Qalam kuyar qoʻlimda chirs-chirs

Yangisidan eshitaylik, deb qoʻyishadi ijodiy uchrashuv chogʻida baʼzilar. Eskisi-chi, ularning orasida haligacha yashirinib yotganlariyam bor, deyman. Unday boʻlsa, mayli, aralash oʻqiyvering, deya murosaga kelishadi.

Bu turkum ham – aralash. Eng muhimi, azizdan aziz sheʼrxonlarga bulardan loaqal bir-ikkitasi maʼquldek tuyulsa bas, shunisigayam boshim koʻkka yetadi.

Muallif

 

 

INSONIY BURCHLAR

Zaharlaydi goʻyo tanamni orom,

Befarqlik – shaʼnimga goʻyo suiʼqasd.

Burchlarim dashtida sangʻiyman mudom,

Uqubat kayfidan boʻlganimcha mast.

 

Gʻamlar podasiga dilim gar qoʻra,

Garchi boshim gʻajir tuygʻular bahsi;

Sarsonlik goʻzaldir oʻlimdan koʻra,

Iztiroblar kufriy ishratdan yaxshi.

2011

 

OGOHLIK ZAMONI

Olam – janggoh, toʻrt yonda xatar,

Alanglar u toʻrt yonga ezgin.

Fisqu fasod, firiblar portlar,

“Chuv-chuv” uchar fitnalar toʻzgʻin.

 

Shoir kunda yarador boʻlar.

2010

TAFSIL

Hisni irdab mavjin oshirish mumkin,

Erkin Vohidovdek toshirib boʻlmas.

Lugʻatdan u-bu soʻz yashirish mumkin,

Erkin Vohidovdan yashirib boʻlmas.

 

Bir tabrik aytishda, hatto, vo ajab,

Erkin Vohidovga teng boʻlish qiyin.

Eng mushkuli – qattol yovin ham maqtab,

Erkin Vohidovdek keng boʻlish qiyin.

2009

 

ChALATANISH

Bozorchi ayoldan non sotib olayotsam, Anvar Obidjonga oʻxsharkansiz, qarindosh emasmisizlar, dedi.

 

Mashrabmas-ku axir Anvar Obidjon,

Qaydan bilay u bandaning kimligin.

Eshitganman, shumlar ichra sovuqqon,

Sovuqqonlar ichra esa shumligin.

 

Boʻlib yurib kutubxona “sarbon”i,

Goh kinochi, traktorchi, bugʻoltir,

Konda burgʻilovchi, zavod bogʻboni…

Gap pullashni oʻrganganmish u oxir.

 

Derlar, garchi quvnoqdir koʻp asari,

Oʻzi oʻta injiqfeʼlu badqovoq.

Boʻyiga teng qat-qat sheʼriy daftari,

Chiqqan kitob – tizzasidan ham pastroq.

 

Zormish unga qishloqdagi onasi,

Koʻzlari toʻrt yoʻl poylab, kun sanarmish.

Hatto oʻgʻillari sayoq dadasin

Oyda-yilda koʻrib, zoʻrgʻa tanirmish.

 

Bir tomchimish ummondek zich shaharda,

Zax xonadan chiqmay ozib-toʻzigan.

Past tamaki chekib, boʻkib zaharga,

“Yoz-yoz” jini qoʻzigani qoʻzigan.

 

Kezar oʻyi koʻkturk, saglar yerida,

Soʻylar Bobur, Er Toʻngalar davrini.

Ammo aniq bilmas qirq yil berida –

Vafot etgan otasining qabrini.

 

Qarindoshu doʻstga ham beoqibat,

Koʻrinarmish na choyxona, na toʻyda.

Unga qalam – havo, qogʻoz – suv-ovqat,

U shoʻrlikka huzur – ziyon, gʻam – foyda.

 

Alami shu – “oq” ishlarin deb “qaro”,

Tosh otarmish unga “ahli sersanchiq”.

Bu toshlardan Toshkent-Fargʻona aro –

Togʻ yaralmish, derlar dovonin “Qamchiq”.

 

Oʻzin urib shu zayl har jafoga,

Jonin itdek qiynar emish har qadam.

Kun koʻrarmish tavakkal deb Xudoga,

Tabiblarga ishonmasmish tukin ham.

