Qalblarni uygʻotib

Oltiariqning Poloson qishlogʻida zebu hashamdan holi, oddiygina, lekin farishtali bir hovli bor. Toshkenti azimdan tashrif buyurgan ijodkor borki, bu xonadonni ziyorat qilmay, bir piyola choy ichmay ketmaydi. Bu dargohga adabiyotimizning zabardast dargʻalari Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Said Ahmad, Oʻtkir Hoshimov, Neʼmat Aminovlarning ham qadami tekkan.

Bunday hurmat-ehtirom, eʼtiborning boisi – ushbu xonadon Anvar Obidjondek millat adabiyotining taniqli adibini kamolga yetkazgan. Shoirning begʻubor bolaligi shu joyda oʻtgan. Qalbida hayotga, insonlarga, ona tabiatga boʻlgan mehr-muhabbat tuygʻulari aynan shu maskanda uygʻongan, ilk sheʼriy satrlari ham shu goʻshada toʻqilgan.

Oltiariq oʻzining samimiy, mehmondoʻst xalqi, mirishkor, moʻjizakor dehqonlari bilan yetti iqlimga maʼlum. Bu yurt odamlari tabiatidagi shoironalik, sanʼatkorlik, yaratuvchilik xususiyatlari shu tuproq zuvalasidan yaralgan soddafeʼl, kamsuqum, lekin ulugʻ, suyukli shoirning yozgan har bir qatra sheʼri, qissasi yoki hajviyasi, kinossenariysining bir chetida oddiy haqiqatlari bilan mana men deb turadi va Oltiariqni yanayam mashhur qilaveradi. Shoir oʻzi yozganidek, hayotning har lahzasi goʻzal, umrning har dami gʻanimat va u mana shu shior bilan yashab, ijod qilmoqda.

Anvar Obidjon bugungi adabiyotimiz, ayniqsa bolalar adabiyoti rivojiga tamal toshi qoʻygan nomdor shoir, nosir, dramaturg, publitsistdir. Shoir yoshligidanoq hayotning eng qaynoq, tashvishu quvonchlarga toʻla jabhalarida pishib, xalqning baxti, dardu ogʻriqlarini oʻz yuragidan oʻtkazdi. Samarqand Moliya bilim yurtiga oʻqishga kirdi, harbiy xizmatda boʻldi, oʻz qishlogʻidagi jamoa xoʻjaligi dalalarida ishlab yurgan kezlarida ham qoʻlidan qalamini qoʻymadi.

Nihoyat, shoir oʻz orzu va intilishlari yoʻlida tuman gazetasiga adabiy xodim boʻlib ishga oʻtadi, hozirgi Milliy universitetning jurnalistika fakultetida sirtdan tahsil ola boshlaydi. Keyinroq Fargʻona viloyati radiosida, poytaxtdagi yoshlar nashriyotida, “Mushtum” jurnalida, Choʻlpon nashriyotida, oʻzteleradiokompaniyada uzoq yil faoliyat koʻrsatadi.

Shoirning birinchi sheʼri oʻquvchilik davrida “Gʻuncha” jurnalida bosilgan boʻlsa, 1974 yilda bolalarga atalgan “Ona Yer” degan ilk sheʼriy toʻplami chop etiladi. Oradan olti yil oʻtgach, 1980 yilda u oʻzining ikkinchi sheʼriy toʻplami – “Bahromning hikoyalari”ni oʻquvchilar hukmiga havola etdi. Bu kitob shoirga katta shuhrat keltirdi, qoʻlma-qoʻl boʻlib oʻqildi.

