Qahramon, homiy va koʻmakchi

Sinov mavzusi tugʻilish, tush, safar, qaytish kabi turgʻun mavzular bilan birlashib, doston va ertaklar syujetini hosil qiladi. Qahramon sinovlardan oʻtish asnosida shakllanadi, toblanadi. Xalq ogʻzaki ijodida aynan mana shu qahramonliklar kuylanadi. Qahramon hayot sinovdan iborat degan azaliy tushunchani poetik tarzda ifoda etadi. Sinov mavzusi epik asarlar tarkibida uch yoʻnalishda koʻzga tashlanadi: 1) taqiqlarga rioya qilish; 2) shartlarni oʻtash; 3) shartlashish shartlarini bajarish.

Bu jihatdan sinovni taqiq, shart, shartlashishdan iborat mavzular yigʻindisi deya baholash mumkin. Bu mavzularning har biri murakkab shakl va mazmun belgilarga ega. Quyida shartlashish mavzusining homiy kuchlar va koʻmakchi topishga aloqdor turi xususidagina fikr yuritamiz. Avvalo, shartlashish mavzusiga izoh bersak: Shartlashish alohida mavzu sifatida tadqiq etilmagan boʻlsa-da, oʻz tarixiy asosiga ega. Unda jamoaviy kelishuv aks etadi. Taqiqlar va shartlar aynan mana shu kelishuvga koʻra ishlab chiqiladi, amalga oshiriladi. Shuning uchun ham Meletinskiy quyidagicha tushuntirish bergan: “Sinov jamoaning norozi aʼzolarini boʻysundirish, ularni rozilar safiga qoʻshib yuborish tadbiridir”[1]. Shartlashish mavzusi epik vaziyat natijasida yuzaga kelgan shartlar boʻlib, qahramonlar nizo, tutqunlik, farzandsizlik, oʻlim holatlaridan qutilishga, shuningdek, sehrli buyumni qoʻlga kiritishga urinadilar. Bunda kelishuvga intilayotgan tomonlar oʻz talablarini oʻrtaga qoʻyadi.

Shartlashishlar butun bir dostonlar turkumini boshlab berishi ham, kichik tasvir holatida qolishi ham mumkin. Birinchi holatni Tosh shoir Chorshanbi oʻgʻli kuylagan “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostonida (Bibi Hilolning qizlar bilan shartlashishi), ikkinchi holatni Ergash Jumanbulbul oʻgʻli kuylagan “Kuntugʻmish” dostonida (Kuntugʻmish va Gulzamon shartlashuvi) kuzatamiz.

Shartlashish mavzusi anglatgan mazmun eng kichik hayotiy oldi-berdilardan to olamning yaratilishiga va taqsimlanishiga oid afsonaviy qarashlargacha kengayib boradi.

Shartlashish epik hududlar chegarasida olib boriladi: Goʻroʻgʻlining Xizr bilan shartlashishi ilohiy kuchlar hududiga oʻtishda, Avazning Balo bilan shartlashishi devlar makoniga kirishda, Bibi Hilolning qizlar bilan shartlashuvi yer va suv qirgʻogʻida boʻlib oʻtadi. Ertaklarda ham ayni holat mavjud. Shu sababdan shartlashish mavzusi, koʻpincha, safar mavzusi bilan birga keladi. Shartlashish talablari bajarilgandagina qahramon ikkinchi bir makonga kirib boradi, maqsadini amalga oshiradi va ortga qaytadi.

Doston va ertaklar tarkibida uchraydigan shartlashishlar janrlar tabiati bilan bogʻliq tarzda farqli poetik xossalarga ega boʻlib, ayni jihatlarni quyidagicha tahlil qilish mumkin. Dostonlarda uchraydigan shartlashuv mavzular maʼno-mazmun jihatdan bir necha turlarga boʻlinadi: 1) nikoh; 2) homiy kuch va koʻmakchi topish; 3) epik makonda ilohiy vaziyatlar yuzaga keltirish; 4) ijtimoiy-maishiy shartlashuvlar.

Homiy kuchlar va koʻmakchi topishga aloqdor shartlashuvlar yordamchi kuchlarning poetik funksiyasidan kelib chiqib ikki xilda namoyon boʻladi. Chunki homiy va koʻmakchi oʻrtasidagi farqlar shartlashuvlarda ham toʻliq aks etadi.

