2013 yilda adabiyotshunoslik va adabiy tanqidchilik diqqat markazida turgan masalalarni “Jahon adabiyoti”, “Tafakkur”, “Sharq yulduzi” jurnallari hamda “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Kitob dunyosi” gazetalari misolida kompleks kuzatish shoyon haqiqatni oydinlashtirishi, yondashuv haqqoniyligini taʼminlashi mumkin. Biroq muammoni “Sharq yulduzi” misolida kuzatish bilangina cheklanib, nisbatan kengroq tahlilni matbuotdagi keyingi chiqishlarimizga qoldirarkanmiz, buning uchun ilmiy-adabiy jamoatchilik bizning burchdorlik va uzrxohligimizni toʻgʻri qabul qilar, degan umiddamiz.
2013 yili jurnalda folklorshunoslik boʻyicha adabiyotshunos O. Madayevning “Xalq dostonlari genezisiga doir” nomli maqolasigina chop etildi. Unda “Alpomish” va “Goʻroʻgʻli” turkum dostonlari shakllanish tarixi bilan bogʻliq qadimiyat izlari toshbitiklar, M. Qoshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” asaridagi qoʻshiqlar. “Oʻgʻuznoma”, “Dada Qoʻrqut”, “Irq bitigi” singari nodir manbalar bilan qiyosan oʻrganilgan.
Mumtoz adabiy meros masalalari esa, adabiyotshunoslar: I. Adizova, D. Yusupova, H. Aslanova maqolalarida yoritildi. Jumladan, I. Adizova “Ul matoyi ramzgʻa bozordurman ishqida” nomli chiqishida Jahonotin Uvaysiy sheʼriyati obraz va ramz munosabatlarida kuzatiluvchi oʻziga xoslikni oʻrgandi. Yosh tadqiqotchi D. Yusupovaning “Alisher Navoiy taxmislari” maqolasi badiiy asar yaratilish xususiyatlarini tadqiq etishi, shoirning ijod va ilhom hissiyotlari bilan bogʻliq tasavvurlarini aniqlashtirishga urinishi bilan qimmatlidir. H. Aslanova matnshunoslik yoʻnalishidagi “Gadoiyning forsiy gʻazali” maqolasida shoirning badiiy sanʼatlar qoʻllashdagi poetik mahoratini tahlilga tortadi.
Adabiyotshunos olimlar D. Salohiy, S. Rafiddin, Z. Mamajonov, Z. Mamadaliyeva maqolalarida poetik mahorat asrori oʻrganilgan. Masalan, D. Salohiyning “Hubob taqdiri” maqolasida Navoiy sheʼriyatidagi “hubob” timsoli shoir dunyoqarashi va eʼtiqod-maslagi bilan uygʻunlikda tahlil etiladi. S. Rafiddinning “Adabiyotda qalandarlik” maqolasida mazkur taʼlimot tarixi, badiiy adabiyotda obraz sifatida keluvchi qalandarlarning oʻziga xos jihatlari, mumtoz adabiy asarlardagi qalandarona ruh va ohanglar hamda tasvir mahorati xususida soʻz boradi.
Z. Mamajonovning “Ifoda usullarida oʻxshatish sanʼati” maqolasida badiiy mazmun va poetik ifoda mushtarakligi masalasi ijod ahlining mumtoz sheʼriy sanʼatlarni qoʻllash mahorati nuqtai nazaridan kuzatiladi. Olim A. Husayniyning “Badoyiʼ us-sanoyiʼ” kitobi, A. Hojiahmedov, V. Rahmonov singari adabiyotshunoslar sheʼriy sanʼatlarga bagʻishlangan risolalarida keltirilgan tasniflardan qoniqish hosil qilmaydi. Ammo negadir ifoda usullarini qanday guruhlash haqidagi noanʼanaviy tasnifotni ham taqdim etmaydi. Z. Mamadaliyevaning “Mumtoz adabiyotda qushlar obrazi” nomli maqolasida umuman mumtoz adabiyot, xususan esa, Navoiyning “Lison ut tayr” dostonidagi ramziy majoziy obrazlar tahlilga tortilgan.
