Polvon

Ustma-ust xitobu hayqiriqlar ila daryoday toʻlgʻanayotgan davraga Boyboʻri polvon qadam qoʻyishi bilan maydon suv sepganday jim boʻldi. Polvon bunga parvo ham qilmay, manmanlik nimaligini bilmay bakovul qarshisiga kelib oʻtirdi. Bakovul belbogʻini tortib bogʻladi. Atrofga alanglab Boyboʻri polvonga munosib raqib izlaydi. Kurash tushib polvon nomini olgan borki, odamlarga panalab, yaratgandan najot tilaydi. Bakovul koʻzi bilan polvonlarni didlab, oʻrtaga qoʻyilgan sovrinni takror eʼlon qiladi. Buni eshitgan tomoshabinlardan birining ogʻzidan soʻlagi oqib, kurash tushishni bilmaganidan tutaqib, “Ana olish endi boshlandi”, deydi. Bunga javoban boshqa biri, “Kurash tugadi, deng! Polvonning yoqasidan oladigan odam hali onasidan tugʻilmagan”, deb uning orzusini oʻgʻirlab, gapini toʻgʻirlab qoʻyadi.

Necha zamondan beri boʻstonliklar polvon deganda faqat Boyboʻri polvonni biladi. Oʻz tengi bilan kurash tushib, zot ayirib yurganlar ham koʻp. Lekin ularni nomi bilan ataydi. Bundan qizilqoyaliklarning alami keladi. Soʻng oʻzining qishloqdoshini ham shunday alqash niyatida kurash soʻngigacha umid bilan oʻtiradi. Ammo qizilqoyalik polvon qancha davrada qoʻli baland koʻtarilgan boʻlmasin, Boyboʻri polvonga duch kelsa, tizzasi dirillab, oʻzini yoʻqotib qoʻyadi. Qishloqdoshlar umidini puch qiladi. Soʻng ularning oldida oʻzini oqlash uchun koʻnglidagi gapni roʻy-rost aytadi: “Ukkagʻardi uliga bekor Boyboʻri deb ot qoʻymagan. Koʻzida boʻrisi bor, tikka qarab boʻlmaydi!”.

Bundan hamma oʻzicha xulosa chiqarib, Qizilqoya nomiga sabab boʻlgan giyoh unmas qip-qizil qoyatoshday tillar tanglayga tinimsiz ishqalanib, qishloqqa gʻiybat oralaydi: “Polvon oʻzini jodulagan, boʻlmasa hech zamonda odamning koʻzida boʻri koʻrinadimi?”. Bunday oʻshaklar yurib-yurib avval Boʻstonga, soʻng Boyboʻri polvonning qulogʻigacha yetib boradi. U bu gaplarni eshitib, tebranib-tebranib kuladi. Tagʻin choponini yelkaga tashlab, Qizilqoyaga yoʻl oladi. U yerda oʻziga yaqin bilgan oshnalariga: “Koʻnglim tusab bir kelib edim”, deb daromad gaplardan gaplashib, gʻiybat haqida ogʻiz ham ochmay uyiga qaytadi. Shu bilan yana kurash musobaqasi boʻlmaguncha oʻshakning oyogʻi kesiladi.

Hozir ham shunday boʻldi. Polvonga teng keladigan zoʻr yoʻq, degan gap qizilqoyaliklarning hamiyatiga tegdi. Ulardan biri beixtiyor: “Boyboʻri polvon oʻzini kurashda koʻrsatmasa, dunyoga nimaga keldi? Bizning polvonlarday bor quvvatini toʻrt-besh ulning tarbiyasiga berayotgan boʻlmasa? Bir etak qizni xotin kishi ham iybosh qiladi”, deb yubordi.

