“Qalam el dardini yozsa – qalamdir”

* * *

Qalamni sof iymon, ixlos bildim men,

Hazrat Navoiydan meros bildim men,

Eng pokiza izhor, dilroz bildim men,

Ham quvonch, ham nurli gʻussa – qalamdir,

Qalam el dardini yozsa – qalamdir.

 

Koʻngilga Haq va xalq muhabbatin ek,

Najmiddin Kubrodek yovga borgin tik,

Vatan deya sulton Jaloliddindek,

Qon kechsa, jonidan kechsa – qalamdir,

Qalam el dardini yozsa – qalamdir.

 

Shohi Zinda nurdir, koʻngil yangorib,

Imom Moturidiy qoshiga borib,

Nasafiy bobolar sabogʻin olib,

Jaholat yoʻlini toʻssa – qalamdir,

Qalam el dardini yozsa – qalamdir.

 

Ruh boqiy, demakki, salomat jon ham,

El deb oqib tursa tomirda qon ham,

Bor boʻlib har dilda Sohibqiron ham,

Koʻk qadar yuksalsa, oʻssa – qalamdir,

Qalam el dardini yozsa – qalamdir.

 

Tezob daryo kabi zamonda, doʻstim,

Kim obod, kim esa vayronda, doʻstim,

Anglab oʻz qadrini jahonda, doʻstim,

Buzilgan olamni tuzsa – qalamdir,

Qalam el dardini yozsa – qalamdir.

 

Yurt qolar, el qolar, el ichinda boʻl,

Bul Vatan dil erur, dil ichinda boʻl,

Mudom adolatli yoʻl ichinda boʻl,

Shu yoʻldan adashmay kezsa – qalamdir,

Qalam el dardini yozsa – qalamdir.

 

Soʻzim bobolarning kitobidandir,

oʻayratim ustozlar shitobidandir,

Bu daʼvat Yurtboshim xitobidandir,

Tanda bor jonini sezsa – qalamdir,

Qalam el dardini yozsa – qalamdir.

 

EHTIROM

 

Koʻnglimdagi bu alvon rang –

Navoiydan, Navoiydan.

Ham hayotbaxsh nafis ohang,

Navoiydan, Navoiydan.

 

Ichimdagi hayratlarim

Ortaverib abrorlarga,

Nafsga qarshi aylasam jang,

Navoiydan, Navoiydan.

 

Agar Majnun, agar Farhod

Boʻlib sevsam, yonib sevsam,

Bu holimga kim hangu mang –

Navoiydan, Navoiydan.

 

Javohirlar terib-terib,

oʻarib umrim bezay olsam,

Boʻlmasa hech ahvolim tang,

Navoiydan, Navoiydan.

 

Nafis majlis aro koʻngil

Yogʻdulansa, ziyo topsa,

Shubhasiz, bu nuri avrang,

Navoiydan, Navoiydan.

 

Ming asrlik nolam bu – ishq,

Yana-yana ming asrlar

Bergay sado, bergay jarang,

Navoiydan, Navoiydan.

 

Koʻnglimdagi bu alvon rang,

Navoiydan, Navoiydan.

Ham hayotbaxsh nafis ohang,

Navoiydan, Navoiydan.

 

OTAM AYTGAN EDI…

 

Koʻnglimga basirat – koʻz ber, Xudoyim,

Pok, halol nasiba, tuz ber, Xudoyim.

Dillarni ziyoga eltmogʻi uchun,

Faqat dargohingdan soʻz ber, Xudoyim.

 

* * *

Dillar malhamidir pokiza bir un,

Unga ehtiyojing bormi, ayt, ochun?

Hazrat olisda deb chekma iztirob,

Navoiy oʻtmishmas, Navoiy bugun.

 

* * *

Halvo yer, sabotga yuz tutgan doim,

Dilni haq soʻz eltgay hayotga doim.

Sening safarlaring qay tomon – bilmam,

Mening safarlarim Hirotga doim.

 

* * *

Soʻzi ilohiyni xanda aylama,

Oʻzni oʻzgaga hech banda aylama.

Otam aytgan edi: – Hirot yoqlarga,

Salom bermoqni hech kanda aylama.

 

* * *

Toza iymon birla koʻngil boʻlgay but,

Dunyo deb gʻam chekar damlarni unut.

Hazrat Navoiydan meros hikmat bu,

Ey doʻst, tiling birla dilingni rost tut.

 

MEHR

 

Mehr qolar degan gap yangi emas,

Muhabbat yashaydi, eski gap, ishon.

Biroq qani oʻsha mehr degani,

Qani muhabbatni topolgan inson?

 

Umrimni kemirib bormoqda tamom,

Dilimni oʻrtaydi nadomat, hasrat.

Mehr koʻp koʻrguzdim, deb bitta mehribon,

Topolmay yashadi Navoiy hazrat.

 

Bepoyon, cheksizdir Alloh qudrati,

Dardlarga shifodir goh zahri ilon.

Shoh Bobur dardini kim ham anglardi,

Yaxshilik qilganmi dahr aro falon.

 

Ustod, bu saboqlar koʻngildadir jo,

Muhabbatsiz dillar bechora, osiy.

Shubha-gumonlarni parchala, Xudo,

Puch hislarga qarshi qilichman – gʻoziy.

 

Olis-olislardan kelmoqda, oʻzim

Mehrga zorman-ku degan bir ovoz.

Muhabbat degani bilmoqchi edim,

Bormikan, bormikan muhtaram ustoz.

 

Aytsangiz-chi, dunyo ishida, hayhot,

Bormi biror mezon, bormi bir tartib.

Mana ketayotir bir murabbiy zot,

Muhabbat axtarib, mehr axtarib[1].

 

Birodar, bularga bermang eʼtibor,

Sanchmoqqa yaralgan chayon nishlari,

Ehtimol, koʻnglimga bergandir ozor,

Katta odamlarning mayda ishlari.

 

Bobolar ortidan boryapman men ham,

Nima boʻpti qaygʻu, ne boʻpti armon.

Men mehr, muhabbat boʻlib kelganman,

Ey hayot, hammasi senga armugʻon.

 

Gʻayrat MAJID

 

“OʻzAS” saytidan olindi.

 


[1] Mirzo Kenjabek satri

https://saviya.uz/ijod/nazm/qalam-el-dardini-yozsa-qalamdir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x