Homiy bilan shartlashuv “Alpomish” va “Goʻroʻgʻli” turkumidagi dostonlarda asosiy syujet chizigʻi boshlanishidan oldin ham, syujet ichida ham keladi. Yaʼni, epos mantigʻiga koʻra, qahramonlar koʻk va yer kuchlari kelishuvi bilan tugʻiladilar va ularning istaklarini amalga oshiradilar. Syujet tarkibida boʻlsa syujetning har ikki halqasida koʻrinish beradi. Ilk syujet halqasida safarga otlangan qahramon oʻz otiga egalik qilish uchun homiy bilan shart bogʻlashadi. Bunda bahs homiy tomonidan boshlab beriladi. Homiylar sinab koʻrish maqsadida avvalboshdan qahramonga atalgan otga daʼvo qiladilar. Soʻng kurashda gʻolib chiqqan otni olib ketadi deya shartlashiladi. “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostonida Xizr bobo, “Alpomish” dostoni variantlarida Xizr bobo yoki Qultoy qahramon bilan kurash tushadi (kurash, odatda, uch marta takrorlanadi), tanlangan qahramonning alpligi sinab koʻrilgach, unga ot va ilohiy qudrat baxsh etiladi. Bekmurod Joʻraboy oʻgʻli kuylagan “Alpomish” dostoni variantida bahs soʻnggida Xizr toyni tulporga aylantiradi, qahramonga duo beradi. Bu bahsning eng muhim jihati shundaki, homiy kurash asnosida qahramonga alplik siru sinoatlarini oʻrgatadi.

Syujetning keyingi halqasida kuzatiladigan shartlashuv homiy qiyofasiga kirish bilan aloqador. “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostoniga arxaik syujet namunasi sifatida qaralsa, “Goʻroʻgʻli” turkumiga kiruvchi romanik dostonlarni ilk syujetning keyingi boʻgʻinlari oʻrnida tasavvur qilish mumkin. “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostonida homiylar himoyasiga oʻtgan qahramon “Malika ayyor”, “Intizor”, “Balogardon”, “Xushkeldi” dostonlarida qalandar qiyofasida namoyon boʻladi. Goʻroʻgʻli bu qiyofada Avazxonni sinab koʻradi yoki koʻmak beradi. Ushbu funksiyalar va qiyofasiga koʻra u oʻz homiylarini takrorlaydi. Bu dostonlarda eranlar qiyofasiga kirish borasida qahramon va homiy oʻrtasidagi shartlashuv aniq tasvir etilmasa-da, asar mantigʻidan anglashiladi. Mazkur shartlashuvning mufassal tasvirini “Alpomish” dostonida kuzatamiz. Yurtiga qaytgan Alpomish yaxshi-yomonni ajratib olishni tilaydi. “Qultoy dedi: Sinayin desang, kiyimingni chechasan, mening kiyimimni kiyasan”[2]. Doʻst-dushmanni ajratib olish dostonda motivirovka boʻlib keladi. Shunday qilib dostonning ikkinchi halqasi “Qultoy” qiyofasidagi Alpomish qahramonliklari va adolati bayoniga bagʻishlanadi. Folklorshunoslar Shomirza Turdimov, Jabbor Eshonqul qahramonning homiy qiyofasida namoyon boʻlishini uning kamoloti bilan izohlaydi[3]. Bu fikr syujet chizigʻidan tashqarida ifodalangan ilohiy kuchlar kelishuvini tasdiqlaydi. Qahramon zimmasiga yuklatilgan vazifasini bajaradi va eranlar safiga qoʻshilib ketadi.

b) koʻmakchi bilan shartlashuvlar dostonlarda ikki muhim belgisi bilan namoyon boʻladi. Ularning bir qismi sehrli sarguzasht ifoda mazmuni bilan ertaklarga yaqin turadi. Qahramon devlar bilan kelishuvga erishadi. Dostonlarda uchrovchi devlar ishtirokidagi tasvirlarni “Oʻzbek xalq qahramonlik eposi” tadqiqoti mualliflari kulgi uygʻotuvchi anʼanaviy ertak motivi deya izohlaganlar[4]. Balki shu sababdan ham devlar bilan shartlashuvlar qahramonlik dostonlarida uchramas. “Balogardon”, “Yunus pari”, “Gulixiromon” romanik dostonlarida, “Ernazarxon” dostonining kitobiy variantida ayni sahna mavjud. Devni koʻmakchiga aylantirish uch bosqichda amalga oshiriladi: dev doʻq bilan qoʻrqitiladi, shartlashiladi, yengilgan dev muhrlanadi. Shartlashuvda yengilgan dev qahramon ixtiyoriga oʻtadi va syujetning maʼlum halqalarida unga koʻmak beradi: “Shunda Sari dev dedi: Boʻlmasa oʻrtaga shart qoʻyib kurashamiz. Agar meni yiqsang, men umrbod senga xizmatkor boʻlayin. Agar sen yiqilsang umrbod menga xizmatkor boʻlasan”. Yengilgan devning oʻz junidan yulib berishi uning qahramon tomonidan muhrlanganini anglatadi. Bu kabi shartlashuvlar syujet halqalarini bogʻlab berishda juda muhim poetik vazifani bajarmasa-da, boʻrttirilgan, oʻta mubolagʻali tasvir dialoglari tinglovchilarda qiziqish va kulgi uygʻotadi.

