Qalbimiz hududlarini omon saqlaylik

Oʻzbekiston Qahramoni,

Xalq shoiri Erkin Vohidov bilan suhbat

 

Siz sevimli shoirimiz Abdulla Oripovning Milliy teatrimizda boʻlib oʻtgan 70 yillik yubiley tantanasidagi tabrik soʻzingizda koʻpchilikni hayajonlantirib yuborgan bir voqea tafsilotini aytdingiz. Yaʼni, soʻz sanʼatkori Abdulla Qahhorning oʻsha dolgʻali 60-yillarda Siz va Abdulla Oripovga nisbatan “Sizlarni bu ajdaholarga yem qilib berib qoʻymayman” deganlarini eslatganingizda oʻtirganlar bir qalqib tushgandek boʻldi. Agar mavjud voqelik nuqtai nazaridan olib qaraganda rostdan ham bu soʻzlar haqiqiy jasorat timsoli edi.

Nazarimda xuddi mana shu joyda adabiyotga sadoqat va eʼtiqod masalasi boʻy koʻrsatadi. Adabiyotning yashovchanligi va sofligi ijodkor eʼtiqodi va fidoyiligi bilan chambarchas bogʻliq hodisaga oʻxshaydi. Siz bunga nima deysiz?

Oʻtgan asrning 60-yillarida adabiyotga kirib kelgan yangi avlod – bamisoli navbahorning ilk boychechaklari boʻldik. Chinakam bahorga hali uzoq edi. Qish xatari ketmagan, bir sovuq yel bizlarni ado qilishi hech gap emasdi. Lekin biz buni sezmas, oʻylamas edik. Tanqidlarni samimiy qabul qilardik. Koʻpni koʻrgan ustozlar, qatogʻon yillarini boshdan kechirgan keksa avlod bu xil ayblovlar oqibatini bilib, his etib, xavotirlanishar edi.

Gʻafur Gʻulom 1966 yilning aprelida Tojikiston yozuvchilari anjumaniga borar ekan, Komil Yashinga aytib meni ham roʻyxatga kiritganini, yoʻl-yoʻlakay bu bolaning qulogʻini choʻzib qoʻyaman, deb aytganini eshitganman. Darhaqiqat, u kishi oʻsha safardan qaytishda menga tanbeh berib: “Siyosatga toʻgʻri kelmaydigan sheʼrlar yozarmishsan. Hukumat bilan oʻynashma, jimjildoqdek shoirsan. Bu davlat marshallarni ham otgan”, degani qulogʻimdan ketmaydi.

Bu otadek mehribon, kuyunchak ustozning soʻzlari edi.

Abdulla Qahhor tabiatan isyonkor adib sifatida bizni yoʻldan qaytarish emas, aksincha qoʻllab-quvvatlash, qalqon boʻlishdek masʼuliyatni zimmasiga olgan edi. Oʻz asarlariga bizning sheʼrlarimizdan epigraf olgani, “men shu yoshlar tomonidaman, ularga tega koʻrmang”, degan jasoratli xitobi edi.

Ijodkorlar bir-biriga oʻxshamaganlari kabi ustozlarimiz: Mirtemir, Zulfiya, Asqad Muxtor, Shuhrat, Saida Zunnunova, Ozod Sharafiddinovlarning bizga mehru ardogʻi ham turli yoʻsinda boʻlgan. Ularning yodi oldida qarzdormiz va bu qarzni ijodkor yoshlarga mehr koʻrsatib uzmogʻimiz kerak. Siz aytgan adabiyotga sadoqat va eʼtiqod masalasi ham avvalo soʻz sanʼatining kelajagi toʻgʻrisida qaygʻurishdan boshlanadi. Adabiyotimiz oldida qaygʻurishga loyiq muammolar bor. Zamon yangi, avlod yangi, dunyoqarash, munosabatlar yangi. Raqobatli dunyoda kitobning qudratli, sehrgar raqiblari koʻp. Avvalgi mavqeini tiklash uchun yangi avloddan favqulodda isteʼdod va mislsiz jasorat talab etiladi.

Har bir millat adabiyotining oʻz ovozlari boʻladi. Bu “ovozlar” oʻsha millat adabiyotining, maʼnaviyatining timsoli sanaladi. Oʻtgan XX asr oʻzbek sheʼriyatida oʻnlab yangroq ovozlar paydo boʻldi va avj pardalarda jaranglagan bu ovozlarning aks-sadosi hamon eshitilib turibdi.

