Drama
Qatnashuvchilar:
Zariadr – sugʻd sarkardasi
Odatida – shaklar podshohi Omargning qizi
Gushtasp – Sugʻdiyona podshohi
Omarg – shaklar podshohi
Mardon – Zariadrning doʻsti, sarkarda
Saksfar – shaklar sarkardasi
Arshak – sarkarda
Farhod – urugʻ oqsoqoli
Midiya shahzodasi, mulozim, choʻpon, soqchilar, sarkardalar va urugʻ oqsoqollari.
Voqealar taqriban eramizdan avvalgi 7-6-asrlarda Sugʻdiyona va shaklar diyorida boʻlib oʻtadi.
Birinchi koʻrinish
Yaksart daryosi yaqinidagi sugʻd lashkari qarorgohi. Zariadr chodiri. U chodir oldida yerga sanchilgan tol novdalarini qilich bilan bir zarbda qirqish mashqini olmoqda. Soqchilar qirqilgan novdalar oʻrniga darhol yangilarini sanchishadi. Mardon paydo boʻladi.
Mardon: Sarkarda janoblari! Navkarlar hududimizda ov qilayotgan shak qabilasiga mansub bir ovchini ushlabdilar. Egnidagi libosi va otiga qaraganda, aslzoda emish.
Zariadr: Biz bu qabila bilan tinch-totuv yashamoqdamiz. Shunday ekan, uni izzat-ikrom-la huzurimga keltiring.
Mardon (taʼzim qilib): Bosh ustiga.
Zariadr oʻz chodiriga kiradi. Birozdan soʻng erkakcha libosdagi Odatida kirib, yengil taʼzim qiladi.
Odatida: Sugʻdiyonaning jasur sarkardasi Zariadrni koʻrish baxtidan boshim osmonga yetdi! Hurmuz haqqi, oʻljamni olib tinchgina qaytmoqchi edim, lek navkarlaringiz monelik qilishdi.
Zariadr: Haqiqatni soʻzlayotganingizga amin boʻlsak-da, bu yer bizning hududimiz ekanligini eslatmoqqa majburmiz. Ov qilish uchun oldin ruxsat olganingizda durust boʻlardi.
Odatida: Bugʻuni daryoning nariyogʻida taʼqib qilayotgandim, ammo u yarador holida bu sohilga kechib oʻtdi.
Zariadr (kulib yubordi): Qoyil! Boshqa mamlakatga qochib ham qutulmabdi-da, bechora. Mayli, u endi sizniki. Mehmondorchilikdan soʻng sizni daryodan oʻtkazib qoʻyishadi.
Odatida: Tashakkur, sarkarda. Doʻstona qabulingiz va taklifingizdan boshim osmonga yetdi. Minnatdorchilik belgisi sifatida oʻrtamizda muammo tugʻdirgan bugʻuni qoldirib, oʻz diyorim sari yoʻl olsam. Hamrohlarim axtarib yurishgandir – ovga qiziqib, ulardan ajrab ketgandim.
Zariadr: Ixtiyoringiz, ammo jindek sabr qilsangiz maʼqul boʻlardi – bugʻu endi bizniki boʻlsa, kabob ham koʻp kuttirib qoʻymas. Yoʻl oldidan tamaddi qilib oling.
Mulozim kiradi.
Mulozim: Sarkarda hazratlari, mahalliy bir choʻpon muhim bir gapni aytish uchun huzuringizga kirmoqchi.
Zariadr: Mayli, kirsin.
Choʻpon kirib taʼzim qiladi.
Zariadr: Xizmat?
Choʻpon (Odatida tomon imlab): Hazrat, huzuringizdagi bu ovchining kim ekanligini bilasizmi?
Zariadr: Bizga doʻst boʻlgan shaklar qabilasidan. Shuning oʻzi yetmaydimi?
