Pokiston safari

Bizlar toʻrt kishi edik. Ibrohim Gʻafurov, Ahmadjon Meliboyev, Dadaxon Nuriy va men. Vatanimiz mustaqillikka erishganiga atigi yarim yil boʻlgan, boshqa sohalar qatori chet el bilan havo yoʻllari orqali aloqa oʻrnatish masalasi ham endi hal boʻlayotgan, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi tom maʼnoda qanotini rostlashga kirishgan palla edi.

Qisqa qilib aytganda, qadimiy qoʻshnimiz Pokiston bilan qisqa muddat boʻlsa-da, tanishdik, turli gazeta va jurnallar tahririyatida boʻldik. Muhimi, qayerga bormaylik, pokistonliklar yurtimiz Istiqlolidan chin dildan quvonganini koʻrib turdik. Oʻsha kezlari ushbu safar haqida matbuotda chiqishlar boʻldi.

Quyidagilar toʻrt adib hamkorligida yozilgan safar taassurotlarining bir qismi.

 

***

Kechikib uchdik. “Aeroflot” samolyoti Toshkentdan tungi soat oʻn ikkida emas, ertalab soat uchda parvoz qildi. Umuman, ucholmay qolishimiz ham mumkin ekan. Avvallari Moskva – Karochi – Xanoy reysi Toshkentda qoʻnib oʻtishi shart hisoblangan. Havo kemasi Pokiston yoki Vyetnamga Toshkentdan uchadigan chet el yoʻlovchilarni ham olib ketgan (biz chiqadigan samolyotni kutib oʻtirganlar orasida ham vyetnamliklar bor edi).

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi boshligʻi Gʻani Mazitovich Rafiqov rahbarligidagi rasmiy delegatsiya Toshkent – Karochi aviayoʻnalishini ochish masalasi boʻyicha ikki kun oldin joʻnab ketgan, biz – bir guruh qalamkashlarni esa jahonga mashhur “Tabani” shirkati Pokistonda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” vakolatxonasining ochilish tantanalarida qatnashish uchun taklif qilgan edi.

Harqalay, omadimiz chopdi, shekilli, Moskvadan uchgan samolyot ekipaji Toshkentga qoʻnib oʻtishga rozi boʻlibdi.

Toshkent qoʻnalgʻasining bojxonasida oʻzbek yigitlari koʻpayib qolganini koʻrib, xursand boʻldik. Muomalasi – tabiiy, siz bilan robotga emas, odamga oʻxshab gaplashadi.

…Ikki soatu qirq daqiqada Karochiga qoʻndik. Toshkent anchayin sovuq edi, bu yerda esa issiq. Bizdagi sentyabr oʻrtalarini eslatadi. Chegarachilar nazoratidan oʻtish, deklaratsiya toʻldirish singari rasmiyatchiliklar bu yerda ham oʻziga yetguncha ekan.

“Tabani” shirkati vakillari ochiq chehra bilan kutib olishdi. Tabiiyki, begona yurtga borgan odam eng oldin oʻsha joyning tabiati, odamlari, koʻchalariga qiziqib qaraydi. Toshkent bilan Karochining vaqt mintaqasi bir xil. Ammo iqlimi tropik. Shahar Arabiston dengizi sohilida joylashgan. Koʻchalar chetida mevasi handalakday keladigan kokoslar, qip-qizil gulli tollar (tolgul), sarv daraxtlari koʻzga tashlanadi. Odamlarning chehrasi ochiq. “Oʻzbekiston” desangiz, qardoshini topganday quvonib ketadi. Kiyinishi oʻziga xos. Erkaklar boshiga oq toʻrdoʻppi, egniga oppoq, uzun koʻylak-lozim, nimcha kiygan (nihoyatda yarashiqli va qulay libos).

“Pokistonda xotinlar chodraga oʻralib yuradi”, degan gap yolgʻon. Ayollar ham bejirim va qulay liboslarda yuribdi.

