yarim koʻchmanchi chorvador qalmoqlarda 17—19-asrlarda, asosan, tagi panjarali, usti namat bilan yopilgan, yigʻmaajraladigan uy (ger)lar mavjud edi. 17-asrdan boshlab dastlab yogʻoch yoki namatdan, 18-asr oxiridan gʻisht va toshdan monastirxurullar qurila boshladi. 1920-yildan Qalmogʻiston dagi shahar va qishloqlarda koʻp qavatli turar joy, jamoat, madaniymaishiy va maʼmuriy binolar qad koʻtardi. Meʼmorlardan M. Pyurveyev, V. Telegin, N. Barayev mashhur. Qalmogʻistonda qadimdan amaliybezak sanʼatining har xil turlari mavjud. Uylarning yogʻoch qismlari, mebel, roʻzgʻor buyumlari oʻymakorlik va naqsh bilan bezatiladi. Charm idish, oyoq kiyimlariga bosma naqsh solinadi. Kumush buyumlar (soch taqinchoqlari, uzuk, zirak, kamar va boshqalar)ga oʻyib naqsh ishlanadi. 18—19-asrlar sanʼatiga tibetmoʻgʻul anʼanalarining taʼsiri kuchli boʻldi (grafik F. Kalmik, rang-tasvirchi A. Yegorov). Keyingi yillarda rassomlik (I. Nusxayev, L. Ochirov, P. Yemchigirova, G. Rokchinskiy, K. Oldayev), grafik (B. Danilchenko), haykaltaroshlik (N. Sanjiyev) rivojlandi.

Musiqasi. Qalmoq xalq qoʻshiq (dun) lari bir ovozli boʻlib, tarixiy, marosim, lirik, hazil va boshqalar aytimlardan iborat. Ut dun (uzun kuy)larga badihaviylik, boy nolaqochirimlar, ohangdor ritm xos. Axr dun (qisqa quy) lar doʻmbira (yoki garmon) joʻrligida ijro etiladi, aniq ritm va shaklga asoslangan. «Jangar» dostoni baxshi (jangarchi)lar tomonidan rechitativ uslubida boʻgʻiz ovozi bilan ijro etiladi. Xalq raqslari erkaklar tomonidan joʻshqin, ayollar tomonidan mayin ijro etiladi. Musiqa asboblari: yatga, topshur, xur (torli va kamonli), bichkyur, byurya, uxrbyurya (puflama), kenkerte, sang, arambru (zarbli), shuningdek, doʻmbira va garmon. 1920-y. lardan havaskor musiqa sanʼati, professional musiqa (kompozitorlar M. Grachyov, P. Chonkushev va boshqalar) rivojlandi. Musiqa arboblaridan V. Garyayeva, V. Ilsaranova, U. Lijiyeva va boshqalar mashhur. Respublikada «Lola» ashula va raqs ansambli (1937), filarmoniya (1939), Elistada musiqa bilim yurti (1960) faoliyat koʻrsatadi.

Teatri. 1926-yil Astraxonda qalmoq drama maktabi tashkil etilgan boʻlib, 1930-yil aktyorlik, musiqa va xoreografiya boʻlimlariga ega sanʼat texnikumiga aylantirildi. 1936-yil Elistada drama teatri (1992-yildan Qalmoq musiqali drama teatri) tashkil etildi. 1950—70 yillar bu teatrda R. Xubetsova, G. Xugayev, G. Mamlin, M. Karim, B. Basangov, S. Kalyayev, M. Shatrov va boshqalarning pyesalari qoʻyildi. Teatr artistlaridan M. Erenjenov, B. Balbakova, L. Aleksandrov va boshqalar mashhur.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x