Shoir va faylasuf A. Sher, adabiyotshunos Q. Qahramonov maqolalari XX asrning Oybek va Shuhrat kabi mumtoz vakillari xotirasiga ardoq nuqtai nazaridan bitilgan. A. Sherning “Oybek, oy va koinot yoxud darveshlik rutbasi” maqolasida shoir tiynatida yashagan va oʻz davri chegaralarini yorib oʻtib Koinot yuksakliklariga koʻtarilgan, shu balandlikdan odam va olamni sheʼriy nigoh ila kuzatgan, yaʼni ichki olamini chin dunyo deb bilgan inson (introvert ijodkor) ongosti hissiyotlari poetik ifodasi tahlilga tortiladi. Q. Qahramonovning “Oltin zanglamas” romanida davr va shaxs talqini” nomli maqolasida esa, Shuhrat asarlarida u yashagan davrning ruhi aks etgani tadqiq etilgan.
Koʻrinadiki, garchand folklorshunoslik xalq dostonlari genezisini oʻrganish bilangina cheklangan boʻlsa ham, adabiyotshunoslar obraz va ramz munosabatlari, ijodkor dunyoqarashi va estetik ideali, badiiy did, anʼana va vorisiylik, poetik asar biografiyasi, mahorat muammolariga diqqat qaratishdi. Ijodkor ongosti hissiyotlari poetik ifodasini uning tiynati – dunyoqarashu eʼtiqod-maslagidan izlashga urinishdi. Ayrim falsafiy-estetik taʼlimotlar tarixi, mumtoz adabiy asarlardagi qalandarona ruh va ohanglaru tasvir mahoratini oʻrganishdi. Badiiy mazmun va poetik ifoda mushtarakligi, adabiy qahramon qismatidan uning ijodkori taqdiri, maʼnaviy-ruhiy poʻrtanalarini izlashga intilishdi.
Adabiyotshunoslar: Y. Solijonov, U. Hamdam, Ya. Qosimov, D. Quvvatova, O. Toʻlaboyev; shoir va nosir R. Musurmon, mutarjim A. Bahriddin maqolalarida zamonaviy sheʼriyat va dostonchilik muammolari tahlilga tortilgan. Xususan, D. Quvvatovaning “Oʻzbek poemachiligida modernistik izlanishlar” maqolasida I. Otamurodning “Ichkari, tashqari”, “Yobondagi yolgʻiz daraxt”, “Sopol siniqlari”, A. Qutbiddinning “Izohsiz lugʻat”, A. Mahkamning “Ishq”, S. Ashurning “Atirgul”, N. Jaloliddinning “Chiptasiz odamlar” singari dostonlari tahlilga tortiladi. Olima gʻoya va uslub, kompozitsiya va poetik sintaksis bobidagi jiddiy kuzatishlarini eʼtirof etgan holda aytish mumkinki, u milliy dostonchiligimiz, xususan, oʻziga noanʼanaviy boʻlib tuyulgan yuqoridagi asarlardan absurd gʻoyasi va absurd qahramon izlashga behuda urinadi. Zotan, bu bitiklarni jahon poemachiligidan oʻrganish, oʻzlashtirish samarasi emas, balki ijodkor “meni” ning ruhiy toʻlgʻamlarida koʻngil rozini aytishga eʼtibor ortishi: milliy qadriyatlar hamda keng koʻlamli mumtoz adabiyot namunalari, Qurʼon va tasavvuf falsafasining faol oʻzlashtirilishidan ajratmay oʻrganish lozim.
Shoir va nosir R. Musurmon I. Otamurodning “Oʻrin” dostoni haqida bitgan “Oʻrinli soʻz” nomli taqrizida asar falsafiy mohiyatidagi ezgulik va yovuzlik kurashi ifodasini toʻgʻri ilgʻaydi. Foniy dunyo izdihomidan ozurda boʻlgan shoir qalbi iztirob-ogʻriqlari, dramatik vaziyat-holatlar tasvirini his qilish, ishoraviylik ortida pinhon sirlarni ilgʻashga intiladi. Zotan, bu doston yangi davr odami maʼnaviyati va ruhiyati haqidagi ogʻriqli oʻylar tajassumidan iborat.
U. Hamdam “Yangilanayotgan badiiy tafakkur mevasi” nomli taqriz-maqolasida Shahnoza Nazarxon qalamiga mansub: “Ruhimda chalingan musiqa” dostoni xususida soʻz boradi. U shoira ruhiga ingan majoz va mohiyat ifodasi ildizlarini bir jihatdan milliy zamin: xususan, Rumiyning adabiy merosidan, ikkinchidan, jahonning Gyote, F. Nitsshe, J. Joys, M. Prust kabi daho sanʼatkorlaridan ijodiy taʼsirlanish tarzida izohlaydi. Qurama (mozaika)ga xos tarqoq mazmun-mohiyat, kayfiyat-holatlarni tafakkurda yaxlitlashtirish va shoir shaxsiyati iqlimlariga kirib borishga undaydi.