Darvoqe, Karochi qoʻnalgʻasida hammasi bir xil pushtirang koʻylak va lozim kiygan, boʻyniga chiroyli yopqich tashlab olgan goʻzal qizlarni koʻrib, avvaliga bular oʻzimizning “Bahor”ga oʻxshab, chet el gastroliga ketayotgan ansambl boʻlsa kerak, deb oʻylagan edik. Adashibmiz. Bular Pokiston xalqaro avialiniyasi samolyotlarida xizmat qiluvchi styuardessalar ekan.

Shahar nihoyatda katta. Aytishlaricha, Karochining boʻyi 35, eni 30 chaqirim kelarkan. Aholisi oʻn million. Eʼtirof etish kerak, shahar ozoda emas. Koʻchalar chetida axlat uyumlari koʻp. Piyodalar qatnaydigan yoʻlkalarning oʻzi yoʻq hisob. Borlari ham qarovsiz… Baland, zamonaviy binolar ham, pastqam bostirmalar ham, boylar mahalliy sharoitga moslab, did bilan qurdirgan qavat-qavat uylar ham bor. Chetdan borgan mehmonning koʻziga yarq etib tashlanadigan tagʻin bir manzara – afsus, tilanchi koʻp! Ayollar, chollar, yosh bolalar… Lekin ularga qarab mamlakat farovonligi haqida xulosa chiqarish uncha toʻgʻri emas. Tilanchilar bu yerlarda maxsus bir toifa.

Karochida odam koʻproqmi, mashinami – bilish qiyin. Yaponiyaning “Toyota”, “Nissan”, “Suzuki”laridan tortib, motorollerni ham, yoʻlovchi tashishga moslashtirib olingan rikshalargacha, velosipedlardan tortib tuya aravalargacha – hammasini uchratasiz. Bu koʻchalarda faqat samolyot bilan fil yurmaydi, xolos. Ayniqsa, avtobuslar gʻaroyib: naq kelinning sandigʻi deysiz! Hammayogʻiga yaltiroq tunuka bezaklar qoqib tashlangan. Hatto chirogʻining tepasiga “tillaqosh” taqib qoʻyganlar ham bor. Ustiga-ustak, rangli rasmlarni aytmaysizmi? Birida arslon, birida yoʻlbars, boshqasida burgut, daryolar, oʻrmonlar tasviri… Boringki, daraxt shoxida sayrab turgan baliq rasmiyam bor, desak lof boʻlmaydi. Har kim oʻz mashinasida alohida ajralib, koʻzga tashlanib, koʻzni quvontirib turishni istaydi. Churugi chiqib ketgan avtobusning “lab-lunjini” toʻgʻrilab, boʻyab, naq yasatiqlik sandiqday qilib qoʻyadigan ustaxonalar koʻp. Avtobusga sigʻmay qolgan yoʻlovchilar orqa tomondagi narvonchadan pildirib tomiga chiqib oldi-da, bemalol ketaveradi. Xohlasa, tomga uzala tushib yotib oladi. Ishqilib, manziliga yetib olsa boʻlgani. “Bas”ning (avtobusni “bas” deyishadi) pul yigʻadigan vakili eshik ostida osilib turib, dam-badam qiyqirib qoʻyadi.

“Tabani”ning Toshkentdagi vakolatxonasida ishlaydigan Abdul Bosit Abdul Azizning “Toyota”sida bir soat yurmasimizdan “tamom boʻldik”. Har lahzada beixtiyor xitob qilamiz: “I-i-i!”, “Voy-y-y!”,“Koʻzingga qara, Abdul Bosit!..”