Ay, birodar! Dunyoyi dun shu joyga kelganda bir kamligini koʻrsatgandi. Neki toʻkislik boʻlsa, polvondan ayamay, oʻgʻil tirnoqqa qolganda oqsagandi bu koʻhna beshik. Besh qadam naridan yangragan bu gap polvonga kelib yetdi… dunyosi qorayib ketdi. U gʻiybatchiga burgut qarash qildi. Uning koʻziga tik qarolmagan shoʻrlik chordona qurib oʻtirgan joyida tizzasi qaltirayverdi. Titroq tobora kuchayib, oyoqlari qush qanotiday pirillab, uchib tushaverdi. Ikki yonida oʻtirgan hamrohlari uning butidan yerga bosaverdi. Tagʻin buning uddasidan chiqolmay ikkoviyam unga qoʻshilib qaltillayverdi. Boshqalar esa oʻshakni kim aytganini bilolmay angrayib qolaverdi.

Bu gap yelkasiga simday botgan polvon davrani besh aylansa ham oʻn aylansa ham birov yurak yutib chiqolmadi. Qizilqoyaning katta polvoni: “Oyogʻimni qayirib oldim”, deya bahona qilib, oʻtirgan joyini hech kimga bermadi. Polvon oʻzi bilan yoqa olishadigan mard yoʻqligidan oʻkinib, toboqni tekin olganidan kuyinib davradan tashqariga chiqdi. U odamlar ortida mungʻayibgina turgan qizini koʻrib:

– Ha, – dedi. – Sen bu yerda nima qilyapsan?

– Enam… – dedi qizning ovozi titrab. – doʻxtirga ketdi. Momom aytdi, xabar olarkansiz.

Yettinchi farzandiga boshqorongʻi xotinining tugʻruqxonaga ketganini eshitib, polvonning koʻngli biroz yorishdi. Zum oʻtmay shubhayu gumonlar in qilgan yuragi orqaga tortib ketdi: “Qiz boʻlmasin-da!”.

Bu shifoxonadan olti qizni bagʻriga bosib olib ketgan polvonni yaxshi taniydigan doʻxtirlar biron marta undan yomon gap eshitmagan boʻlsa ham oʻzlarini aybdor sanabmi yoki polvonning yuziga qarashga oydini chidamaymi, hartugul yangi ishga kelgan xamshirani Boyboʻri polvonga roʻbaroʻ qildi. Hamshira koʻringach polvon undan:

– Bizdi kampirdan qanday darak bor? – deb soʻradi.

– Qiz, – dedi hamshira tili soʻzga aylanib-aylanmay. Polvoning koʻngli qorayib, dunyosi torayib ketdi.

U bir qiziga keyingi farzandim oʻgʻil boʻlsin degan umidda Oʻgʻiloy, keyingisiga Qizlarbas deb ism qoʻygandi. Bunday ismlar suvga tushgan toshday gʻoyib boʻlib qizlar tugʻilavergach, na umidni va na isyonni ifoda etadigan ism qolmadi.

Polvon bir muddat oʻyga toldi. Taqdirga tan bergan boʻldi. Soʻng: “Oʻgʻilmi-qizmi baxti butun boʻlsin”, degan xayolga bordi va kalovlanib turgan hamshiraga:

– Baxtigulning enasiga ayting, derazadan qarasin, – dedi.

Oydin xola hamshiradan polvonning nima deganiyu, qay holatda gapirganigacha maydalab soʻradi va: “Baxtigulning enasi”, degan gapni eshitib, taskin topdi. Polvon qiziga Baxtigul deb ism bergani bois yurak yutib derazadan moʻraladi. Polvon ayolini koʻrishi bilan doʻppisini qoʻlga oldi. Uyda baland tokchaga qoʻyib, eʼzozlanadigan bosh kiyimini tosh yoʻlakka tapillatib tashladi. Bu Oydin xolaning yuragini battar gʻashladi. Polvondan koʻzini olib qochib, yer singaladi. Polvon uchadigan qushday qoʻllarini keng yoydi. Shuncha davrada manaman degan polvonlarning yoqasidan olganida ham hayotning ne bir sinovlari yelkasiga tushganida ham qilt etmagan qoʻllari qaltiradi. U bor dardu hasratini toʻkib tashlamoqchi boʻlganday, qaltiroq bosgan qoʻllarini duch kelgan tomonga sermab oʻynayverdi. Koʻzidan betizgin yosh shovullab oqaverdi. Bunga guvoh boʻlgan bandasi borki, selda qolganday ust-boshi shalabbo boʻldi. Polvon poyidagi xalqob esa koʻpaygandan koʻpayib doʻppisi Nuh kemasiday suzib, ariq chetidagi ajriqqa toʻsh urib toʻxtadi…