Choʻpon (oʻxshov kulib): Sarkarda! Omad sizga kulib boqdi. Bu ovchi – aslida shaklar podshosi Omargning erkakcha kiyinib olgan qizi Odatida. Ha, ha – ogʻangiz Sugʻdiyona podshohi Gushtaspning sovchilarini qaytargan Odatida mana shu goʻzal qiz boʻladi! Men uning xuddi shunday kiyinib, Yaksart boʻylarida ov qilib yurganini koʻp bor koʻrganman. Chodiringizga boshlab ketishayotganini koʻrib, qoʻylarni ham tashlab chopdim. Sizni aldab, qochib ketmasin yana, dedim-da! Endi uni ogʻangiz podshohi olam Gushtaspga eltsangiz, zap ish qilgan boʻlardingiz. (yaltoqlanib) Qulingizning xizmatini qanday taqdirlash esa oliy himmatingizga havola.
Odatida (jahl bilan): Boʻhton! U aljiyapti – men ovchiman!
Choʻpon: Hali shunaqami!
U kutilmagan harakat bilan Odatidaning boshidagi qalpogʻini yulib oladi, sochlari yoyilib yelkalariga tushgan Odatida gʻazablanib, xanjarini sugʻuradi. Lol qolgan Zariadr oʻrnidan turib ketadi.
Odatida: Murtad!
Zariadr: Xanjaringizni bulgʻamang! Bu choʻpon qilmishiga yarasha jazo olur. (soqchilarga) Mehmonimizni behurmat qilgani uchun unga qirq darra urilsin!
Soqchilar faryod chekayotgan choʻponning qoʻllarini qayirib, olib chiqishadi.
Zariadr (Odatidaning qalpogʻini yerdan olib, iltifot ila uzatarkan): Bu aziyatlar uchun uzr, malika. Nima niyat bilan kelganini bilganimda choʻponni aslo kiritmagan boʻlardim. Ikki doʻst xalq orasiga nizo solishdan yomoni yoʻq. Siz xotirjam boʻling. Ijozat etsangiz… oʻzim sizni kuzatib qoʻyay!
Odatida: Tashakkur, sarkarda. Bu yaxshiligingizni hech qachon unutmayman. Biroq kuzatishning hojati yoʻq – qanday kelgan boʻlsam, shunday keta olaman. Xayr!
Zariadr: (unga zavqu shavq bilan qaraydi) Bundan buyon siz taʼqib qiladigan bugʻularning barchasi shu tarafga suzib oʻtishini tangridan iltijo qilaman! Toki, bahonai sabab bilan sizni yana va yana koʻrishga musharraf boʻlsam.
Mardon (Odatida chiqib ketgach): U haqda qoʻshiqlar toʻqilgani bejiz emas ekan-da. Darhaqiqat, Sugʻdiyona malikasi boʻlishga munosib qiz.
Zariadr (xayolchan): Yoʻq… u butun dunyoning malikasi boʻlishga munosib.
Mardon: Qizining husn bobida tengsiz ekanligini bilgan shoh Omarg barcha sovchilarga rad javobini berayotibdi. Shu jumladan, Xorazm va Baqtriya hukmdorlaridan kelgan sovchilar ham quruq qaytishibdi. Qizim hali yosh, degan bahona bilan hatto ogʻangizning sovchilarini qaytarib, sal boʻlmasa, oʻrtamizga nizo tushiray dedi. Eshitishimcha, shu kecha-kunduzda shaklar diyoriga Midiyadan katta karvon kelibdi. Yetti yillik xirojni sovgʻa-salom tariqasida keltirgan Midiya shahzodasining oʻzi ham karvon safida emish. Balki unga omad kulib boqar – Omargning mol-dunyoga oʻchligini hamma biladi.
Zariadr (tushkun ahvolda): Nahot u qizini mol-dunyoga almashtiradi, deb oʻylasang? Balki, munosib kuyov chiqishini kutayotgandir?
Mardon: Be! Podshoyu shahzodalarki kuyovlikka nomunosib ekan, ulardan zoʻri chiqarmidi!