Birinchidan, koʻchalar tor. Ikkinchidan, yoʻlchiroq (svetofor) yoʻq hisob. Uchinchidan, ulov inglizcha usulda – chap tomonlama harakat qiladi. Xuddi roʻparangizdan mashina chiqib qolayotganday boʻlaveradi. Va nihoyat, biz oʻrgangan harakat qoidalarining oʻzi bu yerda yoʻq. Orqadan kelayotgan mashina oʻng tomoningdan ham, soʻl tomoningdan ham surib ketaveradi. Bir qarasang, naq gʻildirak tagidan velosipedchi zipillab oʻtib qoladi. Chorrahada bir zum toʻxtasang, gazeta sotuvchi bolami, tilanchi xotinmi yugurib keladi. Mashina derazasini taqillatib, sadaqa soʻraydi. Gʻildirak tagiga tushib qolmasaydi, deb kapalagingiz uchadi. Yoʻq, gʻildirak tagiga tushmaydi. Xuddi mohir dorbozlardek mashinalar oqimi oralab zipillab uchadi.

– Jon uka! – deymiz Abdul Bositga yalinib. – Sening mashinangda yurish changalzorda yoʻlbars minib sayr qilishdan battar ekan. Iltimos, sekinroq haydagin, baraka topkur!

Abdul Bosit nim qora koʻzoynagi ortidan kulib qarab qoʻyadi-da, “Toyota”ni tagʻin “mingga” bosib ketaveradi… Ushbu qoidasizlik tagida bir qarashda koʻzga tashlanmaydigan, yozilmagan qoida borligini keyin tushundik. Birinchidan, bu koʻchalarda sekin yurishning iloji yoʻq. Ortingizdan kelayotganlarga xalal berasiz. Qolaversa, haydovchilar bir-birini samimiy hurmat qiladi. Shoshib turgan boʻlsangiz, signal berasiz yoki derazadan qoʻl chiqarib imo qilasiz, narigi haydovchi hech ogʻrinmay oʻtkazib yuboradi. Koʻchani yoʻlovchi kesib oʻtadigan maxsus joy yoʻq. Piyoda xohlagan joyidan oʻtib ketaveradi. Haydovchi bunisiga ham ogʻrinmaydi. Hay-hay, bunaqa holat boshqa joyda boʻlsami, har chorrahada bitta avariyani, yoqa boʻgʻishib turgan haydovchilarni koʻrardingiz!

Bozorda hamma narsa bor. Surmadan tortib tilla taqinchoqlargacha, saqichdan tortib qimmatbaho uy jihozlarigacha. Eski gap boʻlsa-da, takror aytishga toʻgʻri keladi. Xaridor sotuvchiga emas, sotuvchi xaridorga yalinadi. Mayli, savdolashing, mayli, yarim narxiga oling, faqat nimadir xarid qilsangiz, bas. Meva bozorlarida tarvuz oldida rediska, ananas yonida piyozni koʻrasiz. Afsus, bozorlar iflos, pashsha koʻp, oqava koʻp.

Har kim tirikchilik gʻamida. Qadamingizda hunarmandchilik ustaxonalari: misgarlik, oʻymakorlik, ganchkorlik, zargarlik, qandolatpazlik… Kichik korxonalar bozorlarni minglab xil mahsulotlar bilan toʻldirib tashlagan.

Shaharda koʻp millat vakillari istiqomat qiladi. Biroq millat surishtirish uyat hisoblanadi. “Millatingiz nima?” desangiz, bir ogʻiz soʻz bilan javob olasiz:

– Muslim.

Masjidlar koʻp. Biroq hammani namoz oʻqiydi, deb boʻlmaydi. Biz joylashgan zamonaviy “Faran” musofirxonasining roʻparasida ham masjid bor ekan. Peshin namozini kuzatdik. Narisi bilan yigirma-oʻttiz chogʻli odam toʻplandi. Biroq bu yurt odamlarida boshqa bir fazilatni koʻrdik: har kimning koʻnglida musulmonchilik doirasidan chiqmaslik kerak, degan chuqur ishonch bor. Birovning mulkiga koʻz olaytirmaslik, dilozorlik qilmaslik, kattaga hurmat, kichikka muruvvat…

…Ertasi kuniyoq roʻznomalar bir guruh oʻzbek adiblari Pokistonga tashrif buyurishganini xabar qilishdi. Dastlabki muloqotlar boshlandi. Hamkasblarimiz bizni savol-javoblarga koʻmib yuborishdi.