 

Dermish, shifo kutmang dardim choʻzilsa,

Mashinadir yotlar – yerdadir mudom.

Taʼmirlamoq mumkin avto buzilsa,

Men uchoqman, bir bor qulayman – tamom!

 

Quyosh sanar oʻzin yolgʻiz qolsa sham,

Odamovi shoir shamga oʻxshamish.

Bilishimcha, nevaralar koʻrsa ham,

Anvarlaring hanuz oʻsha-oʻshamish.

 

Tangrining u balki galdir erkasi,

Paygʻambarning yo adashgan ummati…

U haqdagi gap-soʻzlarning, qisqasi,

Yoʻqdir menga bir tiyinlik qimmati.

2008

 

OMONSIZ POYGA

Ilinj,

Orzu-umid,

Ehtiyoj sonsiz,

Tirik yurmoq asli – omonsiz poyga.

Entikib, hansirab chopaveramiz

Azaldan bizga choh qazilgan joyga.

2008

MAKON

Qush emaski qoʻnsa duch kelgan tolga,

Makon yoʻq jonga shu badandan boʻlak.

Lolman Yurtin savdo qilgan dallolga,

Ilinjli joy qayda Vatandan boʻlak?!

2008

 

OYMALAK

Janjal degan qishloq bor,

Past uylari gil tomli.

Koʻchalari qildan tor,

Hovlilari ishkomli.

 

Oymalak shu qishloqning

Eng birinchi tannozi.

Ovlab yaqin-yiroqni,

Charchamas bu hallozi.

 

Qoramagʻiz betlarin

Bezar upa-elikda.

Odimlasa, etlari

Soʻlqillaydi ilikday.

 

Bu choʻntakda oynagi,

Unisida tarogʻi.

Kashtalidir koʻylagi,

Kamzuliyu paypogʻi.

 

Poyabzali ohangli,

Sochpopugi qirq qator.

Uni koʻrib Xol bangi

Boʻlar har kun yarador.

 

Qiz chevarga qatnar goh,

Gohi doʻkon kezadi.

Ortdan boqsang qattiqroq,

Seskanadi, sezadi.

Kunda yoʻqlar xolasin,

Oʻrtogʻin ham orada.

Hilpirab toʻr yoqasi,

Qaytar kutubxonadan.

 

Guzarning bosh attori

Saqichfurush Mastona –

Gʻudranar, bamisoli

Gʻiybattoʻqar korxona:

 

– Bundaylarni qaysi bir

“Boʻm-boʻm” yigit oladi?

Ilinmasa musofir,

Oxir ersiz qoladi.

 

Bu hasadmi yoki kin?

Yigitchalar kulishar.

Oymalakning kimligin

Ular yaxshi bilishar.

 

Topilmaydi jahonda

Asli bunday gʻizgʻizon.

Sigir sogʻar azonda,

Uy supurar, yopar non.

 

Qoʻshiq aytib artadi

Derazalar oynasin.

Pok-pokiza pardalar

Misli suvsar moʻynasi…

 

Ming yumushni bitirib,

Chiqar koʻcha kezgani.

Mastonani kuydirib,

Bezgagini qoʻzgani.

 

Hilpillatib yoqasin,

Yoʻlda oqqush boʻp suzar.

Soʻng, kechaning toʻrt pasin

Kashta tikib oʻtkazar.

 

Tuygʻulari ranggo-rang

Tovlanadi iplarda.

Kampirsholar hangu mang

Bunday noyob seplardan.

 

Chetdan sovchi kelsa gar,

Bilingki, ish gʻirt chatoq.

Qilishadi itquvar,

Kesak otib bor boʻydoq.

 

Boʻydoqlarda quloq ding,

Poylar sovchi ovozin…

Oymalak shu qishloqning

E-e-ng ardoqli tannozi!

2011

 

ChORLOV

Oshno boʻl-u shoir gʻamiga,

Oʻt ichiga kirib bor sarhush.

Kel ogʻushim jahannamiga,

Ey, jannatdan qochib chiqqan qush!

1989

 

VAZIYAT

Qalam kuyar qoʻlimda chirs-chirs,

His qilaman atirning boʻyin.

Yon xonada yotsa doʻndiq qiz,

Yurt haqida sheʼr yozish qiyin.