Baxtigul qiz tugʻuruqxonadan chiqqan kuni polvon ikki yashar hoʻkizchani soʻyib elga ulashdi. “Yettinchi qizning oti – Baxtigul boʻldi. Bir duo beringizlar…”. Polvon gapini shunday mujmal qilib yakunladi davra ahliga. Shu kuni butun boʻstonliklar yaratganga yolvorib, polvonga oʻgʻil tiladi. Tugʻilgan qizaloqqa ham uzoq umr koʻrsin deb duo berishdi. Odamlar polvonning boʻgʻzidagi yutilmay turgan narsaning nomini bilsa-da, bilmaganga olishdi. “Oʻzi avvallari ham yetti qizdan soʻng oʻgʻil tugʻilgan. Bu elda bor narsa…” deya koʻrib kelganday boʻlib polvonga eshittirib, ammo eshitmadiga olib gap-soʻz qilishdi. Shunda Boyboʻrining, yetti farzandning otasi, oʻttiz sakkiz yashar joʻmardning koʻksi kengaydi, diliga ezgulikdan shuʼla tushdi. Eldoshlaridan minnatdor boʻldi. Hoʻkizchaning yarim goʻshtini xomlayiga, yarmini qozonga solib pishir-kuydir qilib elga tarqatdi.

…Koʻpning duosi koʻl, degan gap chin boʻldi. Oradan ikki yil oʻtmay polvon Tilovmurod degan oʻgʻilga ota boʻldi. Tilovmurod yetti opaning orasida soyada ungan niholday nozik boʻlib ulgʻaydi. U pana-panada teng-toʻshlari bilan kurash tushsa-da, toʻrt odamning boshi birikkan joyda davraga chiqmaydi. Otasidan uyaladi. Yiqilsam qanday qilib yuziga qarayman, deb oʻylaydi. Bu ham yetmaganday boʻz bolalar oʻrtasida boʻladigan na bir toʻs-toʻpolonga qoʻshiladi va na bir chumchuqqa tosh otadi. Buning oʻrniga opalari bilan toʻpotar oʻynaydi. Ular yoʻq paytlar onasi xamir tayyorlab boʻlguncha tandirga oʻt qoʻyib, oʻchoq boshida kuymalanib yuradi.

Toqati toq boʻlgan polvon bir kuni oʻn oltidan oshib, oʻn yettiga qadam qoʻygan Tilovmurodning qoʻlidan sudrab kurashga olib bordi. Oʻgʻlini yoniga oʻtirgʻizib qoʻydi. Davraning havosini sezsin, polvonlar bilan birga nafas olsin, dedi. Mana Tilovmurod javdirab davraga qarayapti. Oʻrtada qizilqoyaning yelkasi yer koʻrmagan polvoni aylanib, bakovulning gapiga kulib-kulib qoʻyadi. Toji baqiroq laqabi bilan dongʻi ketgan bakovul ovoziga zoʻr beradi:

– Ho-oy boʻstonliklar, zoting ketdi – oring ketdi. Toʻy egasi kulib qaraganday boʻldi, toboq bir tuya, yoli selkillagan uch biya yana aytaversam, Boychiborday tulporga yetdi-i-i…