Xassos shoir Abdulla Oripovning sheʼriyati oʻzining teran falsafasi bilan, shoir Rauf Parfi ijodi shakl va mohiyatdagi yangiliklari bilan, Halima Xudoyberdiyeva, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Xurshid Davron, Azim Suyun va Mirzo Kenjabek singari shoirlarning sheʼriyati oʻzining betakror jozibasi va ohanglari bilan alohida ajralib turdi. Sizning ijodingizdagi Soʻz esa joʻshqinligi va serjilo ohanglari bilan oʻquvchi qalbini zabt etdi.

Aytmoqchi boʻlganim: endilikda adabiyotimizda bu yangroq ovozlarga hamohang va safdosh ovozlar namoyon boʻlmayotgandek. Nima, isteʼdodning yuzaga kelishiga ham ijtimoiy-tarixiy hayotning taʼsiri boʻladimi?

Har bir zamonning oʻz ideallari, ixlos qoʻygan sanʼati boʻladi. Milliy teatrimizning Mannon Uygʻur, Yetim Bobojon rahbarlik qilgan, Abror Hidoyatov, Shukur Burxon, Olim Xoʻjayev, Sora Eshontoʻrayevalar gurkiragan davrini eslang. Margʻilonda Joʻraxon Sultonov, Maʼmurjon Uzoqov, Xorazmda Komiljon Otaniyozov avj pardalarda kuylagan davrlarni yodga oling. Muqimiy nomidagi teatrni jaranglatgan Mahmudjon Gʻofurov ovozi ham sanʼatimiz tarixida yorqin sahifa boʻlgan. Bugun endi estrada zamoni. Ovoz bormi-yoʻqmi, farqsiz, hamma qoʻshiq aytadigan boʻldi. Savod bormi-yoʻqmi, hamma qoʻshiqqa soʻz yozadigan boʻldi. Ovoz kuchaytirgichlar quloq pardalarini yorish darajasiga yetdi. Na iloj, hozirgi yoshlar shuni yaxshi koʻradilar.

Tegirmon navbati bilan aylanar ekan. Sheʼriyat ham qirq-ellik yil avvalgi shuhratini tiklab olar. Yoshlardan umid katta. Ularga eʼtibor va gʻamxoʻrlik ham har qachongidan yuksak. Adabiyotimizning kelajagi muhtaram Prezidentimiz diqqat markazida turgan masalalar sirasiga kiradi. Yurtboshimiz topshirigʻi bilan tuzilgan “Ijod” jamoat fondi eng boy va faoliyat doirasi keng jamgʻarmalardan biri. Yangi taʼmirdan chiqarilgan Doʻrmon bogʻi eng shinam ijod maskani boʻlib qoldi. Bu gʻamxoʻrliklar albatta oʻz hosilini berajak.

Biz maktabni tamomlayotganimizda Hazrat Navoiyning 550 yillik toʻyi nishonlangan edi. Rostini aytish kerak, biz oʻrta maktabdan Navoiy haqida bor-yoʻgʻi uch-toʻrtta jumla oʻrganib chiqdik. Toʻgʻri, oʻsha payt darsliklarida Hazratning qarashlari, ideallari buzib koʻrsatilgan, hukmron mafkura “musiqasi”ga moslashtirilgan edi. Bugun oradan 20 yil oʻtibdi. Mustaqillik yillarida Navoiy ijodini oʻrganish borasida juda katta ishlar amalga oshirildi. Mamnuniyat bilan aytishimiz mumkinki, shu kunlarda bir guruh zahmatkash olimlarimiz tomonidan Hazratning toʻliq asarlar toʻplami qayta nashrga tayyorlanmoqda. Ammo meni oʻylantirgan masala shundaki, Hazrat Navoiy haqida bugungi oʻrta maktab bitiruvchisi, biz – 20 yil burungi bitiruvchilardan koʻproq narsa bilishiga ishonish qiyin. Nazarimda, oʻrta maktablarimizdagi pedagog-kadrlar saviyasiga koʻp narsa bogʻliqqa oʻxshaydi…

Har bir millatning kelajagi istaymizmi-yoʻqmi, oʻqituvchilar saviyasiga bogʻliq. Bu haqiqatni hech qachon esdan chiqarmasligimiz lozim. Biz endilikda shoʻrocha mafkuradan, adabiy mezonlardan butunlay qutuldik. Adabiyotimizni, xususan, mumtoz adabiyotimizni butun boʻy-basti bilan koʻrsatadigan vaqtlar keldi.

