Rivoyat qilishlaricha, qadim zamonda bir odamning uyiga banogoh oʻt tushibdi. Tirik jon borki – xonadon sohibu sohibasi, it, mushuk, parrandalar, chorva mollari tashqariga qochib chiqibdi. Falokatdan xabar topgan qoʻshnilar yordamga shoshilibdi-yu, lekin alanga tafti balandligidan hech kim unga yaqin bora olmabdi. Shunda beixtiyor odamlarning koʻzi osmonda uchayotgan bir juft qaldirgʻochga tushibdi. Yaxshilab razm solsalar, qaldirgʻochlar alangani oʻchirish uchun tumshuqlarida suv tashib olovga sepayotgan ekan. Mittigina qush jasorati – oʻzlari uya qurgan uyni asrab qolish maqsadida alangaga kirib-chiqayotgani barchani lolu hayron qoldiribdi. Qaldirgʻoch shijoatidan ruhlangan, taʼbir joiz boʻlsa, undan ibrat olgan odamlar ham qoʻrquvni unutib, olovni oʻchirishga jon-jahd bilan kirishibdilar va buning uddasidan chiqibdilar.
Albatta, bu bir rivoyat. Rivoyat boʻlsa-da, uning zamirida haqiqat yotganiga, shunga oʻxshash voqealar hayotga ham roʻy berganiga shubha qilmaymiz. Axir, qaldirgʻochni xosiyatli qush, deb bejiz suymaydilar. Yurtdoshlarimiz uyiga qaldirgʻoch uchib kelsa, xuddi boladek quvonadi. Nuroniy otaxonu onaxonlarimiz bahorning ilk kunlarida qaldirgʻochni koʻrsa, qoʻllarini duoga ochib, tinchlik va osoyishtalikka shukrona aytishadi. Hatto oʻyinqaroq bolalarimiz-da qaldirgʻoch uyasidan bitta choʻp banogoh tushib ketsa, uni avaylab joyiga qoʻyib qoʻysam, deydi. Bunday eʼzozni koʻrgan, his etgan qaldirgʻochlar esa Oʻzbekistonga uchib kelaveradi, uya quradi, polapon ochib, ularni musaffo osmon bagʻrida uchirma qiladi…
Darvoqe, men qaldirgʻoch mittigina qush boʻlsa, uzoq oʻlkalardan yurtimizga qanday uchib keladi, degan savolga manbalardan javob izladim. Afsuski, bu haqida biron joʻyali gap chiqmadi. Bir otaxondan soʻragandim, “Qaldirgʻochlar turnalarning qanotida keladi. Bizga bobolarimiz shunday uqtirgan”, deb ortiqcha izohga oʻrin qoldirmadi. Agar bunga ishonadigan boʻlsak, olis safarda qush qushga qanotidan joy berishi kishini taajjublantiradi.
Qaldirgʻochlar meni begʻubor bolalik damlarim sari yetaklaydi. Oʻshanda hali maktabga bormagan boʻlsam-da, yaxshi eslayman: uyimiz bitta xona va chogʻroq dahlizdan iborat edi. Shunda qaraganda, bobom oʻrtancha oʻgʻli, yaʼni otamni alohida hovliga chiqargan kezlar boʻlsa kerak. Bahorda uyimizga bir juft qaldirgʻoch uchib keldi. Bu tashrifdan, birinchi navbatda, men rosa suyundim. Qaldirgʻochlar xonadonimizga oʻzgacha fayz bagʻishlab, tez orada oila aʼzolarimizdek boʻlib qoldi. Ularning mehnatsevarliginiyu uya qurish sanʼatini aytmaysizmi?! Uya uchun dahliz shiftidagi yoʻgʻon toʻsinning qoq oʻrtasidan joy tanlab, tumshuqlarida gʻiz-gʻiz etib loy tashishga kirishdilar. Loy desam, oddiy loyga oʻxshamaydigan qandaydir oqimtir modda. Otam qaldirgʻochlarning emin-erkin uchib kirib-chiqishi uchun dahliz eshigini katta ochiladigan qilib qoʻydi va menga tayinladi:
– Quvondiq, soʻzlarimni ikki qulogʻingga yaxshilab quyib ol. Oʻrtoqlaringni yigʻib kelib, qaldirgʻochlarning ishiga xalal berma. Shunday qilsang, ular bizdan xafa boʻlib uyimizga kelmay qolishadi. Keyin qoʻshnilar bir juft qaldirgʻochga ham mehr koʻrsatisholmadi, deyishadi. Sen, yaxshisi, ora-orada ularga: “Hormanglar, ishlaring unsin”, deb gʻayratiga-gʻayrat qoʻshib tur…
Uyogʻini soʻrasangiz, qaldirgʻochlarga madadkor boʻlaman deb baqiraverib choʻchitib yuborgan ekanman, onam meni koʻchaga quvib soldi. Kechqurun qosh qorayguncha qaldirgʻochlarning qaytishini kutib eshik yonida poyloqchidek oʻtirdim. Xayriyat, ular mendan oʻpka-gina qilmay dahlizdagi elektr simiga tizildi. Quvonchim ichimga sigʻmay onamdan suyunchi oldim. Bir mahal qoʻshnilar bizni “yangi mehmonlar” bilan qutlagani kelishdi. Dasturxon atrofida suhbat mavzusi qaldirgʻochga qaratildi. Gap-soʻzlarga quloq tutib oʻtirib uxlab qolibman.