Zariadr: Bu malak baayni koʻkdan yerga tushgan Nohidning oʻzi. Hatto uning hozirgina chodirimizda boʻlganiga ishonish qiyin. Goʻyokim samodan bir lahzaga yerga qoʻnib, soʻng bu zerikarli zaminni tark etgan kabi.
Mulozim kiradi
Mulozim: Sarkarda hazratlari, kabob pishdi.
Zariadr (Mardonga): Navkarlar bilan baham koʻringiz. Mening negadir ishtaham yoʻq. (ular chiqib ketishgach) Odatida! Rostdan ham koʻkdan tushganmisan yoki yer qizimisan? (koʻksini ushlab) Sen inʼom qilgan bugʻu sixga tortildimi, yoki mening yuragim!
Ikkinchi koʻrinish
Shohiyu harir pardalar bilan bezatilgan xobxonada kanizaklardan biri yigʻlayotgan Odatidaning sochlarini qirqkokil qilib oʻrmoqda. Odatida ortiga oʻgiriladi, soʻng, shu oʻtirgan koʻyi uning koʻksiga bosh qoʻyadi.
Odatida: Ana, qalbim toʻridagi barcha sirlardan voqif boʻlding. Endi ayt, nima qilay? Qanday qilib unga tuygʻularimni izhor qilsam boʻladi? Buning imkoni bormi?
Kanizak (biroz oʻylab turib): Maktub biting, hazrati oliyalari. Uni qanday yetkazishni esa men zimmamga olaman.
Odatida (sarosimalanib): Maktub? Qiz bola boʻla turib-a?! Birortasining qoʻliga tushib qolsa nima boʻladi? Qolaversa, uning oʻzi buni qanday qabul qiladi?
Kanizak (ishva qilib): Oʻshanda koʻzlarida nima aks etganini haligina aytmadingizmi!
Odatida: Menimcha, barcha erkaklar menga shu nigoh bilan boqishadi, ammo faqat uning koʻzlaridagina haqiqiy muhabbatni koʻrdim. Hurmat-ehtirom-chi! Agar uning oʻrnida menga ogʻiz solgan shohlaru shahzodalar boʻlganida, holim ne kechgan boʻlishini tasavvur qilib koʻr! Ayniqsa, oʻziga bino qoʻygan uning akasi Gushtasp! Koʻrgani koʻzim yoʻq! Eshitishimcha, menga yetisha olmaganidan soʻng, bir bahona topib bizga qarshi urush ochmoqchi boʻlib yurgan emish.
Kanizak (yana oʻsha ishva bilan): Midiya shahzodasi shu yerda-ku! Qoʻl qovushtirib oʻtirmas! Aytgancha, koʻzim tushdi – kelishgangina yigit ekan. Boyligini aytmaysizmi!
Odatida: Aljima! Men Zariadrni oʻnta Midiya shahzodasiga ham almashtirmayman!
Uchinchi koʻrinish
Zariadrning chodiri Yaksart sohiliga tikilgan. Daryo koʻrinib turibdi. Zariadrning koʻz oʻngida Sugʻdiyona poytaxti Maroqandda akasi Gushtasp bilan boʻlib oʻtgan suhbat gavdalanadi.
Gushtasp (keskin): Endi aybingni yo boshing, yo qoʻldan chiqazganing oʻsha qizni saroyimga keltirish bilan yuvasan.
Zariadr: Qizning otasi, qolaversa, oʻzi rozi boʻlmay, qanday keltiraman?
Gushtasp: Ixtiyoringda katta qoʻshin. Shaklar yurtiga yurish qilib, Odatidani asira qilib keltirasan!
Zariadr: Bir qizni deb ikki doʻst xalq orasida urush ochish qanchalik oʻzini oqlaydi?
Gushtasp (parvo qilmay): Bu muammoni urushsiz hal etish imkonini oʻzing barbod qilding. Oʻz oyogʻi bilan kelgan ekan – qismatiga koʻnikmay, qayoqqa borardi! Ochkoʻz otaga esa sovgʻa-salomlar yuborib, qizining Sugʻdiyona bosh malikasi boʻlganini aytardik. Endi nima qilib boʻlsa-da, uni saroyga keltirasan. Aks holda, ukam ekanligingga ham qarab oʻtirmay, jallod qoʻliga topshiraman!