Biz ulugʻ adiblarimizning mumtoz asarlarini boqiy deb ataymiz. Darhaqiqat, yuz yillar, ming yillar oʻtib ohorini yoʻqotmagan ijod namunalari bor. Mumtoz adabiyotimiz namunalari orasida baʼzan shunday baytlar, misralar borki, ularni mutolaa qilgan inson qalbi va ruhiyatida ajib bir oʻzgarish, poklanish sodir boʻlganini his etadi. Bu gʻazallar oddiy ilhom lahzalarida emas, ilohiy ilhom toʻlqinlaridan tugʻilgan boʻlsa ajabmas. Bolalarimiz mana shu bebaho va beqiyos maʼvolardan bebahra qolmasligi kerak.

Lekin bu borada boshqa bir haqiqatni ham tan olishga majburmiz. Har zamonning oʻz tafakkur tarzi boʻladi. Bugungi yoshlar ongini har daqiqa bosib keluvchi axborot toʻfoni koʻmib tashlagan. Oʻrta asr xotirjamligi yoʻq. Tomosha, oʻyin-ermakning ham ming xil turi bor. Haqiqatga ochiq koʻz bilan qaragan inson bugun Navoiyning ommaviy mutolaa qilinmasligini toʻgʻri tushunadi.

Men oʻzim hazrat gʻazallarini yoshlikdan oʻqib qalbga singdirganman va bu sohir soʻzdan hammaning bahramand boʻlishini istayman. Lekin bu shirin orzu, xolos.

Navoiyni XV asrda ham barcha birdek tushungan emas. Soʻzlarining mazmunini bilganlar ham soʻz ostida yotgan chuqur maʼnoning ildiziga yetib borolmaganlar. Buyuk shoir tashbehlarini anglash uchun madrasa ilmi kamlik qilgan.

Hazratning muhtasham “Xazoyinul-maoniy”sini boshlab bergan:

 

Ashraqat min aksi shamsil kaʼsi anvorul hudo,

“Yor aksin mayda koʻr”, deb jomdin chiqti sado.

 

baytlarini Alixon Toʻra Sogʻuniy hazratlari bir soatga yaqin sharh qilgan edilar. Keyin anglasam, bu sharh tasavvuf ilmidan ajib bir saboq boʻlgan ekan.

Mirtemir domladan: “Nega ijodxonangizda Pushkin surati stol ustida, oʻzimizning Navoiy panaroq joyda turibdi”, deb soʻraganimizda, ustoz shoir shunday javob bergan edilar: “Men Pushkinga tik qarashim mumkin. Uni boshdan-oyoq oʻqiganman, koʻp tarjima qilganman. Lekin Navoiyni rostmana anglab yetmadim, barcha asarlarini oʻqib magʻzini chaqqan emasman”.

Ustozning bu soʻzlarini mashhur navoiyshunos olim Abduqodir Hayitmetovga aytsam, u kishi kamtarlik bilan: “Biz ham shunday”, degan edilar.

Bu soʻzlarim, Navoiyni oʻqib anglashga urinmay qoʻyaqolaylik, degan maʼnoni bildirmaydi. Hazrat – oʻzbekning ota shoiri. Uning asarlarini boshdan oyoq oʻqib tahlil qila olmasak-da, eng mashhur gʻazal, ruboiy, tuyuq, fardlaridan, doston va masnaviylaridan bir shingil boʻlsa-da yod bilmasak, ulugʻ shoir bundoq deganlar, deb hikmatli satrlarni aytolmasak, oʻzbekligimiz qayerda qoladi?

Dunyo moddiylashib bormoqda. Endilikda har bir narsa moddiy qiymat bilan oʻlchanadigan boʻlib qoldi. Kishilardagi romantik ruhiyat oʻrnini realistik kayfiyat egallab bormoqda. Tabiiyki, bunday sharoitda odamlarni, xususan, yoshlarni kitobga, badiiy adabiyotga qiziqtirish oson kechmaydi. Biroq kitobsiz yashab ham boʻlmaydi. Shunday ekan, sizning-cha, “qiziqtirish” jarayonini qayerdan va qay yoʻsinda boshlagan maʼqul?

