Oyning oʻn beshi qorongʻu
«Umrini oshiq hamisha
Oʻtkazur orzu bilan».
Oyning oʻn beshi qorongʻu,
Oʻn beshi yogʻdu bilan.
Sevgida koʻksingga tomgan
Koʻz yoshingdan foyda yoʻq,
Ishq axir shunday olovki,
Oʻchmagay u suv bilan.
Zahmati ishq dard erursa,
Zahmati sheʼrdur davo,
Chunki ogʻuning shifosi,
Deydilar, ogʻu bilan.
Barcha zahmat menga boʻlsin,
Mayli, doim men yashay
Bu ajib totli azobu
Bu shirin qaygʻu bilan.
Yoshligim — umrim nahori,
Ishqu sheʼrsiz ne hayot?
Tongni yolgʻiz gʻaflat ahli
Oʻtkazur uyqu bilan.
Yorni men jonim deb aytsam,
Iltifot deb oʻylama,
U yashar mensiz va lekin
Men tirikman u bilan.
1968
Goʻzallik
Mulki borliq ichra bir mahal
Koʻrksizgina olam yaralgan.
Bermoq uchun dunyoga sayqal
Olam aro odam yaralgan.
Shundan beri inson tinmayin
Shu yer uzra ter toʻkar hamon.
Yerni goʻzal qilgani sayin
Goʻzal boʻlar oʻzi ham inson.
1962
Kamtarlik haqida
Garchi shuncha magʻrur tursa ham,
Piyolaga egilar choynak.
Shunday ekan, manmanlik nechun,
Kibru havo nimaga kerak?
Kamtarin boʻl, hatto bir qadam
Oʻtma gʻurur ostonasidan.
Piyolani inson shuning-chun
Oʻpar doim peshonasidan.
1956
Sevgi
Oʻn sakkizga kirmagan kim bor,
Bogʻingdan gul termagan kim bor.
Sen haqingda yozib toʻrt satr,
Sirdoshiga asta koʻrsatib,
Qoʻshni qizga bermagan kim bor.
Dastlab har kim qalam olgan on
Yonib seni kuylar begumon.
Maskan qurib har bir koʻngildan,
Oshiqlarni qoldirib tildan,
Shoirlarni qilursan biyron.
Tushdim chogʻi men ham domingga,
Ezgu hislar baxsh etding menga,
Hayotimga zar lavha boʻlding,
Ilk sheʼrimga sarlavha boʻlding,
Xayollarim ulfatdir senga.
Yuragimda his etdim qanot,
Tilsim kabi ochilur hayot.
Visoldagi damlarim shirin,
Hijrondagi gʻamlarim shirin,
Kulib boqar menga koinot…
Oʻn sakkizga kirmagan kim bor,
Bogʻingdan gul termagan kim bor…
1959
* * *
Qulluq qil demasman.
Yurt tuprogʻin oʻp,
Unga qullar emas, fidolar kerak.
Uning senu mendek shoirlari koʻp,
Buyuk elga endi daholar kerak.
Qaddingni baland tut,
Boʻlma sertaʼzim,
Choʻqqi boʻlolmasang, mahkam qoya boʻl.
Pillapoya boʻldim senga, azizim,
Sen ham gal kelganda pillapoya boʻl.
1984
Bir tomchi yosh
Choʻqqidan bir kichik tosh yumalasa,
Togʻni qulatgudek suron qiladi.
Koʻzingdan bir tomchi yosh yumalasa,
Togʻday yuragimni vayron qiladi.
Agar koʻksim uzra qulasa birdan,
Tutmoqqa qodirman togʻlar toshini.
Hayhot, koʻtarolmam kipriklaringdan
Uzilgan bir qatra qaygʻu yoshini…
1964
Yulduz
Sarlavhasin topmay gohida
Sheʼrim uzra qoʻyaman yulduz.
Posbon boʻlsin sheʼrim boshida
Oʻsha yulduz kechayu kunduz.
Zuhro kabi yaraqlab tursin
Tunlar oʻzim yumganda koʻzim.
Hech soʻnmasin, charaqlab tursin,
Soʻnganda ham mening yulduzim.
1964
Erkin Vohidov
https://saviya.uz/ijod/nazm/qaddingni-baland-tut/