Qalbingni butunlay sevgiga berma

Samoviy koʻylak haqida orzu

 

Qaniydi, samoviy kiyimim boʻlsa –

Tillarang, kumushrang nurlarga choʻmgan.

Kechalar, kunduzlar, tonglarning toza

Va tumanli, xira nurini emgan…

Uni faqat senga qilardim sovgʻa,

Ammo hech vaqom yoʻq orzudan boʻlak.

Orzularim sochdim poyingga, mana,

Ayama, qadaming tashlayver, malak…

 

 

Mushuk va oy

 

Yuksaklarda suzib borar oy,

U yon-bu yon yuradi mushuk.

Nelarnidir izlar, hoynahoy,

Yer bagʻriga uzala tushib.

Razm solar oyga Minalush,

Izgʻib yurar, mungli miyovlar.

Oyning sovuq nuri qilar gʻash,

Yuragiga xavotir solar.

Oʻtloq boʻylab yuguradi u,

Bosar mayin panjalarini.

Oʻyna, mushuk, yoʻqolsin qaygʻu,

Och yuraging darchalarini.

Raqsga juda mosdir ushbu choq,

Oy oʻrgatar balki oʻynashni.

U ham juda zerikkan, chogʻi,

Oʻynab dildan ketkazar gʻashni.

Shuʼla tushgan mayin maysalar

Uzra yurar Minalush asta.

Yuksaklarda oy tanho suzar,

Yangi joyga siljir birpasda.

Bilarmikan, Minalush bunda

Qaraganin har yon nigoron.

Atrofga bir alanglab yana

Termulganin olis oy tomon.

Minalush – jim, tolganday oʻyga,

Qurshab borar yolgʻizlik, charchoq.

Yiroq ketgan bevafo oyga

U ham tashlar vafosiz nigoh.

 

 

Qalbingni butunlay sevgiga berma

 

Qalbingni butunlay sevgiga berma,

Har doim muhabbat oʻyida yurma.

 

Seni mahv etganin bilganlari on

Ayollar qadringni unutar, inon.

 

Boʻsalar koʻp boʻlsa, taʼmi oz boʻlar,

Meʼyorini bilsang, bari soz boʻlar.

 

Suyumli narsalar muvaqqat mudom,

Ularga yuraging bermagil tamom.

 

Maftun etib olar avaylab, mayin,

Yuragingni oʻyin qilarlar keyin.

 

Koʻru kar, soqovga aylanadirsan,

Koʻrinmas arqonga boylanadirsan.

 

Sen endi yutqazding, yengilding butkul,

Sen endi qalbini boy bergan bir qul.

 

 

Eski qoʻshiq

 

Suyukligim keldi – yashnab ketdi bogʻ,

Qadamidan goʻyo yorishdi har yon.

Aytdi: “Yaproqlarday yengil sev, oʻgʻlon”,

Yosh edim, soʻziga osmadim quloq.

 

Daryo yoqasini kezdik vaqti chogʻ,

Qorday oq qoʻllari yelkamda edi.

Tosh yorgan maysaday erkin boʻl, dedi,

Men-chi, oh, soʻziga osmadim quloq.

 

 

Yurakka dalda

 

Boʻldi, tinchlan endi, tinchlan, yuragim,

Eskilarning qadim hikmatin esla:

Olov va toʻlqindan qoʻrqar boʻlsa kim,

Shamollar oldida titroqqa tushsa,

Uni mahv etadi yongʻin yo toshqin,

Shamollar uchirar, etgaydir vayron,

Qolmagaydir undan biror nom-nishon.

 

 

Oʻlim

Na qoʻrquv, na umid biladi –

Jon berar hayvon.

Qoʻrqadi, umidlar qiladi –

Shundaydir inson.

U oʻlgan necha bor, necha bor,

Ammo turgan oʻrnidan takror.

Inson buyuk gʻururi sabab,

Gʻurur sabab boʻlar afsona.

Hayot oʻyinlari, makrlaridan

Kuladi u qoʻrqmay, mardona.

Oʻlim mohiyati ungadir ayon –

Oʻlimni ham oʻzi yaratar inson.

 

 

Plash va qoʻlqop

Koʻrishdik, u turar quvonib, yayrab,

Meni esa tinmay qiynaydi qaygʻu.

Oʻyladim: u mamnun dilimni tirnab,

Unda yurak yoʻqdir, yoʻq erur tuygʻu.

 

Turardim qoʻlimda plashin tutib,

Dedim: “Endi tamom, koʻrishmasmiz, yoʻq”.

Shu dam gʻijimlangan bir mato uchib,

Kelib tushdi oyoq ostimga shundoq.

 

Bolalar qoʻlqopi, oʻngigan biroz,

Uni koʻrib birdan koʻzga yosh keldi.

Dedim: “Kulrang plash, qanotlaring yoz,

Uning qalbini sen asragin endi”.

 

 

Keyin-chi?

Uni maqtar edi maktabdosh doʻstlar:

Juda mashhur boʻlib ketadi bir kun.

Uning qoidasi boʻldi bu soʻzlar,

Izlandi, ter toʻkdi imkoni qadar;

“Keyin-chi? Xoʻsh, keyin?” – dedi Aflotun.

 

Yozgan har narsasi qozondi dovruq,

Pul topdi, turmushi oʻzgardi butun,

Yashadi har nedan mamnun, koʻngli toʻq,

Doʻstu oshnani ham unutmadi, yoʻq;

“Keyin-chi? Xoʻsh, keyin?” – dedi Aflotun.

 

Neki orzu qilsa, boʻldi sazovor –

Moʻjaz uyga ega, oʻgʻil-qiz – durkun,

Olxoʻrilar oʻsgan goʻzal bogʻi bor,

Ortidan shoirlar ergashdi qator;

“Keyin-chi? Xoʻsh, keyin?” – dedi Aflotun.

 

Qarigach, oʻyladi oʻzidan xursand:

“Yoshlikda rejalar tuzgandim uzun,

Barini bajardim, hech yemadim pand,

Dushmanlarim kuydi, ketmadi omad”;

“Keyin-chi? Xoʻsh, keyin?” – dedi Aflotun.

 

 

Ingliz tilidan Orif Tolib tarjimalari

 

 

Uilyam Yeyts (1865–1939)

Atoqli irland shoiri va dramaturgi. Adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti sovrindori (1923).

Ilk sheʼriy kitobi – “Oysinning sayohatlari” (1889). Shundan keyin “Atirgul” (1893), “Qamishzor shamoli” (1899), “Masʼuliyat” (1916), “Martdagi toʻlin oy” (1935), “Yangi sheʼrlar” (1938) kabi toʻplamlari chop etilgan. Bir qator pyesalar, hikoyalar; sheʼriyat va teatr haqidagi esselar muallifi.

Irland xalq ijodiyoti va mifologiyasini chuqur oʻrganib, ijodiga singdirgan. Uning mifologik uslubi XX asr ingliz shoirlariga katta taʼsir koʻrsatgan.

 

“Sharq yulduzi” jurnalining 2016 yil 8-sonida chop etilgan.

https://saviya.uz/ijod/nazm/qalbingni-butunlay-sevgiga-berma/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x