* * *
Zariadr (narigi qirgʻoqqa termuladi): Evoh, lashkar bilan yana bir qadam olgʻa bosmoq, shaklarga qarshi urush ochilganini anglatadi. Odatida, Odatida! Oʻrtamizdagi ishqdan bexabar akam seni bandi qilish uchun yuborayapti. (keskin bosh chayqaydi) Yoʻq – Zariadrning butun vujudi sen tomon talpinib tursa-da, yurtingga hech qachon lashkar tortib bormaydi!
Mulozim kiradi
Mulozim: Shaklar yurtidan maktub kelmish. Chopar uni oʻz qoʻli bilan sizga yetkazmoqchi.
Zariadr: Ayt, kirsin.
Mulozim chiqib, choʻpon kirib keladi va unga maktubni uzatadi.
Zariadr (maktubni olib, choʻponga): Yana senmi? Boraver, xizmating munosib taqdirlanur. (choʻpon chiqadi) Bu safar Odatida nima yozibdi! Yo tangrim, bunda menga mamotdan darak bormi yo hayotdan mujda! (maktubni ochib oʻqiydi) “Ey bahodir! Meni deya yurtimga lashkar tortishingga ne hojat! Barcha shohu shahzodalar qolib, seni tanlaganimni yozmaganmidim! Ikki oʻt orasidaman. Qabiladoshlarim qirgʻin, yurtim vayron boʻlishini istamayman. Ammo senga ham magʻlubiyatni ravo koʻrmayman. Zariadr! Bahodirim! Meni yonayotgan bu ikki oʻt orasidan olib chiq! Yana bir gap: qarorgohingga savdogar libosidagi josus joʻnatilgan. U jisman va qalban senga oʻxshab ketadur. Ehtiyot boʻl!” Hoy! Kim bor! (mulozim kirib, taʼzim qiladi) Lashkar orasida savdogar kiyimidagi begona odam bor. Koʻrinishi menga oʻxshash. Darhol ushlansin!
Mulozim: Bosh ustiga! (chiqadi)
Zariadr: Hayhot! Oʻzimni olamdagi eng baxtli kimsa deb atayinmi, yo eng baxtsiz! Odatida meni sevishiga yana bir bor amin boʻldim. Ammo bir-biriga qarshi qilich koʻtargan ikki xalqni qay yoʻl bilan yarashtiray! Bunga erishish uchun – agar talab qilinsa! – hech ikkilanmay boshni sadqa qilardim! (soqchilar qoʻllari orqasiga bogʻlangan Saksfarni keltirishadi) Bizni xoli qoldiring. (Soqchilar chiqib ketadi. Hayratlanib). Tavba, koʻzguda oʻzimni koʻrayotgandekman! Yigit, josusliging oshkor boʻldi. Maqsading ne? Yashirmay barchasini aytsang, hayoting oʻzingga siylov.
Saksfar (magʻrur): Zimmamdagi vazifani bajarolmay, dushman qoʻliga tushdimmi, endi menga oʻlim afzal!
Zariadr: Men, aslida, shaklarga dushman emas – bu urushni toʻxtatish chorasini har on, har soniyada qidirayotgan, buning uchun hamma narsaga tayyor doʻstman. Oʻlimni boʻyningga olib josus sifatida kelganing, elingni sevishingga dalolatdir. Xoh ishon, xoh ishonma Odatida mansub bu elni men sendan kam sevmayman. Xullas, biz dushman emas, balki keraksiz bu urushning oldini olishda ittifoqchi boʻlishimiz darkor. Shunga rozi ersang, elimga xoinlik qilayapman deb oʻylamagin-da, savolimga javob ber.
