“Qabrda ham Qorabogʻning oʻziman…”

Yaqinda xizmat safari bilan Ozarbayjonning Boku shahrida boʻldim. Safarimiz davomida bu shaharning eng chiroyli va koʻrkam joylarini, tarixiy obidalarini tomosha qildik. Boku meni oʻziga maftun etdi. Dengiz sohilida qad koʻtargan chiroyli binolar, soʻlim bogʻlar dilingizni yayratadi. Shaharning qoq markazidagi “Shahidlar maydoni”ni ham ziyorat qildik. Xiyobondagi qabr toshlariga yozilgan bitiklar qalbimda bir umrga muhrlandi, desam mubolagʻaga yoʻymassiz. Chunki bu yerda yotganlarning barchasi mening tengdoshlarim edi… Ozarbayjonlik hamrohim bu xiyobonning tarixi haqida soʻzlab berganida koʻzlarimdagi yoshni toʻxtata olmadim. Bu maydon 18-20 yoshdagi boʻz yigitlarning haqiqiy qabrlari edi. Bu yerga 1990 yil 20 yanvar kuni Boku shahrida oʻtkazilgan tinch namoyishni shafqatsizlarcha Shoʻro qoʻshinlari tomonidan bostirilganida fojeali halok boʻlgan ozar oʻgʻlonlari dafn qilingandi. Qabrlarning barchasida vafot sanasi 1990 yil 20 yanvar, deb yozilgandi. Hayratimni oshirgan, koʻzlarimdagi xalqa yoshning shashqator boʻlib oqishiga sabab boʻlgan birinchi suratli qabr yosh kelin-kuyovlarning qoʻsh qabri edi. Kechagina osmonlarcha orzulari bilan goʻshangaga kirgan kelin-kuyov ertasiga bir qabrga kirishibdi. Eshitganga afsonadek tuyulgan bu kabi taqdirlar maydonni ikki-uch qavatli qabrlari bilan toʻldirib turibdi. Duoga qoʻl ochib yaratgandan ularga jannatingdan joy ber, deya soʻrayman. Mezbon hamrohim menga tarixda “Qonli yanvar” nomi bilan qolgan oʻsha mudhish kun voqealari haqida soʻzlab ketar, baʼzi birlari haqida maʼlumotlar berardi. Bir qabr yoniga kelganimizda xoʻrsinib: Bu mening amakivachcham, endigina oʻn toʻqqizga toʻlgandi, talaba edi, dedi-yu, iztirobli koʻz yoshlarini artdi. Men jim uni tinglardim. Maydonni toʻldirib turgan sovuq qora toshlardagi suratlar ostiga bitilgan raqamlarga boqaman, 19-20 yoshlilar. Yana bir suratning yonida toʻxtadik. Ikkimiz ham adabiyotshunos ekanligimiz uchunmi, bu surat oldida biroz uzoqroq turib, u haqda soʻzlab berdi. Uning ostiga “Ulvi Yusuf oʻgʻli Bunyodzoda, 1969–1990 yillar”, deya bitilgan edi.

U 1990 yilda endigina talabalik oltin davrini surayotgan edi. Shu maʼnoda biz tengdosh ekanmiz, dedim sekingina. “Ha, tengdoshimiz edi. 20 yoshida bu olamni tark etdi. Vatan uchun jonini fido qildi. U uylanmagan boʻz yigit edi, undan zurriyod qolmadi, ammo uni doim eslatib turuvchi nafis sheʼriyati, goʻzal hikoyalari qoldi, ajoyib tarjimalari qoldi”, dedi hamrohim. Hayratlanib unga qaradim. “Ha, Ulvi yaxshigina shoir edi. U chet tillar institutida tahsil olgandi. Arab, fors, rus, oʻzbek tillarini mukammal bilardi. Oʻquvchilik yillaridayoq sheʼr, hikoyalari bilan tanilgandi, keyinchalik tarjimalari bilan ham koʻzga koʻrinayotgan edi”, dedi. Ikkimiz ham biroz jim qoldik.