Y. Solijonovning “Ruhiyatni yoritgan sheʼriyat” maqolasi atoqli shoir E. Vohidov portretiga oʻzga xos chizgilardir. Maqolada E. Vohidovning keng va tiniq tafakkuri, teran poetik nigohi, rangin tuygʻular olami tahlilga tortilgan. Ya. Qosimovning “Meni sheʼr bogʻiga yetaklagan kim?” maqolasida oʻtgan asrning 60-yillarida sheʼriyat maydoniga kirib kelgan E. Vohidov, A. Oripov, R. Parfi, Ch. Ergash, O. Matjon, M. Ali, M. Jalil kabi shoirlar suv ichgan adabiy sarchashmalarga nigoh tashlanadi. Tadqiqotchining ijod ahli adabiy-madaniy biografiyasidan umuman badiiy tafakkur rivojlanish yoʻl-yoʻsinlarini aniqlash tomon borishi ibratlidir. Chunki badiiy matn mehvaridan oʻrin olgan adabiy-estetik idealda ijodkor qalbining muhri aks etadi. O. Toʻlaboyevning “Bir qushcha sayraydi mening ruhimda…” nomli maqolasida R. Parfi adabiyotga masʼuliyat bilan yondashgan, soʻzlarga keng maʼno, rangin tuygʻular haroratini yuklagan Soʻz ortidan ergashgan shoir sifatida oʻrganilgan.
Hikoyachilik va qissachilik muammolari Z. Isomiddinov, D. Toʻrayev, A. Ulugʻov, M. Sheraliyeva, B. Hasanova, D. Bekchanova singari turli avlodga mansub adabiyotshunos olimlar va yosh izlanuvchi-tadqiqotchilar eʼtiborini jalb etdi. Xususan, Z. Isomiddinovning “Abdulla Qahhorning “Kartina” hikoyasi, “Maftuningman” kinokartinasi va konfliktsizlik “nazariya”si” maqolasida badiiy matn botinidagi ijodkor qalbining isyonkorona ruhi inkishof etiladi. Olim kun tartibiga qoʻygan muammolar talqinini T. Murodning “Otamdan qolgan dalalar”, L. Boʻrixonning “Jaziramadagi odamlar” singari romanlari misolida kuzatish ham yaxshi samaralar beradi.
D. Toʻrayevning “Koinot formulasi”ni kim kashf etgan?” nomli maqolasida A. Yoʻldoshning “Puankare” hikoyasi tahlilga tortiladi. Olim yozuvchining bilim qamrovi, epik bayon tarzi va asarning janri haqida soʻz yuritadi. U hikoyani dabdurustdan “qissa” janriga mansub deb biladi va shu istiloh ostida tahlil etadi. Maqolada asar syujetining qayta bayon qilinishi bilan bogʻliq jiddiy nuqson koʻzga tashlanadi. A. Ulugʻovning “Biz bilmagan Baxtin” nomli maqolasida M. Baxtinning kamtarin va kamsuqum tabiati, ijod tarzi, shuningdek, Dostoyevskiy va Rable ijodi muammolariga bagʻishlangan ilmiy-nazariy tadqiqotlarida kuzatiluvchi badiiy asarlar asosida inson dunyosiga xos falsafiy mushohada yuritish tarzi keng tadqiq etiladi. Bunday izlanishlar bizga adabiyotshunoslikning falsafiy asoslarini yanada teranlashtirish imkonini beradi.