Pokiston axborot agentligi markazining boshligʻi Muhammad Asror Xon bilan boʻlgan suhbatimiz qiziqarli oʻtdi. Agentlik xodimlarining savollaridan maʼlum boʻlishicha, mamlakatlarimiz bir-biriga ancha yaqin boʻlishiga qaramay, ularda bugungi Oʻzbekistonga doir zarur axborotlar deyarli yoʻq hisobida. Borlari ham uzuq-yuluq. Sobiq sovetning baʼzi bir masʼuliyatsiz ommaviy axborot vositalari tarqatayotgan uydirmadan iborat “axborot”lar esa Sharq mamlakatlarida mustaqil Oʻzbekiston Respublikasi toʻgʻrisida yanglish tasavvur tugʻilishiga sabab boʻlmoqda.

Biz Asror Xonga Oʻzbekiston va Pokiston milliy axborot agentliklari oʻrtasida aloqa bogʻlashni, muxbirlar ayirboshlashni va shu asosda ikki mamlakat xalqlari hayotiga oid madaniy, iqtisodiy va boshqa yangiliklarni muntazam yoritib turishni taklif etdik. Taklif mamnuniyat bilan qabul qilindi.

Bundan birmuncha muddat avval Pokiston milliy matbuotining asoschilaridan biri, mashhur jurnalist va adib Mir Xalil Rahmon olamdan oʻtgan ekan. Ul muhtaram zotning xotiralariga Qurʼon tilovat qildik. Otalari ishini davom ettirayotgan oʻgʻillari bilan tanishdik. Mir Shakil Rahmon Pokistonning nufuzli ijtimoiy-siyosiy roʻznomalaridan biri – “Jang”ga muharrirlik qiladi. Gazeta har kuni ikki marta (ertalab va kechqurun) bir million nusxada jahonning beshta yirik shaharlarida nashr etiladi. Obunachi yoʻq, jami nusxalar oʻsha kuniyoq qoʻlda tarqatiladi. Bir nusxa “Jang” – 4 rupiy, juma sonlari 5 rupiydan sotiladi.

Ninani tashlasangiz yerga tushmaydigan, qator-qator mashinalar bilan toʻlib-toshgan gavjum Karochi koʻchalarida oʻz “Toyota”sini birda yoʻlbarsday boʻkirtirib, birda baliq misol epchil xatti-harakat bilan olgʻa choptirib borayotgan Abdul Bosit nihoyat, bizni shahar tashqarisidagi yaydoq choʻlning oʻrtasida yastanib yotgan katta asfalt yoʻlga olib chiqdi.

Bu yogʻi Belujiston. Mana shu yoʻl toʻgʻri Afgʻonistonning poytaxtiga olib boradi.

– Xudo xohlasa, kelajakda Toshkent – Termiz – Kobul – Peshovar – Karochi shaharlari boʻylab avtomobillar qatnaydigan asosiy yoʻl mana shu boʻladi. Hozir biz Toshkent tomon bir necha oʻn kilometr yurib tarixiy qadamni qoʻyamiz, – dedi mezbon hazil aralash jiddiy ohangda.

Pastu baland, tap-taqir choʻl bagʻrini qilich damiday kesib oʻtgan yoʻldan ellik chaqirimcha yurganimizdan soʻng oʻng tomonda oppoq devorlar bilan oʻralgan qoʻrgʻon koʻzga tashlanadi. Mashina burilishi bilan darvoza qanotlari ikki tomonga tortilib “ochildi”.

Ichkariga kirdigu sahro oʻrtasida bunyod etilgan “jannat”ni koʻrib hayratlanib qoldik. Atrofda turli-tuman anvoyi gullar barq urib ochilib yotibdi. Rayhonlarning muattar hidi hammayoqni tutgan.

