ONAM
Iliq xotiramning toʻlqinlaridan
Munis suvratingiz ohista qalqib
Koʻzim qorasida turib qoladi.
Osmonga termulib toʻlmagan koʻzlarim,
Zaminga termulib toʻlmagan koʻzlarim
Bir sizning chehrangiz bilan toʻladi.
Qalbdagi intizor-intizor hislar
Quvonchim taftida eriydi asta.
Endi quvonchimni ogʻrita boshlar
Hech chidab boʻlgusiz yana bir istak.
Qaniydi, shu dam yoʻq ilojni topib,
Bagʻrida Siz turgan qorachigʻimga
Intiq lablarimni entikib bossam.
OʻKINCH
Tong – Xorazm osmoni qonar,
Qondan qoʻrqib bekinar yulduz.
Yo Rab, oʻgay qiz boʻldim, ona,
Judolikdir sizga tuqqan qiz.
Shom – qorayib kuzatar samo,
Sudrab borar quyoshni abr.
Men-chi, uzoq qizingiz hamon,
Sizning yaqin qizingiz Sabr.
Tun – yulduzlar qaytadan sachrab,
Koʻk kulimsir: hura boshlar it.
Borolmayman, yomonman, yo Rab,
Sizning yaxshi qizingiz Umid…
Qutlibeka
https://saviya.uz/ijod/nazm/qalbdagi-intizor-intizor-hislar/