Qalbi yalangʻoch shoir

Rauf akani men oppoq soqol-moʻylovi yoʻq paytlaridan beri bilaman. Toʻgʻri, oʻshanda ham sochining qorasidan oqi koʻproq edi. Uning feʼl-atvorida jiddiylik bilan yumor baqamti turardiki, qay biri oldin boʻy koʻrsatishini avvaldan bilish amri-mahol edi. Masalan, hol-ahvol soʻray turib, “sogʻliklaringiz tuzikmi, uydagilar tinch-omonmi, bola-chaqa katta boʻlishyaptimi, gʻoyaviy jihatlaringiz yaxshimi?” deb qolardi. Tuppa-tuzik soʻrashib turgan odamdan “Gʻoyaviy jihatlaringiz” degan gapni kutmaysiz-da.

Oʻtgan asrning 80-yillari. Yozuvchilar uyushmasiga endi ishga kelgan paytlarim. Oʻsha zamonlar uyushma binosining yertoʻlasida bufet ishlardi. U yerda pishirilgan tovuq, baliq, kolbosa, sosiska, choydan tortib, turfa sharbatlargacha, hatto, Rauf akaning tili bilan aytganda, “jiddiy janrdagi” ichimliklargacha boʻlardi. Biz kabi bola-chaqasi bilan ijarada turadiganlar boshqa respublikalardan hamkasblar kelib qolsa, mehmon qilishga qulay joy edi. Ziyofatdan keyin mehmonxonagacha kuzatib qoʻyardik – boʻldi: mehmon ham xursand, uyda xotin ham xursand.

Bir kuni yetti-sakkiz kishi oʻtirsak, bufetga Rauf aka kirib keldi. Oʻzida yoʻq – xursand. Barchamizga koʻz yugurtirib chiqdi-da:

 – Oʻrtoqlar! – deb xitob qildi.

Hammamiz Rauf aka tomon yuzlandik.

 – Shu yerda oʻtirganlarning deyarli hammasi meni qoʻllab-quvvatlab, vaqtida iqtisodiy masalalarda qarashib turgan bandalar ekan! Bizning koʻchamizda ham bayram boʻlib, kitobimiz chiqdi! Hozir odam boshiga oʻn soʻmdan tarqatib chiqishga qurbimiz yetadi!

Chapak boʻp ketdi. Men – ishga yangi kelgan odam – qiziqsinib qarab turibman. Darhaqiqat, Rauf aka oʻtirganlarning hammasiga oʻn soʻmdan tarqata boshladi. (Oʻsha paytda oʻn soʻm yaxshi pul – kichikroq oila bir hafta roʻzgʻor tebratsa boʻladi.)

Bir payt taniqli shoir Choʻlpon Ergash gap qotdi:

 – Menga yigirma soʻm bersangiz qarzlarimni toʻlab olardim…

– Yoʻq, berolmayman, – dedi Rauf aka. – Demokratiya boʻlishi kerak.

 – Hoʻ, inson, qarzlarimni toʻlab olay deyapman, sizda insof degan narsa bormi oʻzi?

Hozirgina yigirma tiyinlik bir krujka pivo muammo boʻlib turgan edi, xudo berib, oʻn soʻmlik boʻlib oʻtiribdi. Insof haqida gapirmasa ham boʻlardi, degan oʻy oʻtdi xayolimdan. Shunda gurra kulgi koʻtarildi. Rauf aka ham sharaqlab kulib yubordi-da, yana oʻn soʻm qoʻshdi…

Men Rauf akani yigirma yildan beri tanigan boʻlsam, uning biror marta kimgadir yoki nimagadir baqirganini eshitmaganman. Doim sekin, bosiqlik bilan, suhbatdoshini choʻchitib yuborishdan qoʻrqqanday, ehtiyotkorlik bilan gapirardi. Undan juda kamdan-kam odam xafa boʻlardi.

Rauf aka nihoyatda millatparvar odam edi. Bir safar yozuvchi doʻstlaridan biri yangi chiqqan kitobiga dastxat yozib, Rauf akaga tortiq qildi.

– Sharof, qarang, bironta ham forsiy, arabiy soʻz ishlatmabdi, faqat turkiy soʻzlar! – dedi sevinchdan toʻlib-toshib.

Qarang, shunga shunchalik quvonyapti! Millat, uning tili, uning dini uchun jon kuydirmoq qanaqa boʻlishini men ilk bor Rauf akada koʻrganman.

1989 yil. “Temir xotin” asarim shov-shuv boʻlgan paytlar. Rauf aka soʻnggi paytda menga sal, nima desam boʻladi… sovuqroq munosabatda boʻlayotganini sezib qoldim. Salom bersam alik oladi-yu, toʻxtamay oʻtib ketadi, ilgarigiday soʻrashish, soatlab gaplashishlar yoʻq. Sababini keyin bildim.