Bizni Toshkentda bir necha bor uchrashib gurunglashgan eski qadrdonimiz, “Tabani” firmasining toʻqimachilik korxonalari qurish boʻyicha yetakchi mutaxassisi Muhammad Yusuf quchoq ochib kutib oldi. Yaqinda qurib ishga tushirilgan korxona faoliyati bilan tanishishga taklif etdi.

Qariyb oʻn gektarcha keladigan maydonning bir qismini korxona sexlari hamda maʼmuriy binolar egallagan. Moʻjazgina birinchi binoda paxta chigitidan ajratilib, maxsus quvur orqali ikkinchi binodagi dastgohlarga yuboriladi. U yerda paxta navlari ajratilib, arqoq shaklini oladi hamda yengil, uzun savatchalarga tartib bilan joylanadi. Uchinchi binoda arqoq yigiriladi, ip shaklini oladi. Oxirgi binoda esa ip pishitiladi, gʻaltaklarga oʻraladi… Bu jarayonning hammasi zamonaviy mashinalar yordamida bajarilmoqda. Ishning sifatini esa alohida xonalarga oʻrnatilgan maxsus kompyuterlar orqali nazorat qilib turiladi.

Dunyoda eng yuksak navli paxta yetishtiradigan bizning yurtda erta-indin bundan-da zamonaviyroq, mukammalroq korxonalar yaratilishini oʻylab dilimiz ravshan tortdi.

Karochida odam koʻp. Juda koʻp. Bu yerda katta-kichik barchaning yuragida axloq juda chuqur ildiz otgan. Turli-turfa odamlar izdihomi qaynab yotgan shohkoʻchalarda na birovga olaygan, na jahl otiga minib tortishgan, na shilqimlik yoki yengiltaklik qilgan, na behayo qaragan yo qiliq qilganlarni uchratasiz. Bir-birlariga gʻoyat odob-ikrom bilan muomalada boʻlishadi.

Yevropa va Amerika ilm-fani, texnikasi, sivilizatsiyasi Pokistonga ham ancha shitob bilan kirib kelyapti. Alloh aytgan: “Alloh barcha narsani (Oʻz) bilimi bilan qamrab olgan” (Taloq, 12). Men olamni ilm bilan qamrab olaman. Koinotdagi va, jumladan, Yer yuzidagi barcha hodisalarning zamirida sirli ilm yotadi. Ilmsiz yaratilgan bir zarra yoʻq. Xuddi shuningdek, odam ham hamma narsani ilm zaminiga qursagina toʻxtovsiz taraqqiyotga erishadi. Chamasi, Pokiston oʻzining barcha qiyinchiliklariga qaramasdan bunga misol boʻla oladi.

Toʻrt kunda Pokistonnigina emas, Karochining oʻzini ham koʻrib ulgurib boʻlmaydi. Koʻrdik, deyish mumkin. Bildik, deyish mumkin. Bu yerlarni bilish uchun uzoq xotirjam kezish kerak. Bu yerlar uncha-muncha joylar emas. Odamzod madaniyatining beshiklaridan biri shu yerlarda, Arabiston dengizi boʻylarida va Iid daryosi havzalarida roʻyobga chiqqan.

Bir qarashda Karochi u chekkasidan bu chekkasi qirq chaqirimga choʻzilgan, kechasiyu kunduzi uxlamaydigan bozorning oʻzi. Sharq oʻzi tugal va mukammal bozor. Faqat buni katta harflar bilan yozish kerak: BOZOR deb! Bozor, avvalo, hunarmandchilik. Buni ham katta harflar bilan yozish kerak. Soʻng savdo rastalari. Hunarmandchilik doʻkonlari va savdo rastalari koʻz ilgʻamas uzoqliklarga choʻzilib ketadi. Hunarmandlar va savdogarlar hamma narsalarni toʻkib tashlaganlar. Pul topish qobiliyatiga ega boʻlsangiz, istagan narsangizni hech bir jon koyitmay olasiz.

Pokistonliklar oʻzlariga qattiq ishonishadi. Bu yerlarda eʼtiqodli odamlar yashaydi.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

1992 yil, fevral

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/pokiston-safari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x