Koʻmakchi bilan shartlashuvlarning bir qismida marosim belgilari aniq namoyon boʻladi. Bu kabi motivlar qahramonlik dostonlari syujet chizigʻida muhim oʻrinni egallaydi. Qahramon doʻst tutinmoqchi boʻlgan raqibi bilan kuch sinashadi. Raqib qahramonga oʻzidan gʻolib kelsagina doʻst boʻlishini va koʻmak berishini bildiradi. “Alpomish” dostonining Poʻlkan va Ergash Jumanbulbul, shuningdek, Bekmurod Joʻraboy oʻgʻli variantlarida qahramondan arqonni uzish talab qilinadi va avrab bogʻlab qoʻyiladi: “Qorajon dedi: – Otam otang bilan doʻst ekan, men ham sen bilan doʻst boʻldim, deb shuytib yoʻlingga chiqib yurar edim. Hay attang, hay attang, Boyboʻridan farzand yoʻq ekan, – dedi. Alpomish aytdi: – Bu gapingning maʼnisi nima? Qorajon aytdi: – Otangning qoʻlini mening otam qirq quloch arqon bilan boylaydi ekan. Sening otang uzib qoʻyar ekan. Men ham Alpomish otasiday zoʻr boʻlsa, doʻst boʻlaman, deb yurar edim. Alpomish aytdi: – Otam uzsa, men ham uzaman. Qoʻlimni boylab qoʻyaqol[5]”. Homiy-eranlar koʻmagida arqon yechiladi. Qorajon nazarkarda – katta ruhiy kuchga ega qahramonga doʻst boʻladi. Ayni tasvir “Rustamxon” dostonida ham takrorlangan. Ona qiyofasiga kirgan maston: “Otangni kulaband qilib tortib boylab qoʻyguchi edim. Chiranib – tortib, uzib ketaberguchi edi”, – deb ayyorlik bilan qahramonni bogʻlab qoʻyadi[6]. Arxaik epos syujetiga tegishli mazkur motivdan dostonlarda, ertaklarda foydalaniladi va bu qahramonning magik kuchini koʻrsatishga xizmat qiladi. Doʻst tutinishga aloqador koʻmakchi bilan shartlashishning keyingi bosqichlarida pir-eranlar misollardagi kabi ishtirok etmaydi. Bunda taraflar kurashadilar. Shuning uchun ham bunda ruhiy kuch emas, jismoniy kuchga asosiy eʼtibor berilgandek tasavvur uygʻonadi. Berdi baxshi kuylagan variantda Alpomish Qorajonni koʻtarib yerga uradi[7]. Fozil Yoʻldosh oʻgʻli ijro etgan variantda bu kurash koʻrishish tarzida bayon qilinadi: “Qorajon bilan Alpomish yoydi qulochdi, ikkovi xulqi muhabbat bilan koʻrishdi: – Qalaysan, doʻstim, omonsanmi, – deb siqinqirab yubordi, Qorajonning yetti qobirgʻasi sindi, ishi tindi, tappa tushib yotib qoldi”[8]. Mazkur variantda arxaik motiv poetik jihatdan toʻla qayta ishlangan boʻlib, koʻrishish kurashish oʻrnida keluvchi poetik ramzga aylangan. Folklorshunoslar Jirmunskiy va Hodi Zarif koʻmakchi bilan shartlashuvning bu shaklini qahramonlarcha doʻstlik motivi deya nomlaydi va uni Veselovskiy fikrlariga tayanib, initsiatsiya marosimi bilan bogʻlaydilar[9]. Xulosa qilish mumkinki, ushbu motiv asosida sinov marosimlaridan oʻtish va urugʻ-qabilaning erlar jamoasiga kirish haqidagi tushunchalar mavjud. Yangi aʼzolar sinovdan oʻtar ekan, ular jamoadoshlari uchun sherikka aylanadilar va bu doʻstlik jangovar doʻstlik deya tushuniladi. Shu jihatdan ham koʻmakchi bilan shartlashishning bu shakli ertaklar yoki romanik dostonlar emas, balki tarixiy asosga ega qahramonlik dostonlarining xos belgisi sanaladi. Romanik dostonlarda motiv qayta ishlanadi. Bunda qahramonlarcha doʻst tutinish emas, qahramon xarakteridagi topqirlik, uddaburonlik, ayyorlik xususiyatlarini koʻrsatib berish va kulgi uygʻotish nazarda tutiladi. “Kuntugʻmish”, “Dalli” dostonlarida doʻstlikni oʻrtaga solgan qahramonga darvozabonlar yoʻl ochib beradilar, “Qunduz bilan Yulduz” dostonida Shoniyoz poygada Avazxonga yutqizib beradi. Baxshi har uchala dostonda koʻmakchi bilan shartlashuv motividan bir xilda foydalanadi, bu jihat baxshi tanlagan ifoda uslubini tadqiq etishda muhim ahamiyatga egadir.