M. Sheraliyevaning “Yozuvchi ijodiy tadrijida kinoya” nomli maqolasida Murod Muhammad Doʻst hikoya va qissalarida badiiylik moduslari (tragizm, dramatizm, idilliya, elegiyaviylik, kinoyaviylik) muammosi oʻrganilishi eʼtiborga loyiq. B. Hasanovaning “Fano va baqo hikoyasida falsafiy psixologik tasvir teranligi” nomli maqolasida A. Muxtorning shu nomli hikoyasida qahramonlar kayfiyat-holatlari ruhiy kolliziyalar asosiga qurilishi, ular nutqining xalqona asoslari oʻrganilgan. D. Bekchanova “Ikki hikoyaga bir nazar” nomli maqolasida Nurulloh Muhammad Raufxonning “Chilla”, “Etakdagi kulba” hikoyalarini tahlilga tortadi. Maqola muallifining insoniy idealni moddiy va ruhoniy tarzda ajratishi biroz bahslidir. Zotan, idealga talpinish, pirovardida, moddiylikdan yuksak manzil – ruhiyat iqlimlariga intilishdir. Qolaversa, Yassaviyona chillaxonaga kirish joʻn odamning aʼmoli emas. Undan murod ham hech qachon yer ustiga qaytib chiqish boʻlmagan. Shuningdek, “Etakdagi kulba” hikoyasining yangicha uslubdagi goʻzal noanʼanaviy asar sanalishi ham A. Kamyu va G. Markes asarlari bilan tanish kitobxon uchun ancha eʼtirozli tuyuladi.
Demak, adabiy tanqidchilikda muayyan asar janrini belgilashda shoshma-shosharlik, mumtoz adabiyotimiz mehvari va jahon badiiyati namunalaridan yetarlicha boxabar boʻlmasdan tahlilga kirishish, syujetni qayta bayon qilish singari nuqsonlar kuzatildi. Shunga qaramasdan, u sanʼat asarlari oldiga haqqoniylik va goʻzallikning payvastalashuvi, falsafiy-psixologik tasvir teranligi talablarini qoʻydi. Badiiylik moduslarini nazardan qochirmagan holda, poetik matn asosida inson dunyosi haqida falsafiy mushohada yuritishga intildi.
Oʻtgan yili romanchilik muammolari adabiyotshunoslar: I. Gʻaniyev, N. Afoqova, yozuvchi N. Eshonqul, tarjimon J. Hazratqulovlar eʼtiborini jalb qildi. Jumladan, J. Hazratqulovning “Adibning muhtasham “Ulugʻ saltanat”i” maqolasida “Ulugʻ saltanat” roman-tetrologiyasi xususida soʻz boradi. Maqola muallifi yozishicha, yozuvchining epopeya yaratishdan koʻzlagan maqsadi Amir Temurning “ibratli insoniy fazilatlari, namuna boʻlgulik xayoti lavhalarini oʻquvchilarimizga yetkazib berishdir”. Shubhasiz, romanda xarakterlar ibratli insoniy fazilatlari tasvirlangan hayotiy lavhalar serob. Ammo tetralogiya muvaffaqiyati koʻlamdor voqelik – epiklikning taqdirlar dramasi bilan uzviy tutashganida namoyon boʻladi. Muhammad Ali mahorati esa, oʻsha epiklikni tiklashga boʻlgan intilish jarayonida yuzaga chiqadi.
I. Gʻaniyev va N. Afoqovalarning “Iqror va isyon” nomli maqolasida romanchilikda kechayotgan Sharqu Gʻarb anʼanalari, janrning kino sanʼati bilan sintezi, unda polifonizm unsurlari namoyon boʻlishi, qahramon taqdiri yechimidagi ekstremal vaziyat-holatlar ifodasiga eʼtibor qaratiladi. E. Aʼzamning “Shovqin” romanini tahlilga tortgan mualliflar romaniy tafakkurni syujet va kompozitsiya, obraz va obrazlilik bilan bogʻlashga intilishlari, yozuvchi uslubidagi oʻtkir ironiya (inkor orqali uning ziddini tasdiqlash)ni L. Tolstoy, N. V. Gogol, M. Bulgakov va Choʻlpon uslubiga qiyoslashlari eʼtirofga loyiq. Maqola mualliflari yozuvchi qissanavis sifatida bayonchilikka berilib, tasvir imkoniyatlarini boy berishi kabi ayrim nuqsonlarini oʻrinli tanqid qilishgan.