Anvar Obidjonning sheʼriy turkumlari, ayniqsa “Siz eshitmagan qoʻshiqlar”, “Bulbulning choʻpchaklari”, “Gʻalati maktublar” turkumlari tez ogʻizga tushdi. Ulardagi noanʼanaviy sheʼrlar oʻzbek bolalar adabiyotini yangi bosqichga koʻtardi, muallifni ushbu yoʻnalishning yirik vakiliga aylantirdi. Atoqli yozuvchimiz Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Xalq soʻzi” gazetasida bosilgan “Polosonlik Anvar Obidjon” maqolasidagi: “Q. Muhammadiy, P. Moʻmin, H. Nazir asarlarini oʻqib, Xudoga shukur, shunday ijodkorlarimiz bor-a, deb faxrlanaman. Mark Tven, aka-uka Grimmlar, Sharl Perro, Janni Rodari singari jahonshumul yozuvchilarni oʻqiganda esa, ularning oʻziga xosligi, adabiyotga hech kim aytolmagan gaplarni aytib kirib kelganini oʻylab, e Xudo, bizga ham ana shunday yozuvchilardan bersang edi, deb ich-ichimdan orzu qilgan paytlarim ham koʻp boʻlgan. Ana shunday ijodkorni Alloh bizga polosonlik Anvar Obidjon qiyofasida berganga oʻxshaydi”, degan soʻzlarida, shak-shubhasiz, hech qanday mubolagʻa yoʻq.

Serqirra ijodkorlar qatorida turuvchi Anvar Obidjon farzandlarimizga atab “Alamazon va uning piyodalari”, “Oltin yurakli Avtobola”, “Juda qiziq voqea”, “Masxaraboz bola”, “Dahshatli Meshpolvon”, “Kezargon Boychechak”, “Oʻgʻirlangan pahlavon”, “0099 raqamli yolgʻonchi”, “Atrofimizdagi qiziqchilar”, “Jajji-jajji kulchalar” singari asarlar yaratish bilan birga, “Bezgakshamol”, “Oltiariq hangomalari”, “Tanlangan sheʼrlar”, “Yerliklar”, “Baloga qolgan futbolchi”, “Ajinasi bor yoʻllar” kabi kitoblari bilan kattalar adabiyotida ham oʻz oʻrniga, salohiyatiga ega.

Adibning yozganlari, u xoh sheʼr, xoh hajviya, xoh dramatik asar boʻlsin, zavqu shavq bilan oʻqiladi, soddaligi, oddiyligi, xalqonaligi bilan qalbingizni zabt etadi, ezgulikka oshno qiladi. U nafaqat ijodkor, balki ulugʻ-ulugʻ ustozlarga munosib shogird, ayni paytda, oʻzi ham yosh ijodkorlarga gʻamxoʻr insondir. Anvar aka Oltiariq tumanadagi “Paxta uchun” gazetasida ishlab yurgan kezlarida tahririyat qoshida adabiy toʻgarak ochib, havaskor qalamkashlarga maslahatgoʻylik qilganlar. Toʻgarak aʼzosi sifatida ulardan koʻplar qatori jahon adabiyoti, mumtoz va zamonaviy sheʼriy sanʼatimiz sirlarini oʻrganganman.

Anvar Obidjon xalqning qalbini uygʻotib yashaydi, ruhan boy qiladi, oʻzligini asrashga, Vatanni eʼzozlashga, qudratini oshirishga daʼvat etadi. Uning bir sheʼri bunga yaqqol misoldir:

 

Bizlar oʻtkinchimiz, yurt esa mangu,

Oʻzingni boy qilma, yurtingni boy qil.

Desang, xalqim aslo koʻrmasin qaygʻu,

Oʻzingni boy qilma, yurtingni boy qil.

 

Olamga dovrugʻli xazina yigʻsang,

Yetti pushtga yetar, yo yetmas, bilsang,

Ming avlodim kamlik koʻrmasin desang,

Oʻzingni boy qilma, yurtingni boy qil.

 

Zoti asl boyda maʼrifat boʻlgay,

Koʻnglida ezgulik, oriyat boʻlgay,

Ezgu ishning umri beadad boʻlgay,

Oʻzingni boy qilma, yurtingni boy qil…

 

Ustozimiz Anvar Obidjon ijodi ayni barq urgan yoshda. Xalqimiz bu ardoqli adibidan hali koʻp sara asarlar kutadi.

 

Enaxon SIDDIQOVA,

Oʻzbekiston xalq shoiri

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/qalblarni-uygotib/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x