Saksfar: Soʻzing samimiyligiga shubham yoʻq. Buni malikamiz nomini tilga olgan mahaling koʻzingda porlagan oʻtdan sezdim. Demak, sen ham uning oshiqlaridan birisan.
Zariadr (ajablanib): Nahot bu borada ham sen bilan raqib boʻlsak! Isming nima?
Saksfar: Men shaklar lashkari sarkardasi Saksfarman. Lekin xotirjam boʻl – mening oʻz suyganim bor. Otam savdogar edi va bolaligimda unga hamrohlik qilib, yurting boʻylab koʻp kezganman, uning yoʻllari, pastu balandi, shaharu qishloqlarini yaxshi bilaman. Shu sabab yurtimiz xatar ostida qolganida josuslikka oʻzim dov boʻldim. Biroq bu yumush tijorat kabi bexatar emas ekan – qarorgohingga kelgan kunimoq qoʻlga tushdim.
Zariadr (tantanavor): Va amin boʻldingki, yov emas, doʻst qoʻlidasan! (biroz oʻylab turib) Endi sen bilan liboslarimizni almashtirsak.
Saksfar (hayron): Nega? Mening savdogarcha libosim sendek sarkardaga na hojat?
Zariadr: Sen boʻlib yurtingga boraman – zora shu yoʻl bilan urushni toʻxtatish imkonini topsam. Sen esa mening libosimni kiyib, bu yerda yoʻqligimni bildirmay turasan. Ha, aytgandek, biron mushkulot chiqmasligi uchun, ishonchli sarkardalarimni ushbu sirdan voqif etaman.
Liboslar almashinadi.
Toʻrtinchi koʻrinish
Omarg sarkarda va urugʻ oqsoqollari bilan harbiy kengash oʻtkazmoqda. Sovchilikka kelgan Midiya shahzodasi va shak sarkardasi libosidagi Zariadr ham shu yerda. U Saksfardan sira farq qilmaslik uchun qiyofasiga sal oʻzgarish kiritgan.
Omarg: Kuni kecha jasur sarkardamiz Saksfar dushman qarorgohida boʻlib qaytdi. (Zariadr turib taʼzim qilgach, qayta oʻtiradi) U yetkazgan xabarga koʻra, yogʻiy soni biznikidan ortiq. Toʻgʻri, shak sahrosi bepoyon – chekinib, sugʻdlarni sahro boʻylab adashtirib-uloqtirib, holdan toydirib, soʻngra nogahoniy hujum bilan tor-mor etish mumkin. Biroq qochish bizga munosibmi?
Midiya shahzodasi: Aʼlohazrat, sugʻdlarni yurtga monesiz kiritib, sahroga chekinish muborak nomingizga rostdan ham dogʻ tushiradi. Endi sizda Midiya podshohligi kabi qudratli ittifoqchi bor emasmi? Men chopar yubordim – Midiya qoʻshini janubdan bostirib kiradi va shu tariqa sugʻdlarni iskanjaga olamiz. (taʼzim qilib) Bu yordam uchun meni sohibjamol va oqila qizingizga munosib koʻrasiz degan umiddaman.
Farhod (taraddudlanib qolgan Omargga): Qulingizning bir qoshiq qonidan keching, shohim. Midiyaliklar bosqinchiliklari bilan olamda maʼlumu mashhur – Sugʻdiyonani zabt etgach, yurishni biz tomonga davom ettirmasliklariga kafolat qani? Fikri ojizimcha, sugʻdlar bilan murosayu madora yoʻlini izlagan maʼqul.
Omarg: Qizimni qoʻsh qoʻllab Gushtaspning haramiga eltib beraymi? Boshqa farzandim boʻlmasa!
Farhod: Shunday ekan, nahot uning uzoq Midiyaga ketishini istasangiz?
Omarg (qatʼiy): Qizim faqat shaklar malikasi boʻlgʻusi!