N. Eshonqulning “Roman haqida ikki ogʻiz soʻz” deb nomlanuvchi taqrizida N. Norqobilovning “Qoraquyun” romani xususida soʻz boradi. Yozuvchi oʻz hamkasbini “bugungi romanchiligimizda voqea boʻlishga va jiddiy tahlillarga arziydigan asar” bitgani bilan qutlaydi. Roman syujeti va ruhidagi falsafiy hikmatda odam-tabiat-olam triadasi oʻzaro uygʻunligiga xos muvozanat buzilishi oqibatlariga eʼtibor qaratadi. Ammo milliy tafakkur tutumlariga koʻra, insoniy balandlik jaholat va gʻazabni shafqatsizlik bilan mahv etishini inkor qilishi (unda odam-jamiyat-olam uchligi ustuvor)ni nazardan qochiradi. Yaʼni N. Eshonqulning qarashlari romaniy tafakkur mutlaqo milliylikka asoslanishi lozimligi fikridan sirgʻalib ketadi. Zotan, bu romanda Gi de Mopassanning “Intiqom” hikoyasi taʼsiri yaqqol koʻzga tashlanadi. Demak, adabiy tanqidchilik epiklikning taqdirlar dramasi bilan uzviy tutashuvini romanchilikda kechayotgan Sharqu Gʻarb anʼanalari, janrning sintezi, unda polifonizm unsurlari namoyon boʻlishi, qahramon taqdiri yechimidagi ekstremal vaziyat-holatlar ifodasi bilan bogʻlab izohladi. Syujet va kompozitsiya, obraz va obrazlilik, badiiy ijod psixologiyasi, poetik ohang, til va xarakter muammolarini oʻrgandi.
Oʻtgan yili jurnal sahifalarida muazzam Sharq allomasi Jaloliddin Rumiyning “Majolisi sabʼa” (Yetti majlis), shuningdek, Abul-Hasan Hujviriyning “Kashful-mahjub” (Sirlarning kashf etilishi), ingliz adibi va faylasufi Persi Bishi Shellining “Poeziya himoyasi” traktati chop etilishi adabiy-madaniy hayotimizning muhim voqealaridan biri boʻldi. Ayni paytda, K. Panchenkoning “Oʻzbek hikoyalari rus tilida” nomli maqolasida qayd qilinganidek, oʻzbek hikoyalarining S. Komilova tomonidan rus tiliga tarjima qilinib “Koʻnglimdagi daryo” nomi bilan nashr etilishi ham ana shunday eʼtiborga molik yangiliklardan biridir.
“Sharq yulduzi” jurnali oʻz sahifalarida milliy adabiyotimizning umumiy manzarasini yoritib kelmoqda. Jumladan, 2012 yilning nasr, sheʼriyat, dramaturgiya, bolalar adabiyoti, adabiyotshunoslik, publitsistika, tarjima va internet adabiyoti yuzasidan hisobot yigʻilishlarida qilingan maʼruzalarning ixcham holda berilishi xayrli yumushlar sirasiga kiradi.
Jurnalda “Yangi avlod ovozi” ruknida uyushtirilgan suhbatda respublikamizning taniqli olimlari, shoiru yozuvchilari: U. Normatov, I. Gʻafurov, Q. Yoʻldoshev, H. Boltaboyev, Sh. Rizayev, D. Quronov, R. Qoʻchqor, I. Yoqubov, N. Eshonqul, R. Rahmat, B. Roʻzimuhammad, A. Yoʻldosh, R. Haydarova, A. Hamro, X. Toʻliboyevlar faol ishtirok etishdi. Ularning yoshi, dunyoqarashi, ijoddagi yoʻsini, estetik tayyorgarlik darajasiga koʻra turlicha mulohazalar ilgari surilishi gʻoyatda tabiiy jarayon. Muhimi, shu asnoda ilmiy-adabiy jamoatchilik tubdan oʻzgarayotgan davr va adabiy jarayon munosabatlari atrofida yigʻilib qolgan talay muammolar xususida keng jamoatchilikda qiziqish uygʻota oldi.
Xullas, hisobot yilida kuzatilgan ayrim kamchiliklarga qaramasdan, aytish mumkinki, davr va adabiy jarayon munosabatlarini uygʻunlashtirishda adabiyotshunoslik va adabiy tanqidchilik muhim rol oʻynadi. Adabiyotdan ulugʻ hamda bezavol qadriyat izlab riyozat chekkan, qalbi, ruhi va tafakkuri bedor, yaratish ishqi bilan yongan ayrim zahmatkash tanqidchilarni ham elga manzur qildi. Illo, chinakam badiiy asar munaqqidni “kashf etadi”.
Islom YOQUBOV
“Sharq yulduzi”, 2014–3
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/qalbdan-chiqqan-soz-qalbga-yol-topadi/