Buning uchun qoʻlimizda turgan imkoniyatlardan unumli foydalanishimiz kerak. Imkoniyatlarimizni farzandlarimizning kelajagi, millatimiz maʼnaviyati, adabiyotimiz ravnaqi uchun foydali ishlarga safarbar etishimiz lozim.

Bugungi kunda internet deyarli har bir xonadonga kirib ulgurdi. Biroq televideniye ommaviylikda oʻzining yetakchi mavqeini boʻshatib bergani yoʻq. Uni hamma koʻradi, eshitadi. Elga tanilishning yoʻli – televideniyeda koʻrinish. Qaysi xonanda televizorda koʻproq chiqsa, toʻylarning toʻri uniki. Shoir, yozuvchilar toʻyga yurmaydilar, televizorda chiqishdan manfaatlari yoʻq, oynai jahondan oʻzlarini tortib yuradilar. Bu toʻgʻri emas, albatta. Elga koʻrinib turish, el ichida boʻlish odamlarda adabiyotga, kitobga mehr uygʻotish uchun kerak. Axir mehr koʻzda degan gap bekorga aytilmagan.

Biz oʻzbeklarda istihola kuchli. Oʻzni namoyon qilishdan tortinamiz. Axir bizning oʻnlab noyob isteʼdod egasi boʻlgan, yurt ardogʻidagi shoirlarimiz, yozuvchilarimiz bor. Ular zinhor televizorda koʻrinmaydilar. Sheʼrlari oʻqilsa ham kadr ortidan, muallifi aytilmay oʻqiladi. Bu kamtarlikning foydasidan zarari koʻproq.

Shu oʻrinda bir voqea esimga tushdi. Saksoninchi yillar edi. Meni oʻrtacha lavozimdagi vazifaga tayinlash uchun hujjat tayyorlayotgan yuqori idora mansabdori tarjimai holimni oʻqib shunday degan edi: “Men sizni jiddiy rahbar deb oʻylasam hali sheʼr ham yozasizmi?”

Bunday tushuncha hamon yoʻqolmagan koʻrinadi. Bizning tortinchoqligimiz adabiyotni oʻldirishi mumkin. Yana takror aytaman, ulkan raqobat asrida yashayapmiz. Inson qalbidagi hududning har qarichi uchun kurash ketayotgan zamon. Biz chekinayotgan qoʻshin kabi anchagina hududimizni boy berdik. Muhtaram Yurtboshimizning oʻtgan yil Yozuvchilar uyushmasi raisi bilan qilgan muloqoti va badiiy ijodga ulkan sharoitlar yaratib bergani bejiz emas. Adabiyot hamisha maʼnaviyatning oldingi qatorida borgan va shunday boʻlishi kerak. Buning uchun yetarli kuch-quvvatimiz bor. Endi oʻsha istiholani yigʻishtirib, xalq bilan muloqotning hamma shakllaridan foydalanishimiz lozim. Bu zamon oldidagi, Vatan oldidagi burchimizdir.

– Erkin aka, ijodkor oʻz hayratlarini saqlab qolishi bilan boshqalardan ajralib turadi. Suhbatimiz yakunida bugungi kun hayratlaringiz va ijodiy rejalaringiz haqida soʻrasam maylimi?

Men boshqa asrda, boshqa zamonda tugʻilib, yashab, boshqacha bir davronda hayot kechirayotgan odamman. Bunday evrilishni xayolga sigʻdirish qiyin. Men ham, har daqiqa hayrat ichida yashayman.

Keyingi bir yil ichida ijodiy ish bilan koʻproq shugʻullanyapman. Bunday imkoniyatlarga ega boʻlganimdan boshim koʻkda. “Yoshlik”ka hisobot berib qoʻyay: oʻtgan yil “Orzuli dunyo” va “Tabassum” deb atalgan ikki kitobim chiqdi. Sheʼrlarim matbuotda muntazam eʼlon qilinmoqda. Kechagina “Sharq yulduzi”ga bir turkum sheʼrlar yubordim. Oʻqirsiz, baho berarsiz.

Suhbat soʻngida oʻzim birinchi muharirir boʻlgan “Yoshlik” jurnali ijodiy xodimlariga, mushtariylariga qizgʻin salom va eng yaxshi tilaklarimni yoʻllayman. Istiqlolimizning yigirma yilligi hammamizga muborak boʻlsin!

 

Suhbatdosh: Alisher NAZAR

 

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 5-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/qalbimiz-hududlarini-omon-saqlaylik/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x