Shartlashish motivi sehrli va hayvonlar haqidagi ertaklarda keng uchraydi. Koʻplab ertaklarda motivlarni bogʻlovchi kichik halqa boʻlib kelsa, “Choʻloq boʻri”, “Bulbuligoʻyo”, “Aqlli qiz”, “Sirli gilamcha” kabi sehrli va “Koʻkkina qush”, “Tuxumboy bilan Buyrakboy”, “Qargʻa bilan Qoʻzi” kabi hayvonlar haqidagi arxaik ertaklarda syujetni yuzaga keltiradi.

Ertaklarlarda keluvchi shartlashishlarni umumiy mazmuniga koʻra quyidagicha tasniflaymiz:

1) nikoh bilan bogʻliq shartlashuvlar;

2) homiy kuchlar va koʻmakchi topish sharti bilan bevosita aloqdor shartlashuvlar;

3) epik makonda ilohiy vaziyatlar yuzaga keltirgan shartlashuvlar;

4) marosim bilan bevosita bogʻliq boʻlgan shartlashuvlar;

5) ijtimoiy-maishiy mazmundagi shartlashuvlar.

Homiy kuchlar va koʻmakchi topish sharti bilan bevosita aloqador shartlashuvlar ertaklarda oʻziga xos tarzda namoyon boʻladi. Kuzatishlarga koʻra, dostonlardan farqli, ertaklarda homiy bilan shartlashuv motivi uchramadi, homiy va qahramon oʻzaro qarama-qarshi vaziyatda boʻlmaydilar. “Kenja botir” ertagida homiy ot shahzodaga sofdil boʻlishni, shunga rozi boʻlsagina koʻmak berishini aytadi. Bunga koʻngan shahzoda safarga ketadi. Ammo bu kelishuvni shartlashuv deya olmaymiz. Homiy qahramon bilan ziddiyatga bormaydi, oʻz talabini maslahat va erkin tanlov sifatida qahramonga bildiradi. Qahramon koʻmakchilar bilangina shartlashadi. Ular bilan kurashib oʻz muhrini bosadi, bahsni hal qilib berish orqali ular yordamidan foydalanadi. Devlarni yengib koʻmakchiga aylantirish sehrli ertaklarga xos motiv boʻlib, bahsning dialoglardagi va harakatlardagi ifodasi kulgi uygʻotadi. Devni doʻq bilan qoʻrqitish, shartlashish, muhrlash ketma-ketligi va shartlashish yoʻllari doston va ertaklarda bir xilda keladi. “Yunus pari” va “Balogardon” dostonida uch xil narsa bilan kuch sinashadilar. “Yunus pari” dostonida bitga toshbaqa, burgaga quyon, junga eshak dumi, “Balogardon”da toshni upalashga tuxumni siqish, bitga toshbaqa, junga quyon qarshi qoʻyiladi. “Yarimta noʻxat” ertagida ham uchlik saqlanadi. “Devbachcha” ertagida boʻlsa shartlashish motivi anʼanalari buzilganini kuzatamiz. Qahramon junga qarshi eshak dumini tikadi va shartlashish yakunlanadi. Shuningdek, qahramon dev bilan emas, ajdar bilan shartlashadi va qochayotgan ajdarni oʻldiradi. Anʼanadan chiqish holati qahramonning dev bolasi ekanligi bilan asoslansa-da, boʻlgʻusi koʻmakchining oʻldirilishi ertak mantigʻiga zid.