1981

 

QAYTISH

Keldim, mana, moʻltirab,

Kaptarbadan bekachim.

Koʻzlarimning qaʼriga

Tikilasiz yana jim.

 

Koʻzlarimning qaʼrida

Yashirindir gunohim…

Bu olamda qolmadi

Sizdan boʻlak panohim.

 

Bu olamda qolmadi

Gunohimdan oʻtguchi.

U – Siz, tashlab ketsam ham,

Kechirguchi, kutguchi.

1981

 

XULOSA

Ishq degani – mudhish kasallik,

Solishtirsang, oʻlat dard emas.

Sevgi nogoh boshga tushsa lek,

Dori ichib yotish shart emas.

Men “Aspirin” ichgan emasman.

 

Aljabr ham asli – bir sanoq,

Mayli, shu “sal mujmal”ni tanla.

Qizlar feʼli – eng chigal jumboq,

Yechmoq uchun yetmas bir kalla.

Koʻp urindim, yechgan emasman.

 

Befarq esang, qizlar – bexatar,

Sal iliqsang, qilishar xunob.

Oh-nolaga mahkum telbalar

Yer yuzida qumdan ham serob.

Men roʻyxatdan oʻchgan emasman.

 

Qiz haydasa, nazdingda goʻyo

Bera olmas tangri ham najot.

Qiz chorlasa, yorishib dunyo,

Qoqarmishsan tarlondek qanot.

Hozircha hech uchgan emasman.

1975

 

KOʻNGIL ILA SUHBAT

Kel, yozaylik rostgoʻy sheʼrlarni,

Koʻnglim, kimdan pisib turibsan?

Juldur kiyim yangligʻ sirlarni

Nechun hanuz yechmay yuribsan?

Jandalarni asramoq nechun?

Yechin!

 

Turaverma abadiy muzdek,

Sirlaring soch, boʻlma koʻp baxil.

Choʻmilmoqdan uyalgan qizdek –

Qimtinmagil, oʻzni tut dadil.

Qoʻrqma, seni chalib ketmas jin,

Yechin!

 

Mayli kimdir yogʻdirsa nafrat,

Tan ola bil aybingni bir-bir.

Zora birov qilib sal shafqat,

Der: “Oyda ham dogʻ boʻlar axir”.

Dilxun yurma, oʻzingga achin,

Yechin!

 

Bilmasdik ne ziyon, ne foyda,

Qattollik ne, nedir odillik.

Otib oʻgʻri mushukni soyga,

Qilgan edik ilk bor qotillik.

Qoʻy, gezarma, gapiraver chin,

Yechin!

Bolaligu oʻsmirlik – gʻoʻr his,

Yoshlikda ham qoldik gʻirt nodon.

Esingdami yigʻlab ketgan qiz?

Xayolimda yigʻlar u hamon.

Laʼnatlash-chun “manman”lik kuchin,

Yechin!

 

Aybimizni qilmoqchi deb fosh,

Jondosh doʻstga sochdik til zahrin.

Na otaga boʻldik yelkadosh,

Ilitoldik na ona bagʻrin.

Tan olmoq-chun odamlik burchin,

Yechin!

 

Yosh va sodda edik… afsus… ah…

Boqdik kimdir dard cheksa, kulib…

Turtdik boʻshang yigitni nohaq…

Hoʻ-oʻ anqovdan olgandik yulib…

Chuvalama gapning bir uchin,

Yechin!

 

Bachkana zavq izlabmiz tinsiz,

Aqlimizni qilolmabmiz jam.

Yurtga bir nok ekmabmiz, esiz,

Qoʻymabmiz bir yaraga malham.

El-yurtdan avf soʻramoq uchun

Yechin!

1973

 

YORUGʻLIK

Oy yoʻqoldi bulut ortida,

Sukut saqlab zamin tumtaydi.

Jim boqarman visol dardida,

Xazin koʻnglim ziyo qoʻmsaydi.

 

Yer sogʻinar Oyning visolin,

Koʻkdan oʻjar bulutlar qochmas.

Dilim nolon, tusab jamolin,

Qiz deraza pardasin ochmas.

1972

 

 

Anvar OBIDJON,

Oʻzbekiston xalq shoiri.

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 11-12-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/qalam-kuyar-qolimda-chirs-chirs/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x