Inson va uning gʻamnok koʻnglini shod etish gʻoyasi Alisher Navoiy merosining bosh mohiyatini tashkil etadi. Bu gʻoya shoirning barcha asarlari mazmuniga singdirib yuborilgan. Qaysi janrga mansub boʻlmasin, uning asarlarida muxlisni majoziy va haqiqiy ishq olamiga yetaklovchi badiiy tasvir vositalari, timsollarga duch kelamiz.
Masalan, “Farhod va Shirin” dostonida u: “Majoziy ishq boʻldi subhi anvar, Haqiqiy ishq anga xurshedi xovar…”, deb yozadi. Yaʼni Farhodga majoziy ishq nurga yoʻgʻrilgan tong boʻlsa, haqiqiy ishq nur sochguvchi quyosh ekanligini taʼkidlaydi. Bu holatni ulugʻ shoirning quyidagi gʻazalida ham koʻrish mumkin.
Haftayedur koʻrmamishmen ul buti cholokni,
Ne ajab, gar oʻrtasa ohim yeti aflokni.
Soldi tigʻi furqating bagʻrimgʻa andoq chokkim,
Bagʻri boʻlgʻay chok-chok, ulkim koʻrar ul chokni.
Hajr oʻti jonimgʻa ortuqdur, anga bas bir sharar,
Oʻrtamak doʻzax bila yaʼni ne bir xoshokni.
Otlanibtur mast koʻnglokchan, chekib tigʻi jafo,
To ne oʻt solgʻay jahongʻa, koʻrgil ul bebokni.
Ishq oʻti birla koʻngul, su birla koʻzni qildi pok,
Pok manzillarda mehmon qilgʻali ul pokni.
Dayr aro davron gʻamidin qochmisham, ey mugʻbacha,
Bir mugʻona jom ila shod ayla bu gʻamnokni.
Boda birla yung Navoiyni, xumor etsa halok,
Bogʻlangiz tobuti uzra naxli bargi tokni.
Mazkur gʻazal aruzning ramali musammani mahzuf vaznida bitilgan boʻlib, yetti baytdan iboratdir. Agar uning mazmuniga chuqurroq nazar tashlansa, majoz pardasi ortidagi haqiqat aniq namoyon boʻladi.
Dastlabki baytni oʻqigan muxlis tasavvurida gʻazalda real hayotiy voqea – dunyoviy muhabbat tasviri berilgan, degan fikr paydo boʻladi. Aslida esa shoir birinchi satrdanoq haqiqiy ishqni tilga olgan. Fikrimiz dalili uchun lugʻatlarga murojaat qilaylik. Birinchi misradagi “but” soʻzi lugʻatda “butparastlik dinidagi maʼbuda, idol, sanam” kabi asl maʼnolaridan tashqari “haqiqiy Maqsud va Mahbub (Alloh)”, “ishq va vahdat mazhari”, “ilohiy jamolning tajalliysi”, “abadiy va mutlaq goʻzallik nishonalari” kabi koʻchma maʼnolarni ham anglatishi aytib oʻtilgan (Alisher Navoiy. Qomusiy lugʻat. “Sharq” NMAK Bosh tahririyati. 2016,132-bet). Bizningcha, baytdagi “buti cholok” iborasi “ilohiy jamolning tajalliysi” maʼnosida boʻlib, unda ana shu tajalliydan bahramand boʻla olmayotgan solikning iztirobli kechinmalari ifodalangan. Zero, gʻazalning keyingi baytida shoir bevosita mahbubning oʻzi – Allohga murojaat etishi ham shuni anglatadi:
Soldi tigʻi furqating bagʻrimgʻa andoq chokkim,
Bagʻri boʻlgʻay chok-chok, ulkim koʻrar ul chokni.
Yordan ayriliq tigʻi solik qalbiga solgan chok – jarohat shu qadar kuchliki, uni koʻrgan kishining bagʻri ham tilim-tilim boʻlib ketadi. Shoir “chok” soʻzini oʻz satrlari maʼnosida ham qoʻllagan, deyish mumkin. Shunda “sening furqating tufayli shunday haroratli misralar bitmoqdamanki, ularni oʻqigan kishining qalbida ishq olovi lovullab ketadi”, degan maʼno ham uqiladi.
Keyingi baytda hajr oʻti – doʻzax, jon – xoshok tushunchalari orasidagi oʻzaro maʼno yaqinligiga asoslangan tamsilli tanosib sanʼati yordamida hijron azobining eng yuqori nuqtasi tasvirlangan. Solikning joni shu darajaga yetganki, hajr oʻti unga ortiqcha, uni yondirib yuborishga bir “sharar” (uchqun) yetarli. Zero, xashakni yondirish uchun doʻzax oʻti shart emas:
Hajr oʻti jonimgʻa ortuqdur, anga bas bir sharar,
Oʻrtamak doʻzax bila yaʼni ne bir xoshokni.
Bu oʻrinda yana shuni aytish kerakki, “… tasavvuf adabiyotida jon tushunchasi juda kengaytirilib… endigina sayri suluk yoʻliga kirgan darveshlarga mavlaviylar “jon” deyishgan” (Qarang: I. Haqqul. Navoiyga qaytish. “Fan” nashriyoti. 2007,6-bet). Yuqoridagi baytda Navoiyning “xoshok”ka tenglashtirgan “jon”i ham shu maʼnoni anglatgan deyish mumkin.