“Mohistara” ertagida otameros sehrli buyumlarni taqsimlab berishda, “Nurilla boyvachcha” va “Aql bebaho boylik” ertaklarida “goʻzallikda pari ustunmi yoki qurbaqa” masalasini hal etishda qahramon devlar bilan shartlashadi va ayyorlik, topqirlik bilan sehrli buyumlarga ega boʻladi.

“Oʻtinchi chol bilan tulki” ertagida devlar tirik qolish evaziga tilla keli va kelisopni qahramonga bersa, “Pahlavon Rustam” ertagida qahramonga yoʻl koʻrsatadi. “Odamtoy” ertagida yengilgan devlar tirik qolish uchun qahramon xizmatini qiladi: “Dev: – Qoʻy, boshimni olma, menam bir kuningga yararman. Nima ish buyursang, xizmatingni qilarman, – debdi. Odamtoy devni oʻldirmasdan: “Bor, falon joyda bir Olabaytalim, bir Olaqanjigʻim, bir qoʻra yilqim bor, egalik qilib tur, men shikorga chiqdim, nima oldimdan chiqsa koʻraman”, – debdi. Odamtoy yoʻlni toʻxtatmay ketaveribdi”[10]. “Malikjon” ertagida boʻlsa qahramon devni davolash evaziga devlar shohidan koʻmak oladi.

Ertaklarda devlar kabi parilar ham koʻmakchi boʻlib keladi. “Kambagʻal qiz” ertagida oʻzlarini shatranjga yutqazgan parilar ozod boʻlish uchun, “Vazirvachcha” ertagida parilik koʻylagini qaytib olish uchun qahramon xizmatiga kiradilar. “Malikjon” ertagida parilar shohi deydi: “Endi seni shahringga eltib qoʻyamiz. Lekin seni koʻp bahodir deb eshitib edik. Bizlarning shahrimizni devlar tortib oldi, ular bilan bizlar bir joyda yashay olmadik. Agar sen rozi boʻlsang, bizlarning shahrimizni shul devlarning qoʻlidan ozod qilib bersang. Sening ham xazmatingga bizlar ham tayyordirmiz”[11].

Devlar bilan shartlashish va ular koʻmagidan foydalanish ertakka xos motiv boʻlib, doston syujetidan joy olgach, dostonga ham ertak janri elementlarini olib oʻtadi. Koʻmakchi bilan qoʻl siqishib koʻrishish motivi boʻlsa qahramonlik dostonlariga xos boʻlib, ular ertaklarga doston elementlarini olib oʻtadi. Dostonlarda koʻrishib kuch sinashgan qahramon va koʻmakchi doʻst tutinadi, marosimiy asosiga koʻra qahramon erlar ittifoqiga qabul qilinganini anglatadi. Ertakda boʻlsa kampir ishtiroki orqali sinov marosimiga bogʻliq jihatlarni anglash mumkin. “Baland bir tepalikka chiqib bir kampirni koʻribdi. Kampir kelib salom beribdi. “Salomalaykum”, deb Qironning qoʻlini siqibdi. Shuncha qattiq qissa ham Qironga bilinmabdi. Kampir kimning qoʻlini qissa oʻldirar ekan. Kampir: “Bolam, sen pahlavon yigit ekansan, bu yerlarda nima qilib yuribsan?” – debdi. Qiron: “Shu yerdan yigirma besh kun ilgari osmondan ikki pari uchib oʻtdimi?” – deb soʻrabdi. “Ha”, – debdi kampir. “Shu parilarni qayerdan topaman?” – deb soʻrabdi Qiron botir. Kampir: “Mana shu dengizning oʻrtasida bir oʻtov bor, parilar oʻsha oʻtovning oʻrtasidagi bir koʻshkda yashaydilar”, – debdi. “Bu oʻtovga men qanday qilib oʻtaman?” – deb soʻrabdi Qiron botir. Kampir: “Suzib oʻtasan”, – debdi[12]. Kampir qahramonni sinab koʻrgachgina koʻmakchiga aylanadi va parilar makonini koʻrsatib yuboradi. Bunda koʻmakchi bilan shartlashish dostonlardagi kabi qahramonlarcha doʻstlik gʻoyasiga bogʻlanmaydi.

