Buyuk maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiy hazratlari 1914 yilda “Oyna” jurnalining 24 may, shanba sonida “Toʻy halokati” deb nomlangan publitsistik maqolasini eʼlon qiladi. Maqolada urf-odat deya juda katta isrofgarchiliklarga yoʻl qoʻyayotganimiz tanqid ostiga olingan. Mana, ushbu muammoning koʻtarilganiga ham sal kam bir asr boʻlibdi. Ammo ming afsuski, muammoning koʻlami hamon oʻzgarmadi, dolzarbligini yoʻqotmadi. Aksincha, bu masaladagi muammolarimiz yanada kengaydi, yangilari paydo boʻldi.
Bugun kelinning ZAGSiga albatta toʻrtta “inomarka” mashina borishi kerak. Buning ustiga mashinalarning rangi bir xil boʻlishi shart. Kelinga soʻnggi modadagi tuy liboslari kerak. Bir kunlik ijara haqi ikki yuz ming soʻmdan uch million soʻmgacha ekan. Nima boʻpti, har bir qizning oʻz orzu-havasi bor-da! Visol oqshomi bir paytlardagidek hovlida boʻlsa, uyat boʻladi. Guvala devorli hovlida bazm qilish allaqachon modadan qolgan. Restoran maʼqul. Ijarasi bir gap boʻlar. Asosiysi, boshqalardan kam boʻlmay toʻyni oʻtkazib olsak, bas. Pul qoʻlning kiri, qarzdan bir amallab qutilib ketarmiz. Darvoqe, xonandalar-chi? Xonandaning taniqlisi boʻlish kerak-da! Taniqli xonandaning birrov kelib ketishiga 500-600 ming soʻm kerak ekan. Toʻrt juft betuturuq fonogramma uchun shuncha pul uvol emasmi? Lekin… odamlar nima derkin? Eh-e, hali bazmga uch xil taom tayyorlash kerak. Anavi oʻlgurdan kamida yuz shisha, albatta “chetniki”dan olish kerak. Oʻtgan haftada qoʻshnining toʻyida italiyaning konyaklari, aʼlo navli shampan vinolari qoʻyildi. Nima, undan kam joyimiz bormi? Pul topiladi, obroʻ ketmasin.
Endilikda bizning tuylarimiz ana shunday dabdabayu asʼasalar bilan oʻtadigan boʻldi. Biz ichimizdagi manmanlikni, kibrni, xoʻjakoʻrsinlikni “urf-odat” deya niqoblashga oʻrinamiz. Lekin isrofgarchilik va manmanlik qanday qilib odat boʻlishi mumkin?
Endi bir oʻylab koʻraylik, oddiy bir toʻyga ketadigan ortiqcha sarf-xarajatlarga qancha kitob sotib olsa boʻladi. Yoki boshqa qanchadan-qancha xayrli ishlarni bitirish mumkin? Ammo bizning koʻpchiligimiz xoʻjakoʻrsinga obroʻ orttirish tuygʻusidan voz kecholmaymiz.
Men pedagog sifatida oʻquvchilarimning oiladagi hayoti bilan ham qiziqishga majburman. Taassuf bilan aytishim kerakki, bizning deyarli koʻpchilik oilalarimizda “shaxsiy kutubxona” degan tushunchaning oʻzi yoʻq. Bola uchun kutubxonadan boshqa hamma qulayliklar bor. Ammo ne ajabki, bolaning kelajagi va odob-axloqi uchun zarur boʻlgan narsa yoʻq. Buni qanday tushunish mumkin? Nega biz bolalarimizni kitob oʻqishga oʻrgatmaymiz? Achchiq boʻlsa-da tan olishimiz kerak, dangʻillama uylarimizning javonlarini kitoblar dastasi ham chinnivor, billur idishlardan kam bezamaydi. Mayli, ota-onalar oʻzlari oʻqimasalar ham uy javonlariga kitob qoʻyilsa, bolada kitobga nisbatan moyillik paydo boʻladi.
Tajribalar shuni koʻrsatadiki, kitob oʻqigan bola bilan oʻqimagan bolaning yurish-turishida ham, odob-axloqida ham tafovut bor. Qolaversa, koʻp oʻqigan bola darslarni ham puxta oʻzlashtiradi. Oʻziga xos tarzda tafakkur qilishga, fikrlashga oʻrganadi. Tafakkur qilish orqali bolada tiriklikning asl maʼnolarini anglashdek, idrok etishdek xislatlar paydo boʻladi.
Albatta, biz bu oʻrinda oʻz xolis fikrlarimizni aytdik. Uni qay darajada qabul qilish-qilmaslik har kimning oʻz maʼnaviy olamiga bogʻliq. Bizning esa pokiza maʼnaviy olamdan umidimiz katta.
Dildora RAHMATOVA,
Toshlent shahridagi 206-maktab oʻqituvchisi
“Yoshlik”, 2011 yil, 6-son
https://saviya.uz/hayot/nigoh/poklik-sari-yol/