Shoir keyingi baytdan murojaatni yana uchinchi shaxsga qaratadi va hijron azobi tufayli lirik qahramon tabiati va jismida roʻy bergan keskin roʻhiy-fiziologik holatni tasvirlashga kirishadi. Buning uchun hayotda koʻp uchraydigan oʻta real manzarani tanlaydi. Maʼlumki, inson oʻzini unutar darajadagi mast holida hech narsadan tap tortmaydigan (bebok) boʻlib qoladi. Baʼzan u hatto kiyinishni ham unutib, koʻylakchan holda qoʻliga tushgan narsani olib koʻchaga otiladi. Duch kelgan kishiga hamla qilib, butun dunyoga oʻt qoʻyishga tayyor boʻladi. Shoir bundan ustalik bilan foydalanib, oshiqning oʻz nafsiga nisbatan isyonini tasvirlaydi:
Otlanibtur mast koʻnglokchan, chekib tigʻi jafo,
To ne oʻt solgʻay jahongʻa, koʻrgil ul bebokni.
Mazkur baytda “ilohiy jamolning tajalliysi”dan bahramand boʻla olmayotgan solik hali dunyodan toʻla uzila olmagan, yaʼni “… bashariy sifatlardan qutulib, ilohiy sifatlar bilan botin olamini bezamoq”qa (Alisher Navoiy. Qomusiy lugʻat. “Sharq” NMAK Bosh tahririyati. 2016,61-bet) erisha olmaganligining xatosini anglab yetadi. Shuning uchun u jahon, yaʼni nafs istaklariga oʻt qoʻyishga shaylanadi. Bu gʻoya keyingi baytda davom ettiriladi va ayriliqning asl sababi ruh va nazar pokligiga putur yetgani degan xulosaga kelinadi, shuning uchun ishq oʻti birla koʻngilni, suv (koʻz yoshi) bilan koʻzni poklash zarurligi taʼkidlanadi. Zero, ul pokni, yaʼni “ilohiy jamolning tajalliysi”ni oʻtkinchi dunyoning turfa zanglaridan poklangan pok manzillardagina mehmon qilish mumkin, xolos:
Ishq oʻti birla koʻngul, su birla koʻzni qildi pok,
Pok manzillarda mehmon qilgʻali ul pokni.
Shu oʻrinda shoirning soʻz qoʻllashdagi oʻziga xos mahoratiga ham tan berish lozim. Yuqoridagi baytda “pok” soʻzi uch oʻrinda ishlatilgan boʻlsa-da, har biri alohida maʼnoni anglatgan. Birinchi oʻrinda u qoʻshma feʼl tarkibida kelib poklash – feʼlining sinonimi yasalishiga xizmat qilgan, ikkinchisi – “manzil” soʻzining sifatlovchisi vazifasida kelsa, uchinchidan soʻz otlashib, ilohiy tajalli maʼnosini bildirgan. Qolaversa, bu soʻz takrori oʻquvchi diqqatini koʻngil va koʻz pokligiga jalb qilish, uning mohiyatini yanada taʼkidlab koʻrsatish uchun ham xizmat qilgan. Shunga koʻra keyingi baytda davron gʻamidan (dunyo tashvishlaridan) qochgan solikning dayr – “orif insonlar majlisi, piri komil huzuri”ga yoʻl olishi, mugʻbacha – “pirning soʻzi va nasihatlari, fayzu tarovatini muridga yetkazuvchi kishi”dan mugʻona jom – “orif inson qalbi” (Komilov N. Maʼnolar olamiga safar. “Tamaddun”. 2012,12-bet.) haqidagi suhbatlarni tinglab, komillikka – gʻamnok koʻnglini shod etishga intilishi oʻz ifodasini topgan:
Dayr aro davron gʻamidin qochmisham, ey mugʻbacha,
Bir mugʻona jom ila shod ayla bu gʻamnokni.
Soʻnggi baytda esa har bir solikning eng ulkan orzusi – gʻaflatdan xalos boʻlib, haqiqiy ishq mohiyatini teranroq anglash hamda visol xumorida halok boʻlish – fano maqomiga erishishning badiiy talqiniga duch kelamiz:
Boda birla yung Navoiyni, xumor etsa halok,
Bogʻlangiz tobuti uzra naxli bargi tokni.
Baytni boda – “ilohiy nusrat va ishq”, xumor – “talvin maqomi, mahbuba ishqini qoʻmsash, kasrat pardalarining koʻtarilishi, tajalliysi yaqinlashgan holat” (Komilov N. Maʼnolar olamiga safar. 42,49-betlar) kabi tasavvufiy timsollar maʼnosiga koʻra sharhlasak, Navoiyni xumor halok qilsa, uni “boda birla yung”(yuving), yaʼni ilohiy nusrat va ishqqa oʻrang va tobuti ustiga tok niholi (hijron dardida tok daraxtidek buralib-eshilib ketgan jismini anglatish uchun) barglarini bogʻlab qoʻying, toki jonsiz tani ham yor ishqidan ayrilmasin, degan fikr yuzaga keladi.
Mazkur gʻazal shoirning haqiqiy ishq talqiniga bagʻishlangan yetuk asarlaridan biri boʻlib, unda Navoiyning komil inson haqidagi tasavvufona qarashlari juda teran ifodalangan. Shoirning taʼkidlashicha, inson ruh va nazar pokligiga erishmay turib, hech qachon komillik darajasiga koʻtarila olmaydi. Koʻngil pokligi “abadiy va mutlaq goʻzallik nishonalari”ni nihoyatda chuqur anglash imkonini beradi.
Yoʻldosh SOLIJONOV,
filologiya fanlari doktori, professor,
Tolibjon ROʻZIBOYEV,
tadqiqotchi
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/pok-manzillarda-mehmon-qilgali-ul-pokni/