Ertasiga, indiniga, to makonini qurib bitkazguncha qaldirgʻochlar tinim nimaligini bilishmadi. Va nihoyat kichikroq tarvuzning chorak pallasidek keladigan uya tappa-tayyor boʻldi. Shundan keyin ular oʻz tillarida bir-biriga nimadir deyishib, “hovli toʻylari”ni oʻtkazishdi.
Yoz oylariga borib, oʻsha uyadan chugʻur-chugʻir qilishib, ota-onasining tumshugʻiga boʻyin choʻzayotgan polaponlarni koʻrib qoldim. Demak, baraka topkurlar tuxum qoʻyib, bola ochishga ham ulguribdi. Bundan chiqdi, bizning qaldirgʻochlarimiz hammanikidan koʻp, degan xayolga bordim.
Ajablanarli tomoni shundaki, chumchuq yoki musicha polaponlari baʼzan uyasidan tushib ketadi, lekin qaldirgʻochlar umuman bunday ehtiyotsizlik qilmaydi. Aytishlaricha, uchirma boʻlguncha polaponlarining oyogʻiga ot yolidan arqon bogʻlashar emish. Bu qanchalar toʻgʻriligini bilmadim-u, qaldirgʻochlar bolalariga juda mehribon, kerak boʻlsa, ular uchun jonini ham ayamasligiga oʻzim guvoh boʻlganman. Oʻsha kuni ota-onasi voyaga yetgan qaldirgʻochlarni uchishga oʻrgatayotgan edi. Kutilmaganda ulardan biri toliqdimi, yerga qoʻndi. Buni ochkoʻz mushuk poylab turgan ekan, birdan tashlanib qolsa, deng. Bechora qush qancha qanot qoqmasin osmonga koʻtarilolmadi. Shunday qaltis vaziyatda ota-ona qaldirgʻochlar yordamga yetib kelib, bolasiga koʻz olaytirgan mushukning naq koʻziga chang solishdi. Zoʻravon hujumga dosh berolmay ortga chekindi. Ota-ona qaldirgʻochning mehri va jasoati bolasini oʻlimdan asrab qoldi.
Men insonning yaqin doʻstidek boʻlib qolgan bu qushlarning elektr simlarida bir safga tizilib turishini, uchib borayotib birdan yoʻnalishni oʻzgartirishini, yerga qoʻnmasdan hovuzdan suv ichishini, oʻzlari yashayotgan xonadon tozaligiga rioya qilishini koʻp kuzatganman va har gal ularning chaqqonligiyu aql-farosatiga qoyil qolganman.
Mutaxassislarning eʼtirof etishicha, sadoqat bobida ham qaldirgʻochlarga yetadigan qush yoʻq ekan. Ular har yili bahorda oʻzlari uya qurgan xonadonga qaytib kelishadi. Lekin odamlar hamisha qaldirgʻochlarga nisbatan yaxshi munosabatda boʻlyapti, deb ayta olmaymiz.
– Uyimda qurilish ishlarini olib borayotgan ustalar ehtiyotsizlik qilib, ayvondagi uyaga ziyon yetkazdi. Shundan keyin qaldirgʻochlar koʻrinmay qoldi, – deydi armon bilan bir tanishim.
– Bir kun janjal boʻlgan xonadondan qirq kun baraka koʻtariladi, deb bekorga aytishmas ekan, – deb hasrat qiladi bir ona. – Shu desangiz, qaysi yili oʻgʻlim bilan kelinim murosa qilolmay qolishdi. “Hoy, senlarga nima yetishmayapti? Oʻrtada ikki nafar koʻzmunchoqdek farzandlaring bor, topish-tutishlaring yaxshi”, deb necha marta aytdim. Boʻlmadi. Qaytaga janjal avjiga chiqdi. Buni hovlimizda yashayotgan qaldirgʻochlar ham sezgan ekan, bahorda qaytib kelishmadi. Hozir oʻgʻlim ham, kelinim ham hovuridan tushgan, munosabatlari yaxshi. Lekin qaldirgʻoch uyasi boʻm-boʻsh. Uni koʻrganda yurak-bagʻrim eziladi…
Qaldirgʻoch – xosiyatli qush. Uning axil va inoq oilalar yashaydigan uylarga uchib kelib, uya qurishida ham bir sir-sinoat borga oʻxshaydi. Shunday ekan, oilalar mustahkam, xonadonlar toza-ozoda, turmush osoyishta boʻlsagina qaldirgʻochlarning oshyoni koʻpayadi, odamzodga yaqin va qadrdon bu qushlarning parvozi baland boʻladi.
Suyundik Mamirov.
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/qaldirgoch/