Tegirmon navbati tekkan qizilqoyaliklar oʻtirgan joyida sapchib-sapchib qoʻyadi. Boʻstonliklar oʻz qishlogʻida yer singalab uyatdan qizarib, koʻzlarini bir-biridan olib qochadi. Lekin manman degan polvon oʻrtaga otilib chiqmaydi. Turib-turib Boyboʻri polvonning ori qoʻzidi. Yoshi oltmishga qarab borayotgan polvon sapchib turmoqchi edi oʻngirining bosilganidan qaytib, oʻrniga oʻtirib qoldi. Polvon yonidagi hamrohlariga qarab ulgurmasidan Tilovmurod dast turib:
 – Men! – deb davraga otilib chiqdi. Buni koʻrgan bakovul nima qilishni bilmay Boyboʻri polvonga qaradi. Qoʻrquv va umid qorishgan nigoh bilan oʻgʻliga tikilib turgan polvon nima boʻlsa boʻlar deganday qoʻlini duoga ochib:

– Oʻrtada toboq ketdi, omin! – dedi. Polvonga butun davra joʻr boʻldi. Faqat davrada shermard boʻlib turgan, zamonning zoʻr polvoni – qizilqoyalik Toʻra polvon alam bilan bakovulga xitob qildi:

– Toji bobo, odamning ustidan kulmangizlar! Umrida davra koʻrmagan boʻz bolani mayib qilib qoʻyaman-ku! Agar chini bilan zotni bergingiz kelmasa olaveringlar, lekin men yosh bola bilan olishmayman.

Davra Toʻra polvonning bu talabini tinglab tilini tishladi. Yolgʻiz Tilovmurod boshini adl tutib:

– Polvon aka, – dedi. – Ming qilsa ham elning duosini oldik… – Tilovmurod gapini tugatolmadi.

– Unday boʻlsa oʻzingdan oʻpkala!

Toʻra polvon davra aylanib, raqibining bilagidan tutdi. Tilovmurod jussasiga yarasha yengil harakat bilan baliqday qoʻldan chiqib ketaverdi. Toʻrtinchi aylanishda Toʻra polvonning achchigʻi chiqib, bor kuchi bilan tashlandi. Tilovmurod tagʻin epchillik bilan chap berib, bir tizzasini yerga tirab, “Yo, ota!” deb qoʻshqoʻllab polvonni osmondan olib tashladi. Toʻra polvonning oyogʻi bir parcha qora bulutga tegib, uni tumanday tarqatib yubordi. Unga panalab turgan quyosh davraga kulib qaradi. Toʻra polvonning kuragi tekkan joy botqoqqa botgan tuyaning iziday boʻlib qoldi.
Bakovul kelib, Tilovmurodga toboqni tutdi. Olmadi. Polvonning oʻgʻli mardlikda otasidan qolishmadi.

Toʻra polvonning gʻujuri qoʻzidi. Oʻzini elning panasiga oldi. Avval yutgan qoʻzisini ham, bosh toboqni ham tashlab, yuragini gʻashlab, qishlogʻiga qarab yoʻl boshlab joʻnayverdi. Tilovmurod bakovulning yoniga choʻkkalab bir nimalar dedi. Otasi ham u yerga bordi. Toji baqiroq ovoz berib dedi:

– Xaloyiq! Sizlarga Tilovmurod polvonning gardtaygina andishasini aytayin! Polvon sovrinning birontasini ololmasligini aytayotir. Sovrinning barisi Toʻra polvonning obroʻsi uchun, shul sabab qoʻli kalta eldoshlarimga teng boʻlib, duo beringizlar, deyapti.

…Shu kuni qizilqoyaliklar birinchi bor polvonlar, kim zoʻr, kim kamzoʻrligi haqida emas, polvonlik toʻgʻrisida gurunglashib uyiga qaytdi…

 

Bobo RAVSHAN

 

“Maʼrifat” gazetasida chop etilgan.

https://saviya.uz/ijod/nasr/polvon-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x