Arshak: Donoligingizga tasanno, shohim! Bu nafaqat siz, balki butun elning tilagi. Jang oldidan sir saqlashga hojat yoʻq: biz – barcha sarkardalaringiz malikaga oshiqmiz! Istaganingizni kuyov qiling! Qolganlar esa qismatiga tan berur. Kuyovingiz qoʻmondon boʻlib, bizni jangga boshlasin. Uning izidan oʻtga ham, suvga ham kiramiz, zero, Odatidaning yori bosh boʻlgan qoʻshin har qanday yovni yengishga qodir!
Omarg: Qizimni oʻz ixtiyoriga qarshi majburan hech kimga bermayman. Yaxshisi boʻlajak yorini uning oʻzi tanlasin. Odatidani chaqiring. (Odatida kirib taʼzim qiladi). Qizim, koʻzimning oqu qorasi! Elu yurt taqdiri senga bogʻliq boʻlib qoldi. Sarkardalarimdan qaysi biri yoring boʻlishini istasang, mana shu jomni tutqaz – u mening kuyovim boʻlib, qoʻshinimni zafarli jangga boshlab borur!
Odatida oltin jomni olib Zariadrning qoʻliga tutadi. Har tomondan “Saksfar!”, “Omad qushi Saksfarning boshiga qoʻndi!”, degan xitoblar yogʻiladi. Boshqa sarkardalar tiz choʻkadi.
Omarg: Qismatni oʻzgartirib boʻlmas. Saksfar yaqindagina xatarli bir yumushni uddalab qaytgan edi, bugun esa taqdir uning zimmasiga ulugʻ bir vazifani yukladi. Bu – Tangrining inoyati. (sarkardalarga) Endi siz ham soʻzingizda turib, qattol yovga qarshi u boshchiligida jangga otlaning! (Sarkardalar oʻrinlaridan turib, taʼzim qilishadi) Saksfarga bosh qoʻmondonlik libosi va qurol-yarogʻlar keltiring!
Zariadr va Odatidadan boshqalar chodirni tark etishib, mulozim libos va qurollarni qoʻyib ketadi.
Odatida (Zariadrning koʻksiga bosh qoʻyadi): Zariadr! Bahodirim!
Zariadr (uning sochini silaydi): Meni tanidingmi, azizam? Qanday qilib haqiqiy Saksfardan ajrata olding?
Odatida: Sevguvchi qalb yanglishmas!
Zariadr: Yuragim baxtdan limmo-lim boʻlsa-da, biroq boshim qotib qoldi – bir-biriga qarshi turgan har ikki lashkarning bosh qoʻmondoni oʻzim. Gʻalabaga tashna har ikki taraf ham mendan umidvor. Qandoq yoʻl tutay?
Odatida: Shak lashkariga Yaksart tomon harakat qilishga farmon ber. Shunday qilaylikki, toʻqnashgan ikki taraf bir-birining qonini toʻkish oʻrniga, toʻyimiz munosabati bilan oʻtkaziladigan bazmda bayram qilsin. Kuchini kurash va chavandozlikda namoyon etsin.
Nogʻora va burgʻu sadolari yangrab, Zariadr va Odatida chodirdan chiqishadi.
Beshinchi koʻrinish
Yashirincha oʻng sohilga oʻtgan Mardon lashkar bilan Yaksart boʻyiga yetib kelgan Zariadrning chodiriga kiradi. Unga taʼzim qilib, Odatidaga shubha bilan qaraydi.
Zariadr: Gapiraver, undan yashiradigan sirim yoʻq.
Mardon: Sarkardam, yoʻqligingizda falokat yuz berdi – Oʻkuzdan kechib oʻtgan Midiya qoʻshini janubiy sarhadimizdan bosib kirdi. Ogʻangiz Gushtasp poytaxtda qolgan lashkarni yigʻib, gʻanim yoʻlini toʻssa-da, kuchlar tengsizligi tufayli jang boy berilib, uning oʻzi mahv etilmish!
Zariadr (cheksiz anduh bilan): Shoʻrlik akam! Mamlakat egasiz qoldimi?