Oʻshanda Rauf aka ayoli bilan munosabatlari kelishmay, kostyumini yelkaga tashlab chiqib ketgan paytlar ekan. Qoraqamishmi, Yunusobodmi – hozir esimda yoʻq – tomonda ijarada turar ekan. Non-pon, mava-cheva olib, bitta novcha “moʻysafid”ni qoʻltiqqa qistirdim-da, koʻngil soʻragani bordim. Indamay kutib oldi. Qarasam, gap qurgʻur qovushmayapti. Darrov oshxonaga kirib, kartoshka bilan kolbosa qovurib tashladim. Haligi “moʻysafid”ning boshi uzildi. Ana shundagina Rauf akaning qovogʻi ochilganday boʻldi.

– Menga qarang, Sharof, siz nimaga komediya yozasiz? – deb qoldi u dabdurustdan. – Hozir xalq kuladigan ahvoldami?

E-e, gap bu yoqda ekan-ku. Men nima xayollarga borib yuribman. Oʻrtadagi taranglikni yumshatmoqchi boʻldim:

– Xalq kulmasa oʻzim kulaman.

 – Nimaga kulasiz?

– Hayotning oʻzi kulgili-da, jamiyat kulgili. Oʻzkompartiyaning birinchi sekretari “qulupnayfurush” boʻlsa, mafkura boʻyicha sekretaringiz talaba qizlar yotoqxonasidagi lozim kiyib yurgan talabalarga jazavasi tutib yechishni buyursa, “qayta qurish”ni ishtondan boshlagan boʻlsa, kulmay yigʻlaymi? Kulgili-da!

Rauf aka kulib yubordi. Shundan keyin munosabatimiz boy-boyagiday iziga tushib ketdi.

Ijodkorning xotini boʻlish – qiyin yumush. Surunkali yetishmovchiliklar, biron boshpana yoʻqligi, turmush ikir-chikirlari har qanday ayolni ezib qoʻyadi. Buning ustiga ijodkor koʻp hollarda maishiy hayotga moslashmagan boʻladi. Dazmolning shnuri biron joyidan uzilib ketsa yoki gaz plitasining buraydigan dastasi sinib qolsa, shu arzimagan yumushga ham ustaga yuguramiz. Vaholanki, televizor buzilsa tuzatadigan, vannaxonadan suv oqsa eplaydigan erlar bisyor. Bu xotinlar kelib-kelib bizga oʻxshagan “tirigining mazasi yoʻq, oʻligining azasi yoʻq”larni tanlashganiga hayronman. Shu sabablarga koʻrami yo boshqami (men shu sabab boʻlganini juda-juda istardim), xullas, Rauf aka buni sezdirmaslikka harchand urinmasin, uyi notinchligi sezilib qolardi.

Oʻsha paytlar Yozuvchilar uyushmasida taqchil boʻlgan – goʻsht, yogʻ, kartoshka, piyoz, kiyim-kechaklar arzon narxda sotish tashkil qilinardi. Esimda, bir safar Yugoslaviyada ishlab chiqarilgan xotin-qizlar etigini berib qolishdi. Ayolimni bir xursand qilay deb navbat oldim. Qarasam, bir chekkada xayol surib Rauf aka turibdi. Odatdagidek hazillashmoqchi boʻldimi:

– Siz ham xaridormisiz, taqsir?

U maʼyus jilmaygancha javob qildi:

 – Xaridor boʻlardim-u, isteʼmolchi yoʻq-da…

Rauf aka bu gapni etni junjuktirib yuboradigan darajada chuqur dard, chidab boʻlmas afsus-nadomat bilan aytdiki, ochigʻi, u tomonga qaragani qoʻrqdim – gap ohangida shu qadar mung boʻlsa, koʻzlari qanaqa ekan?..

Men Rauf Parfining sheʼriyati haqida gapirmadim. Adabiyotshunoslar bu masalada koʻp va xoʻb yozishgan, yana yozishadi. Men Rauf aka qanday odam edi, savoliga javob qidirdim. Yuqoridagi va boshqa lavhalarni koʻz oldimdan kino lentasiday oʻtkazar ekanman, Rauf akani inson sifatida qayta kashf qilganday boʻldim.

Odamlar bor, qalbi poʻstin kiyib olgan – na sovuq oʻtadi, na kaltak oʻtadi. Rauf aka qalbi yalangʻoch, kiyimi yoʻq shoir edi – salgina shabadadan ozorlanib, salgina sovuq suyak-suyagidan oʻtib ketar edi. Vaholanki, shoʻrolar zamonida ne-ne boʻronlarni koʻrmadi, ne-ne boʻhronlarga guvoh boʻlmadi. Endi qalbi yalangʻoch odamning ahvolini oʻzingiz tasavvur qilavering. Ayniqsa, u shoir boʻlsa…

Shunday odam haqida “edi” deb gapirish juda-juda ogʻir…

 

Sharof BOSHBEKOV

 

kh-davron.uz saytidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/qalbi-yalangoch-shoir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x