“Nigini shohi moron” ertagida koʻmakchilar oʻzaro shartlashadilar. Kuchuk uzukni berish evaziga mushukni daryodan olib oʻtadi. Koʻmakchilarning har ikkisi qahramonga koʻmak berishga intiladi. Qahramon ishtirok etmasa-da, kelishuvga taʼsir koʻrsata oladi.

Taqiq va shartlardan farqli, shartlashishda qahramon tabiati koʻproq ochiladi. Taqiqlar va shartlarda yashirin holatda kelgan qahramonlar oʻrtasidagi ziddiyat shartlashishlarda oshkora bahsga aylanadi. Ammo ziddiyat kelishuvga yoʻnaltirilgan boʻladi. Taqiqlarning buzilishi, shartlarning oʻtalishi epik hududlarni qay tarzda bogʻlasa, bu jarayonni shartlashish shartlari bajarilishida ham kuzatamiz.

 

 

REZYUMYe

 

Homiy va koʻmakchi ishtiroki xalq dostonlari va ertaklarining xos xususiyati boʻlib, maqolada homiy va koʻmakchi haqida soʻz yuritiladi. Homiy va koʻmakchi hamda shart-sinov mavzusi oʻrtasidagi genetik aloqadorlik tekshiriladi.

 

Dlya narodnoy skazki i dastana xarakterno preobladaniye uchastiya pokrovitelya i pomoshʼnika. V rabote takje issleduyetsya geneticheskaya svyaz mejdu pokrovitelem i pomoshʼnikom i motivom usloviye-ispiʼtaniye.

 

Protector’s // assistant’s accompany in implementation of arrangement by hero is characteristic of folk tales and poems. And in this article we research genetic contact between protector // assistant and sample motive.

 

Shahnoza NAZAROVA

 

“Sharq yulduzi”, 2017–1

 


[1] Meletinskiy Ye.M. Strukturno-tipologicheskoye izucheniye skazki.  – M.: Nauka, 1969. S.148.

[2] Alpomish. Doston / Aytuvchi Xushboq Mardonaqul oʻgʻli / Nashrga tayyorlovchi T.Turdiyev. – Toshkent: Yozuvchi, 1998. – B.178.

[3] Turdimov Sh. “Goʻroʻgʻli” dostonlarining genezisi va tadrijiy bosqichlari. – Toshkent.: Fan, 2011. – 240-b.Eshonqul J. Oʻzbek folklorida tush va uning badiiy talqini. – Toshkent.: Fan, 2011. – 304-b.

[4] Jirmunskiy V.M., Zarifov X.T. Uzbekskiy narodniʼy geroicheskiy epos. – M.: Xudojestvennaya literatura, 1947. – S.230.

[5] Alpomish. Doston / Aytuvchi Poʻlkan shoir, Ergash Jumanbulbul oʻgʻli / Nashrga tayyorlovchilar T.Mirzayev va Z.Husainova. – Toshkent: Yozuvchi, 1999. – B.42.

[6] Rustamxon. Doston / Aytuvchi Fozil Yoʻldosh oʻgʻli / Nashrga tayyorlovchilar M.Afzalov, X.Rasulov, H.Zarifov. – Toshkent: Badiiy adabiyot, 1965. – B.307-308.

[7] Alpomish. Doston / Aytuvchi Berdi baxshi / Nashrga tayyorlovchi T.Mirzayev. – Toshkent: Yozuvchi, 1999. – B.26.

[8] Alpomish. Doston / Aytuvchi Fozil Yoʻldosh oʻgʻli / Nashrga tayyorlovchilar H.Zarifov va T.Mirzayev. – Toshkent: Sharq, 1998. – B.107.

[9] Jirmunskiy V.M., Zarifov X.T. Uzbekskiy narodniʼy geroicheskiy epos. – M.: Xudojestvennaya literatura, 1947. – S.324.

[10] Odamtoy. Ertak // Maktabgacha tarbiya 1992, 5-6-sonlar.

[11] Kulsa gul – yigʻlasa dur. Fantastik ertaklar / Nashrga tayyorlovchilar Z.Husainova, B.Sarimsoqov. – Toshkent: Adabiyot va sanʼat, 1983. – B.228.

[12] Oʻzbek xalq ertaklari: Toʻplam. – Toshkent: Yosh gvardiya, 1981. – B.41.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/qahramon-homiy-va-komakchi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x