Mardon: Endi uning egasi oʻzingiz! Erkini saqlab qola bilsangiz, albatta. Jangda katta talafot koʻrganiga qaramay, tezda oʻnglangan Midiya qoʻshini alamzada shahzoda boshchiligida poytaxt Maroqand sari yurishda davom etmoqda. Biz oldinroq yetib, yov qoʻlidan ustunlikni tortib olishimiz lozim. Biroq shaklar bilan sulh tuza olsakkina bunga erishamiz.
Zariadr: Azizam! Otang huzuriga qaytib, Sugʻdiyona tarafdan shaklarga hech bir xavf tahdid solmasligi haqidagi lafzimni unga yetkaz. Men esa daryodan oʻtib, yana oʻz lashkarimga bosh boʻlib, yurtim ozodligi uchun kurashga otlanaman.
Odatida: Men qalligʻingman va sendan ajralmayman. Ayniqsa, shunday sinov damlarida. Sarkardalar men oltin jom tutgan kishiga itoat etishga ont ichishgan. Bu esa sensan! Ikki lashkarga bosh boʻlib, har qanday yov ustidan gʻalaba qozonishingga ishonchim komil.
Zariadr (ikkilanib): Otang ne derkin?
Odatida: Otam ham lafziga sodiq qoladur!
Zariadr: Nafaqat yor, balki madadkorim ham oʻzing. (Qars uradi. Kirgan mulozimga) Sarkardalar mashvaratga yigʻilishsin. (Mardonga) Sen ham ishtirok etasan.
Oltinchi koʻrinish
Maroqand saroyi. Zariadr taxtda, yonida Odatida.
Zariadr: Ittifoqlikda Midiya ustidan qozongan bu gʻalabamizdan keyin, tangrim Sugʻdiyona va shaklar zaminiga abadiy tinchlik ato etsin. Sevishgan qalblar hech bir qon toʻkishlarsiz bir-birlarining visoliga yetadigan kunlar juda yaqin.
Mulozim kiradi.
Mulozim: Shaklar podshohi Omargning elchisi tashrif buyurdi.
Zariadr: Eng hurmatli mehmon sifatida huzurimga boshlab kir.
Farhod kirib, taʼzim qiladi
Farhod: Podshohi olam Omarg sizdek bahodir kuyovi va suyukli qiziga koʻpdan koʻp salomlar aytib, yov ustidan qozonilgan gʻalaba bilan muborakbod etish uchun yubordi.
Zariadr: Shak qabilasining moʻtabar oqsoqoli elchi sifatida tashrif buyurganidan boshimiz osmonga yetdi. Bu gʻalabaga shak lashkari yordamisiz erisha olmasdik. Bundan buyon shaklar yurtiga biron yoqdan xavf paydo boʻlsa, darhol koʻmakka yetib borishni sugʻd lashkari oʻziga burch bilur.
Farhod: Sugʻdu shak ittifoqini tangrim boqiy etsin! Zavjangiz ermish malika shohimizning yagona farzandi ekanligi sizga maʼlum. Shu bois shohimizning bir iltimosi borki, unga binoan qizidan tugʻilgan ilk oʻgʻil farzand uning taxtiga voris deb eʼlon qilinsa.
Zariadr: Biz aʼlohazratning iltimosini buyruq sifatida qabul qilib, u hozirning oʻzida inobatga oʻtganini yetkazishingizni soʻraymiz. Zero, sugʻdlar va shaklar aslida Yaksartning ikki qirgʻogʻida yashaydigan bir xalqdir. Bizning zurriyodlarimiz boʻlmish kelgusi avlodlar sugʻd yoki shak emas, balki bitta el nomi bilan atalishiga imonim komil.
Mugʻanniylar cholgʻu chalib, mutriblar sugʻd va shak qardoshligi haqida kuylay boshlaydilar.
Parda
Gʻulom KARIMIY
“Yoshlik”, 2013 yil, 3-son
https://saviya.uz/ijod/dramaturgiya/qadimiy-sevgi-qissasi/