Yigirma yosh. Inson hayotining ayni bahor pallasi. Hayotdan zavqlanib, muhabbatdan sarmast, yurak sevgiga oshno boʻladigan, hayotiy rejalaringni birma-bir chizadigan dam. Ayniqsa, bu yoshda yigitlarning shavqi, zavqi, muhabbati, shijoatu jasorati oʻzgacha boʻladi. Yoʻl-yoʻlakay Ulvining ijodi haqida suhbatlashdik. Hamrohim uning ijodi bilan tanishtirib, sheʼrlaridan namunalar oʻqib berdi. Men uning suhbatini tinglarkanman, shunday isteʼdod sohibining asarlarini topib oʻqish istagi paydo boʻlganligini unga aytdim. Ertasi kuni Ozarbayjon FA Nizomiy nomidagi Adabiyot institutida boʻlgan uchrashuvdan soʻng, u menga Ulvi Yusuf oʻgʻlining bir kitobchasini sovgʻa qildi. Ulvining sheʼrlarini oʻqidim. U 1982 yilda sinfdoshlariga bagʻishlab yozgan sheʼrini “Vatan uchun oʻlmoq kerak” deb nomlabdi. Endigina 12-13 yoshdagi oʻspirinning bu qadar vatan haqida joʻshib sheʼr yozishi kishini hayratlantiradi. “Umr yoʻli” deb nomlangan yana bir sheʼri, yosh shoirning vatan haqidagi tuygʻularini yanada kengroq ochishga imkon beradi.

 

Qorabogʻdir mening jonim-imonim,

Shu tuproqning nishonasi, iziman.

Meni ojiz, deya koʻrmang qabrda,

Qabrda ham Qorabogʻning oʻziman.

 

Ulvi bu sheʼrni yozganida endigina 18 yoshga toʻlgandi. Bu yosh inson uchun oʻlim haqida emas, yashash zavqi haqida oʻylaydigan payt. Lekin Vatanining bir qarich yerini ham muqaddas deb bilgan har bir inson uchun uning uchun jonini fido qilish sharaflidir. Yosh Ulvi ana shu yoʻlda shahid ketdi.

U sheʼrlaridan tashqari bir qancha hikoyalar ham yozdi. “Sadoqat”, “Inson” kabi hikoyalarida u insonga xos boʻlgan samimiyat, muhabbat, donishmandlik, oriyat, sadoqat, gʻurur haqida yozdi. Ota-bobolarimizdan qolgan rivoyatlar bilan boshlanadigan “Sadoqat” hikoyasida yonimizda turgan yaqinlarimizning mehru muhabbati, dardu hasratini his qilmasligimiz haqida yozsa, “Inson” hikoyasida, mansab, martaba, tufayli insoniyligini yoʻqotib, keyin uning orqasidan faryod-la termulib qolayotgan noshud kimsalarning badiiy obrazini yaratadi. Uning topilmalari oʻquvchini oʻyga toldiradi. “Inson”dagi “… Keksa faylasuf hukmni qayta tinglayotgandek boʻldi. U seskanib boshini koʻtardi. Bola onasining oqasidan ketib borardi.

– Inson! – keksa faylasufning ovozi sohil boʻylab yoyildi…

U ona-bolani orqaga qaytarish uchun hamma narsaga hozir edi. Lekin, Nargizdan ham, Insondan ham u ancha ilgari, bundan sakkiz yil muqaddam INSONligini yoʻqotgan damdayoq judo boʻlgan edi”, kabi jumlalar oʻquvchini oʻzligidan judo boʻlib, pushaymonlar girdobida qolmaslikka chorlaydi.

Mana, safardan qaytganimizga ham ancha boʻlibdi. Oʻsha kunlarda bu tengdoshimning asarlarini oʻqib, ular haqida mulohazalarimni yozishim kerak, degan fikr bilan Vatanga qaytgandim. Ulvi ijodi bilan tanishish, uni oʻzbek kitobxonlariga tanishtirishni oʻzimning burchim deb bildim. Ulvi Bunyodzoda asarlaridan badiiy jihatdan oʻta mukammallik, sheʼrlarida goʻzal tashbehlar izlab oʻqimadim. Ammo ularning har birida uning sodda va begʻubor qalbi, Vatanga, xalqiga, insonga muhabbati aks etgan samimiyatni koʻrdim. Ularni siz oʻquvchilarga ham ilindim.

 

Gulnoz Sattorova,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Ijod olami”, 2018/6

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/qabrda-ham-qorabogning-oziman/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x